O'zbekistonda insultni dastlabki 4 soatda aniqlovchi loyiha ishga tushadi

0

2021 yil 13 yanvarda Innovatsion sog'liqni saqlash milliy palatasi Qozog'istonning  «Cerebra.ai Ltd.» kompaniyasi bilan sog'liqni saqlashni raqamlashtirish borasida xalqaro hamkorlik rivojiga hissa qo'shadigan Memorandum imzoladi. Hamkorlikdan ko'zlangan maqsad O'zbekistonda Insultni dastlabki 4 soatda sun'iy intellekt yordamida aniqlash usulini joriy etish deya xabar bermoqda Innovatsion sog'liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.

«Bemorga o'z vaqtida davo belgilash mazkur loyihani joriy etishning natijasi sanaladi. Bu o'z o'rnida inson salomatligi uchun muhim bo'lgan eng oddiy funksiyalarni, mehnat qilish qobiliyatini yo'qotish xavfini pasaytiradi, hamda insultni boshidan kechirgan insonni tezda to'laqonli hayotga qaytarish imkonini beradi», — deb ta'kidladi Innovatsion sog'liqni saqlash milliy palatasi raisi Rovshan Izamov.

Xabarda aytilishicha, tomonlar o'rtasida ishemik va gemorragik insultlarni avtomatlashtirilgan holda tashhislash bo'yicha «Serebra» tizimini joriy etish ko'zda tutilgan.

«Serebra» platformasiga joriy etilgan sun'iy intellekt davolash muassasalarida o'rnatilgan kompyuter tomografiyasi bilan integratsiyalashganidan keyin insultni dastlabki 4 soatda aniqlash imkonini beradi.

Memorandumni imzolash paytida tomonlar yaqin ikki hafta ichida Milliy palata mutaxassislari tomonidan Olma-ota shahrining 7-sonli shahar shifoxonasida noyob «Serebra» tizimining ishlashini tahlil qilinishiga kelishib oldilar.

loading...