AQShda COVID-19 bilan bog'liq favqulodda holat rejimi uzaytirildi

0

AQShda COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq favqulodda holat rejimi uzaytirildi. Tegishli bildirishnoma Prezident Jo Bayden tomonidan Kongressga yuborildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmatiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Mamlakatda bir yil davom etgan favqulodda holat rejimi 2020 yil 1 martdan kuchga kirgan va uning amal qilish muddati 2021 yilning 1 martigacha belgilangandi.

«Mamlakatda favqulodda holatga bo'lgan ehtiyoj haliyam saqlanib qolmoqda. COVID-19 pandemiyasi hanuz millat salomatligi va xavfsizligi uchun jiddiy xavf manbai hisoblanadi. Mamlakatda 500 mingdan ortiq kishi ushbu kasallikdan vafot etgan. Shunday ekan Federal hukumatning barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda COVID-19’ga qarshi kurashni davom ettirish o'ta muhimdir», — deyiladi Baydenning xabarida.

Favqulodda holat rejimining qancha muddatga uzaytirilishiga aniqlik kiritilmagan.

23 fevral kuni Qo'shma Shtatlarda koronavirus qurbonlari soni 500 ming kishidan oshdi. Shu munosabat bilan Bayden vafot etganlar uchun motam belgisi sifatida butun mamlakat bo'ylab besh kunga bayroqlarni tushirishni buyurdi.

AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni Birinchi va Ikkinchi jahon urushi hamda Vyetnam urushi paytida halok bo'lganlarning umumiy sonidan oshib ketgan.

The New York Times 21 fevral, yakshanba kungi sonining birinchi sahifasida koronavirus qurbonlari sonini anglatuvchi 500 mingta nuqtadan iborat grafik tasvirini chop etdi. Tasvir qurbonlar sonining o'sish «tezligini» aks ettiradi.

Jons Hopkins universitetining so'nggi ma'lumotlariga ko'ra, pandemiya boshidan beri Qo'shma Shtatlarda 28,3 million kishi koronavirus infeksiyasiga chalingan, 505 mingdan ortiq amerikalik vafot etgan. Mamlakat ikkala ko'rsatkich bo'yicha ham dunyoda birinchi o'rinda turadi.

loading...