Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

0

Rosti, men o'zimdan-o'zim xafa bo'ldim. Chunki manavi yaramas qayoqqa yursa, xuddi itday ortidan ergashyapman. Boshqalar qaerda, kimlar bilan ishlayotganligingni, ana boringki, bitta «avliyo»ga qo'riqchiligingni eshitsa, «Vo'o'o'!» deyishadi. Lekin o'zingning qay ahvoldaligingni bilib turganingdan keyin iching ezilib ketar ekan.

Bu safargi mehmonlar oldingisidan ko'p edi. Naq elliktacha. Ayollari kam. Biror besh-oltita chiqar.

Hamma navbatma-navbat keltirgan sovg'a-salomini Sharifning qo'liga tutqazar va u bilan quchoqlashib ko'rishardi.

Mening ko'zim «ko'cha»ning yirik vakiliga tushdi. Uning sovg'asi butunlay bo'lakcha ekan. Oppoq, baquvvat, ko'zni quvontiradigan ot! Egarning matosi qizil duxoba. Yoniga oltin tusli qilich aksi tushirilgan.

— E-e, mening jonim-ku, bu! — dedi Sharif hamda borib, tulporning bo'ynidan quchoqladi. O'pdi.

— Ravshan aka, — dedi so'ngra bo'ynini burib, «ko'cha»ning yirik namoyondasiga qararkan, — zukkosiz!

Ravshan aka qo'lini ko'ksiga qo'yib, boshini egdi. Uning ikkita barmog'ida olmos ko'zli yirik uzuk bor edi.

Mehmonlarning hammasi ichkariga taklif etildi. Shu payt Sharif darvoza yonida turgan qo'riqchi yigitlarga imo qildiki, buni hushyor bo'linglarga yo'yish mumkin. Albatta, kimsan, Ravshan «ko'cha» kelib turibdi. Uning umuman amali yo'q. Ammo puli, obro'si uncha-muncha emas. Undan xavfsirash ham, muhofaza ham qilish kerak.

Bazm qiziy boshladi. Sho'x tarona yangrayapti. Biroq birov unga e'tibor bermaydi. Hamma o'sha yuqorida aytganimday uch-to'rttadan bo'linib olgan.

Vaqt o'tib boryapti. Birin-ketin mehmon kelyapti. Hatto ancha-muncha hofizlar ham kelib qo'ydi. Ammo shefdan hamon darak yo'q edi.

Sharif bezovtalandi. Bir necha marta shefning haydovchisiga qo'ng'iroq qildi.

— Yonlaridami? Chiqmadilarmi? Ko'rinish berishlari bilan aytasan! — deb har safar bir xil gapni takrorlardi.

Yana oradan bir muddat o'tib, ikki kishi keldi. Ular mehmon ham, xonanda ham emasdi. Ulardan biri Sharifning akasi Faxriddin edi. Oddiygina «Neksiya»da kelgandi. Xo'jayin kutib olgani chiqmadi.

— Kirsin! — dedi ijirg'anib.

Menda qiziqish ortdi. Holbuki, shu kunga qadar Sharif shefning yolg'iz o'g'li bo'lsa kerak, deya o'ylab yurardim. Ammo uning yana bitta o'g'li bor ekan.

— Bu yoqqa kelsinmi? — dedim sekingina xo'jayinga.

— Yo'q. Uyga olib bor. Boya biz o'tirgan xonada o'tirsin hamtovog'i bilan, biz ichkariga kirganimizda orqa eshikdan qorasini o'chir! — deya amr qildi u.

«Qutuldim», dedim o'zimga-o'zim. «Itday ergashib yurishdan qutuldim». Ozgina muddatga bo'lsa ham hamda darvoza tomonga shoshdim.

Jinsi shim, oq futbolka va oyog'iga krossovka kiygan, jingalaksifat sochi qariyb yelkasiga tushgan, soqol qo'ygan, ko'zlari sal qisiq oddiy odam. Mana shu shefning katta o'g'li Faxriddin. Uni birinchi ko'rishda yo rassom, yo shoir deb o'ylash mumkin.

— Assalomu alaykum, xush kelibsiz, Faxriddin aka, — dedim uning yoniga yaqinlashishim bilan.

Men ilgari ko'rmagandim, uning Faxriddin ekanini darvozaga yaqin turgan sherigidan fahmladim.

— Ana, Fozil,— dedi u sherigiga, — bizni ham kutib oladigan odam bor ekan!

— Albatta, sizday aziz inson bizga mo''tabar hisoblanadi.

Ana, kutilmaganda ajoyib gap topdim.

— Xo'jayining borib, shunday deb ayt, dedimi? — deya yuzimga tikildi Faxriddin aka.

— Nega endi? Aytmasalar ham sizning aziz inson ekanligingizni bilaman.

