Germaniya-O'zbekiston do'stlik jamiyati «temir daftar»ga kiritilgan ayollarga moddiy yordam ko'rsatdi

0

O'zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan COVID-19 salbiy oqibatlarini yumshatish, mamlakatimizning yordamga muhtoj aholi qatlamlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shuningdek, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ayollarga moddiy-ma'naviy yordam ko'rsatish maqsadida Germaniyaning Bonn shahridagi Germaniya-O'zbekiston do'stlik jamiyati bilan hamkorlikda Buxoro shahrida navbatdagi xayriya aksiyasi o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Aksiya doirasida Buxoro shahri hokimligi tavsiyasiga ko'ra, «temir daftar»ga kiritilgan 25 nafar yolg'iz va yordamga muhtoj ayollarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Ta'kidlash kerak, Buxoro va Bonn birodarlashgan shaharlar hisoblanib, Germaniyaning sobiq poytaxtida faoliyat olib borayotgan Germaniya-O'zbekiston do'stlik jamiyati pandemiya davrida Bosh konsulxona bilan hamkorlikda to'rt marotaba bunday aksiyalarni tashkil etdi.

O'z navbatida, shu kunlarda Buxoro shahridan 10 nafar tikish-bichishga qabiliyatli ayollarga kasbiy ko'mak ko'rsatish maqsadida 10 dona «Singer» rusumli tikuv mashinalari insonparvarlik yordami sifatida taqdim etish rejalashtirilmoqda.

loading...