Koronavirusga chalinganlarning boshqa odamlar oldida gapirishi ham kasallik tarqalishiga olib keladi

0

Kembrij universiteti olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot natijalariga ko'ra, koronavirusga chalingan bemorlarning sog'lom odamlar oldida gapirishi ham kasallik tarqalishiga olib keladi.

Bundan oldin COVID-19 bemorlarining yo'talishi xavfli ekanligi aniqlangandi. Kembrij olimlari koronavirus bemorlarining gapirishi ularning yo'talishi kabi virus tarqalishiga olib kelishini aytishmoqda.

Koronavirus odamdan odamga bir necha usullar bilan yuqadi. Ammo, ushbu virus eng ko'p tarqaladigan holat kasal odam gapirganda, yo'talganda va nafas olganda undan chiqadigan havo tomchilaridan o'tishi hisoblanadi.

Ushbu tadqiqot natijalari koronavirusning nima uchun bino ichida ochiq havodan ko'ra ko'proq tarqalishini tushuntirib berdi. Kasal odamdan chiqadigan kattaroq havo tomchilari uzoq masofaga yetib bormaydi va shuning uchun katta xavf tug'dirmaydi.

Ammo, tarkibida koronavirus bo'lgan kichikroq havo tomchilari ikki metrgacha uchib boradi va uzoqroq muddat saqlanib qoladi. Kembrij universiteti olimlarining aytishicha, kasal odamdan mayda havo tomchilari chiqib, boshqa odamga yetib borishi uchun bir necha soniya kifoya qiladi.

“Tarkibida virus bo'lgan mayda tomchilardan himoyalanish uchun odamlar niqob taqishlari, masofa saqlashlari va binolar ichida ventilyatsiya tizimi bo'lishi kerak” deydi Kembrij universiteti mutaxassisi va ushbu tadqiqot mualliflaridan biri professor Pedro Magalhaes de Oliveira.

Olimlar jamoasining xulosalariga ko'ra, koronavirus bilan kasallangan odam gapirayotganda yoki yo'talganda u bilan 2 metr masofa saqlamaslik virusni yuqtirishga olib keladi.

Koronavirusning ushbu yo'l orqali tarqalishi ventilyatsiya tizimi yo'q va derazalar yopilib, shamollatilmaydigan bino ichkarisida ko'proq yuz beradi. Kasallangan odam 30 soniya gapirganda chiqadigan virusli tomchilar xavoda 1 soatgacha saqlanib qoladi.

loading...