Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (21-qism)

0

Birdan otamning gapini esladim. «Bolam, zahru zaqqum juda ablah narsa. Uni ichgan odam o'z-o'zidan qahramonga aylanib ketadi. Qayoqdagi bo'lmag'ur ishlarni qilgisi keladi. Ana shundan ehtiyot bo'l. Avvalo, unga yaqinlashma. Mabodo… Bu hayotda nimalar bo'lmaydi deysan? Ana shunday mahali umuman teskari bir narsani o'yla. Hech qursa onangni», degandi otam.

«O'zingni qo'lga ol, Jasur. Hozir vaqti emas. Shunday ajoyib payt keladiki, o'shanda bilganingni qilasan», deya o'zimni-o'zim xayolan yupatdim. Chunki gapirib bo'lmaydi. Salgina pichirlaganimni ham eshitishlari mumkin. Ayniqsa, endi. Shefning yoniga har kim ham borolmaydi. Borgan odamni esa ming marta tekshirishadi.

Turk qo'shiqchisi to'g'ri borib, shef bilan achomlashib ko'rishdi, uning yonidagi stulga o'tirdi. Qandaydir qutichada sovg'a berdi. Shef qutichani ochib ko'rdi. Yoqdi, shekilli, qo'shiqchining yelkasiga qoqib qo'ydi va unga ham ichkilikdan quyib berdi. Qo'shiqchi o'zini u yoqdan-bu yoqqa tashlagan bo'ldi. So'ng qadahni oldi. Voy, yaramas, menga bir fujerni ichirgandi. Unga bo'lsa, kichkinagina qadahcha berildi.

Qo'shiqchi bir ho'plab qo'ydi va o'rnidan turdi-da, sahna tomonga ildam yurib keta boshladi.

Uni Lolichka, sohibjamol va yana bir qancha go'zallar sahna yonida kutib turishardi.

Mening ko'zim tina boshladi. Biror nimalar yegim keldi. Yemasam, iloji yo'q. Yiqilib tushaman.

— Ko'zim tinyapti, — dedim mikrofonchaga.

— Hmm, o'tkirlik qilib ketdimi? Ochko olishning o'zi bo'lmaydi. Yaxshi, qovun tushirib qo'yma yana. Uyning ikkinchi qavatiga ko'tarilib, ul-bul yeb ol. O'zingga kelishing bilan orqangga qayt.

Engil tordim va uy tarafga qadam bosdim. Ammo ikki qadam tashlab, birdan to'xtadim. Chunki boshim aylanib, oyoqlarim qiyshayib ketaverdi. «O'ldim. Sharmanda bo'ldim», deya xayolimdan o'tkazdim hamda ko'zimni katta-katta ochdim-da chuqur-chuqur nafas oldim. Endi yursam bo'ladi. Lekin qo'rqyapman.

— Yordam kerakmi? degan ovoz keldi naushnikdan.

— O'zim eplayman, — deya javob qaytardim.

Ildam yurib boryapman. Tebranmaslik uchun harakat qilyapman. Yetib olaman. Birinchi bo'lib «Coca-cola» ichaman. Shu tarqatadi, deb eshitgandim. Ham chanqaganman, chanqog'im qoladi.

Etdim. Tutqichni ushladim. Ana shu mahal orqaga yiqila yozdim. Ag'namadim. Ichkariga kirdim. Safdoshlarimdan ikkitasi kutib turgan ekan. Birdan qo'ltig'imga kirishdi va ustimdan kulishdi.

— Shefning nafasi o'tkirligini bilmasmiding? Bittada ag'dardi, qoyil! — deyishdi ular.

— Ichim yonib ketyapti. Tezroq olib chiqinglar, — dedim ularga.

Avval bostirib-bostirib ikki fujer «Coca-cola» ichdim. So'ng zo'r pishgan go'shtlarni og'zimga tiqa boshladim.

Menga yordamlashgan qo'riqchilarning ham qorni och edi. Ular ham xuddi men kabi shu paytgacha tuz tatishmagan. Havaslari keldi va mumkin bo'lmasa-da, stol ustidagi narsalardan yeyisharkan.

