HIKOYa: YaNGI YIL MAShMAShASI

0

Berdimurod kechki ovqatga ayoliga qaynatma sho'rva tayinlab, o'zi uch hovli narida yashaydigan do'sti — Sobirnikiga otlandi. Kechga yaqin havo soviy boshlagani uchun qalin to'nini kiydi. Ikki o'g'li va qizi bayram dasturxonini bezash bilan ovora. U eshikdan chiqar-chiqmas, ayoli gapirib qoldi:

— Dadasi, darrov qayta qoling-a?!

— Ha, ha, — boshini qimirlatdi Berdimurod, — Yangi yil bilan tabriklab kelmasam bo'lmaydi. Boraman-u qaytaman.

Darvoza oldida do'stini ko'rgan Sobir ham, ayoli ham xursand bo'lib kutib oldi. Shirin tilak, yaxshi niyatlar aytildi. Sal o'tmay xonaga gurillab qo'shnilari kirib keldi.

Berdimurod ahil qo'shnilar bilan yana oldi. Bir soatcha o'tib, qo'shnilar qo'yarda-qo'ymay Sobirni ham, Berdimurodni ham o'zlari bilan olib ketishdi.

Hamma qizig'i ham, yomoni ham shu xonadonda yuz berdi. Kuni bilan yugur-yugurda bo'lgan Sobir charchagan ekanmi, yo haligi savil oshib ketdimi burchakdagi yostiqqa bosh qo'ydi-yu uxladi-qoldi. Mehmondorchilik esa davom etar, davra qizigandan-qizib borardi. Bu orada hovlida mashina signali eshitilib, xonadon egasining qo'shni qishloqdagi qudalari kelib qoldi. Uy egasi xursand, qudalarini qo'shnilarga, qo'shnilarni qudalariga tanishtirarkan, ziyofat avjiga chiqdi. Ziralab pishirilgan dimlama, qazili osh, qip-qizil jo'ja kabob bilan to'rt-besh shisha ham dumalab qoldi. Kim-kimning mehmoni ekani bilinmay, har kim yonida o'tirgan odam bilan ulfat bo'ldi.

Nihoyat, yarim tunda mehmonlar qo'zg'aldi. Bu paytda to'rdagi ikki-uch kishi yaxshigina xurrak otib uxlardi. Butunlay mast bo'lib qolgan Berdimurodga kimdir dahlizdagi kiyim ilgichga ilingan palto bilan telpakni kiygizdi. U oyog'ini zo'rg'a bosar, qayoqqa ketayotganini anglay olmasdi. Ikki kishi qo'ltig'idan olib, mashinaga o'tqizdi. «Uyga mashinada borarkanman-da!» — degan o'y keldi xayoliga va yana pinakka ketdi. Mashina ancha yurgach, qandaydir hovli yonida to'xtadi.

— Yanga, xo'jayiningiz sal charchabdi, xavotir olmang, — shunday deb ulfatlar jo'nab ketdi. Derazadan erining paltosi bilan telpagini tanigan ayol xotirjam bolalarini uxlata boshladi.

Ertalab boshi og'rib uyg'ongan Berdimurod xonadagi jihozlarni ko'rib: «Sobir mebellarini yangilabdi-da», — deb qo'ydi. Uydagilarga nima deyishini o'ylab yotgan edi, eshik ochilib kimdir keldi-da, uni turtdi:

— Hoy dadasi, turing endi! Palto bilan uxlab qolibsiz…

Berdimurod notanish ovozni eshitib, asta o'sha tomonga burildi. Uni ko'rib ayol baqira boshladi:

— Kimsan?! Erim qani?..

— Siz kimsiz? — rangi oqarib so'radi Berdimurod.

Ayol bo'lsa, borgan sari avji kelib baqirardi:

— Erim qani?.. Ustingdagi palto bilan telpak erimniki-ku?!

Shunday degancha ayol yugurib chiqib ketdi.

Tashqarida oyoq tovushlari eshitildi. Berdimurod qo'rqa-pisa hovliga chiqdi. Butunlay notanish joy. Qaerga kelib qoldi? Kimning uyi bu yer? Shu payt darvoza ochilib haligi ayol bilan ikki yigit ko'rindi:

— Siz kimsiz? Bizning pochchamiz Shukur aka qani?

Yigitlarning vajohati yomon edi. Berdimurod hech narsani eslay olmasdi. Bu chuvalgan masalaga ayolning keyingi gapi oydinlik kiritganday bo'ldi:

— Kecha dadasi qudamiznikiga ketgandi…

— Qudangiz kim?..

— Narigi qishloqdagi Tolib aka!

— Ha, esladim, — peshonasini qashladi Berdimurod. — Oldin Sobirnikida o'tirdik, keyin Avaznikida, keyin Tolib akanikiga o'tgandik. U yerda uxlab qolibman, keyin nima bo'lganini bilmayman…

* * *

Mashinada ketishar ekan, Berdimurodning boshi egilgan edi. Yigitlardan biri sho'xroq ekan, kulgidan to'xtamasdi:

— Bu deyman, Yangi yil bayrami zo'r bo'libdi-da, dublyor pochcha?

— U nima deganingiz?..

— Shukur pochcha — haqiqiy pochchamiz. U kishi bo'lmasa, dublyor sostavdan sizni pochcha derkanmiz-da!

Mashina ichi kulgiga to'ldi. Tolib akanikiga kelishganda uy egasi, Shukur, Sobir o'tirishgandi.

— Berdimurod, qayoqlarda yuribsan, bolalaring ikki marta so'rab ketishdi? Lekin ayni vaqtida kelding-da, kechagidan qolgan ekan, shuni ham biryo'la yengillataylik, deb turgandik.

— Yo'q, yo'q, — dedi Berdimurod boshini silkitib. — Mana, paltong bilan telpak. To'nimni uzatvor, uyga ketaman. Ko'r ham hassasini bir marta yo'qotadi, yana bir marta dublyor bo'lgim yo'q.

Chunki endi Berdimurodni     uyida qanday tomosha bo'lishi  o'ylantirayotgandi…

loading...