Immunitet tizimi kamida 6 oy davomida koronavirusni «eslab qoladi”

0

Koronavirusga chalinib, undan tuzalib chiqqan odamning organizmi kamida olti oy ushbu kasallikdan himoyalana oladi. Bunga inson tanasidagi virusni “eslab qoluvchi” hujayralar orqali erishiladi. Bu haqda 18 yanvar kuni e'lon qilingan tadqiqotda ma'lum qilindi.

Qo'shma Shtatlar va Shveysariya tadqiqotchilari COVID-19 dan tuzalib ketgan o'nlab odamlarni o'rganishdi. Ushbu ilmiy izlanishlardan ma'lum bo'lishicha, organizmdagi koronavirusga qarshi kurashuvchi antitanalar vaqt o'tishi bilan susayishi mumkin bo'lsada, ular o'ziga xos B xotira hujayralarini saqlab qolishadi. Ushbu hujayralar koronavirusni eslab qola oladi va agar odam koronavirusga qayta chalinsa, ular immunitet tizimini virusga qarshi antitanalar ishlab chiqarishni boshlashga turtki bo'ladi.

«Xotira hujayralari koronavirusga qayta chalinishdan himoyalanishga javobgardir. Ular emlashning samarali bo'lishi uchun ham juda muhimdir. B xotira hujayralarining ta'siri 6,2 oydan keyin ham buzilmaydi. Aksincha, ular rivojlanishda davom etadi. Bu esa COVID-19 bilan kasallangan odamlar uni yana yuqtirib olganda kasallikka tezkor va samarali qarshilik ko'rsatishi mumkinligini anglatadi” deb xulosa qilindi “Nature” jurnalida chop etilgan mazkur tadqiqotda.

Ushbu tadqiqot mualliflari koronavirus tashxisi qo'yilgan 87 kishini ular kasallangandan bir oy o'tgandan keyin va olti oy o'tgach tekshirishdi. Ma'lum qilinishicha, organizmdagi virusni neytrallashtiruvchi antitanalar faolligi vaqt o'tishi bilan kamaygan bo'lsada, B xotira hujayralari soni o'zgarishsiz qoldi.

loading...