Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

0

Sport to'g'risida, ja oshib ketsa, ob-havo haqida gaplashish bejiz emas ekan. Chunki boshqa hamma mavzuda kimgadir yoqmaydigan biror nima chiqib qoladi. Ana undan keyin bexosdan aytib qo'yganing uchun kuningni ko'rsatishadi. Odil suhbat asnosida shu narsani menga tushuntiroldi. Sport yo'li bilan. Ser Ferggyussonning qizargan yuzini tasvirlash asnosida tushuntirdi. Aslida, tushunishga moyilligim bor edi. Shuning uchun ham darrov anglab yetdim.

Dala hovli. Tog'ning eng bahavo, serdaraxt, Chorvoq suv ombori ko'rinib turgan joyi. Ta'rifga til ojiz. O'zingga-o'zing «Menimcha, jannat shu yer bo'lsa kerak», deysan. Ammo dovdiramasligim, og'zim ochilib turmasligi kerak. Aks holda, terimni shilib olishadi. Hozir mening ko'zim ko'r. Ko'rayotganlarimning hammasi tushimda kechyapti. Ko'kalamzorlar, allambalo dov-daraxtlar, archalar, gullar, cho'milish havzalari, ularning yonidagi barlar, favvoralar, binoning naqshinkor devorlari — bularning bari tushimning karomati. Ammo uzun, yigirma kishilik stolning ustida turgan noz-ne'matlar, qazi-qartadan tortib qizil, qora ikralargacha bo'lgan yeguliklar, ruslarga, fransuzlarga, finlarga, nemislarga tegishli odamning badaniniyam, ichiniyam qizdirishga xizmat qiladigan ichimliklarni sizga gapirib bermasam, yorilib ketaman. Stolning ustini to'ppa-to'g'ri tropik davlatlardan keltirilgan mevalar, (albatta, hozirda tropik mevalar yangilik emas. Ammo mening ko'rib turganlarim mutlaqo boshqacha va antiqa edi) o'zimizning qovun-tarvuzlar, qo'ying-chi, chumchuqning sutidan boshqa hamma narsa bezab turardi.

Xayolimga qishlog'imizning alpqomat yigitlari keldi. Erta bahorda mardikorlikka ketishadi. To'rt-besh so'm topish ilinjida. Ketar chog'lari uylarida zo'rg'a qotgan non topiladi. Ming bir azob bilan topib kelganlarini qishi bilan yeb chiqqan bo'lishadi… Shoshmang, ularning ham topganlari topadi to'rt-besh so'mni. Shunchaki, burnilariga qo'llarini tiqib kelganlari qancha. To'rt-besh yil dom-daraksiz ketganlari qancha. O'tgan yili ikkitasi tobutda qaytdi. Birovini mashina bosib ketibdi. Ikkinchisi, muzlab o'libdi… Bu yerda esa yigirmata emas, yuzdan ziyod odam bo'kib qolsa ham ortadigan yemak stolning ustida turibdi. Alamim keldi.

— Mehmon nozikka o'xshaydi, — dedim Odilga.

U qovog'ini osiltirib qaradi-da, ko'rsatkich barmog'ini yuqoriga qildi. So'ng og'zini ochib, tilining ustini bosib qo'ydi.

O'lay agar, uning bu qilig'i nimaga sha'ma ekanini tushunsam. Boshqa savol bermay, indamay qo'ya qoldim.

Oradan qariyb bir soat o'tib, mehmonlar kelishdi. Men ularni yigirma chog'li bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Qayoqda, to'rtta ekan. Ikkitasi biz tomondan. Ya'ni xo'jayin va uning tarjimoni. Mehmon tomon ikkita. Ularning yevropalik ekani, sariq sochidan va yuzidagi sepkildan bilinib turardi.