— Hammasini sening bo'yningga ag'daramiz, — deyishdi.

Men ularning gapiga e'tibor ham bermadim. Asta-sekin nafsim qona boshladi. Qandaydir tetiklashganga ham o'xshadim.

— Shefga nima deding, ja seni siyladi, — dedi yigitlardan biri.

— Hech nima. Anavi turkning kelganini aytdim.

— Shu gaping uchun quyib berdimi?

— Kayfiyati zo'r ekan.

— Qulog'ingga bir nima dedi-ku!

— «Sening yoshingda to'ldirib bitta olganman. Sen ham ol», dedi.

— Keyin-chi?

— Keyinini ko'rgan bo'lsang kerak?!

Shunday dedimu og'zimdagi luqmamni chaynashdan to'xtadim. Shef menga shivirlab gapirganida mikrofoncha, naushnik bor edi. Demak, uning nima deganini aloqa markazidagilar eshitishgan. Shubhasiz, Sharifga otasining gaplari yetkaziladi. Mening gaplarim ham. Xatoga yo'l qo'ymadimmi?

Beixtiyor qo'lim qip-qizil, o'tkir zahru zaqum to'ldirilgan idish tomonga ketdi.

Uni oldim. Idishga quydim.

— Hov bola, — dedi yigitlardan biri, — haddingdan oshma! Nima qilyapsan?

Qarasam, qadah labimning yonginasida turibdi. Uni darrov stolning ustiga qo'yib:

— Xayol qochibdi, — dedim.

— Bas. Endi tur o'rningdan. Indamasa, dumalab qolguncha tortadiganga o'xshaysan. Keyin boshimizga balo bo'lasan.

— Yo'g'-e, nima deyapsizlar? — deya sharbatdan bir ho'plagan edim hamki, ko'zim Sharifga tushdi. U zinadan ko'tarilib bo'lgan edi. U hatto zina tutqichidan ushlab, suyanishga ham ulguribdiki, sezmabman. Ichimda bir nima chirt etib uzilganday bo'ldi. Salobat bor ekan-da, shunda ham. Yo'qsa, sekin o'rnimdan turmasdim. Yana bir ajablanarli tomoni, u mast emas edi. Holbuki, jon-jahdi bilan, oldi-orqasiga qaramay, sipqorayotgandi anavi zormandadan.

— Bemalol… Yoqimli ishtaha! Ikki yuz foiz maishat qilishing mumkin! Chunki boplab qo'yding! — dedi u.

Men qizarib, qog'oz sochiqchaga qo'limni arta boshladim.

Sharif esa irjaygancha bir-bir qadam bosib, yonimga keldi-da, yelkamga qo'lini qo'ydi hamda boshqalarga o'girilib:

— Hammang qorangni o'chir. Jasur ikkimizning gapimiz bor, — deya burnini tortib qo'ydi va menga yuzlanib, yelkamdan bosdi:— O'tir, og'ayni, o'tir!

Men o'tirdim. U ham stolini yaqinroq surib o'tirdi.

— Endi quy, ikkkalamizga ham. Hech qachon qo'riqchilar bilan otamlashmaganman. Sen bilan bi-ir to'qishtiraylik.

— Xo'jayin, shunchaki, tashqarida olganim zo'rlik qilgandi, shuni bosish uchun…

— Bilaman, bilaman, osmondan tushgan odammasman. Sen aytganimni qilaver, hammasi zo'r bo'ladi, — deya gapimni bo'ldi Sharif.

Men ikkita qadahga quydim.

— Menga qara, — dedi Sharif qadahlardan birini olib, — shef nima dedi?

— Hech nima…

— Hmm, hech nima degin. Meni ahmoq desang, qattiq adashasan. Gapir!

— Ichganimni shotlandlarniki dedi. «O'zim olib kelganman, bitta mazasini ko'rasan-da, aytasan. Lekin boshqa birovga gullab yurma», dedi.

— Shunaqami? — deya menga qarab tirjaydi Sharif. — Unda zo'rsan. Shef hatto menga ham shu paytgacha bunaqa iltifot ko'rsatmagan.

