Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

0

Yigitlar suvdan chiqqanlarning qo'llaridagi kishanlarni yechib olganidan so'ng ular birin-ketin o'rinlaridan turishdi. Kishan qisgan bilaklarini uqalashdi. Anavi qariyb yalang'och xonimchalari esa darrov yonlariga kelib suykalanishdi.

— Necha marta aytganman, — dedi boya suvning ichida turib dag'dag'a qilgan yigit. Darvoqe, u yigitlikdan anchagina o'tgan edi. Biror o'ttiz besh yoshni urib qo'ygan, sochiga oq oralagan. Salobatini oshirish maqsadida bo'lsa kerak, soqol-mo'ylov qo'yib olgan. Ko'kragiga xitoyliklarning ajdahosi surati chizilgan. O'ng yelkasida burgutning boshi, chapida ilonning rasmi «nakolka» qilingan. — Birovning uyiga kirishdan avval ruxsat so'rash kerak. Faqat, — deb u ko'rsatkich barmog'ini tik qilib yuqoriga ko'tardi-da, gapini davom etkazdi, — ajal iznsiz kiradi.

Sodiq aka uning gaplariga chidolmadi. Qo'lini musht qildi hamda basharasini burishtirib:

— Ajal biz bilan birga edi. Ming afsus… — dedi.

— Bizning, — deya gapga aralashdi pakana, — doim ajal yonimizda.

— Ketdik, — dedi Sodiq aka va uy tomonga qaradi.

— Sizning yordamingiz kerak ularga, — dedi Sodiq akaning uy tomonga qarashining ma'nosini tushungan kaltacha.

— Tushunmadim?!

Kaltacha irjaygancha yelkasini qisdi.

Sodiq aka menga yuzlandi va boshi bilan ishora berdi. «Kirib ko'r», deganday.

Yugurdim. Zinalardan yengil qadam tashlab yuqoriga, ayvonga chiqdim. Undan o'tib endi eshikdan ichkariga kirishimni bilaman, ko'zim cho'zilib yotgan Sergey bilan Odilga tushdi. Ikkisi ham tirik. Ko'kraklari ko'tarilib tushyapti. Ammo hushlarida emas.

Kimdir shunaqangi chiroyli va omadli urganki, ikkisi ham xuddi maza qilib uxlayotganga o'xshaydi. Odilning boshini ko'tardim, niqobini yechdim. Tomog'iga qaradim. Ko'karmagan, shilinmagan. Na burni va na og'zi qonagan.

Yuziga bir ikki shapaloq urdim. Foydasi bo'lmadi. Shundan keyin tashqaridagilarni chaqirib keldim.

Sodiq aka dahshatga tushdi. Avtomatining zatvorini tortib qo'yib yubordi-da, eshik tomonga yurmoqchi bo'lganida, yo'lini to'sdim.

— Bekorga adashibmiz, demagandirsiz, — dedim.

U yer tepdi va ortiga burilib, Seryoganing niqobini yechdi hamda xuddi mendayin yuziga shapaloqladi. Sergeyning bir tuki o'zgarmadi.

— Manavi foyda beradi.

Men shu zahoti ovoz kelgan tomonga qaradim. Anavi yaramas, ko'rinishiyu, gap-so'zlari sirlidan-sirli kichkinacha baklashka ushlagancha turibdi.

Qo'lidan idishni oldim. Avval Odilning, keyin Sergeyning yuziga sepdim. Ular navbatma-navbat ko'zlarini ochishdi. Bizni tepalarida ko'rishib hayron bo'lishdi.

— Nima bo'ldi? — dedi Odil boshini ko'tarib, u yoq-bu yoqqa alanglarkan.

— Sening o'zingdan so'raymiz endi! — dedi Sodiq aka jahl bilan.

— Mendan?.. Men… Suv beringlar, — deya dovdiradi Odil.

Sergey esa o'rnidan turib o'tirdi.

— Anavi kalta yaponcha qani? Hozir ilma-teshik qilib tashlayman. U avval Odilning bo'yniga barmog'ini bosdi. Keyin mening. Shunchalik tez harakat qildiki, nima bo'layotganini anglamay ham qoldim. Lekin avtomatimning o'qi uning harakatidan tezroq. Darrov yetib boradi.

— O'zingni bos. Ishni to'xtatdik. Jasur, o'rnidan turishiga yordamlash, — dedi Sodiq aka.

Men avval Sergeyning, keyin Odilning turishiga ko'maklashdim. Sergey aytgan yapon esa hamon irjayib turar, ikkala kaftini bir-biriga tutashtirib ko'ksining ustiga qo'ygancha tez-tez qulluq qilardi.

