Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

0

Avdeyning uyi yoniga bordik. Haqiqatan ham, kiborlar mahallasi ekan. Birorta ham bundayroq uyning o'zi yo'q. Baraka topgurlar san'at asari qilib tashlashgan. Tomosha qilgan saring tomosha qilging keladi. Ammo birgina Avdeyning uyi bunday emas. To'g'ri, u ham zamonaviy. Lekin yonidagilarining oldida «bechora».

— Sen o'tirib tur, — dedi Sodiq aka va mashinadan tushdi-da, yukxonani ochdi. Qandaydir katta sumkani oldi. So'ng darvozani uch marta qoqdi. Har qoqishi orasi yarim daqiqacha bor edi. «Tayyor chaqiruv tugmachasi turibdi. Shuni bosish o'rniga darvozani taqillatib o'tiribdi, ahmoq», ko'nglimdan o'tkazdim men.

Ozg'in. Kalta. Har ko'zi piyoladay keladigan bir nusxa eshikni ochdi. Sodiqqa qarab ham qo'ymay olaygan ko'zlarini men tomonga qaratdi. Sodiq unga past ovozda bir narsalar dedi. U ham bir nima-bir nima deb javob qaytardi. So'ng ikkalasi oldinma-keyin ichkariga kirib ketdi.

Men darrov darvoza tepasi, devor ustiga qaradim. Birorta joyda ham kamera ko'rinmaydi. Holbuki, boshqa uylarning hamma yog'i kamera.

Bunda ham bir gap bor.

Sodiq aka yarim soatlardan keyin chiqdi. Terlab ketibdi bechora. Rangi ham oqargan. Rulga qo'ygan qo'li qaltiradi. Men uning yuziga qaradim. U ko'rsatkich barmog'ini labining ustiga qo'ydi. Bu «Jim bo'l, hech narsa so'rama», degani.

Ketdik. Shaharning qoq markaziga, «Original Bank» yoniga. Mashinani shu yerda qoldirdik. Sodiq aka ichkariga kirib, kalitni topshirib chiqdi. So'ngra taksi to'xtatib mindik.

— «Dovcha» kafesiga, — dedi Sodiq aka o'tirganidan so'ng tamaki qutisini cho'ntagidan olarkan.

— Bilmaskanman, — dedi unga jovdirab qaragan taksi haydovchisi.

— Qibray tarafga yur. Yo'lni o'zim aytaman. Keyin ruxsat bermasang ham tutataman, — deya chuqur nafas oldi Sodiq aka.

— Bemalol, bemalol.

Shahardan chiqishimiz bilan ariq bo'yidan chapga yo'l bor ekan. Sodiq haydovchiga shu yoqqa burilishni buyurdi. Mashina burildi. O'n daqiqacha yurdik.

Ariqning ustiga qurilgan qahvaxona. Atrofi dov-daraxt bilan o'ralgan. Soya-salqin.

Xizmatchilar Sodiq aka mashinadan tushishi bilan yugurib kelishdi. Qo'llarini ko'ksiga qo'yib, ikki bukilishib:

— Xush kelibsiz, xush kelibsiz! — deya kutib olishdi.

Chorpoyada o'tirdik. Yuzimizga mayin, muzday shabada urilib turibdi. Bu paytda shaharda yurib bo'lmaydi. Dim. Bu yer esa maza ekan. Sodiq aka dunyoning ovqatini buyurdi. Ammo hammasidan oldin o'sha men endilikda yomon ko'rib qolgan ichimlikni keltirishlarini qistadi.

Sodiq aka ilgari ham birinchi navbatda shuni so'ragan, shekilli, gapi og'zidan chiqar-chiqmas istagi muhayyo qilindi.

Sodiq aka qo'lini o'shanda yuvdi. Menga ham quydi.

— Dezinfeksiya, — dedi irjayib.

Men ichkilikdan bosh tortdim. Ertaga do'xtirning ko'rigidan o'tishim kerak, dedim.

— Ertaga. Ertaga sahardan topshiriqni bajarishga ketasan. Olaver. Bo'lmasa, men senga dardimni aytmayman, — dedi Sodiq aka.

