Putin «qo'rquvda»: hibsga olingan Navalniy Rossiya bo'ylab norozilik namoyishlariga chaqirmoqda

0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni Rossiyaga qaytishi bilan hibsga olishning mamlakat ichi va xorijdagi siyosiy ta'sirlarini noto'g'ri baholagan bo'lishi mumkin.

Avgust oyida Sibirning Tomsk shahrida asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlanganidan beri ilk marta Germaniyadan Rossiyaga qaytib kelganidan bir soat o'tmay, 44 yoshli Navalniy Moskvadagi Sheremetyevo aeroportidagi chegara nazorati postida qo'lga olingan.

Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining yakshanba (17 yanvar) kungi xabariga ko'ra, Navalniy siyosiy motivga ega deb ko'rilgan firibgarlikda ayblanib, 2014 yilda olgan shartli jazo muddatini buzgani uchun hibsga olingan.

«Adolat ustidan kulish»

Dunyo bo'ylab Navalniyni ozod qilish chaqiriqlari kuchayib borar ekan, u hibsga olinishi bilan Moskva chekkasidagi Ximki shahrida joylashgan politsiya idorasida tashkil etilgan sud zaliga olib kelingan.

image
Politsiya 18 yanvar kuni Sankt-Peterburgda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlaridan birini hibsga olmoqda. Plakatda «Navalniyga ozodlik» deb yozilgan. Navalniy ruslarni «qarshilik ko'rsatishga» chaqirdi, uning tarafdorlari esa 23 yanvar kuni ommaviy norozilik namoyishlari o'tkazishni rejalashtirmoqda. [Olga MALSEVA / AFP]
image
Muxolifat lideri Aleksey Navalniy 18 yanvar kuni 30 kunlik qamoq jazosiga oid sud hukmidan so'ng, Moskva yaqinidagi Ximki shahri politsiya bo'limidan olib chiqilmoqda. Germaniyadan Moskvaga kelgan Navalniy Rossiyada hibsga olinganidan keyin sud majlisida hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini o'tkazishga chaqirgan. [Aleksandr NEMENOV / AFP]

Dushanba (18 yanvar) kuni uning jamoasi tomonidan e'lon qilingan videolavhada har narsadan shubhalanuvchi Navalniy sud majlisining politsiya idorasida o'tayotgani va nima uchun oxirgi daqiqalargacha bu haqda hech kim xabardor qilinmagani tushunarsiz ekanligini aytgan.

«Men adolatning mazax qilinganini juda ko'p ko'rganman, ammo bunker ichidagi chol [Putin] shu darajada qo'rqqanidan, ular Rossiya jinoyat kodeksini ochiqchasiga yirtib otib yuborishdi», dedi Navalniy.

«Bu o'taketgan qonunsizlik.»

Muvaqqat sud mahkamasi prokurorlarning Navalniyni 15 fevralgacha hibsda ushlab turish so'rovini qondirgan, hibs muddatini uzaytirishga oid sud majlisi esa 2 fevral kuni bo'lib o'tadi.

«Qarshilik ko'rsating»

Sud hukmi e'lon qilinganidan ko'p o'tmay, Navalniy jamoasi tomonidan e'lon qilingan videoda o'z tarafdorlarini norozilik bildirishga chaqirgan.

«Jim turmang. Qarshilik ko'rsating. Ko'chalarga chiqing – men uchun emas, o'zingiz va kelajagingiz uchun», deydi Navalniy.

Kelayotgan shanba (23 yanvar) kuni butun mamlakat bo'ylab norozilik namoyishlari uyushtirishga tayyorgarlik ko'rilmoqda, dedi Navalniyning mintaqaviy tarmog'i rahbari Leonid Volkov.

Kreml Navalniyning «noqonuniy» norozilik namoyishlarini o'tkazishga chaqiriqlaridan «xavotirda», dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov seshanba (19 yanvar) kuni jurnalistlarga.

Navalniy tarafdorlari uning chaqirig'iga to'liq ijobat qiladigan ko'rinadi.

Kremlning asosiy tanqidchisi bir necha bor, so'nggi marta 2019 yilning yozida Putinga qarshi ko'cha yurishlarini tashkillashtirgan va o'tgan yil sentyabr oyida quyi palata – Davlat dumasiga saylovlar paytida hokimiyat uchun navbatdagi kurashga hozirlik ko'rgandi.

Hozirdanoq, havo harorati 20 daraja sovuq atrofida bo'lishiga qaramay, Navalniyni hibsga olgan politsiya idorasi oldida «Ozodlik!», «Uni qo'yib yuboringlar» degan hayqiriqlar bilan uning o'nlab tarafdorlari to'plangan.

Rossiyadagi siyosiy ta'qiblarni kuzatib boruvchi «OVD-Info» nashriga ko'ra, Sankt-Peterburgda ham namoyishchilar to'plangan bo'lib, u yerda kamida 46 kishi hibsga olingan.

«Bu sharmandalik. O'ylaganingizni ayta olmaysiz», dedi voqea joyidagi namoyishchilardan biri, 50 yashar Natalya Semyonova AFPga.

«Putindan mashhurroq»

17 yanvar kuni Navalniyning hibsga olinishi keng omma tanqidiga sabab bo'ldi va Putinning xavotirlarini fosh etdi.

