Dunyo qachon odatiy hayot tarziga qaytadi? Agar vaksinatsiyalash tezligi hozirgi suratda davom etsa bunga 7,4 yil kerak bo'ladi

0

Pandemiya qachon tugaydi? Bu o'tgan yili COVID-19 dunyoni egallab olganidan beri deyarli hamma joyda berilayotgan savol hisoblanadi. Bu savolga javobni koronavirusga qarshi emlash miqyosi bilan o'lchash mumkin.

 

Bloomberg axborot agentligi hozirgacha butun dunyo bo'ylab necha kishi koronavirusga qarshi emlangani borasida eng katta ma'lumotlar bazasini yaratdi. Unga ko'ra, shu paytgacha jahonda jami bo'lib 108 milliondan ziyod odam vaksinani qabul qilib bo'ldi. AQShlik virusolog Antoni Fauchining aytichisha, biron mamlakat odatiy hayot tarziga qayta olishi uchun aholining 70-80 foizida virusga qarshi immun tizimi mavjud bo'lishi kerak.

 

Bloomberg statistikasiga ko'ra, hozirda dunyodagi bir necha mamlakatlar o'z aholisini emlash ishlarini boshqalarga qaraganda juda tezkorlik bilan amalga oshirib, fuqarolarining 75 foizini emlashni rejalashtirmoqda.

 

Masalan, Isroil ikki oy ichida o'z aholisining 75 foizini emlash yo'lidan borayotgan bo'lsa, AQSh bu darajaga 2021 yilning so'nggiga qadar yetishni maqsad qilgan.

 

Ayni paytda boyroq bo'lgan g'arb mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilayotgan bo'lsada, hozirgi vaksinatsiyalash tezligi bilan butun dunyo aholisini vaksina bilan ta'minlashga umumiy hisobda 7,4 yil vaqt ketadi.

 

Vaksinani qabul qilgan odamning organizmida bir necha haftadan keyin virusga qarshi immun tizimi hosil bo'ladi. Ammo, agar bir mamlakatda juda oz sonli odamlargina emlansa, virus tarqalishda davom etadi. Qanchalik ko'p odam emlansa, virusning tarqalish ehtimoli shunchalik kamayadi va jamiyatda COVID-19 ga qarshi ommaviy immunitet hosil bo'ladi.

 

Ammo, bugungi kunda jahondagi olimlar orasida ommaviy immunitetga qachon erishilishi borasida turlicha fikrlar mavjud. Olimlarning ba'zilari jamiyatdagi jami odamlarning 75 foizi emlansa bunday immunitet hosil bo'lishini aytishmoqda. Boshqalar esa, aholida tabiiy ravishda koronavirusga qarshi immunitet hosil bo'lishini aytishadi. Ya'ni, mamlakatdagi odamlarning ma'lum miqdori virusni yuqtirib, undan tuzaladi va ular shu orqali tabiiy immunitetga erishishadi.

loading...