U oradan yarim soatcha o'tib, Avdeyning kimligini aytdi.

— Shefning o'rtog'i. Balo-qazo. Unga duch kelmaslik uchun hamma narsaga roziman. Lekin sira ilojim yo'q. «Qora pullar»ni oborib berishim kerak. Cho'ntak xarajati uchun. Cho'ntak xarajatining ahvolini ko'rdingmi? O'sha pul bir haftaga ham yetmaydi.

— Yo'g'-e!

— Ishonaver.

Ko'z o'ngimda Avdeyning afti-basharasi namoyon bo'ldi. Shefning o'zi g'irt iblisga o'xshardi. Avdey esa undan besh battar. «Sabr qiling, Sodiq aka, sabr. Men birinchi nav­batda o'sha Avdeyni yo'q qilaman», deya xayolimdan o'tkazdim.

Avdey Sodiq akani yomon qo'rqitgan ekan. Nima qilgan va yoki nima degani menga qorong'i. Ammo yuragini olibdi. Alamiga Sodiq aka obdan «tortdi». Ke­yin yig'ladi. Dardini doston qildi.

— Men odamgarchilikdan chiqib bo'ldim. Mana shu resedivist, qasamxo'r, shaytonning odam shaklidagilariga qo'shilganimdan beri rasvoga aylanganman. «Mana shuni qilsang, katta boylikka ega bo'lasan», deb eng past ishni aytsa ham bajaraman. Kerak bo'lsa, hojatni ham tozalayveraman. Shunday ekan, meni kim deyish mumkin?! Sening ko'rganlaring hali xamir uchun patir. Shunday ishlar bo'lib yotibdiki, ko'rsang esing og'ib qoladi.

«Hech qachon bularning ahvoliga tushmayman. Demak, birinchi qiladigan ishim har qancha mol-davlat va'da qilishsa ham past ketmaslik va oldimga qo'yilgan maqsad sari tinimsiz harakatda bo'lish, bularning ildizlariga bolta urish. Shunday urish kerakki, asta-sekin qurib ketaverishsin… Ishqilib, Xudo omaddan qismasin. Ishqilib, umrimni bevaqt to'xtatib qo'ymasin», deya xayolimdan o'tkazdim. Hamda Sodiq akani yupatishga urindim. Yo'q, qo'limdan kelmadi. U ko'zidan yosh oqqizar, shuning bilan birga «yutar» edi. Oxiri yig'lash tugul, gapirishga-da madori qolmadi va yostiqqa boshini qo'ygan ko'yi uxlab qoldi.

Restoran xizmatchilari uning uxlaganidan xabar topishi bilan ko'rpa olib kelib, ustiga yopishdi.

— Xafa bo'lmaysizlar endi, — dedim men ularga.

— O'rganib qolganmiz. Okamiz avvallari ham shunday dam olib ketganlar, — javob berishdi ular.

Men Sodiq akani bezovta qilgim kelmadi va o'zim ham chorpoya tomoniga o'tib, uzala tushib yotib oldim.

Uxladim. Chunki bosh­qa ilojim yo'q edi. Sodiq akani yolg'iz tashlab ketolmayman-ku. Buning ustiga, juda bahavo joy ekanki, maza qildim.

Ertasiga hech qanaqa topshiriq bo'lmadi. Buning ustiga, baxtimga do'xtir ham tekshirgani kelmadi. Shu bois sport zalda odatdagiday shug'ullandim. U yerdan chiqib, to'g'ri qo'g'irchoq do'koniga bordim. Qo'g'irchoq sotib oldim. O'ynash uchun emas, albatta. Sochi kerak edi. Mo'ylov, qo'shimcha qosh, parik yasashim kerak edi. Kamlik qildi. Yana bozorga tushdim. Bu safar parikning o'zini oldim. Qop-qora sochlisidan. Kiyib ko'rayotsam, sotuvchi hayron.

— Sochimni kalga oldirmoqchiman. Sartaroshga parikni olib borsam, kesib, o'zimga moslab beradi, — dedim.

