Ishlovchilar ishlamaydigan turmush o'rtog'ining pensiya olishini “kafolatlashi” mumkin

0

Bu haqda 2021 yilgi Davlat dasturi yuzasidan muhokamaga qo'yilgan Prezident farmoni loyihasida qayd etilgan.

Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida 2021 yil 1 iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to'g'risidagi ma'lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasida mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.

Shuningdek, uch yildan ortiq davr uchun tayinlangan yoki qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish va ular bo'yicha ortiqcha to'lovni undirish bekor qilinadi. Ishlovchilar tomonidan ishlamaydigan turmush o'rtoqlari kelgusida pensiya ta'minotiga ega bo'lishlari uchun o'z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to'lash huquqi beriladi.

Belgilanishicha, pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko'ra ro'yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo'yicha tayinlanadi va to'lanadi. Pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining tegishli bo'limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklarida plastik kartalarni ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Shu bilan birga, fuqarolarning pensiyaga bo'lgan huquqi yo'qolganligini tegishli idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma'lumotlar asosida aniqlash orqali to'lovlarni naqd pulsiz shaklda oluvchilar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg'armasining bo'limiga kelish yoki joyiga chiqqan holda monitoring o'tkazish majburiyati bekor qilinadi.

O'zA

loading...