Yolg'on axborot va axloqsizlik uchun munosib jazo berilishi shart

0

Qadimdan bizga yetib kelgan «Bir bolaga yetti qo'shni ota-ona», degan maqolga nega keyingi paytda amal qilmay qo'ydik? Chunki hammamiz ham birovning bolasiga dakki berishdan o'zimizni tiyadigan bo'lib qoldik. Hatto birovning bolasi ko'chada noma'qul ish qilib turgan bo'lsa-da, tanbeh berishdan qo'rqadigan darajaga keldik. Negaki, sobiq ittifoq davrida milliy ma'naviyatimizga jiddiy putur yetkazildi. Oqibatda mahalla tizimining ahamiyati yo'qolib, keksalarning nasihatiga bepisandlik shakllandi. Bugunga kelib bu holatlar ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa vositalari orqali tarqalayotgan nomunosib axborot evaziga jamiyatga yanada katta xavf tug'diryapti.

2020 yil 25 dekabr kuni qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni jamiyatda ma'naviy muhitning yaxshilanishiga xizmat qiladi. Chunki keyingi paytda internet tarmog'idan foydalanuvchi ayrim fuqarolar jamoat tartibini buzadigan, yurtdoshlarimiz fikrini turli noloyiq usullar orqali qiziqtirishga qaratilgan rasmlar, karikatura, yolg'on ma'lumotlar, davlat tuzumiga ishonchsizlik uyg'otuvchi chaqiriqlarni havola qilayotgan edi. Buning ortidan esa mamlakatimiz tinchligi, O'zbekiston aholisining ma'naviy tarbiyasiga, jamoaviy fikriga salbiy ta'sirini o'tkazish xavfi tug'ilayotgandi.

Istiqlol tufayli sobiq ittifoq davrida deyarli tanazzulga yuz tutgan milliy ma'naviyatimiz tiklanmoqda. Lekin shu jarayonda hayotimizdan mustahkam o'rin olgan uyali aloqa vositalari ko'pchilikning kundalik turmush tarziga kirib bordi. Masalan, smartfonlarsiz hayotni tasavvur qilib bo'lmaydi. Shu sababli, O'zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 130-moddasiga birinchi qismining dispozitsiyasi sifatida o'zgartirish kiritildi. Ya'ni ma'naviyatimizga zid keladigan har qanday axborot bizga va kelajagimizga tahdid uyg'otadi. Inson axloqiga, ma'naviyatiga jiddiy zarar yetkazadigan mahsulotlar yoshlarning, ayniqsa, voyaga yetmagan bolalarning dunyoqarashiga salbiy ta'sir qiladi.

Ushbu kodeksning 130-1-modda birinchi qismining dispozitsiyasiga ham o'zgartish kiritilib, zo'ravonlik, shafqatsizlikni targ'ib qilganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi. Keyingi paytda yoshlar o'rtasida o'z kuchini ko'rsatib qo'yish yoki bu jarayonda o'tkir tig'li asboblardan foydalanishga harakat qilish holatlari yuz bermoqda. Aynan shunday vaziyatlar vujudga kelishiga internet tarmog'idagi turli targ'ibotlar sabab bo'layotganligi ham bor gap. G'oyaviy jihatdan nochor bo'lgan insonlarning ehtiyojini qondirish zarur va ma'naviyat bu borada juda yaxshi ozuqa sanaladi. Ma'naviyat yo'qchilik paytida go'zal sabr qilishni, nafsni tiyish va yengishni, xullas, barcha illatlarga qarshi tura olishni o'rgatadi. Ma'naviyatni chin ma'noda, borlig'icha his qila olmaydigan, anglab yetmaganlargina inkor etadi, ahamiyatsiz, deb qaraydi.

Jinoyat-protsessual va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga ham «Pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish…» bilan bog'liq jinoyatlar uchun «… vositalarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to'rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan to'rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi», deb belgilandi. Aslida, ma'naviyatimizga qilingan xuruj uchun bundanda kattaroq jarimalar belgilanishi joiz, deb o'ylaymiz. Shuningdek, yolg'on axborot ham jamiyat rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Yolg'on axborotni eshitgan odamlar chalg'ib, vahimaga tushib qoladi. Albatta, buning uchun jazo choralari kuchaytirilganligidan yurtdoshlarimiz xabardor bo'lishi shart. Bu qonun talablariga hammamiz, jumladan, yoshlar ham rioya qilishi majburiy sanaladi.

T. A. KASIMOV,

Jinoyat ishlari bo'yicha

Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

loading...