Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

0

Odatdagiday Odil keldi. «Otib» olibdi. Ko'zlari suzilgan.

— Sherik bo'l, — dedi.

— Ko'nglimga sig'maydi, — dedim men.

— Shuning uchun ham sherik bo'lishing kerak. Vaqtida men sendan besh battar edim. Menikilar vijdonlilikda senikilardan kam emas. Nega uylanmay yurganimni bilasanmi? Qo'rqaman. Bitta qizning hayoti men tufayli ag'dar-to'ntar bo'lib ketishidan qo'rqaman. Yur, og'ayni, yur, — deya qo'limdan tortqiladi Odil.

Otamlashdik. Hash-pash deguncha bitta «zormanda»ni dumalatib tashladik. Ana shundan keyin Odil battar «ochildi».

— Sen hech nimadan xavotir olma. Sodiq sening boshingdagi bitta tukni ham to'kolmaydi. Chunki shaxsan shefning nazariga tushgansan. Bunaqa yigitlar kamdan – kam bo'ladi va ularning kelajagi shefning umrining oxirigacha porloq. Keyin shefning o'g'li bor, kuyovi bor. Hammasi kazo-kazolar. Hozir ular shunchalik balandga chiqib ketishganki, birovning qo'li yetmaydi, — dedi u va sekin o'rnidan turdib muzlatkich tomon yurarkan u dovdirab ketdi.

Men stolning bu tomonida edim. Shuning uchun turib uni ushlab qolishga ulgurmadim. Odil yiqilmadi. Ammo cho'k tushib qoldi va hiringlab kuldi.

— Ko'rdingmi?! Mening har qanday sharoitda ham hushim o'zimda bo'ladi! — deya hayqirdi.

Uninga qo'ltig'idan olib, o'rnidan turishiga ko'maklashmoqchi edim. Biroq Odil qo'limni siltab tashladi.

— Qo'y, teginma! Hali birovning yordamiga muhtoj emasman! Ammo shu ketishim bo'lsa, bir kuni turg'azib qo'yasan! Ha, ha, ha!

Odil amallab turdi. Muzlatkichning eshigini ochdi. «Bo'yni uzun»dan yana bitta va kolbasa ham olib, stolning ustiga qo'ydi.

— Bugun, bugun, — dedi boshi tebranib, — dumalab qolamiz. Nimaga, bilasanmi?

— Yo'q, — dedim kesilgan kolbasadan bittasini olib.

— Zo'r operatsiya qildik. Ammo sariq chaqasiz qoldik, — deya shiliq etkazib burnini tortdi Odil. — Senga bitta sirni aytaman. Nega, bilasanmi?

— Bilmayman?!

— Chunki sen menga o'xshagansan. Vijdoning bor. Meniki ham bor edi. Lekin men sotdim, — deya Odil kekirdi.

— Hali ham kech emas. O'rniga qo'yish kerak, — dedim men donolarcha maslahat berib.

— He, — deya Odil «shayton» suvi to'ldirilgan idishning qopqog'ini ochdi, — hozir senga bitta voqeani aytib beraman.

U piyolaga quymoqchi edi. Lekin stolning ustiga quyilib ketdi. Shundan keyin shishani qo'lidan oldim va idishlarni to'ldirdim.

— Avval, — deb Odil lab-lunjini kafti bilan artdi, — sen oldin ol. Menga yetish. Yetisholmaysan. Yaqinlash. Buni nima tarqatadi bilasanmi? «Kola».

Men muzlatkichdan «Sosa-sola» olib keldim-da, stakanni to'ldirdim. Odil cho'lda qolib ketgan odamday yutoqib-yutoqib ichdi. So'ng yana bir stakan ichdi. Shundan so'ng sal o'ziga kelganday bo'ldi va mening «zahri zaqqum»dan yutishimni talab qilib turib oldi.

To'g'risini aytay, azbaroyi ma'lumot olish maqsadida garchi sira istamayotgan bo'l esam-da, uning aytganini bajardim.

