Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

0

Bo'yim biru sakson besh. Og'irligim sakson kilo. Yoshim yigirma ikkida. Uchta tilni bilaman. Jismoniy tarbiya institutining oxirgi bosqichida o'qiyman. Kechasi dori-darmon firmasida qo'riqchilik qilaman. Firmamisan-firma. Katta-katta mashinalarda dorilar keladiyu, bir kunda tarqab ketadi. Shefni bir marta ko'rganman. Uchta mashinada kelgan. Hammasi qop-qora. Uniki «Mers». Oldi, orqadagilar sal bundayroq. Men yaqinda sherigimni almashtirgandim. Tashqariga chiqdim. Ana shunda shef keldi. O'zi bu mashinalarni ko'rib, «Kimniki ekan bular?» deb turgandim, shundoqqina yonginamga yetishlari bilan taqqa to'xtashdi. Oldi-orqadagi mashinalarning eshiklari «tap-tap» ochildiyu, barzangilikda bir-birini ortda qoldiradigan, qora ko'zoynak taqqan, qop-qora kostyum-shimli yigitlar sakrab tushishdi. Bittasi yugurib kelib, «Mers»ning orqa eshigini ochdi va o'rta bo'yli, semizgina, ko'zlari qiyiqqa tortadigan, uzunchoq iyakli bir odam tushdi. Basharasi shunaqangi sovuqki, odamning eti junjikadi. U hammayoqqa nafrat bilan bir-bir qarab chiqdi-da, men tomonga uch-to'rt qadam tashladi. Xuddi shu payt bizning xo'jayin ichkaridan otilib chiqdi. Xo'jayin ham ancha basavlat, ja olifta kiyinadiganlar xilidan. Ammo u anavi shefning yonida bechorasifat, g'arib, kichkina bir nusxaga aylandi-qoldi.

— Yeb-ichib, kayfu safo qilib o'tiribsanmi, eshakning maydasi? — dedi shef.

Dunyoga kelib shuncha odamni ko'ribmanu, bunaqa g'azabni qo'zitadigan, dag'al ovozni eshitmabman.

— Ish bilan ovora edim, sezmay qolibman kelganingizni, xo'jayin! — dedi bizning xo'jayin titroq tovushda.

— Sezgi bo'lsa sezasan-da, iflos! Kechqurun o't, ish bor!

Shef boshqa hech nima demadi. O'sha dahshatdan-dahshat mashinasi tomon ozroq yurdi. To'xtadi. Ortiga o'girilib, o'tkir nigohini menga qadadi. Qo'li bilan imladi. Bordim. Juda tez boshimdan oyog'imgacha qarab chiqdi. Ko'ksimga sekingina mushtladi.

— Baquvvatgina ekansan, — deb xo'jayinim tomonga yuzlandi-da, — buni qaerdan topding? — deya so'radi.

— O'zi kelib qoldi. Hali talaba, fizkulturniyda o'qiydi, — javob berdi xo'jayinim.

— Hmm. Yaxshi.

U mashinasiga o'tirdi. Eshiklar «tap-tap» yopildi. Qora mashinalar qanday tez paydo bo'lgan bo'lsa, xuddi shunday ko'zdan yo'qoldi. Xo'jayin ikkalamiz angraygancha qoldik.

— Uff, — dedi bir pastdan so'ng Sherzod aka, — jonim chiqib ketayozdi. Qaerdan kelib qoldi?

— Bilmasam, — dedim men.

— Bilmaganing yomon bo'libdi. Ko'rinishidan kayfiyati chatoqroqqa o'xshaydi. Hech kelmasdi. Hatto firma binosi, omborxona qurilishida ham qorasini ko'rsatmagan. Shu yaqin atrofdan o'tib qolganu, birrovga kelgan. Ishqilib, kelishi yaxshilikka bo'lsin.

— Shunchalik dahshatlimi bu odam?!

— Sen so'rama, men aytmay. G'azabga minsa, tamom! U tadbirkor emas, amaldor. Katta amaldor. Shaytonning ustozi… Ey-y, kallam qursin, nimalar deb valdirayapman, — dediyu, Sherzod aka xuddi o'g'rilarday yon-atrofiga qarab oldi. Keyin rangi oqarib menga yuzlandi. — Men senga hech nima aytmadim, sen eshitmading. Hozirgi gaplarim uchun terimni shilib olishadi. Menga qo'shilib eshitganing uchun seni ham asfalasofilinga jo'natishadi. Shuning uchun birovga churq eta ko'rma. Buning o'rniga tilingni g'ajib tashla.

Sherzod aka shunday deya ofisga kirib ketdi. Men esa «He, quyon yurak! A, bu xodimlaringning oldida burningdan eshak qurti kelardi-ku! Birovni odam o'rnida ko'rmasding, bir pasda bechora, sho'ri quriganga aylanib qolding-ku. Hali yoniga chaqirdi. Borganingda qanday ahvolga tushasan», deya ko'nglimdan o'tkazdim-da, qorovulxona tarafga yurdim. U shundoqqina omborxona darvozasining yonida. Zamonaviy romlardan qilingan, hamma yog'i deraza. Hammaga ko'rinib turaman. Hammani ko'raman. Darvozani ham avtomatik tarzda ochib-yopaman.

