Ichki ishlar organlarining vazifalaridan biri MIBga yuklatiladi

0

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining “Ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo'yin tovlayotgan qarzdor jismoniy shaxslar va ijro hujjatlari bo'yicha olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolani qidirishda Majburiy ijro byurosi va ichki ishlar organlarining hamkorligi bo'yicha yo'riqnomani tasdiqlash to'g'risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha asosida qarzdor jismoniy shaxs va olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolani qidirish vazifasi ichki ishlar organlaridan olinib, MIBning qidiruv bo'linmalariga yuklatilmoqda, deb yozmoqda «Kun.uz».

Amaldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida”gi qonunga asosan qarzdor jismoniy shaxs va olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolani qidirish ichki ishlar organlariga yuklatilishi belgilab qo'yilgan.

Prezidentning 2019 yil 23 maydagi “Mustaqil davlatlar hamdo'stligida qatnashuvchi davlatlarning shaxslarni davlatlararo qidirish to'g'risidagi shartnomasi bo'yicha O'zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 4333-sonli qarori bilan Majburiy ijro byurosi MDHda qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish to'g'risidagi shartnomasining sud qarorlarini ijro etishdan bo'yin tovlayotgan shaxslarning joylashgan joyini aniqlash qismi bo'yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilangan.

Shuningdek, 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 6118-sonli farmonda Majburiy ijro byurosi tarkibida tezkor qidiruv faoliyati bilan shug'ullanuvchi qidiruv bo'limi va shu'balari faoliyat yuritishi nazarda tutilgan bo'lib, mazkur farmonning 17-bandida majburiy ijro organlari ichki ishlar organlarining axborot tizimlaridan foydalanish, shuningdek, MDH davlatlari axborot tizimlariga qidiruv tashabbuskori sifatida ma'lumot kiritishi tartibini belgilashni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo'yin tovlayotgan qarzdor jismoniy shaxslar va olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolalarni qidirishda majburiy ijro va ichki ishlar organlarining o'zaro hamkorlik qilish tartibini qayta ko'rib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Byuroning ijro hujjatlari yuzasidan qarzdor jismoniy shaxs va olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolani qidirish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda ichki ishlar organlari axborot tizimlaridan foydalanishi, ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilishi, bu borada Byuro va ichki ishlar organlari tegishli bo'linmalarining vazifalari hamda tartib-taomillar belgilanmoqda.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi MDHda qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish to'g'risidagi shartnomasining sud qarorlarini ijro etishdan bo'yin tovlayotgan shaxslarning joylashgan joyini aniqlash qismi bo'yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilanganligi sababli ichki ishlar organlarining axborot tizimlaridan foydalangan holda MDH davlatlari axborot tizimlariga qidiruv tashabbuskori sifatida ma'lumot kiritish tartibi nazarda tutilgan.

loading...