Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

0

Mening birdan boshim g'uvillay boshladi. Bir bechoraning sho'ri qurirkan-da!

— Mening birinchi kun ishlashim. Undan keyin faqat qo'riqchilikka qo'yilganman, — deya javob berdim.

— Uka, boshida men ham xuddi senday edim. Qarasam, birim ikki bo'lmaydigan. Birov sariq chaqa bermaydigan. Sekin u yoq-bu yoqqa qarasam, hamma soqqa qilish bilan ovora. Shartta men ham kirishib ketdim. Aytgancha, kecha ikki yuz ming olganmiding?

— Ha, — dedim boshimni qimirlatib.

— O'shani men berganman. Bilib qo'y, sen hech qaerda ro'yxatda turmaysan. Pulingni bizdan undirib berishyapti. Demak, qarzingni to'lab qo'yishing kerak. Buning uchun mayda-chuyda ishlarga aralashishingga to'g'ri keladi.

Sherzod aka bilan qisqa gaplashgandik. Sal o'ng'aysizroq ikkita so'z aytgandi. Natijada bechorani odam tanimaydigan ahvolga solishdi. Odilning esa og'zidan bodi kirib, shodi chiqyapti. Agar buning ham gaplarini yozib olayotgan bo'lishsa, ertaga nimtalab tashlashlari aniq.

— Qarzingizni bir amallarman. Hozircha bunday ishlarga meni aralashtirmay turing.

— Iloji yo'q, uka. Ertaga o'zing kelasan oldimga.

U bostirib-bostirib, ikki piyolani yutdi. So'ng aytdi: «Oramizda hech qanaqangi gap-so'z bo'lmaydi. Senga nisbatan menga ko'proq ishonishadi. Shuning uchun tilingni tiy-da, borib damingni ol. Yaxshi bo'ladi».

«Men kimlarning orasiga tushib qoldim. Nega bularning amallari bir-birinikidan dahshat. Kattasining qilayotgan ishi unaqa bo'lsa, kichiginiki bunaqa. Bir yilda shuncha mol-mulkka ega bo'libdi. Agar biror o'n yil ishlab tursa, nimalarni qo'lga kiritmaydi».

Borib, o'zimning uyimda divanga cho'zilarkanman, xayolimdan shu gaplar o'tdi.

Bir gektar yerni ketmon bilan ag'darib chiqsang ham, Sahroi Kabirni yayov kezsang ham, tinka-madoring qurib, oyoqda turishga majoling qolmasa ham uxlayolmas ekansan. Yana miyangda bir-biridan vahimali, yechimi yo'q muammolar g'ujg'on o'ynasa. Menda xuddi shu narsa bo'ldi. Yuragim siqilgandan-siqildi. Bir necha marta hammomga kirib, yuz-qo'llarimni yuvdim. Lekin koshki, uyqu degan maxluq kelsayu, quchog'iga olsa…

Shunday qilib, tunni bedor o'tkazdim. Tabiiyki, sahardan boshim lo'qillab og'riy boshladi. «Bugun ish yo'q. Bekorchiman. Saldan keyin ko'chaga chiqib, birorta oshxonada qornimni to'ydiraman-da, kelib maza qilib uxlayman», deya o'zimni-o'zim yupatdim. Ammo qayoqda deysiz, o'sha saharning o'zidayoq odam keldi.

Xo'jayinning katta miqdorda moli kelibdi. Firmalarga tarqatish kerak ekan.

«Tavba, menga tarqatishning nima aloqasi bor?! Vazifam qo'riqchilik. Qo'riqlaydigan odamim chet elga ketdi», degan xayolda o'ta norozi bo'lib tashqarida kutayotgan mashinaga mindim. Bu safar «Neksiya» jo'natibdi. Hoynahoy, shu mashina ham mutlaqo tekinga xizmat qilayotgan bo'lishi mumkin. Aytaylik, kimdandir yoki qaysidir firmadan tortib olingan. Yo'li oson-ku, bular uchun. Haydovchi kamida menga o'xshagan odam. Tekinga xizmat qiladi. Kerak bo'lsa, xizmati uchun haq to'laydi. To'g'risini aytsam, bularning qilayotgan ishlari hech bir qolipga sig'maydi. Lekin shoshmasligim kerak. Otam aytgan, «Bolam, agar meni o'lib qoldi deyishsa ham shoshib qolma. Miyangni ishlat. Avvalo, o'lmagan bo'lishim mumkin. Mabodo bandalikni bajo keltirgan taqdirimda ham hovliqib, o'zing bir kasofatni boshlab qo'yishing mumkin. Endi qolgan narsalarni shunga qarab hukm qil».