Xullas, hamma narsa tayyor bo'lgach, mo'ylov va qoshni yopishtirib, parikni kiyib, burnimning tagiga va yuzimga «xol» (qog'ozdan tayyorladim) qo'yib, to'g'ri Avdey yashaydigan mahallaga ravona bo'ldim. Uyining yonidan ikki marta o'tdim. Birov ko'rinish bermadi.

Birinchi kuni hech narsa o'xshamadi.

Ikkinchi kun. O'rikzor bozoriga bordik. «Hamma narsani kuzatinglar. Hattoki hojatxona va aravakashlar ham nazardan chetda qolmasin!» deyishdi. O'ziyam yigirma kishi bordik. Baxtim bor ekan. Hojatxonaga kirib-chiquvchilarni sanash mening chekimga tushmadi. To'rtta do'konga termilib o'tirdim. Kim kir­yapti, kim chiqyapti. Savdo qanday ketyapti. Hammasini yon daftarchaga yozib bordim.

Kechki payt Sharifning (shefning o'g'li) idorasida to'plandik. Ko'rgan-bilganlarimiz to'g'risida ma'lumot berdik. Yarim kechagacha. Keyin javob tegdi. Ketdik. Ertasi kuni yana shu ish takrorlandi. Ochig'ini aytay, hiqildog'imga keldi. Bir qadam ham bir joyga ketolmayman. Ketsam, do'konlarning birortasiga odam kirib chiqib ketadi. Qorin shunaqangi ochqadiki, u yoq-bu yog'i yo'q. Ana shunday mahali hammasiga qo'l siltab, birorta oshxonaga kirib, kabobxo'rlik qilging keladi. «Shoshma, dedim o'zimga-o'zim. Do'konchilarning sho'ri quriydi-ku. Men ularning cho'ntagidagilarni taxminan hisob-kitob qilib, «u yoqqa» yetkazaman. Ana undan so'ng «u yoqdagilar» bostirib kelishadi… To'xta, kattaroq «baliq» e'tiborga tushgan bo'lsa-chi?! Bo'lishi mumkin. «Mayda baliqchalar» «to'r»ga ilinib chiqqanlaridan keyin yana qo'yib yuborishadi. «Kattarishsin, undan keyin «go'sht» yeganday bo'lamiz», deyishadi. Ammo, baribir, bir marta tutib ko'rish kerak. Belgi qo'yishadi-da. Belgi! Balki, bir-ikkitasini qo'yib yuborishmas, har qalay, yigirmata odamniyam og'zini moylab, «tilini» qisqartirib qo'yish kerak-ku! Yegan og'izni bilasiz, biram uyatchang, biram uyatchang bo'lib qoladiki, asti qo'yaverasiz…»

Uff. Qornim ochdi. Bir nima qilishim kerak. Ey-y, ana yechim!

Ko'zim aravakashga tushdi. U aravasining ustiga o'tirib olgan. Tinka-madori qurigan bo'lsa kerak-da bechoraning.

— Arava, hoy, arava! — deya chaqirdim uni.

To'g'risi, bunday deb chaqirish ahmoqlik. Chunki unga ham ota-onasi chiroyli ism qo'ygan. Ammo ismini bilmayman. Qolaversa, bozorlarda hamma aravakashlarning bitta ismi bor. «Arava».

U men tomonga qaradi. Qo'lim bilan imlab, yonimga chaqirdim. U boshini qashladi. So'ng erinibgina aravadan tushdi-da, asta-sekin yonimga yaqinlasha boshladi.

— Bitta iltimos bor senga, — dedim yaqinimga kelganidan keyin.

— Nima ortasiz? — so'radi u.

— Hech nima. Manavini, — deb cho'ntagimdan bir siqim pul olib undan o'n mingni ajratarkanman, — olib, bitta lavash olib kelib ber.

Aravakash pulni olishdan avval menga boshdan-oyoq qaradi.

— Mana, — deb yana o'n ming so'm qo'shdim, — o'zingga ham bitta ol.