— Men g'o'ddayganlar yoniga bormayman.

— Xo'p bo'ladi. Sizga eng yaxshi joyni tayyorlab qo'yganmiz.

— Adam keldilarmi?

— Yo'q hali.

— Hmm, ozgina kutarkanmiz. Fozil, yur.

Men oldinga tushib oldim va to'g'ri uy tomonga boshladim. Sekin ko'zimning qirini bog'dagi mehmonlar tomonga tashladim. Ularni bizga e'tibor berayotgan-bermayotganini bilmoqchi bo'ldim.

Birov qaramadi biz tomonga. Aftidan, mehmonlar Faxriddin akani bog'bon yoki boshqa bir xizmatchi bo'lsa kerak, deb o'ylashgan. Har qalay, birortasining ko'zi tushgan va shunday xayolga borgan bo'lsa, ehtimol.

Ikkinchi qavatga ko'tarildik. Hali mehmonlar kelmasidan burun bu yerda Sharif qaynotasi bilan birga o'tirgan edi. Yeguliklardan yegan, ichkiliklardan ichgandi. Darrov yangilanibdi. Xuddi avval bu yerda hech kim o'tirmaganday.

— O'h-ho', — dedi Faxriddin aka, — shohona-ku! Fozil, bir maza qilarkanmiz-da!

— O'zimizning joy yaxshimidi, deyman-da. Manavi qimmat narsalardan qanday ichamiz. Ovqatlar ham dahshat ekan. Bizning oshqozon ko'tarolmaydi-yov, — deya hazillashdi Fozil deganlari.

Uning ko'rinishi Faxriddin akanikidan umuman farq qilmasdi.

— Tss! — dedi Faxriddin aka ko'rsatkich barmog'ini labining ustiga qo'yib. — Gapirma! Bu yerdagi ovqatlar bizning oshqozonga yengillik qiladi, kerak bo'lsa. Hov bola, isming nimaydi seni? — dedi menga yuzlanib.

— Jasur.

— Jasur, anavi ichadiganlaringni biz ochishni bilmaymiz. O'zing ochib, kattaroq stakanga to'ldirib-to'ldirib quyib ber. Ana undan keyin ketaversang bo'laveradi. Bo'ptimi? Faqat-chi buyuryapti, deb o'ylama. Azbaroyi bunaqangi idishlarni umrimda ko'rmaganimdan, ochishni bilmaganimdan senga iltimos qilyapman.

Men kuldim. So'ng:

— Qizilinimi, oqinimi? — deya so'radim.

— Hov anavi, antiqa figurali idishdagi suyuqlikni bir ko'raylik, — deya Faxriddin aka qo'li bilan stolning o'rtasini ko'rsatdi.

— Bemalol. Faqat buni oz-ozdan ichishadi-da.

— Hmm, judayam o'tkirmi?

— Bilmadim. Ichmaganman. Lekin ichayotganlarini ko'rganman.

— To'ldir. To'ldir. U yog'i bilan ishing bo'lmasin. Kerak bo'lsa-chi, — deya Faxriddin aka bo'ynini cho'zib, zina tomonga qarab oldi-da, past ovozda gapini davom etkazdi, — o'zingga ham ozgina, a. Nima deding?

— Xizmatdamiz. Mumkin emas.

— Ixtiyoring.

Oshnalar ko'zlarini yummasdan «qultillatib» yutishdi. So'ng lablarini yalashdi.

— Be-e, o'tkir emish. Biznikining oldida bu oddiy sharbat.

Shunday deb u, juda boplab pishirilgan qo'y qovurg'asidan bittasini olib, go'shtni tishladi va osongina uzib oldi. Shundan bildimki, go'sht nihoyatda yumshoq pishirilgan.

Faxriddin aka og'zidagi luqmasini yutib-yutmay, sherigi va o'zining idishini yana to'ldirdi.

Og'zimning suvi qochdi. Ichishganiga emas, ishtaha bilan go'sht yeganliklariga.

Yana suqim tushib, ikkalasi ham bo'g'ilib qolmasin, degan xayolda tezda ularning yonidan uzoqlashdim.

Tashqariga chiqdim. Xo'jayinning yoniga bordim. U sohibjamolning belidan quchib olibdi. Qulog'iga tinimsiz bir nimalarni gapiryapti. Noqulay bo'lmasin, deb yaqinlarigacha bormadim.

Mehmonlarni birma-bir kuzata boshladim. Shuning barobarida Lolichkani qidirdim. Uning erining manavi qilig'iga munosabatini bilishni xohlayotgandim negadir.

Lolichka aylana stolning yonida o'tiribdi. Yonida kichkina soqolli, qop-qora sochi orqasiga silliq taralgan, oppoq ko'ylak va shimdagi bir kishi o'tiribdi va yana bitta ayol ham bor. U erkakning chap tomonida. Ularning har ikkisi ham bu yerliklarga o'xshamaydi. Bundan chiqdi, chet ellik mehmonlar. Menimcha, Faxriddin akani kuzatib qo'yayotganimda kelishgan bo'lishsa kerak.

