Buxoroda tug'ilmagan farzandini 50 mln so'mga baholab, 25 mln so'mini olayotgan ayol qo'lga olindi

0

Buxoro shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi jizzaxlik ayol hali tug'ilmagan farzandini 50 million so'mga baholab, pulning yarmini oldindan olayotgan vaqtida qo'lga olindi. Bu haqda «Daryo»ga «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazi viloyat bo'limi matbuot kotibi Hurriyat Aslonova xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, 1998 yil Jizzax viloyatida tug'ilgan va ayni paytda Buxoro shahridagi Piridastgir ko'chasida ijarada yashab kelgan fuqaro R.M. Buxoro shahrida yashovchi fuqaro S.A.ga qornida besh oylik homilasi borligini hamda uni sog'lom holda tug'ib berishini bildirgan. Buning evaziga S.A.dan 50 million so'm so'ragan va oldindan to'lov sifatida pulning 25 million so'mini berishini talab qilgan.

S.A. holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlariga murojaat qilgan. Murojaat asosida R.M.ning noqonuniy faoliyatiga chek qo'yish maqsadida tezkor tadbir o'tkazishga kirishilgan hamda fuqaro S.A.ga kimyoviy ishlov berilgan 20 million so'm va 500 dollar taklif qilingan. 2021 yilning 6 yanvar kuni Buxoro shahrida joylashgan restoranlardan birida R.M. ushbu pullarni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo'lga olingan.

Natijada R.M. o'ziga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra, jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmagan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan fuqaro R.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko'rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

loading...