— Qalay? — so'radi Odil.

— Yana bitta olsam, sendan battar bo'laman, — deya javob berdim atay ko'zimni suzib.

— Unda ol!

G'azab bilan, alam bilan yutdim. Odilga yuzlandim. U irjayib o'tirardi.

— Mana, ikkimiz bir xil bo'ldik. Endi bitta gapni senga aytay. Men bekordan-bekorga dumalab qolaman, demayapman. Ey-y, shoshma, anavi voqeani hali aytmadim-ku. Xullas, maktabda o'qiyotganimizda bitta sinfdoshimiz nos chekardi. Biz, — deb Odil boshini u yoq-bu yoqqa qimirlatdi-da, amallab tupugini yutdi, so'ngra yana gapini davom etkazdi, — odobli sinfdoshlar — o'nta o'g'il bola unga nos chekishni tashlatmoqchi bo'ldik. Keyin nima bo'ldi, bilasanmi? Oradan bir oy o'tib, nos chekuvchilar soni o'n bittaga ko'paydi. Ha, ha, ha. Shunday ekan, menga manavini, — deya u shishani ko'rsatdi, — tashlataman deb urinma. Birga ishlab tursang, o'zing ham shusiz yasholmay qolasan. Hiq… Endi bugun quruq qolganimiz… Hammasini Sodiq olib ketdi. Uyigamas. O'rtog'i bor, juhud. Ismi Avdey. O'shanikiga. Uning pullarini Avdey saqlaydi. Ishonchlimish. Ertaga pullarni Avdey bizga bo'lib beradi. Arzimagan pul beradi. Lekin o'zi Sodiqdan ham ko'p oladi, padaringga lan'at. Qanday qilgan bilmayman. Ammo shunisi aniqki, Sodiq uning gapisiz hojatga ham bormaydi.

U gapirayotganida men boshimni egib olgandim. Atay. Go'yoki Odilning gaplarini eshitmayapman.

— Ich, pishib qolibsanu, hech narsa yemading-da. Shuning uchun, — dedi Odil.

— Yeyman, — dedim boshimni ko'tarib, og'zimni qiyshaytirib so'zlarkanman.

Odil stakanni ichimlikka to'ldirdi. Men esa qovurilgan go'shtning ikki bo'lagini ketma-ket og'zimga soldim. Ustidan bir burda non tiqdim. Keyin ozgina «kola» ichgandim, yeyayotganlarimning mazasi yanayam oshdi.

— Qaerda? — dedim Odilga.

— Nima qaerda?

— Avdey.

— Yunusobodda turadi. Hovlida. Uyi dahshatning o'zginasi. Lekin uy uning nomida emas. Boshqa birovnikida. Yangi qurilgan uylar bor-ku, Yunusobodda. Shunday ko'prikdan tushganingdan keyin chap tomonda. O'sha yerda. Arzandalarning ko'pi o'sha yerni makon tutgan. Bittasi bor se-e-e-miz. G'irt qasamxo'r. Pulingni oladi aldab-suldab. Keyin qaytarib bermaydi. Mening ham o'n mingim yotibdi. Ukamni o'qishga kiritmoqchi edim. Ishim tushib turgandi. Qarz so'radi. Ellik ming. Noiloj berdim. Qirqini qaytardi. O'ni qoldi. Lekin haqiqatan ham, ukam o'qishga kirdi. Arzonrog'iga. Shuning uchun qo'limni siltadim. Undan ham battari keyin bo'ldi. Bittasining jiyani Sankt-Peterburgdagi tibbiyot institutida o'qirkan. Iltimos qildi. «O'qishini ko'chirib bersin, tanishingga ayt», dedi. «Qo'y, shu yoqda o'qiyversin», dedim. «Qiynaldi, opamning yolg'iz o'g'li, pochcham ketmon chopadi», dedi. Noiloj gaplashdim. Yetti ming so'radi. Tanishim pulni olib keldi. Men anavi meshqoringa berdim… Bo'lmadi. Pul ham qaytmadi… To'xta, nega senga buni gapirib o'tiribman. Ha, aytgancha, ichim kuyib ketyapti. Avdey o'shaning qo'shnisi…

