«Formula-1» chempioni o'z kolleksiyasidagi Ferrari, Mercedes-Benz va BMW’larni sotmoqda (foto)

0

Ferrari’dan Aston Martin jamoasiga o'tgan «Formula-1»ning to'rt karra chempioni Sebastyan Fettel o'z kolleksiyasidagi sportkarlarning bir qismini sotishga qaror qildi. U Britaniyaning Tom Hartley Jnr dileri orqali sakkizta avtomobilini sotuvga qo'ydi: beshta Ferrari, ikkita Mercedes-Benz va bitta BMW. Dastlabki sutkadayoq mashinalarning beshtasi o'ziga yangi xo'jayin topgan, deb xabar beradi Motor.

Sotilgan avtomobillarning uchtasi Ferrari — LaFerrari, Enzo va F50. 2016 yilda ishlab chiqarilgan LaFerrari to'rt nuqtali xavfsizlik kamariga ega kovshsimon poyga o'rindiqlari va maxsus gaz chiqarish tizimi bilan jihozlangan. Besh yil davomida u 490 kilometr yo'l bosgan.

2004 yilgi Enzo esa 1790 kilometr masofa bosgan, 1996 yilgi F50’da esa ushbu ko'rsatkich 6939 kilometrga teng. Fettel so'nggi modelni 2015 yilda — birinchi bor Ferrari jamoasiga qo'shilganida sotib olgan edi. Xaridorlar Italiya superkarlari bilan birga firmaning qator aksessuarlariga ham ega bo'lgan: chamadon, yuk uchun sumka, zaxira kalitlar, avtomobil g'ilofi, shuningdek, tegishli barcha hujjatlar. Sotilgan Ferrari’lar narxi oshkor etilmagan.

Yana ikkita Ferrari hamon sotuvda. Birinchisi — bu 2016 yilda ishlab chiqarilgan F12tdf bo'lib, u xarid qilinganidan buyon 1183 kilometr yo'l bosgan. Noyob superkar Giallo Triplo Strato sariq rangga bo'yalgan va 20 dyuymli diskalar bilan jihozlangan. Salondagi o'rindiqlarning bosh qo'yadigan qismiga Fettelning familiyasi tushirilgan logotip tikilgan. Hozircha sotilmagan Ferrari’lardan yana biri — 3077 kilometr yo'l yurgan 2015 yilgi 458 Speciale modeli.

Poygachi Italiya superkarlaridan tashqari, 2009 yili Abu-Dabida bo'lib o'tgan Gran-Pridagi g'alabasidan so'ng sovg'a qilingan Mercedes-Benz SL65 AMG Black Series, 2010 yilgi Mercedes-Benz SLS AMG va 2002 yilgi BMW Z8 Roadster’ni ham sotuvga qo'ygan. Shtutgart sportkarlarining ikkisi ham sotib olingan, 21,7 ming kilometr yo'l bosgan Z8 esa yangi egasini kutmoqda.

Fettel muxlislarining taxminicha, chempion garajida Aston Martin mashinalari uchun bo'sh joy hozirlamoqda. Britaniya markasi vakillari poygachining Italiya markalarini sotayotganiga hech qanday aloqalari yo'qligini ma'lum qilgan.

 

loading...