— Shef! Shefning mashinasi ko'rindi!

Naushnigimdan kelgan ovoz qulog'imni teshib yuboray dedi. Men shu zahoti ildam yurib, xo'jayinning yoniga bordim.

— Uzr, — dedim sohibjamolga qarab hamda sekin xo'jayinning qulog'iga, — otangiz kelayotgan ekanlar! — dedimu darrov qaddimni rostladim.

Sharifning rangi biroz oqarganday bo'ldi va shu zahoti sohibjamolning belini qo'yib yuborib, kiyimini to'g'irladi-da, yon-atrofga olazarak qarab qo'ydi.

Uni kuzatib turgan qo'riqchilarning hammasi sergak tortdi. Va yana mehmonlar ham qaddini rostlashdi. Ichayotganlar qo'llaridagi idishlarini stol ustiga qo'yishdi. Gaplashib turganlar suhbatni to'xtatishdi. Ular asta-sekinlik bilan yo'lak tomonga kela boshlashdi. Hamma hammani kuzatayotganligini, hech kim e'tibordan chetda emasligini mana shu xatti-harakatlarning o'zi ko'rsatib qo'ydi.

— Anavining oldiga bor. Orqa eshikdan chiqsin. Uyni darrov aylanib o'tib olmasin. Otam kirganidan so'ng ketadi u so'tak! — dedi menga Sharif. Keyin: — Odamni sharmanda qilishdan boshqaga yaramaydi, — deya qo'shimcha ham qildi.

Mana, boy aka-ukalarning ahvoli. Darvoqe, aka umuman boyga o'xshamaydi. Obro'si ham shunga yarasha. Besh begonalar shefni tabriklashi, yonida turishi mumkin. Ammo o'g'ilning bunga haqi yo'q. Sababi… Bilmadim endi. Ehtimol, no'noqligidandir va yoki bo'lmasa, maishatni ko'proq xush ko'rar?.. Yo otaning chizgan chizig'idan yurmaydi. Hali aytdim-ku, rassomlarga o'xsharkan deb. Undaylarning o'z dunyosi bo'ladi. O'zlari to'g'ri deb hisoblaydiganlardan boshqa hammasini chippakka chiqarib tashlashadi. Aslida, hozirgi holatida u haq. Otasiyu ukasining ishlaridan ijirg'anadi. Lekin ularning narsalarini bo'kkuncha yeyishi g'alati. Ishidan ijirg'andingmi, yemagidan ham shunday qil.

Tezda xonaga bordim. Ulgurishim kerak. Mabodo shef uyga kirib, yuqori qavatga chiqaman, deb qolsa, hammasi rasvo bo'ladi. Chunki xizmatkorlar stolning ustini tartibga keltirishga ulgurmaydi-da.

Ikki o'rtoq «pishib» qolibdi. Stullarini tirab olishgan, ko'zlari suzilib, boshlari osilib, bir-biriga nimalarnidir uqtirishga harakat qilyapti.

— Faxriddin aka, orqa eshikdan chiqarkansiz, — dedim xo'jayinning akasiga.

— Nim… Nim… Nima? Orqa…

U gapini oxiriga yetkazolmay, osilgan boshini likkillatib sherigiga qaradi va ko'rsatkich barmog'ini menga to'g'irlab:

— Eshitdingmi? — dedi.

— Bu bilasanmi, kim?

Fozil biroz tuzukroq ekan, shekilli, tili aylandi.

— Bilaman. Faxriddin aka, xo'jayinning akalari…

— Ya-ya-ya, xo'jayinning akalarimas! — deb Faxriddin burnini tortib qo'ydi-da davom etdi. — U… ukam. O'gay ukam. Tushunding?

— Tushundim, lekin orqa eshikdan tezroq chiqishingiz kerak, — dedim men.

Faxriddin ko'kragiga mushtladi.

— Men, — dedi va ko'rsatkich barmog'ini yuqoriga qilib qimirlatdi-da, — yo'-o'-q, — deya tilini chiqarib, labini yaladi.

«Obbo, yaramas. Endi bu yog'i qanchadan tushdi? Qanday qilib mast va yana kattakonlarga qarindosh bo'lgan odamni orqa eshikdan tashqariga olib chiqaman», degan o'y kechdi xayolimdan.

Keyin noiloj naushnik orqali tashqaridagilarga xabar berdim: «Xo'jayinning akalari mast, oyoqda turolmaydi».

— Hozir yigitlar borishadi, kutib tur, — degan javob keldi shu zahoti.

Sal yengil tortganday bo'ldim.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

 

 

 

loading...