“Senga uylanaman”: Sirdaryoda ayol erkakning tuzog'iga ilindi

0

Yigit kishiga qirq hunar ham oz, deyishadi. Albatta, bu hunarlar halol, qonun talablaridan chiqmagan holda hunar egasi va jamiyatga foyda keltirsa. Lekin ba'zi yigitlar borki, g'ururini, or-nomusini pulga sotib, qing'ir yo'llar orqali kun kechirish payida bo'lishadi. Bunday kimsalarni hech qachon oqlab bo'lmaydi.

Mirzaobod tumani, Oydin mahallasida istiqomat qiluvchi Yu.A. 2020 yil iyun oyida Sayxunobod tumanida istiqomat qiluvchi S.D.ga “Senga uylanaman”, deb ishonchiga kirgan va yaqin aloqa (ishqiy munosabat) o'rnatgan.

 

Shundan so'ng, Yu.A. doimiy ravishda kundalik xarjlari uchun S.D.dan moddiy mablag' olib kelgan. Bu ham yetmagandek, 2020 yil noyabr oyida Yu.A. S.D.dan katta miqdorda pul bermasa, ishqiy munosabatda tushgan fotosuratlarini internet tarmoqlarida tarqatishini aytib, qo'rqitgan va uning bahosi 200 AQSh dollar bo'lgan tilla taqinchoqlarini olib ketgan.

 

Endi “oshig'im olchi”, deb, o'zini qaynar xumcha topgandek hisoblagan Yu.A. joriy yilning fevral oyida S.D.ni yuqoridagi vaj bilan qo'rqitib, 4 mln. so'm talab qilgan.

 

Joriy yilning 12 fevral kuni DXX Sirdaryo viloyati bo'yicha boshqarmasi hamda Sirdaryo viloyati IIB, shu jumladan, Transportda XTB tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Yu.A. 4 mln. so'mni S.D.dan tovlamachilik yo'l bilan olayotgan vaqtida, ya'ni, jinoyat ustida qo'lga olindi va protsessual ravishda rasmiylashtirildi.

 

Hozirda Sirdaryo viloyati IIB Transportda XTB tomonidan Yu.A.ga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atish rejalashtirilmoqda.

loading...