Shayxontohurda qalbaki 50 ming so'mlik kupyuralarni ishlab chiqarish bilan shug'ullangan xonadon faoliyati fosh etildi

0

Toshkent shahrida qalbaki 50 ming so'mlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo'lgan shaxslar qo'lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Daryo»ga ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament Shayxontohur tuman bo'limi hamda DXX tomonidan tezkor tadbir o'tkazilgan. O'tkazilgan tezkor tadbirda B.A. va Sh.K. ismli shaxslar o'zlarining yonida bo'lgan jami 27 dona qalbaki 50 ming so'mlik kupyuralarning 20 donasini fuqaro A.ga 300 ming so'mga o'tkazayotganda ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, tadbirda fuqarolar qalbaki pullarni sherigi Ye.R.ning xonadonida yasagani aniqlanib, ushbu xonadondan 50 ming so'mlik qalbaki kupyura, rangli printer, noutbuk va boshqa tovarlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.

loading...