Mana, xuddi shunday hukm chiqazadigan vaqti keldi.

Shahar tashqarisidagi omborxonaga bordik. O'ziyam ombormisan ombor ekan. Naq uch gektarcha keladi. Bu yerdagi har bir sotix yerni eng arzon narxlaganda besh yuz dollar desak, uch gektarning hisobini o'zingiz chiqaravering. Ammo… Ammo birov xo'jayin shuncha yerni cho'ntagidagi pullarga sotib olgan desa, sira ishonmayman. Aniqrog'i, ishonmay boryapman. Buniyam kimnidir sho'rini quritib, tortib olgandir-da.

Yigirma beshta «fura», shulardan uchtasining har biri naq poezd vagoniga to'g'ri keladi. Balki, undan ham kattaroqdir.

Odam ko'p. Hammasi mardikor. Allaqachon qog'oz qutidagi mollarni tushirishni boshlab yuborishgan. Menga ana shularning bir guruhini kuzatish topshirildi. Birortasi qutini buzib, ochib qo'ymasin va yoki chetga o'g'irlash maqsadida surib qo'ymasin.

Ey-y, kallangga, ombor qalin, uch metr balandlikdagi devor bilan o'ralgan, darvozada bir emas, ikkita qorovul turgan bo'lsa, mardikor bechora qanday qilib bitta quti molni o'g'irlaydi?! Buning uchun uning qanoti bo'lib, u uchishi kerak. Agar ucholganda, sening beradigan arzimas choychaqang uchun yelkasini yag'ir qilmasdi. Qutini buzish masalasi… Mumkin. Shunda ham qutida yeydigan narsa bo'lsa… Haqiqatan ham, yeydigan narsa ekan. Bitta yigitning qo'lidan quti tushib ketdiyu, qutining og'zi ochilib ketdi. Nima ekanligini aytsam ishonmaysiz. Oddiy pechenye. Voy, tavbangdan ketay, shuncha pechenyeni nima qiladi bular?! Hattoki men bozorda nima ko'p, nima ozligini bilaman. Ana «O'rikzor»ga bor, tiqilib yotibdi bunaqangi pechenyelar. Qancha xohlasang, topiladi. Ba'zilari sotilmaganidan muddati o'tib ketgan. «Eh, kallavaram xo'jayin», deya boshimni qashladim hamda xuddi o'zim kabi mardikorlarni kuzatib turgan yigitlardan birining yoniga bordim. Salom-alikdan keyin u menga boshdan-oyoq qaradi.

— Buni, — dedim tushirilgan qutilarga ishora qilib, — sal ko'proq olib kelishmabdimi?

U iljaydi. Cho'ntagidan tutatqi olib, lablari orasiga qistirdi. So'ng erinibgina javob berdi:

— Furalarning hammasi ham pechenye emas. Ikkitasi, xolos. Ikki fura pechenye kechgacha bormaydi. Mijozlarimiz tiqilib yotibdi. Pullarini allaqachon to'lab qo'yishgan.

— Lekin xo'jayinning kallasi zo'r ishlaydi, — dedim men ham tirjayib.

Keyin chumolilar kabi yuk ortmoqlab, mashina bilan ombor ichkarisiga zuv-zuv qatnayotganlar yoniga bordim. Hammasining peshonasi tirishgan. O'lganining kunidan ishlayapti.

