Telegram zarar ko'rmoqda, kompaniya obligatsiyalar chiqarmasa qarzlarini qoplay olmaydi

0

Telegram kompaniyalari guruhi moliyaviy zarar ko'rmoqda, uning aktivlari majburiyatlarni qoplay olmayapti. Avval «Kommersant'» qayd etganidek, agar guruh obligatsiyalar chiqarmasa u holda qarzlarini qoplay olmaydi. Bu haqda Telegram’ning 2018—2020 yillardagi moliyaviy hisoboti bilan tanishgan VTimes nashri ma'lumot bergan.

Telegram’ning 2018 yildagi zarari 172,7 million dollarni, 2019 yildagisi esa 150,9 million dollarni tashkil etgan. Guruh majburiyatlari uning aktivlarini 2018 yilda 245 millionga va 2019 yilda 418 milliondan ziyod bo'lgan. Auditorlar Telegram’ning bunday ko'rsatkichlar bilan tanaffuslarsiz faoliyat olib bora olishiga shubha bilan qaramoqda. 2020 yilning birinchi yarmida guruhda 172 million dollarlik defitsit saqlanib qolgandi. Hisobotlarga ko'ra ikki yarim yil ichida Telegram operatsion faoliyatdan, umuman, daromad olmagan.

Telegram obligatsiyalardan tushgan mablag'ning asosiy qismini qarzlarni qoplashga sarflamoqchi (guruh 30 aprelgacha qariyb 626 million dollarni Telegram Open Network (TON) blokcheyn-platformasi investorlariga qaytarishi lozim), ortib qolgan pullar operatsion faoliyatni davom ettirishga yo'naltiriladi. Yaqin yillarda Telegram monetizatsiyaning yangi va turlicha usullarini joriy qilmoqchi, jumladan, kanallarda reklama postlarini joylashtirish, mukofotli stikerlar savdosi, korporativ mijozlar uchun qo'shimcha xizmatlar va reklama bilan integratsiyalashgan qisqa videolar (Instagram’dagi stories anologi bo'ladi) taklif qilinishi rejalashtirilgan.

Telegram investorlardan operatsion faoliyatdagi moliyaviy muammolarni yashirmayapti va guruh ushbu holatdan chiqib ketish uchun qanday yo'llarni tanlashi haqida ham ma'lumot berib kelmoqda. Telegram qisqa biznes tarixiga ega va yangi biznes-model, shu sababli ham uning kelajagini oldindan bashorat qilish mushkul, monetizatsiyaning strategiyasi ishlamay qolishi ham mumkin, deya investorlarni ogohlantirgan guruh.

18 fevralda «Kommersant'» o'z manbalariga tayanib, Telegram Group Inc’ning Rossiya, Yevropa va Osiyodagi investorlarning cheklangan sonini jalb qilib milliard dollar kiritishni rejalashtirganini xabar qilgan. Obligatsiyalar besh yilga chiqariladi, har yili qarz miqdorining 7-8 foizi kupon tarzida to'lab boriladi.

2018 yilda Telegram TON blokcheyn-platformasining Gram kriptovalyutasi uchun 1,7 milliard dollar investitsiya jalb qilgan. Ushbu loyiha AQSh qimmatli qog'ozlar komissiyasi tomonidan bloklangan, tashkilot messenjerning qonunchilikka zid tarzda qimmatli qog'ozlarni sotayapti deb hisoblagan.

loading...