«Nahotki shu yaramas, mushtdekkina holi bilan, ikkita devday odamni birgina harakatchasi bilan ag'darib tashlagan bo'lsa?! Odamning ishongisi kelmaydi. Qaysi go'rdan topib kelishibdi buni?» deya o'yladim.

Tashqariga chiqdik. Anavi tuturiqsizlar yana suvga tushib olishibdi. Xuddi bizga ko'rib qo'y, senlarni sariq chaqaga ham olmaymiz, deyishayotganday jononalarini mutlaqo kiyimsizlantirishibdi. Boya ham bir navi edi. Har tugul cho'milish kiyimi, chidasa bo'ladigan. Endi esa… Ustimizdan ochiqchasiga kulishyapti. Haqorat qilishyapti.

Mashinaga mindik. Sodiq aka mushti bilan o'rindiqni urarkan:

— Menga nima?! — deb baqirdi.

Ichim qizidi. Uning telefonda kim bilan gaplashganini bilishni istadim. Ammo hech nima so'rolmadim. Chunki mashina… Mashina quloq. Bizda devorlarning quloqlari bo'lganday tillari ham bor. Ulovlarni-ku, aytmasa ham bo'ladi. Boshqa payti bir mavridi bilan… «Balki, Sodiq akaning o'zi gullab qo'yar. O'tgan safar gapirdi-ku. Ichvolganidan keyin. Yana o'shanday hol takrorlanar».

Xayolimni g'ashlik egalladi. «Hozirgi texnikalar dahshatning dahshati. Kerak bo'lsa nimani o'ylayotganingni ham bemalol, adashmasdan aytib beradi. Shunga ko'ra, nahotki Avdeyni o'ldirganimni sezib qolishdi. To'g'ri, juda yaxshi niqoblangan edim. Tanamning kichkinagina joyi ham ochiq emas edi. Ammo yurishimni o'zgartirmagan edim-ku. O'zgartirolmasdim ham. Undan keyin ovozim?.. Agar sezishsa ham tan olmayman. Birinchidan, umuman ushlatmay ketaman. Menga qarshi qandaydir harakatni sezsam, shu zahoti juftakni rostlayman. U yog'i bir gap bo'lar. Ammo qochishga ulgurmasam bo'ynimga olmayman… U yog'i firmadagilar ham qovun tushirib qo'yishi mumkin. Ularning hech vaqosiz qolganini biznikilar juda yaxshi bilishadi. Endi kutilmaganda pulli bo'lib qoldi. Bankka yugurib boradi. «Mana olgan kreditim», deydi g'o'ddayib. Keyin… Keyin… Keyinini o'ylagim kelmayapti. Bir aylanadiyu, men haqimdagi ma'lumotlarni beradi. Sayraydi kerak bo'lsa. Sayratishadi. Uff. Shoshma-shosharlik qilib qo'yganga o'xshayman. Kechaning o'zida olib borib berishim shartmidi? Sal u yoq-bu yoqqa qarab, «bo'ron» bosilganidan keyin bersam ham bo'laverardi-ku».

Kutilmaganda haydovchi tormozni qattiq bosdi. G'ildiraklar chiyillagan ovoz chiqardi. Men esa oldingi o'rindiqqa boshimni urib oldim.

— Ko'zingga qarasang o'lasanmi, padaringga la'nat! — deya so'kindi Sodiq aka.

— Yo'q edi! Qaysi go'rdandir paydo bo'ldi o'zi! — dedi uning so'kishiga javoban haydovchi.

Men mashinaning old tomoniga qaradim. Bir yigit turibdi. Sersoqol.

Haydovchi mashinadan tushdi. Sersoqolni so'kdi va uning yoniga yaqinlasha boshladi.

— Jasur, qaytar anavi eshakni! — dedi menga Sodiq aka.

Eshikni ochdim. Qurbon (haydovchining ismi) bevaqt mashinaning oldidan chiqib qolgan soqoltoyga yaqinlashib qolibdi. Ikkala qo'li ham musht. Demak, uradi. Shunga shaylanib boryapti. Qurbon dovmanday odam. Bundayroqqa bir musht tushirsa, shu zahotiyoq o'lishi hech gap emas.

— Qaytarkansan orqangga! — dedim bitta oyog'imni yerga qo'yib baqirarkanman.

Qurbon to'xtamadi. Hatto ortiga burilib qarab ham qo'ymadi. Yo'lida davom etdi.

Uning shashtidan xavotir olib, tezda mashinadan tushdim-da yugurdim. Oraliq yetti-sakkiz qadamcha, lekin, baribir, ulgurmayman. U shundoq ham yuragi tovoniga tushib ketgan bechorani bir yoqli qilib qo'yadi.