Men ham mardikor bo'lib ishlaganman. Birinchi kursligimda. «Eski Juva»da arava tortganman. Tong sahardan kun botguncha tinmaganman. Topganim ikki kunga yetmagan. Yotoqxonaga kelgach, o'ylab ko'rsam, holimni unutib, sal yaxshi gapirgan keksa odamlarning yuklarini tekinga oborib beribman. Vijdonim qiynalmadiyu, keyin o'zim qiynaldim. Chunki o'zimga va'da bergandim. Bundan buyon uydagilardan bir so'm olmayman, deb. Topganim haftaning oxiriga yetmay, xonadoshimdan qarzdor bo'ldim va yana bir kun och qoldim. Ochligimni birovga bildirmadim. To'yib- to'yib suv ichib yuraverdim. Lekin och qoringa ko'p suv ichish ham to'g'ri emas, menimcha. Chunki qorinda turmaydi-da, faqat uzog'i bilan yarim soat oshqozonni aldash mumkin. Ammo keyingi shanba maza qildim. Avvalo, birinchi topgan pulimga qornimni to'ydirib oldim. Keyin yugurib-elib birovning yukini olib chiqib qo'ydim, birovnikini kirgazib qo'ydim. Salgina pishiqroq ham bo'lib oldim. Ja yaxshi gaplarga erib ketavermadim.

Albatta, birovning ishlayotganini kuzatish, ayniqsa, u qora mehnat qilayotganida, zerikarli. Shunga qaramasdan tishimni-tishimga bosib, ularning ishini tugatishlarini kutishga majburman.

Ish tugadi. Bechoralarning haqlaridan urib qolindi. Birinchidan, buzilgan quti uchun. Ikkinchidan, non-choy uchun. To'g'ri, berildi. Ammo quruq non bilan choy. Ey-y, himmatingga balli, senlarni tarbiyalab tadbirkor qilgan amaldor otalaringga balli. To'g'risini aytsam, shunday so'kingim keldiki, u yoq-bu yog'i yo'q. Badanimni chimdib-chimdib o'zimni bosdim. Chunki so'kinsam, anavi mardikorlar emas, men bechoraga aylanaman.

Anavi menga o'xshagan sherik to'g'ri aytgan ekan. Yukni oxirigacha tushirib ulgurmaslaridan mijozlar birin-ketin kela boshlashdi. Men sizga aytsam, ularning «xursandchilik»larining chek-chegarasi yo'q edi. Hatto bittasining to'ng'illaganini aniq-tiniq eshitdim: «O'tgan safar ham muddati o'tgan molni tiqishtirishganida belim chiqib ketay degandi. Endi rasvo bo'larkanman. Bu pechenyeni mol ham yemaydi».

«Yo'g'-e, — dedim ichimda, ja unchalikmasdir. Ko'rinishi zo'r ekan, arzonga berayotgan bo'lsa kerak, hoynahoy», deya o'yladim va xaridorning yoniga borib:

— Bitta yeb ko'rsam maylimi? — dedim.

— Hammasini yemaysanmi? Qaytanga ort-tushirdan qutulardim, — deya u burnini tortib qo'ydi.

Bitta o'ramni oldim. Juda chiroyli qilib, boplab o'rashibdi. To'q pushti rang berishibdi. Kichkina, qo'g'irchoqqa o'xshaydigan qo'ng'iroq sochli qizchaning rasmini ham qo'yishibdi. Unda ishtaha bilan pechenyeni yeyayotgani aks etgan. O'ramdagi hamma yozuvlar turkcha ekan, shu bois yaroqlilik muddatini topolmadim va ochib, bir donasini og'zimga soldim. Qisirladi. Shu zahoti achqimtil ta'm tuydim-da, og'zimdagini tuflab tashladim hamda xaridorga yuzlanib:

— Nima balo bu? — dedim.

U iljaydi va past ovozda dedi:

— Bu molni o'tgan yili bitta og'aynim Turkiyadan olib kelgandi. Chegarada olib qo'yishgan. Bechora hamma pulini tikkandi.

— Nega bechora bo'larkan?

— Chunki hozir tuproqning tagida yotibdi.

— O'sha paytda rosa xaridorgir edi bu pechenye. Endi muddati o'tgani bois zahardan boshqa narsa emas. O'zi buni chiqitga chiqarishgan. Endi bu firmaning kattalari katta-katta amaldorlar-da… Gapirsa, gap ko'p. Bo'pti, og'ayni, yana «Otingizni tilimga bog'lang, tilimga», deb yurmayin Afandiga o'xshab.