Biz nariroqqa, ularning ko'zlari tushmaydigan joyga ketdik va yana maishat ummonida «suzayotganlar» tomonga birrovga qarab ham qo'ymasdik. U yoqda qah-qaha avjida. Qadahlarning bir-biriga urilib, jaranglashi bot-bot eshitilib turibdi. Men esa ochman. O'sha-o'sha yotoqxonada yegan bir burda qattiq nonim bilan yuribman… So'lagimni bir necha marta tupurib tashlashimga to'g'ri keldi. «Ular — dedim o'zimga-o'zim, — baribir, hamma ovqatni yeyolmaydi. Ketishadi, qolganini biz paqqos tushiramiz».

Chuchvarani xom sanagan ekaman. Vaqt allamahalning narigi tomoniga o'tib, mehmonlaru xo'jayin ketganidan so'ng «eng shimarib» borsam, stolning usti yig'ishtirilyapti. Nafsimni jilovlab-jilovlolmay turganimda, Odil yonimga kelib:

— Ketdik, — dedi.

Endi bundan azobi bo'lmasa kerak. Men-ku, ochimdan o'lay dedim. Ammo Odil ham shu paytgacha tuz totmadi. Ertalab to'yib ovqatlangan bo'lishi mumkin. Lekin ertalabki ovqat yarim tungacha yetarmidi?

— Biz ham biror nima yeb olsak bo'larmidi? — dedim favvoralar yonidan o'tayotganimizda.

U yurishdan to'xtadi. Menga yuzlanib irjaydi.

— Sen bilan menga bu yerda ovqatlanish mumkin emas, — dedi.

— Nega? — dedim hayron bo'lib. — Shuncha ovqat bekorga qoldi-ku.

— Restoranga qayta topshiriladi.

— Qaysi restoranga?

— «Subhidam»ga.

«— Ha-a, shular olib kelishganmidi?

— Yo'q. «Nuraf- shon»dan. Tekinga. Endi «Subhidam»da sotiladi u. Bor-yo'g'i o'n foizi yeyilgan. Qolganiga qo'l urilmagan.

— Odil og'ayni, esing joyidami? Bitta restoran tekinga shuncha narsani olib kelgan bo'lsa, endi yeb-eb qolganini boshqa bittasiga sotishadimi?

— Biznes. O'rgan. Ko'rdingmi? Qoyilmisan. Yo'q joydan soqqa.

— «Nurafshon»dagilar olishmasa-chi?

— Jinnimisan? Ko'zlariga surtib olishadi. Keyin ular ham ertaga mijozlariga pullab yuborishadi. Hech bo'lmaganda, o'zining narxida.

«Voy, pastlar, voy, yaramaslar. Hoynahoy, ular ataylabdan yigirma kishilik deyishgan, lekin hali aytganimday stolning ustida yuzta odam bo'kadigan ovqat bor edi. To'rtta odam nima ham yerdi, nima ham ichardi? Odil noto'g'ri aytdi, o'n foiz deb. Bir foizini yeyishgan bo'lishsa ham katta gap».

— Xo'p, ana ovqatni qaytib sotishni amal-taqal qilishar. Ichimliklar-chi?

— Umringda restoranga kirganmisan o'zi? — deya ensasini qotirdi Odil.

— Yo'q.

— Battar bo'l. Ichimlikni sotishdan osoni bormikan? Grammlab urib yuborishadi-da.

— Xo'p, bu yog'ini ham tushundim. Puli kimga tushadi?!

— Kimga bo'lardi, xo'jayinning cho'ntagiga-da. Bo'ldi, gapni ko'paytirma.

Xo'jayinning uyi kuysin bo'lmasa, bankdan, falon-falon bizneslardan, chet eldagi mehmonxonalardan, dori-darmonlardan oz muncha pul tushadimi? Xo'p, birovga zo'ravonlik qilib mehmoningni mehmon qilibsan, ortganini xizmatchilarga berib ket. Sotishingga balo bormi? Yana bir marta aytaman, bunaqangi pastkashlik qilib boy bo'lgandan ko'ra, kafangado bo'lib yurgan ming marta afzal.

