Rasul Kusherbayev: «Soqqa qilish bosh maqsad emas, degan gaplarga ishongimiz keladi…»

0

Sudga murojaat qilishda davlat boji to'lashdan ozod etilgan tashkilotlar haqida gap ketganda ko'pincha Savdo sanoat palatasining tutadigan yo'li ko'z oldimga keladi.

Aslida tadbirkorlarning yonini olib, himoya qilishi kerak bo'lgan ushbu tashkilot ko'pincha o'ziga a'zolik badali to'laydigan – tijorat banklarining yonini olib boshqa tadbirkor yoki fermerlarni sudga beradi. Shu yo'l bilan banklar sudga davlat boji to'lashdan ozod bo'lishadi. Banklar uchun palata bilan aloqa qilishda eng asosiy omil ham shu bo'lsa kerak o'zi.

Biroq palataga sudlarga da'vo kiritishda davlat bojidan ozod qilish huquqining berilishi unga pul to'layotgan a'zosining yonini olib, ikkinchi tadbirkorni sud orqali «burnini ishqab qo'yish» uchun berilmagan. Ushbu imtiyoz davlat idorasi bilan tadbirkor o'rtasida ziddiyat bo'lganda tadbirkorni sud orqali himoya qilib chiqish uchun berilgan. Har qalay, men shunday deb hisoblayman.

Bu imtiyozlarni ham qayta ko'rib chiqish kerak o'zi. Chunki aytilayotgan va qilinayotgan ishlar bir biriga mos bo'lishi zarur.  Xullas «soqqa qilish» bosh maqsad emas, degan gaplarga ishongimiz keladi, qolgani hammani vijdoniga havola.