Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

0

Hamma rasmiyatchiliklar tugaganidan so'ng kecha maosh olganim uchun imzo chekdim. Qog'ozda oyligim bir million ekan. Qoyil. Bu yog'ini ham boplab qo'yishibdi. Aytgancha, men qandaydir davlat idorasiga o'tmabman ishga. Firmaga o'tibman. Ism-familiyamning ro'parasiga «posbon» deb yozib qo'yishibdi.

Biroz yoqmadiyu, lekin, mayli. Vaqti kelib, o'zgartirib olarman.

Soat uchda Odil aytgan ishga ketdik. Ko'pchilik bo'lib. Uchta mashinada. Odilning aytishicha, boradigan joyimizning odamlari ancha baquvvat ekan. Agar o'zimizning uslubda, ya'ni «Agar vaqtida pulni cho'zmasang, tekshiruv bosadi», deyish ish bermaskan. Chunki ular ham o'ziga yarasha tanish-bilishi baquvvatlardan ekan, shuning uchun mushtumzo'rlik bilan undirilmagan qarzni undirish lozim bo'larkan. Albatta, haqiqatan ham, o'shalar qarz bo'lishsa… Aytgancha, otishma ham ehtimoldan xoli emas ekan. Shu boisdan o'q o'tkazmaydigan nimchalarni ko'ylagimiz ostidan kiyib oldik.

O'ylagandimki, «Boramiz. Ikkita bilagi baquvvat zo'ravon chiqadi. Ko'p kishilashib, «joyi»ni solamiz, Sodiq aka bilan Odil siyosiy hujumga o'tadi. «Agar aytganimizni qilmaydigan bo'lsang, urug'-aymog'ing bilan yo'q qilib yuboramiz. Kerak bo'lsa, xotinsiz qolasan. Tortib olamiz. Uning o'zi sendan taloq berishingni so'raydi», deya do'q-po'pisa qilishadi.»

Yo'q, o'ylaganim no­to'g'ri bo'lib chiqdi. Biz shahardan chiqqanimizdan so'ng shimoliy sharqqa qarab o'n besh kilometrcha yurdik. Albatta, gohida o'nga burildik. Ikki-uch kilometrdan so'ng chapga, keyin to'g'riga yurib, chapga qayrildik va o'sha masofani bosib o'tdik. Nihoyat, qalin, baland devor bilan o'ralgan bir joyga yetdik. Darvozasi ham ulkan ekan. Darvoza yonida harbiylarnikiga o'xshab ketadigan, ammo ko'kimtir kiyimli zamonaviy qo'riqchilar turishgan ekan. Naq to'rt kishi. Ularning ikkitasi it yetaklab olibdi. Jonivorlar bizning yomon niyatda kelayotganimizni oldindan sezgan, shekilli, tinimsiz hurib turishardi.

Mashinalardan tushdik. Qo'riqchilar sergak tortishdi. Bir joyga to'planishdi. Bittasi yoqasidagi ratsiya orqali qaergadir kelganimiz haqida xabar berdi.

Oldinda Sodiq aka bilan Odil. Dadil odimlashyapti. Shuning o'ziyoq ularning sira qo'rquv bilmaganidan, anavi bizni kutib olayotgan qo'riqchilarni sariq chaqaga ham olmayotganligidan dalolat berib turardi.

— Xo'jayinga keldik! Yaxshi odamlarmiz! — dedi Sodiq aka.

— Xo'jayin yo'q. Ikki kun avval chet elga ketgan, — javob berdi qo'riqchilardan biri.

— O'rinbosar, buxgalter deganlari ham chet elga ketmagandir?..

— Shu yerda. Xabar berdik.

— Unda yo'l boshla!

— Mumkinmas. Ruxsat berishmadi hali.

— Qoch yo'ldan! — deb Sodiq aka ro'parasida turgan qo'riqchining kiyimidan g'ijimlab chetga tortdi.

Shu zahoti uning yonida irillab turgan it Sodiq akaga tashlandi. Sodiq aka harbiycha baquvvat etik kiygan edi. It bechoraning tumshug'iga chunonam tepdiki, it sho'rlik «vakvaklab» qoldi. Xo'jayinning «qahramon»ligi, itning bechoraligini ko'rgan biznikilar hiringlashdi.

Qo'riqchilar tarashaday qotishdi. Biz ularni turtib-surtib o'tish xonasiga kirdik. U yerda ham bittasi turibdi. Oldimizda aylanadigan to'siqli temir tayoq.

— Matohingning yashilini yoq! — amr qildi Sodiq aka.