Lekin kutilmagan hodisa yuz berdi. Qurbon urmadi. Soqoltoy unga qandaydir qog'ozcha tutqazgan edi, shartta ortiga burildi. Bir lahzaga bo'lsin to'xtamadi. Bir og'iz gap gapirmadi. Devning kuchi bor, g'azab otiga mingan odam shunday qilishi mumkinmi? Mumkin ekan, qachonki, o'zidan-da kattaroq kuchga ro'paro' bo'lsa. Anavi soqoltoyning kuchi bormi, yo'qmi, Xudo biladi. Ammo u Qurbonga shunday bir gap aytib, qo'liga qog'ozcha tutqazdiki, Qurbonning dami xuddi pufakday chiqib ketdi.

— Nima gap? — dedim Qurbon yonimga yaqinlashganida.

U menga o'qraydi. Lom-mim demadi. Yonimdan o'tib ketdi-da, to'g'ri borib, qo'lidagi qog'ozchani Sodiq akaga berdi.

Men mashinaga o'tirganimda Sodiq akaning rangi o'zgarganini ko'rdim. U menga g'alati qarash qildi. Yuragim gupillab urdi. «Nahotki qog'ozchada mening ismim yozilgan?! — degan o'y keldi xayolimga. — Bundan chiqdi, Avdeyni kim o'ldirganini aniqlashgan… Qaerda xato qildim? Qaerda?»

Mendan tashqari mashinada to'rt kishi bor. Orqadan kelayotgan «Jip»­da beshta yaxshi qurollangan baquvvat yigitlar o'tirishibdi. To'qqiz kishi. Bas kela olamanmi? Yo'q. Ammo qandaydir chorasini ko'rishim kerak. Yo'qsa, bular boshimga itning kunini solishadi…

Sodiq yana menga o'girilib qaradi. G'alati qarash. Yuragimning urishi battar kuchaydi. Hayajonlana boshladim.

Agar yana bir marta o'qrayadigan bo'lsa, qarab turmayman. «Men yeb, sen quruq qoldingmi, nega buncha bo'zrayasan? Nima, operatsiyani to'xtatishga men buyruq berdimmi? Yoki mendan qandaydir shubhang bormi?» deyman. O'zimni go'llikka solaman. Shunda, ehtimol, ma'lum muddat o'zimiznikilarning tajovuzidan omon qolarman. Boshim g'uvillab boryapti. Ha, kuni kecha Avdeyni dorilbaqoga jo'natganimdan beri shundayman. Tahlika bir lahza bo'lsin to'xtamayapti. Ustimdan bostirib kelaveradi, bostirib kelaveradi. Agar shu taxlit davom etadigan bo'lsa, hammasini o'zim oshkor qilib qo'yishim mumkin. Sodiq akaning qo'lidagi qog'ozchada boshqa birovning ism-sharifi yozilgan bo'lsa ham. Hattoki shunda ham o'rtaga chiqib qo'yaman. U emas, aslida, qotil menman deyman… Buncha qiyin, buncha qiyin, buncha qiyin! Odam tentak bo'lib qolishi ham hech gap emas.

— Qurbon, taksilar to'xtaydigan joyga Jasur ikkimizni tashlab ket, — dedi bir mahal Sodiq aka.

Birdan yuzim yorishdi. Baqirib yuboray dedim va tezda birovga bildirmay sonimni chimchilab qo'ydim.

Ammo erta quvonibman. Sal o'tmay Sodiq aka fikridan qaytdi.

— Boshim gangib qoldi, — dedi, suyanchiqqa qattiqroq suyanib. — Ofisga haydayver. Balki, yana buyruq bo'lib qolar.

Avvalgi holga tushdim yana. Ammo noumid shayton. Hozirdan tushkunlikka tushishim yaxshi emas. Balki bekordan-bekorga vahima qilayotgandirman…