Shundan so'ng Odilning gapiga tushunib bo'lmay qoldi. Bir bog'dan, bir tog'dan gapira boshladi. Ketma-ket odamni maxluqqa aylantiradigan suyuqlikdan icha boshladi. «Bo'ldi, yetadi», desam ham unamadi. «Erkakman, menga chikora», deydi… Oxiri boshini stolga qo'ydiyu, xurrak otib yubordi.

Stolning ustini yig'ishtirdim. So'ng amallab Odilni joyiga yotqizdim. Shundan so'ng o'z xonamga ketdim.

Uyqudan oldin cho'milib chiqdim. Lekin savil qolgurdan ko'p ichgan ekanman, ta'siri ketmadi. Allamahalgacha uxlayolmay u yoqdan-bu yoqqa ag'darilib yotdim. Xayolimdan sariq sochli buxgalter xotinning qoni qochgan oppoq, murdanikiga o'xshaydigan yuzi ketmaydi. Bechora o'ziga kelmagandi. Yotgan joyida bir maromda pishillab nafas olardi. Hatto boshini ham ko'tarmagandi. Ishqilib, o'lib qolmagan bo'lsin.

Ertalab Odil boshini ko'tarolmadi. Odatda, u har qancha kech yotsa ham, har qancha «zahar-zaqqum» yutgan bo'lsa ham saharlabdan uyg'onardi. Bugun esa joyidan qimirlolmabdi. Men yuvinib-taranib, badbo'y hid kelmasligi uchun saqich chaynab yo'lakka chiqsam, uning eshigi ochiq. Kirdim uyiga. Yotibdi. Boshini yostiq bilan bosib olgan.

— Tirikmisan? — dedim.

— Hozircha. Lekin kallam qoq ikkiga bo'linib ketgudek bo'lyapti, — deya javob qaytardi shu alfozda.

— Dori olib kelaymi?

— Foydasi yo'q. Ichdim. Kecha oq bilan, qizil aralashib ketgandi. Yomon qildi. Achchiqni achchiq kesadi. Muzlatkichdan ol.

Ha, shunday bo'lib chiqdi. Bir muddatdan so'ng Odil o'rnidan turdi…

Men naq o'n kun Avdeyning uyini qidirdim. Albatta, Yunusobodga borib emas. O'zimni go'llikka soldim. Birga ishlaydiganlarga ko'proq juhudlar haqida gap ochdim. Baxtimga Isroil degan davlat G'azo sektoriga ketma-ket hujum qilib turibdi. Bu ham juhudlar haqidagi gap paydo bo'lishiga sabab. Lekin qancha urinmay Avdey to'g'risida birov og'iz ochmadi. Muammomni esa Sodiq akaning o'zi hal qilib berdi. Darvoqe, aytish esimdan chiqibdi. O'sha kungi puldan menga ham ulush tegdi. Bir taxlam. Agar halol, peshona terim bilan topaman desang, buncha pul uchun kamida uch yil yemay-ichmay burningni yerga ishqalab ishlashing kerak. Men bo'lsam bitta joyga bordim, ko'rgazmaga o'xshab, odam zotining hayvondan ham past ketishiga guvoh bo'ldim va mana shuncha pulga ega chiqdim.

Mabodo otam mana shu harom pulni ushlaganimni eshitib qolsa bormi, tiriklay go'rga tiqadi. So'rab-surishtirib o'tirmaydi. Shunday qabr qazadi-da, orqamdan bir tepib tiqib yuboradi va bunga yuz foiz haqi bor.