Qo'riqchi itoat etmadi. Ana shunda biz bilan birga borgan yigitlardan biri qo'riqchini to'sib turgan oynani sakrab shunaqangi tepdiki, oyna chil-chil sindi. So'ng barzangi qo'riqchining yoniga sakrab o'tdiyu, shundoq ham dovdirab qolgan bechorani beting-ko'zing, demay savalashga tushdi. Qo'riqchi ham baquvvat yigit ekan. Lekin shunga qaramasdan, boshida indamay turdi. Birozdan keyin kaltak jonidan o'tdi, shekilli, o'rnidan turdi-da, bizning barzangini qulochkashlab jag'iga bitta musht tushirgan edi, sherigimizning jag'i osilib qoldi. Uning og'zi ochilib, basharasi shunaqangi xunuklashdiki, odamning eti jimirlaydi. Ammo shundan so'ng biznikilar quturib ketishdi. Men, Odil va Sodiq akadan boshqalar baravariga uning ustiga yopirilishdi. Qo'riqchi osongina taslim bo'lmadi. Ammo keyin, baribir, yengildi, yerga yiqildi va tepkilar «yomg'iri» ostida qoldi. Toki Sodiq aka «Bas!» demagunicha. Bechoraning bo'lari bo'ldi. Afti-basharasiga qarash qo'rqinchli, g'ujanak bo'lib olib qimir etmasdi. Tishimni tishimga bosdim. Qo'lim musht bo'lib tugildi. Ko'zimdan o't sachradi. «Shu yigit uchun hammangdan qasos olaman», deya qat'iy qaror qildim.

Ichkariga kirdik. Ellik qadamcha narida ikki qavatli, atrofi oyna bilan o'ralgan ajoyib, zamonaviy bino yaltirab turar va shu tarafdan ikki kishi halloslab yugurib kelardi. Bittasi sariq sochli ayol. Xo'ppa semiz. Ayniqsa, belidan pasti. Zo'rg'a yugurardi sho'rlik. Sodiq aka bilan Odil bir-biriga qarab, o'zaro ko'z urishtirib olishdi.

— Assalomu alaykum! — dedi birinchi yetib kelgan erkak. U qotmadan kelgan, mo'ylab qo'ygan, tepakal, qop-qora kishi edi. — Qadamlariga hasanot.

— Sen kimsan? — so'radi undan Sodiq aka mensimaygina.

— Men xo'jayinning birinchi o'rinbosari Akmal Xudoyorov bo'laman, — dedi qotmadan kelgan kishi peshonasidagi terni shosha-pisha artib.

— Anavi semiz-chi?

— Buxgalter Valentina Sergeevna!

— O'zim ham shunday bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Kecha bankdan pul olgansizlar…

— Xuddi shunday, — deya Sodiq akaning gapini bo'lib tasdiqladi Akmal Xudoyorov, — mol sotib olish uchun olgandik.

— Sotib oldinglarmi?

— Yo'q, hali ulgurganimiz yo'q.

— Olib chiq, tinchgina ketamiz.

— Haligi…

— Nima?!

Akmal Xudoyorov birdan zo'rg'a yetib kelib pishillagancha nafas olayotgan Valentina Sergeevnaga yuzlandi:

— Pulni so'rashyapti.

— Nima?! Pul?! Mana!

Mening kulgim qistadi. «Ayol kishi bo'lsa ham yuragi otnikidan ekan», deya ko'nglimdan o'tkazdim.

— Senlar kim bo'libsanki, biz halol ishlab topgan pulimizni qo'shqo'llab berib yuborsak! A?! Kimsanlar?! — davom etdi buxgalter ayol.

Sodiq akaning yuzi gezardi. Odilning ko'zi olaydi.

Sharmanda. Men ikki dunyo to'qnash kelganida ham ayol kishiga qo'l ko'tarmagan bo'lardim. Ammo Sodiq aka ko'tardi. Pastkashlarcha, erkak zotini yerga urib ko'tardi. Bir marta. Og'zi-burniga baravar.

Men ko'zimni chirt yumdim. Yana bir marta aytdim, qasd olaman!

Yerga cho'zilib yotib qolgan ayol titray boshladi.

— Qand… Qand kasali bor edi, — deya zo'rg'a so'zladi o'rinbosar.

— Holini bilsin edi…

Odil gapining oxirini so'kish bilan tugatdi.

Ayol esa battar titray boshladi. Men boshqa chidayolmadim. Engashdimu, uning boshini ko'tardim. Shunda olayib borayotgan ko'zni ko'rdim. Dahshatli edi.

— Suv beringlar, suv! — deya qichqirib yuboribman.

O'rinbosar suv berish o'rniga ayolning cho'ntagiga qo'lini tiqdi. Dori oldi va shu zahoti ayolning og'ziga tiqdi. Buxgalter ayolning tishlari taqillab tobora bir-biriga yopisha boshladi. Yopishgan holida taqillardi tishlar. Qarasam, ahvol chatoq, o'rinbosar qaltiragandan-qaltirayapti. Shuning uchun dorini ayolning og'ziga sololmayapti.