U pulni oldi. Kaftlari orasida g'ijimladi. So'ng sekin aravasi tomonga keta boshladi. Bir og'iz gapirmadi.

— Aravaga men qarab turaman!

U o'girilib menga qaradi. Oraliq, to'rt qadamcha. Men uning chakka sochlarida besh-oltita oq ko'rdim. «Mendan yoshi katta ekan-ku», degan o'y yashin tezligida xayolimdan o'tdi. Shu zahoti qizardim. Lekin endi g'isht qolipdan ko'chgan edi.

— Bir kunda to'rtta arava o'g'irlangan. Qoldirolmayman. Ishonch yo'q, — dedi u.

O'zi bir ahvolda turgandim. Shuning uchun ham hech narsa deyolmadim. U aravasini sudrab ketdi. Men esa o'zimni-o'zim koyishga o'tdim. «O'l-a, odammas ekansan. Qilgan qilig'ingni qara. Nimangga g'o'ddayasan, ahmoq?! «Mashinnik»larga qo'shilganingga to'rt kun bo'ldi. Shu bilan amaling oshib qoldimi yoki yoshing kattardimi?!»

Shunday o'y-xayollar bilan bo'lib sergaklikni yo'qotdim. Anavi do'konlarga allaqachon bir nechta odam kirib, chiqib ketibdi ham. Yaxshi bo'libdi. Bundan bu yog'iga, uchtadan bittasini hisobga olaman.

Ha-a, gapimda turdim. Darrov hisoblarim «ozib» ketdi.

Ammo negadir aravakashdan darak yo'q. Men ham mardikor bo'lib ishlaganman, birovlarning yuklarini yelkamda u yoqdan-bu yoqqa ko'tarib tashiganman. Lekin hech qachon birovga xiyonat qilmaganman. Ammo men chaqirgan, mendan yoshi katta aravakash… U kelmadi. Men esa xursandman. Aldab ketganligi uchun xursandman. Boplab tushirdi. Ta'zirimni berdi. Shunday qilish kerak edi menga o'xshagan g'o'ddaygan «o'pka»larga. Ammo, baribir, qorinni bir narsa qilish kerak edi. Qildim bir narsa. Pechenye olib yedim. Yonginamdagi do'kondan. «Ahmoqning kallasi tushdan keyin ishlaydi», degani rost-da. Yeb bo'lganimdan keyin «Bu pechenye mabodo anavi muddati o'tgandanmasmi», deya o'ylab, darrov yorlig'iga qaradim. Har tugul, yangi. Yana o'zimizniki. Yangiyo'ldan chiqqan. Mazasi ham yomonmas.

Kechki payt mening hisobotim xo'jayinga yoqmadi.

— Nega kechagidan keskin farq qildi?! — dedi murdasho'y basharasini battar xunuklashtirib.

«Tavba, otasi shaytonning o'zginasi desam, bu undan battar. Hech qursa, bir tuking onangga o'xshamaydimi? Har qalay, onang chiroyli bo'lgandir. Chunki bobong ham amaldorning amaldori, boyning boyi, pishiqning pishig'i bo'lgan, deb eshitganman. Endi shunday odam otangga qayoqdagi tasqarani olib bermagandir. Shunga qaraganda, onang chiroyli bo'lgan. O'sha onangdan ozgina olganingda edi. Yuzingda istara, ko'nglingda mehr-oqibatdan bir tutam bo'larmidi?»

— Bilmadim, — deya yelka qisdim.

Sharif yonidagi yigitga qaradi. Rangi oppoq. Sochi kalta olingan. Barmoqlari, qoshlari ingichka edi. Xo'jayinning yonidagi stulda o'tirgan yigitni men avval qaerdadir ko'rgandayman.

— Qimirlamadi, — dedi u ko'zini mendan uzmay.

— Do'kon bo'lsa. Bir kun odam ko'p, bir kun kam bo'ladi-da, — dedim uning gapidan ruhlanib.

— O'rtasini olamiz, — deb Sharif qog'ozga termildi.

Mening esa ketishimga izn berildi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

 

 

 

loading...