Xullas, Sodiq aka yana bir joydan «undiribdi». Yolg'iz undirgan, shekilli, og'zi qulog'ida. Ammo «mullajiringini» bir o'zi Avdeyga oborib berishga yuragi dov bermabdi. O'zimiznikilardan kimni bo'lsa hamroh qilaman, deb turgan mahali baxtimga men unga duch bo'lib qoldim. Ha, ha, baxtimga. Chunki menga Avdeyning inini bilish suv bilan havoday zarur edi.

— Bitta joyga borib kelamiz, — dedi u irjayib.

Men endi sport zaldan chiqqandim. Aytgancha, shu o'n kun mobaynida umrim sport zalida o'tdi. Yuqoridan shunaqa topshiriq bo'libdi. «Yigitlarning hammasi jangovar o'quv mashg'ulotlari bilan jiddiy shug'ullansin. Birortasi ham ichmasin va chekmasin. Har kuni do'xtirning nazoratidan o'tsin», degan. O'sha oxirgi marta Odil bilan «dubl» bo'lganimdan beri har sahardan sport zalga yuguraman. Do'xtir allaqanday asboblar bilan qon bosimimni, o'pkamni tekshiradi. Muskullarimni nazoratdan o'tkazadi. Yelkamga urib qo'yadi. «O'zgarish zo'r, bo'shashma», deydi. Ana undan keyin mashg'ulotga boshim bilan sho'ng'iyman. Oramizda Odil va yana ikkita sherigimizga qiyin bo'ldi. Ayniqsa, dastlabki kunlari. Chunki ko'p ichish bilan birga, ko'p chekishgan.

Xullas, mashg'ulotni tugatib, bitta dushga tushgach, qushday yengil bo'lib tashqariga chiqsam, Sodiq aka irjayib o'sha gapni aytdi.

— Xo'jayinning gapi qonun, — deya javob berdim unga.

— Yaxshi, o'tir mashinaga.

Qop-qora «toychoq» — «mers»ni uning o'zi haydadi.

— Jasur, — dedi biroz yurganimizdan so'ng Sodiq aka, — o'sha kuni senga qilgan muomalam uchun xafa bo'lma. Siyosat uchun kerak edi. Atrofimdagilar qani nima qilarkin, deya kuzatib turishgandi. Ayolni o'zimni ming marta chavaqlab keyin urdim. Sen o'ylaganingdan ming chandon ko'proq qiynaldim. Sen qilgan qiliq esa yaramga tuz sepdi. Xullas, oldingda qarzdor bo'lib qoldim. Endi bardachokni och.

Men bardachokni ochishdan oldin Sodiq akaga qaradim.

— Savol berma, och, — dedi u yo'ldan ko'zini uzmay.

Ochdim. Pul bor ekan. Shuningdek, to'pponcha ham.

— Ko'rganingni ol. Qurolga teginma.

Men pulni oldim.

— Seniki. Endi oramiz ochiq, — deya u burnini tortib qo'ydi.

— Men pul so'raganim yo'q. Kerakmas!

— Bizning oramizda qarzni boshqacha yo'l bilan uzib bo'lmaydi. Men sening dilingni og'ritdim. Odamga o'xshab ko'nglingni ko'tarish qo'limdan kelmaydi. Qo'limdan keladigan narsa restoranga olib kirib, haq berish va yoki mana shunday pul berish. Bizda qonun shunaqa.

— Kerakmas.

— Kerak. Olmasang, menga gina qilgan bo'lasan va payti kelib menga dushmanlik qilasan. Harqalay, men shunday tushunaman.

— Unda olganim bo'lsin.

Men pulni sport sumkamning cho'ntagiga solib qo'ydim.

Sodiq akaning ko'ngli xotirjam bo'ldi. Lekin shunga ham shubham bor. Har chaqani odamdan yuz chandon ustun qo'yadiganlar orasida yuribman. Baski, ko'nglimni og'ritib qo'ygani uchun shuncha pul berdimi, demak, buning ham tagida nimadir bor. Ziyrak bo'lishim kerak.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

 

 

 

loading...