O'zi qayoqdan ham shularga aralashib qoldim. Qorovulchiligim ming marta yaxshi edi. Ham darsimni qilardim, ham oylik olardim. Endi bitta g'o'ddaygan tekinxo'r, tullakni deb ochimdan o'lay deb yuribman.

Shaharga bordik. Yotoqxonaga o'xshash to'rt qavatli bino yoniga Odil ikkalamizni tashlab ketishdi.

— Shu yerda yashaysanmi? — so'radim undan.

— Ha. Sen ham bundan bu yog'iga shu yerda yashaysan.

Ana bo'lmasam. Odammanmi-yo'qmi o'zi? Menimcha, kechadan beri odamgarchilikdan chiqdim. Nazarimda, ixtiyorim allaqachon birovlarning qo'liga o'tib ketganday. Tirik robotga aylangandayman. Manavi yerda o'tirasan, manavi yerda turasan, manavi yerda yashaysan, yemaysan, ichmaysan, tirnog'ingning kirini so'rib yuraverasan. Agar g'ing degan ovoz chiqib qolsa, teringni shilib, somon tiqamiz-da, qo'g'irchoqqa aylantiramiz.

Bas! Hammasiga nuqta qo'yaman. Men manqurt emasman. Mening miyam bor. O'ylayman. O'ylaganimni gapiraman. Hozir manavi yaramasning uyiga chiqaylik, gaplashib qo'yaman.

Yotoqxonaning ikkinchi qavatiga chiqdik. Yo'lak yorug'. Ammo birov ko'rinmaydi. Qayoqdan ham ko'rinsin?! Aqli-hushi bor odam bunaqangi paytda to'rtinchi tushini ko'rib, maza qilib uxlaydi. Qayoqdagi laganbardorlarni, zo'ravonlarni deb yuribmiz mijja qoqmasdan.

Odil chap tomondagi eshikni kaliti bilan ochdi, chiroqni yoqdi va meni ichkariga boshladi.

Kirdim. Tavbangdan ketay, uch xonali kvartira. Oshxona, hammomi ham bor. Yana uy yevro remont. Qaqqayib qolibman.

— Anqaymasdan kiraver, — dedi Odil, — ikkalamiz bi-ir otamlashamiz!

— Mening otam tirik, — dedim darrov o'zimni qo'lga olib.

— O'zingni go'llikka solma. Sen oshxonaga o'taver, men kiyimlarimni almashtirib olay, gaplashamiz.

Oshxonaga kirdim. Hammayoq chinniday. Yana xushbo'y atir ifori. Muzlatkich ishlab turibdi. Devorda yupqa televizor. Stol va ikkita divan. O'tirdim. Bo'yinbog'imni yechdim. O'ziyam rosa bo'g'ilgan ekanman. Birdan toza havo kirganday bo'ldi ichimga.

Odil kiyimlarini almashtirib keldi.

— Menga qara, oshna, menga ham tuzukroq kiyimlaringdan ber. Hech qursa, sen qizg'anchilik qilma. Mana shu kostyum-shimda, ochig'i, rosa siqildim.

— Bo'ldi, tur o'rningdan, — deya keta boshladi Odil.

Ensamni qotirdim va shunga qaramay unga ergashdim. Negadir yo'lakka chiqdik. U yana bitta kalit bilan qo'shni eshikni ochdi-da, chirog'ini yoqdi va tirjaygancha:

— Mana shu uy bugundan boshlab seniki. Toki haydalish kuyini chalguningcha, — dedi.

Buni qarang, yangilikni eshitgan zahoti ichim yorishib ketdi. Shu zahoti barcha charchoqlarim yozilganday bo'lib, ichkariga shosha-pisha kirdim.

Ka-a-a-atta xonada bitta shkaf va divan. Boshqa ikkita xonada esa devordagi gulqog'ozdan bo'lak hech vaqo yo'q. Oshxonaga kirdim. Gaz plitasi, asbob-uskunalar ekan.