Biz yangi idoraga bordik. Har qalay, men uchun yangi. Chunki biror marta ham kelmaganman. O'zi hali bilmaydigan joylarim juda ko'pga o'xshaydi. Hayronman, bular qisqa muddatda buncha imoratni qanday qurishgan? Nega qisqa deysizmi? Chunki xo'jayinning otasi, shefning shef bo'lganiga hali ko'p bo'lmadi. Demak, manavi qurilishlarning hammasi shu yaqin ikki-uch yilda barpo bo'lgan. Qaerda deysizmi? Sirg'alidan to'g'ri Yangiyo'l tomonga o'tib ketasiz. Mashinada bir soatdan mo'lroq yurasiz. Daraxtzor. Daryo bo'yi. Dala hovliga o'xshaydigan joy. Bahavo. Qalin, baland ­devor bilan o'ralgan. Darvozasining ko'rinishi ham qanchalik qimmatbaho ekanligidan dalolat berib turibdi. Borsak, lang ochiq ekan. Ikkala mashina ham ichkariga kirdi. Old qismi qora oyna bilan yopilgan ikki qavatli imorat eshigi yonida to'xtadik. Mashinalardan tushdik. Men atrofga bir qur o'g'rincha nigoh tashlab oldim. Shunda birdan kameralar yodimga tushdi. Axir kamera mening alanglashimni ham tasvirga oladi. Bunday qilmasligim kerak.

— Nima qilamiz? — dedim Sodiq akaga.

— Shu yerda o'tiramiz, pista chaqib. Ish chiqsa, aytishadi. Oyog'imizni qo'limizga olamizu g'ir etib borib, bajarib kelamiz. Biz askarlarmiz, shuni esingdan chiqarma. Askarning o'ylashga, fikrlashga haqi yo'q. U buyruqni bajaradi. Tamom-vassalom!

Mening xayolimga yana qog'ozcha keldi. Umuman, u sira yodimdan ko'tarilmagandi ham. Chunki o'sha qog'ozchada taqdirim yozilgan bo'lishi mumkin. Sodiq akadan bu haqida so'ramoqchi bo'ldim. Ammo tilim bormadi. Buning ustiga Odil ham yonimizga kelib:

— Sodiq aka, miya g'ovlab ketdi, — deb qoldi.

— He, — deya kuldi Sodiq aka, — yaxshiyam tomog'ingga chertgan ekan. Agar boshingga chertganida kallang chaqilib ketarmidi?

Shu zahoti Odilning qovog'i osildi.

— Ninza ekan-da, — dedi u.

— Mayda ekan, de. Kattarog'i bir yo'la o'ldirib qo'ya qolardi.

— Aka, bir bo'p qoldi-da, endi hadeb yuzimga solaverasizmi?

— Bunaqa narsa ikki marta bo'lmaydi. Bitta. Shu bilan yo'qsan. Bo'pti. Ichkariga kirib, muzlatkichdan ol o'sha bosh og'rig'ingga davoni. O'zim ham sendan battar ahvoldaman… Bo'pti bor, qoraginang o'chsin sening.

Odil ketdi. Burnini tortib, labini yalab ketdi.

— Shu ketishda bo'lsa, — dedi uning ortidan Sodiq aka, — o'zini-o'zi abgor qiladi. Ha, nimani gaplashayotgandik?

— Shu yerda o'tiramiz pista chaqib, — deya jilmaydim.

— Pistang bormi? — deb menga tikildi Sodiq aka.

— Yo'q.

— Unda pista qilasiz-da bu yog'ini.

Sodiq aka ham uyga kirdi. Men bir qadar yengil tortdim. Sodiq akaning gap-so'zlariga qaraganda qog'ozchada mening ism-sharifim yozilmagan. Bekordan-bekorga hayajonlanibman. «Endi boshqa narsani, anavi yashirilgan pulni o'ylashim kerak. To'xta, to'xta. Men uni paxtazorning bir chekkasiga ko'mdim. Yerni juda chuqur qazimadim. Uzog'i bilan yarim qulochcha. Agar dehqon bilib-bilmay o'sha joyga ikki ketmon ursa, boylik chiqib keladi… Tabiiyki, o'zini boshqarolmay qoladi. Jinni bo'ladi. Keyin hamma yoqqa ovoza qiladi. Qarabsizki, shefning odamlari ko'z ochib-yumguncha o'sha joyga yetib borishadi. Deh­qondan topgan boyligini tortib olishadi. Albatta, insof qilishsa, uni so'roqqa tutishmaydi. Pulni olishadiyu, qaytishadi. Juda uzog'i bilan qaerdan olding, deb so'rashlari mumkin… Bu yog'i pul o'ralgan mato, pulning o'zi obdan tekshiriladi. Barmoq izlari va hokazolar bor-yo'qligini aniqlashadi. O'x, xato qilibman. Men ko'mgan joy anavi firmaga juda yaqin-ku! Demak, birinchi navbatda, o'sha sariq sochli buxgalteri bor, sal kam jinniga aylanayozgan firma boshlig'iga tushadi shubha». Uff, boshim og'rib ketdi. Hozir men ham kiramanu o'sha og'riqni boshqalarga qo'shilib qoldirishga urinib ko'raman.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

 

 

 

loading...