Oradan ikki kun o'tib eshitdim, shefning banki ham bor ekan. Dubayda, Rossiyada yana allambalo joylarda mulki bor emish. Yana unaqa-bunaqa emas. Har biri million-million dollar turarmish.

To'g'risini aytsam, bu gapga unchalik ham ishonmadim. Chunki sal ko'zga ko'rinib qolgan boy bo'lsa, tamom, oyog'ini yerga tekkizmasdan oborib tiqishyapti. Bor-budini tortib olishyapti. Uzun quloq gaplarga qaraganda, shundan keyin ham bechora boylar qutulolmas ekan. Shunday bir sharoitda, hali u davlatda, hali bu davlatda million-million dollar turadigan mulkka qanday ega chiqadi? Chiqib bo'pti. Chunki dunyo beso'roq emas-da… Banki bor ekan… Ana qudratli, ham ko'cha bilan ja qalin, ham «tepaga» tishi o'tadigan bitta odamning banki bor edi. Bir pasda joyini solib tashlashdi-ku. Undan keyin «OPA» degan bittasi chiqqan. Qandingni urgur, kimning nimasi bo'lsa, tortib olib yuribdi. Endi buni aniq bilmaymanu, lekin ishonchli odamlarning aytishiga qaraganda, ancha-muncha benzin quyish shohobchalarining egalarini chirqiratib, joyini tortib olibdi. Shaykachalar borar ekan. «Sening mulkingning bahosi mana buncha», deya bitta mashina g'ildiragining pulini aytar ekan. Shunga mulkning egasi ko'nsa-ko'ndi. Ko'nmasa, oyog'ini osmondan qilib tashlasharkan. Ya'ni tekshiruv kelarkan. Endi bir joyda qimirlamasdan osmonga qarab yotsang, xato qilmasliging mumkin. Ammo bir-ikki qadam bosding, albatta, qandaydir bir ayb ish qilib qo'yasan-da! Balki, shuning uchun ham «Beayb — Parvardigor», deyishadi.

Agar shularning hammasini hisobga oladigan bo'lsak, bizning shef ham ancha-muncha narsani «ta'tib», shu kungacha yo'q bo'lib ketishi kerak edi. Lekin shunday deymanu, omborimizga kelib tushayotgan dori-darmon uncha-muncha emas. Yana aytishlaricha, juda arzon emish. Shuning uchun ham dorixonachilar yopishib olisharmish… Ey-y, shoshmang, miyam achib ketdi. Zo'r bo'lsa, boy bo'lsa, shef bo'lsa, menga nima issiq-sovug'i bor? Oyligimni berishyapti. Ora-chora mukofotlab ham qo'yishadi. Shuning o'zi menga yetadi. O'qishni bitirganimdan keyin, ehtimol, men ham o'zimning biznesimni ocharman?..

Shu kuni ertalab navbatni topshirdim-da, institutga bordim. Bir para o'qidim. Endi ikkinchisiga kirmoqchi bo'lib turganimda, dekan chaqirayotganini aytishdi. Shu zahoti ko'z oldimdan darsga qatnashgan-qatnashmagan kunlarim o'tdi. Uch kun oldin oxirgi paraga kirmagandim. Sport murabbiyim chaqirgandi. Kurash bo'yicha musobaqa bo'larkan ikki oydan keyin. Shunga hozirdan qattiq tayyorgarlik ko'rishim kerak ekan. Darsim borligini aytgandim. Lekin ustozim «Domlaga o'zim aytib qo'yaman, sen kelaver», degan edi. Aytmaganga o'xshaydi. Obbo, endi dekanning qarshisida qizarib turishimga to'g'ri keladi. Shuni o'ylab, boshimni qashlab, dekanatga bordim.

Dekan zo'r odam. Bir paytlar sambo bilan shug'ullangan. Hatto chempion ham o'lgan.

— Chaqirtirganmidingiz, Sanoqul To'raqulovich? — dedim eshikni avval taqillatib, so'ng qiya ochgancha ichkariga boshimni suqarkanman.

— Ha, chaqirgandim, kir, — dedi dekanimiz.

Kirdim. Dekanning qarshisidagi stulga o'tirdim.

Sanoqul To'raqulovich mo'ylovini silab, ko'zoynagini oldi-da, semizgina jurnalning ustiga qo'yib:

— Nima ishlar qilib yuribsan? — deb so'radi.

Meni tok urganday bo'ldi. Dovdiradim.

— Hech ish, — dedim o'zimni hayron ko'rsatib.