— Tili tomog'iga ketib qolyapti! — qichqirdi o'rinbosar.

Darrov ikkita barmog'imni ayolning og'ziga tiqib, tilini tortdim. Shu onda dorini ham tilining tagiga qo'ydik.

Bir muddatdan so'ng buxgalterning rangi o'zgara boshladi. Shundan keyingina uning tilini bosib turgan barmog'imni oldim.

Biznikilar o'sha qariyb bir daqiqa tomoshabin bo'lishdi. Birovning tili tomog'iga ketib, qon bosimi ikki yuz ellikka chiqib, jon taslim qilishi qiziq bo'lsa kerak-da!

— Zo'rsan-ku! — dedi Sodiq aka qaddimni rostlaganimdan keyin. — Men seni bunaqa yumshoq ko'ngil deb o'ylamagandim.

— Maqsadga yetish uchun kimnidir o'ldirish shart emas, — deya javob berdim unga.

— Shunday, lekin erkaksan, g'ururing ham bo'lishi kerak.

Men indamadim.

— Aqling peshlangan ekan sening, — deya Sodiq aka yelkamga urib qo'ydi.

Biz ofisga kirmadik. Pulning hammasini o'rinbosarning o'zi ko'tarib keldi. Bir qop. Hammasi yirik pullar.

— Jomadon qani?! — dedi Sodiq aka o'rinbosarga nafrat bilan.

— Haligi…

— Haligini haligi qil, iflos! «Poraxa» pullar bilan jo'natib yubormoqchimiding?! Bor!

Jomadon keltirildi. To'la. Hammasi «ko'ki»dan. Yuztalik.

Ortga qaytdik. Men Sodiq akaning buyrug'i bilan u o'tirgan mashinaga chiqdim.

Mashina endi ortga burilgandi. Yonimda o'tirgan Sodiq aka birdan bo'g'zimdan oldi.

— Kimga o'zingni ko'rsatmoqchi bo'lding?! Bitta sen aqlli, qolganlar ahmoqmi?! Bo'g'ib o'ldiraman hozir!

«Shimildiriq ham qilolmaysan», deya ko'nglimdan o'tkazdim va buning o'rniga:

— Foydali bo'ldi-ku! — dedim.

— Nima foyda?! Nima foyda?! — dedi Sodiq aka ko'zlari chaqchayib.

— Bitta odam tirik qoldi. Yana pulni ham undirdingiz! Yolg'iz qolganingizda vijdoningiz qiynalishi aniq edi.

U meni qo'yib yubordi.

— Vijdon. Hmm. Qiynalardi, deysanmi? Qiynalardimas, qiynalyapti, yaramas! Ularning, o'sha sen qutqarib qolgan buxgalterning qanaqa tulki ekanini bilasanmi?! Bilmaysan. Ajdaho-ku ular, ajdaho! Sen bilan, ukacha, — deya o'qraydi, — hali hisob-kitobimiz bor!

Men qora terga tushib ketgan edim. Sodiq akaning gaplaridan zig'ircha ham qo'rqqanim yo'q. Boshqa tomon meni ezayotgan edi. Taqdir. Kelib-kelib shularning orasiga tushib qolamanmi? Mana shu zamonaviy reketchilarga qo'shilay deb shuncha o'qidimmi, kechalari mijja qoqmay til o'rgandimmi? Sport zalga qatnaganlarim-chi… Endi bu yoqda manavi ahvol.

Shaharga yetganimizdan so'ng haydovchi har kimni uyi yaqinida tushirib qoldirdi.

Kayfiyatsiz, abgor bir ahvolda xonamga kirdim. Kiyimlarimni yechib duch kelgan tomonga otdim va hammomga kirib, boshimni muzday suvda yuvdim. Keyin karavotimga kelib o'tirdim. Boshim hamon g'uvillardi. Hamon o'zimga kelolmayman. «Qanaqa bo'lsa ham diplom oldim. Endi biron yoqqa ketaman. Qishloqqa borolmayman. Manavi iskovichlar shu zahoti ortimdan quvib yetishadi. Boshqa yoqqa…» O'yimni oxiriga yetkazmasimdan g'azabim jo'shib, to'shagimni g'ijimladim. Axir qasos olishni ko'nglimga tugib qo'ydim-ku. Osongina niyatimdan qaytib ketaveramanmi? Buning ustiga, qochadigan bo'lsam, bular ustimdan qanaqangi mag'zavalarni ag'darib tashlashmaydi. Yana uyimdagilarga ham ziyonim tegishi mumkin. Yagona yo'l — sabr-bardosh bilan mana shu ablahlar orasida yurish va imkon tug'ilgandayoq dildagini amalga oshirish.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

 

 

loading...