Men dami chiqqan pufakday bo'shashdim. Ochig'i, bularni nima deb atashni ham bilmaysan?! Hali bor-yo'g'i ikki kunda ko'rganlarim shuncha bo'lsa, bu yog'iga nimalarga duch kelaman, Xudo biladi…

Peshindan keyin ketishimga ruxsat tegdi. Tushlik qilmagandim. Asabim battar buzildi. Shuning uchun to'g'ri oshxonaga kirdim. Birinchi, ikkinchi qilib, rosa qornimni to'qladim. So'ng uyga ketdim. Odil kelibdi. Meni kutib o'tirgan ekan. Og'zi qulog'ida.

— Senga zo'r gapim bor. Kiyimlaringni almashtirib kel, — dedi u.

Yana xuddi avvalgiday jumrakni ochib, sovuq suvni jildiratib oqizib qo'ydi. Ana undan keyin tilining «zanjiri»ni bo'shatib yubordi.

— To'g'risini aytsam, urib o'ldirib qo'yaman, deb borgandim. Qo'ynimga xanjar solvoldim. Uncha-muncha narsani yopdi-yopdi qilib yuborish qo'limdan keladi. O'xshatolmasam, sal yuqoridagilarga aytaman, tinchitib yuborishadi. Shuning uchun qo'rqmayman. Xullas, bordim. Yaramasning birdan rangi oqardi. Vajohatim boshqacha bo'lsa kerak-da. Ko'rishar-ko'rishmas qo'lini ko'ksiga qo'ydi. «Tayyorlab qo'ygandim. Bugun olib borib beraman, deb turgandim. Yaxshi o'zingiz kelib qoldingiz», dediyu, kirib pulini olib chiqib berdi. Shundan keyin shashtimdan tushdim-da, qaytib keldim. Uyda sanab ko'rsam, to'ppa-to'g'ri. Ishonasanmi, afsuslandim. U mening pulimdan foydalangan-ku, to'g'rimi? — deya menga tikildi Odil.

— Bilmadim, — deya yelka qisdim.

— Foydalangan. Aniq. Demak, pulimning foizini berishi kerak.

— Qo'ysang-chi! Bitta telefon bilan bitirgan ishing uchun yigirma ming «ko'ki»ga ega chiqib turibsan, — dedim norozi bo'lib.

— Sen tushunmaysan, og'ayni. Menga qara, gap bunday. Yigirma ming pulim bir oy unda turdimi? Turdi. Demak, shu pulga u nimadir olgan, keyin sotgan, foyda ko'rgan. Cho'ntagi qappaygan. Men esa bu yoqda diqqinafas bo'lib o'tiribman…

— Sudxo'rlik qilmoqchimisan? — deya uning gapini bo'ldim.

— Menga qara, — dedi Odil ko'rsatkich barmog'ini havoda o'ynatib, — sen bilgan narsalardan ming marta ko'proq narsalarni bilaman. Sudxo'rlikka kirmaydi bu narsa. Qaytanga unga ziyon tushyapti. Chunki mening pulimni mendan ruxsatsiz ishlatgan.

— Xo'p, nima qilmoqchisan?

— Yigirma mingning o'n foizi ikki ming bo'ladi. Bundan chiqdi, u menga yana ikki ming qarz. Ammo men qarzni olmayman. Balki, biznesiga sheriklikka o'taman. Qarabsanki, har oyda tovar aylanmasidan o'n foizdan olib turaman. Men senga aytsam, ortiqcha pul hech qachon teshib chiqmaydi. Qalay?

— Yaxmalay! Bilganingni qil. Lekin bunaqangi narsalar hech qachon mening qo'limdan kelmaydi. Kelgan taqdirida ham qilmayman! — deb o'rnimdan turdim.

— Qaerga bormoqchisan? O'tir. Gap bor.

Ensamni qotirdim-u, ketishga chog'landim.

— Kecha kelib, bugun burning ko'tarilib qolibdimi? — dedi Odil.

 

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

 

 

loading...