Gollandiya parlamenti: “Xitoyning uyg'urlarga munosabati genotsid hisoblanadi”

0

25 fevral kuni Gollandiya parlamenti Xitoy hukumatining uyg'urlarga qilayotgan munosabatini genotsid deb atash borasidagi taklifni ma'qulladi. Bu bilan Gollandiya uyg'urlarga qilinayotgan zulmni rasman genotsid ekanini aytgan Yevropadagi ilk mamlakatga aylandi.

BMTning huquqni himoya qilish bo'yicha ekspertlarining ma'lum qilishlaricha, ayni paytda Xitoyning Sharqiy Turkiston viloyatida kamida 1 milliondan ortiq uyg'ur musulmonlar “qayta tarbiyalash” lagerlarida saqlanmoqda. Bunday lagerlarda uyg'urlarga zulm qilinmoqda, ular majburiy mehnatga jalb qilinmoqda va uyg'ur ayollar sterilizatsiya qilinmoqda. Xitoy hukumati o'ziga qo'yilayotgan ushbu ayblovlarni rad etib, mazkur lagerlar uyg'urlarga kasb-hunar o'rgatish va eksterimizmga qarshi kurash uchun zarurligini ta'kidlab kelmoqda.

“Xitoyda uyg'urlarga qarshi genotsid yuz bermoqda” deyiladi Gollandiya parlamenti ma'qullagan taklifda.

Payshanba kuni Xitoyning Gagadagi elchixonasi Sharqiy Turkistonda genotsid bo'layotgani haqidagi qaror «ochiqdan-ochiq yolg'on» ekanligini va Gollandiya parlamenti «qasddan Xitoyga loy chaplab, Xitoyning ichki ishlariga qo'pol ravishda aralashganini» aytdi.

Ma'lumot uchun, shu hafta boshida Kanada parlamenti ham Xitoyning uyg'ur musulmonlarga qilayotgan munosabatini genotsid deb atashni ma'qullagandi.