Belorussiyada namoyishchining o'lgani haqida xabar bergan jurnalist olti oyga qamaldi

0

2 mart kuni Belorussiyadagi sudlardan biri jurnalist Katsiarina Barisevichni olti oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Barisevich namoyishlar paytida o'ldirilgan shaxs haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni oshkor qilganlikda ayblangan.

Tut.by onlayn yangiliklar portalining muxbiri Katsiarina Barisevich noyabr oyidan beri hibsda saqlanib kelinayotgandi. U prezidentga qarshi namoyishlarda qatnashganlardan biri Raman Bandarenkaning hukumat hujjalatlarida ko'rsatilganidek emas, balki og'ir jarohatlardan vafot etganligi haqida xabar bergani uchun qamoqqa olingan.

Bandarenka 12 noyabr kuni bosh miya va tanasidagi boshqa jarohatlar sabab kasalxonada vafot etgan. Lukashenkoning muxolifatchilari esa Bandarenko Belorussiya poytaxti Minskda bo'lib o'tgan namoyishlar paytida politsiya tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklanganini da'vo qildi. Bandarenkaning o'limi jamoatchilikning g'azabiga sabab bo'ldi va namoyishlarni yanada kuchaytirdi.

Seshanba kuni Minskning Moskovskiy tuman sudi Barisevichni olti oylik qamoq va 1100 AQSh dollariga teng jarimaga hukm qildi. Shuningdek, Bandarenkani davolagan va u haqdagi tibbiy ma'lumotlarini Barisevichga bergan shifokor Artyom Sarokinga ham ikki yillik shartli qamoq jazosi tayinlandi va unga 550 dollar jarima solindi.

Belorussiya Jurnalistlar uyushmasi sudning ushbu hukmini hukumatning mustaqil ommaviy axborot vositalarining ovozini o'chirishga qaratilgan harakatlardan biri sifatida qoraladi.

«Rasmiylar jurnalistlarga qarshi misli ko'rilmagan repressiyalarni boshladilar, ba'zilarini qamoqqa tashladilar, boshqalarni qo'rqitdilar va mamlakatdan chiqarib yubordilar» dedi Jurnalistlar uyushmasi rahbari Andrey Bastunes.

loading...