«Aleksey Navalniy prezident Vladimir Putindan ham mashhurroq siyosiy figuraga aylandi», deydi inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo'yicha Qozog'iston xalqaro byurosi tahlilchisi, olmaotalik jurnalist Sergey Duvanov.

«Navalniy dovyurak siyosatchi va lider, u oxir-oqibat Rossiya hukumati bilan siyosiy qarama-qarshilikda g'alaba qozonish imkoniyatiga ega», dedi u.

«Hozir Rossiyada Putinning ketishini istaydigan odamlar soni keskin ko'payib bormoqda va ular Navalniy atrofida birlashadilar», deb bashorat qildi u.

Navalniyning qamoqqa olinishi «uning siyosiy vaznini oshiradi, xolos», dedi u.

«Butun dunyo Rossiya hukumatining muxolifat yetakchisi Navalniyni jazolash tizimidan shok holatiga tushdi», deydi Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi vitse-prezidenti, bishkeklik Tolekan Ismoilova.

«Biz Vnukovo aeroportida Moskvaning Navalniy tarafdorlari, oddiy yo'lovchilar va tinch aholiga qarshi repressiv harakatlariga guvoh bo'ldik», dedi u.

Navalniyning samolyoti dastlab 17 yanvar kuni uni kutib olish uchun minglab tarafdorlari yig'ilgan Vnukovoga qo'nishi kerak edi.

Rossiya hukumati qo'shimcha maxsus kuchlarni jalb qilib, aeroport ichiga temir to'siqlar o'rnatdi va qator faollarni hibsga oldi.

Rasmiylar Navalniyning samolyotini Sheremetyevoga yo'naltirib, tarafdorlarini uni qarshi olish imkoniyatidan mahrum qilishdi.

«Bu faqat Rossiya fuqarolari uchun fojia bo'libgina qolmay, balki Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) doirasidagi barcha mamlakatlar uchun signaldir», dedi u.

«Koronavirus pandemiyasi vaqtida Rossiya hukumati o'zining tajovuzkor qiyofasini, o'zgacha fikrlovchilarga nisbatan toqatsizligi hamda fikr va uni erkin ifoda etish huquqiga ega har kimni qo'rqitishga urinishini ko'rsatdi», dedi Ismoilova.

«Biz muxolifat yetakchisining ozod etilishini talab qilamiz», dedi u va xalqaro kuzatuvchilarni «uning zaharlanishiga oid tergovga ko'maklashishga hamda Navalniyning hayoti va xavfsizligiga tajovuz qilgan amaldorlarning jazosiz qolayotganiga qarshi kurashishga» chaqirdi.

«U kimga ham kerak?»

Iqtisodiy inqiroz va ommaviy norozilikning kuchayishi fonida Putinning mashhurligi pasayib borar ekan, Rossiya prezidenti o'zi va ittifoqchilarini himoya qilish uchun tobora umidsiz choralarga qo'l urmoqda.

Putin «umrbod prezident» bo'lish huquqini qo'lga kiritdi, yangi qonun esa Putin va uning oila a'zolariga hayotlari davomida sodir etilgan har qanday jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi daxlsizlik taqdim etib, ularni tintuvlar, hibs va so'roqdan ozod qildi.

«Bunday qonunni qabul qilish o'zini jinoyatchi deb tan olishga teng», degan edi «ASIA-Plus» va «Deutsche Welle» nashrlarida ishlagan, hozirda Yevropada yashayotgan tojikistonlik jurnalist Xayrullo Mirsaidov dekabr oyida.

Bu qonun Navalniyning zaharlanishi bilan bog'liq hodisa nuqtai nazaridan ko'rib chiqilishi kerak.

Navalniy Putinni bu hujumga buyurtma berganlikda, dunyo liderlari esa Rossiya rasmiylarini uning zaharlanishiga «aloqador va javobgar ekanlikda» aybladi.

Sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bachelet Moskvani ushbu hujum bo'yicha «puxta, oshkora, mustaqil va xolis tergov» o'tkazishga yoki bu borada hamkorlik qilishga chaqirgan edi.

«Uning zaharlanganligini shunchaki inkor etish kifoya qilmaydi», dedi u. Zero, Rossiya politsiyasi jinoiy ish ochishdan bosh tortgan.

Putin Navalniyning ismini kamdan-kam tilga olar, qachonlardir uni «ahamiyatsiz blogger» deb atagan edi.

«U kimga ham kerak?» degan edi Putin 17 dekabr kuni yil yakunlari bo'yicha o'tkazilgan matbuot anjumanida. «Agar kimdir uni zaharlamoqchi bo'lganida, ishni oxiriga yetkazgan bo'lardi.»

OAV bilan hamkorlikda o'tkazilgan surishtiruv natijasida 14 dekabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) kimyoviy qurollar bo'yicha mutaxassislari guruhi Aleksey Navalniyni bir necha yillar davomida, jumladan u zaharlangan kuni ham ta'qib qilgani ma'lum bo'ldi.

Navalniy 2018 yilda Angliyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizini o'ldirishga urinish chog'ida ishlatilgan kimyoviy modda bilan zaharlangani aytiladi.

loading...