Rasul Kusherbayevning taklifiga deputat Jahongir Ziyayev qarshi chiqmoqda

0

Rasul Kusherbayev aytganidek, haqiqatan bu masala juda dolzarb, ammo 2 yoshgacha bo'lgan bolalarning hammasiga  bola pulini qaytarish fikrimcha to'g'ri emas. Barcha bolalarga u qanday ta'minlangan bo'lishidan qat'iy nazar to'lov ajratish nazarimda soliq to'lovchilar uchun yuk bo'lishi mumkin. Qolaversa, bu maqsadli ham emas. Puli bor, o'ziga to'q oilalar yordam pulini olishga bormasligi, ular uchun bu ortiqcha hujjatbozlik va noqulayliklar keltirib chiqarishi ham mumkin. Ammo, o'sha ajratilgan pullarni “amallab” o'zlashtirib yuboradiganlar aniq topiladi.
O'zMTDP deputati Jahongir Ziyayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning 2 yoshgacha bo'lgan bolalarga bola pulini qaytarish taklifiga qarshi chiqdi. Uning fikricha, bu soliq to'lovchilar uchun ortiqcha yuk bo'ladi.

Deputat Jahongir Ziyayev bola uchun nafaqa ajratish yo'llarini boshqa optimal yo'llarini tadbiq qilish kerak, degan qarashlar tarafdori. Uning fikricha, ayni damda O'zbekistonda mavjud bo'lgan yordam puli ajratish tizimi o'zini oqlamayapti.

Deputat fikrini shunday izohlamoqda: 

“Yaqindagina, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi  deputati Rasul Kusherbayev “2 yoshgacha bola pulini hammaga qaytarib berish kerak. Bu masalaning aktualligi hali ham yo'qolgani yo'q”, degan fikr bilan chiqdi.
«Rasul Kusherbayev aytganidek, haqiqatan bu masala juda dolzarb, ammo 2 yoshgacha bo'lgan bolalarning hammasiga  bola pulini qaytarish fikrimcha to'g'ri emas. Barcha bolalarga u qanday ta'minlangan bo'lishidan qat'iy nazar to'lov ajratish nazarimda soliq to'lovchilar uchun yuk bo'lishi mumkin. Qolaversa, bu maqsadli ham emas. Puli bor, o'ziga to'q oilalar yordam pulini olishga bormasligi, ular uchun bu ortiqcha hujjatbozlik va noqulayliklar keltirib chiqarishi ham mumkin. Ammo, o'sha ajratilgan pullarni “amallab” o'zlashtirib yuboradiganlar aniq topiladi. Bunda soliq to'lovchilarning puli yana maqsadsiz sarflanadi. Nazarimda aholini daromadi ma'lumotlari aniq elektronlashtirilsa va fuqarolarning daromadlariga ko'ra yordam puli ajratish belgilansa maqsadli bo'lar edi. Aytmoqchimanki, kam ta'minlanganini isbotlash uchun ma'lumotnoma to'plab, yugurib yurmasin. Faqatgina ma'lum miqdorda maosh puli belgilanib, shu miqdordan kam pul oluvchi oilalarning farzandiga yordam puli ajratilsin hamda bu ishlarning hammasi inson omilisiz soliq to'lovchining identifikatsion raqam ma'lumotlari orqali amalga oshishi kerak. Kam ta'minlangan oila farzandlarini biz shundayligicha tashlab qo'ya olmaymiz. Bu O'zbekiston qo'shilgan xalqaro konvensiyalarga ham zid. Shuningdek, ba'zi qishloq joylarda saqlanib qolganidek, faqatgina yordam puliga butun oila ro'zg'or qilishiga ham yo'l qo'ymaslik kerak. Fuqarolar xayriya va yordam pullariga qarab yashashga o'rganmasinlar. Bola uchun yordam pulini tibbiy muolaja, bog'cha pulidan ozod qilish, maxsus, bola uchun kerakli oziq-ovqatlar bilan ham almashtirish to'g'ridir. Ko'pgina davlatlarda xususan, AQShda bola uchun ajratilgan pul maqsadli sarflanishi uchun to'lov kartochkalari beriladi. Bu kartochka orqali faqatgina tamaki, alkogol ichimliklardan tashqari oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish mumkin. Kartochka aynan bola pulini uning ota-onasi boshqa maqsadda sarflamasligi uchun beriladi. Balki, bizda ham shu metodlarni o'ylab chiqish kerakdir. Har qanday taqdirda ham mening nazarimda hozirda O'zbekistonda mavjud bo'lgan kam ta'minlangan oila farzandlariga bola puli ajratish tizimini yangilash, optimallashtirish zarur. Bu tizimda kamchiliklar borligi, uning salbiy oqibatlari ko'rinib qolgan. Nazarimda, ayni damdagi yordam pulini ajratish tizimi o'zini oqlamayapti”, deydi Mirzo Ulug'bek tuman kengashi deputati Jahongir Ziyayev.

O'zbekistonda hozirda amalda bo'lgan tizimga ko'ra, kam ta'minlangan oilalarning 14 yoshgacha bo'lgan farzandlariga ma'lum miqdorda pul ajratiladi.

2020 yil 1 fevraldan boshlab respublika hududida 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, 2 yoshgacha bola parvarishi nafaqasi, kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordamning quyidagi miqdorlari belgilangan.
Unga ko'ra:
• bir bolali oilalarga – 131 000 so'm;
• ikki bolali oilalarga – 217 000 so'm;
• uch va undan ortiq bolali oilalarga – 304 000 so'm;
• 2 yoshgacha bola parvarishi bo'yicha nafaqa – 434 000 so'm;
• kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam – 326 000 so'mdan 653 000 so'mgacha;
• Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam – 434 000 so'mdan 1 085 000 so'mgacha etib belgilangan.

rost24.uz