— O'zing to'ldirib olasan. Hech kim sening og'zingga chaynab solib qo'ymaydi. Kiyimlar shkafda. Charchaganman. Tezroq kiyimlaringni almashtirib, menikiga kir, — deb Odil ortiga burilib ketdi.

Shunisiga ham shukr. Yotoqxonada yashaydigan talaba uchun bu uy jannatday. Kiyimlarni almashtirdim va darrov qo'shni — Odilnikiga o'tdim.

U stolning ustiga kolbasa qo'yibdi. Ikkita likobchada pomidor. Stolning o'rtasida, bitta «bo'yning uzilgur» turibdi g'o'ddayib.

— Men ichmayman, — dedim shu zahoti Odilga.

— Seni hech kim majburlamaydi. Shunchaki charchoq yozdi qilamiz, xolos. Bizning ishda mana shu zormandadan ozgina-ozgina olib turmasang, toming ketib qoladi. Ustozlarim o'rgatgan menga.

U shunday deb sovuq suvning jo'mragini burab ochdi. Suv sharillab oqa boshladi. Tovushi biram quloqqa yoqmaydiki.

— Nega bunday qilding? — so'radim Odildan.

U ko'rsatkich barmog'ini labining ustiga qo'yib «tss», dedi va qarama-qarshi tomondagi divanga o'tirdi. Anavini ochdi. Bitta-bittadan quydi. Ikkimiz ham yutdik. So'ng kolbasaga hujumga o'tdik.

Men kuldim-da:

— Anavi ko'rganlarimizdan keyin uncha-muncha yegulikni mensimasak kerak, deb o'ylagandim, lekin qara, moyday ketyapti, — dedim.

— Men undan ham battar ahvolga tushganman. Hechqisi yo'q, ko'nikib ketasan, — deb Odil yana shishani tutdi.

— Yoshing nechada? — so'radim undan, bir bo'lak kolbasani og'zimga solarkanman.

— Yigirma to'rtda.

— Mendan ikki yoshga katta ekansan.

— Nega unda meni sensirayapsan?

— Bilmasam. Avval o'zing siz deding. Keyin sensirashga o'tding. Men ham shunga yarasha javob qaytaraverdim. Menimcha, shunisi qulay… Necha yildan beri ishlaysan?

— Bir yil.

— Bir yilda uyingni shuncha zo'r qilib oldingmi?

— Mashinam ham bor. Dadamga berganman. Inomarka.

— Dahshat oylik olasanmi deyman?!

— Qayoqda. Bitta-ikkita tomib turadigan joy qilib qo'yibman. Bitta narsa esingdan chiqmasin, — deya piyolalarni to'ldira boshladi Odil, — bizga maosh berilmaydi. Lekin hamma narsa «vip». Hech joyga hech nima to'lamaysan. Lekin pul qilasan. Ana, xo'jayinni ko'rdingmi? O'rgan, student, — deb Odil yana tomog'ini ho'lladi.

Bu safar unga sheriklik qilmadim. Chunki boshim qiziy boshlagan edi.

— Ertaga dam olish. Xo'jayin tongda Dubayga uchib ketadi. Kuyovi bilan birga mehmonxonalarini ko'rib keladi. Sen bilan men esa bitta ish qilamiz.

— Mening darsim bor.

Odil hiringlab kuldi.

— Esing joyidami, qanaqangi dars? O'qib bo'lding. Diplomni shu haftaning oxirida berib ketishadi. O'tgan yili bitirgansan sen. Nima qilib, yana o'qishga borib yuribsan, hayronman?! Xullas, gap bunday, uka. Men bir oy oldin muammosiz bittasining ikki yuz minglik molini o'tkazib berganman. Biror joyga bir tiyin to'lamagan. Evaziga o'n foizini berishi kerak edi. Lekin o'zini u yoqdan-bu yoqqa tashlab yuribdi. Borib, shuni undirib kelamiz ikkovimiz. Bermasa, joyini solamiz.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

 

 

loading...