Yaxshilikni diliga tukkan va qasd qilgan kishiga ham savob yozilishi haqida

0

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Parvardigor taboraka va taolodan rivoyat qilib aytdilar: «Alloh azza va jalla yaxshilik va yomonliklarni bitib, so'ng ularni bayon qilib qo'ydi. Kim bir yaxshilikni qasd qilsa, biroq uni qilmasa, Alloh O'z huzurida unga bitta to'la hasana-ajr yozadi. Agar bir yaxshilikni qasd qilsa, so'ng uni qilsa, Alloh O'z huzurida unga o'ntadan yetti yuz barobargacha va undan ham bir necha barobar ko'p hasana-ajr yozadi. Kim bir yomonlikni qasd qilsa, biroq uni qilmasa, Alloh O'z huzurida unga bitta to'la hasana-ajr yozadi. Agar bir yomonlikni qasd qilsa, so'ng uni qilsa, Alloh faqat bitta sayyia-gunoh yozadi» (Muttafaqun alayh).

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Alloh taolo aytadi: Agar bandam bir yomonlik qilmoqchi bo'lsa, to o'shani qilmagunicha unga yomonlik-gunoh yozmanglar! Agar yomonlikni qilsa, unga o'shancha yomonlik-gunoh yozinglar! Agar u yomonlikni Men uchun tark qilsa, unga bitta hasana-savob yozinglar! Agar bir yaxshilik qilmoqchi bo'lsa-yu, uni qilmasa, unga bitta hasana-savob yozinglar! Agar o'sha yaxshilikni qilsa, unga o'ntadan tortib yetti yuz barobargacha (savob) yozinglar!» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Sharh:

 

Allohning rahmati va fazli karami shunchalar kengki, kim bir yaxshilik qilishni niyat va qasd qilgan bo'lsa-yu, keyin biron sabab bilan uni qilolmay qolsa, unga o'sha solih niyati uchun bitta hasana-savob bitadi. Agar o'sha yaxshilikni qilsa, unga o'ntadan tortib yetti yuz barobargacha va hatto undan ham ko'p savob beradi. Shuningdek, yomonlikni qasd qilgan, biroq Allohdan qo'rqib uni qilmagan odamga ham Alloh taolo bitta savob yozadi, qilsa unga faqat bitta gunoh yozadi.

 

 

loading...