Sadir Japarov inauguratsiya vaqtida kortej va banketdan voz kechdi

0

Qirg'izistonning yangi prezidenti Sadir Japarov o'z inauguratsiyasi vaqtida kortej va banketdan voz kechdi. Bu haqda uning matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Men katta sarf-xarajatlarni talab qiluvchi maxsus kortej, banket va boshqa tashkiliy tadbirlardan voz kechishga qaror qildim. Prezident lavozimiga kirishishda qonunchilik talab qiladigan zaruriy marosimlarnigina hisobga olish va amalga oshirish lozim”, deb aytgan Japarov.

Uning aytishicha, “davlat barcha e'tiborini davlat mablag'larining xalq va uning ehtiyojlari qo'llab-quvvatlanishiga sarflanishiga qaratishi lozim”.

“Oktyabrdagi voqealardan keyin yuzaga kelgan siyosiy vaziyat, respublikaning iqtisodiy, moliyaviy va epidemiologik holatini hisobga olib, ushbu vaziyatda mamlakat iqtisodiyotiga og'irlik qiladigan marosimlardan voz kechmog'imiz lozim. O'ylaymanki, xalq bizni tushunadi va qo'llab-quvvatlaydi”, deb ta'kidlab o'tgan Japarov.

OAV ma'lumotlariga ko'ra, Qirg'iziston prezidenti inauguratsiyasiga 10 mln qirg'iz somi ajratish rejalashtirilgandi. Inauguratsiya 28 yanvarda Bishkekdagi filarmoniya binosida bo'lib o'tadi.

loading...