— Sen to'g'ringda yuqoridan obdan so'rashdi. O'qishing, yurish-turishing, tanish-bilishlaring, ota-onang…

— Nega?! — dedim hovliqqancha domlaning gapini bo'lib.

— Mana shunisini bilmayman-da. Ishqilib, biror joyda ishkal chiqarmaganmiding?

— Y-o'-o'-q.

— Darsdan keyin nima ish qilasan?

— Sport zalga boraman. Kechki payt qorovullikka.

— Qaerda qorovulsan?

— Bitta firmada.

— Yaxshi joymi?

— Yaxshi.

— Uff-f, ishqilib, hammasi aytganingday bo'lsin. U yoqdan har xil ma'noda surishtirishadi. Lekin nima bo'lgan taqdirda ham o'zingga ehtiyot bo'l. Ota-onang seni bu yerga o'qishga jo'natishgan. Birinchi qiladigan ishing — o'qish. Endi boraver. Darsga kech qolma.

«Xo'p», dedim-u, ketdim. Ammo boshim g'ovlayotgandi. O'ylab o'yimning oxiriga yetolmayman. Miyamga nimalar kelmadi deysiz. Kayfiyatim butkul tushib ketdi va darslarim tamom bo'lganidan keyin to'g'ri ishga ketdim. Sherigim hayron bo'ldi.

— Nega buncha erta kelding? — deya so'radi.

— Bo'sh qoldim. Zerikdim. Kelaverdim, — dedim.

— Bo'pti, unda yaxshi qilibsan. Kelinoying miyamning qatig'ini chiqarib yuborgandi. Bozor qilmaysiz, hamisha men lo'killab bozorga yuguraman, deb. Mana bugun, hali erta, bozor tarqamagan. Bir Chorsuga tushaman-da, yaxshilab bozor qilib olaman. Uyga borib, qo'lbola osh damlayman. Bugun qaysi kun, — deya iljaydi Samandar aka.

— Payshanba, — javob berdim.

— Vo-o! Ayni muddao. Endi, shu desang, oshni sayratib yuboraman. Qandingni ur, Samandar!

Shunday deya sherigim qo'shiq kuylashga tushib ketdi. «Samandar, Samandar, ishq o'tida qalandar! Vohay! Vohay!»

U erta quvongan ekan. Menga «sovchilar» kelishdiyu, hammasi teskariga aylanib ketdi.

Qorovulxona yonginasiga qora, furgonli «Xunday» to'xtadi. Haydovchi bilan uning yonida o'tirgan sport uslubida kiyingan, gavdali, sochlarini xuddi kelishib olganday tap-taqirga oldirgan yigit tushdi. Og'izlarida saqich. Chaynalyapti.

Samandar aka ikkimiz hayron bo'lib, bir-birimizga qarab qo'ydik.

Ular esa he yo'q, be yo'q qorovulxonaga yaqinlashib kelishdi-da, eshikni ochishib:

— Jasur kim? — deya so'rashdi.

— Men, — dedim.

— Yur, sen biz bilan, — dedi ularning novcharog'i.

— Qayoqqa?

— Borganda ko'rasan…

— Men ishdagi odamman. Postni tashlab ketolmayman.

— Post? Ish? — deya iljaydi u. — Posting ham, ishing ham bizniki. Umuman, sen bizning qo'limizda ishlayotgan odamsan. Gapni ko'paytirma. Yur. Manavi sheriging, — dedi u qo'lini bigiz qilib, — sening o'rningga o'tiradi.

Men Samandar akaga qaradim. So'lib qolibdi bechora.

— Ha, boraver, Jasur. Bular haqiqatan ham, bizning kattalardan. Men o'rningga o'tirib turaman.

Samandar aka o'lganning kunidan, qo'rqqanidan shunday dedi. Mening esa jahlim chiqdi. «Kim bo'libsizlarki, osmondan tushganday kelishib, meni olib ketasizlar», degan o'y o'tdi xayolimdan. Lekin o'ylaganim tilimga ko'chmadi. Men ham itoat etdim. Ojizligimdan jahlim chiqdi. Ammo endi kech edi. Mashinaga o'tirib bo'lgandim. Meni olib ketgani to'rt kishi bo'lib kelishgan ekan. Ikkitasini mashinaga minayotganimda ko'rdim. Ular harbiy kiyimda edi. Ko'nglim qandaydir joyiga tushdi. Ehtimol, harbiylarni ko'rganim uchundir.

— Sen yaxshi odamning nazariga tushibsan. Bu yog'iga oshig'ing olchi bo'ladi. Albatta, kallangni ishlatsang, — dedi haydovchining yonida o'tirgan yigit ortiga o'girilib.

«Yaxshi odam. U kim bo'lishi mumkin? Nahotki shefning o'zi bo'lsa. Lekin uni birov yaxshi odam demagan. Mayli, boraveraylik-chi, ko'ramiz», — shunday xayolda o'zimni bo'sh qo'ydim.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

loading...