— O'z farzandiga ich, demaydi-ku!

— To'g'ri gaping. Miyang ishlaydiganga o'xshaydi sen bolaning. Aytgancha, uning yoniga nimaga bording?

— Qo'shiqchining kelganini yetkazish uchun.

— Birov senga borib ayt, dedimi?

— Yo'q!

— Unda nega bording?

— Hamma o'yinga tushib, sovg'a-salomlar va boshqa yo'llar bilan shefga o'zlarini yaxshi ko'rsatishga urinyapti. Shunga men ham ochko olvolayin, degandim-da!

— Obbo! Zo'r bola ekansan-ku! Qani endi shu gaping uchun bitta-bitta oldik!

U qadahidagini bir ko'tarishda yutdi. Keyin gazak yedi-da, boshini sarak-sarak qilib iljaydi.

— Lekin dangal gapirganing uchun senga gap yo'q. Mening oldimda ham obro'ng oshdi, sen bolaning. Iya, nimaga haligacha qo'lingda ushlab turibsan? Olmaysanmi? Yo mening darajam shefnikidan pastmi?

— Yo'g'-e, mana!

Avval otasi yutishga majbur qilgandi, endi o'g'li.

— Ana, bor ekansan-ku, og'ayni. Bitta gap, — deya Sharif qadahlarni qonday qip-qizil suyuqlikka to'ldirdi yana, — agar gaplaringning hammasi rost bo'lsa o'sasan! Yo'qsa, oyog'ingni osmondan ko'rasan. Tushundingmi?

U meni qistamadi. O'zi ichdi. So'ng menga ich, deb qo'li bilan ishora qildi.

— Yana bir narsa, — dedi so'ngra lab-lunjini artarkan, — otamga sotqinlik qilmay, ayni paytda menga ham otamni himoyalab gapirgan bo'lsang, omading kelibdi!

U gapirayotganida men qadahni bo'shatib bo'lgandim. Shunda birdan uning ustidan kulgim kelib qoldi. Kalaka qilay, mendan nima ketdi. To'g'rimi?

— Xo'jayin, bu yog'idan xotiringiz jam bo'lsin, bir xil paytlari mening ko'zim o'tmay qoladi. Undan keyin-chi, qulog'im ham eshitmaydi. Ishonavering. Bu yog'iga desangiz, xotiram ishlamay qolsa deng. Siz kelishingizdan sal avval peshonamni devorga urdim, — dedim.

— Nega? — hayron bo'ldi u.

— Oshqovoq-da. Ichi bo'm-bo'sh. Boshim aylanyapti-yu, nega aylanayotganligiga sira tushunmayman.

— He, — deya irjayji Sharif, — unda nima qilib bu yerda yuribsan?

— Shuni ayting. To'xtang, balki, shuning uchun yurgandirman. Bunday qarasam, shunisi ham ma'qulday. Ko'p ko'rsam, ko'zim achishib qoladi, birov sal ko'proq gapirib yuborsa, qulog'imning pardasi yirtilaman-yirtilaman deydi, darrov bekitib olaman.

— Ana shu kallangning ishlamayotgani uchun bo'lmasa…

Voy, quduq, voy, yaramas, ketma-ket yana ikkita qadahni sipqordi. Ishonasizmi, qilt etmadi. Hatto afti bujmaymadi.

«Agar shu ketishing bo'lsa, bir kunmas-bir kun birovlar sening kallangni olib tashlaydi-da, kesilgan joyga piyolalarini botirib-botirib, sen ichib qayta ishlab, yanada kuchaytirgan suyuqlikni ichishadi», deya ko'nglimdan o'tkazdim.

Sharif boshqa gapirmadi. O'rnidan turdi-da, menga xo'mrayib qarab qo'ygancha ketdi.

Men ham unga javoban yuzimni burishtirmoqchi edim. Lekin odatdagiday so'nggi lahzada o'zimni bosdim. Sababi oddiy. Buni yuqorida ham aytdim. Gapirishim, lablarimning qimirlashi, kipriklarimning pirpirashi, peshonamning tirishishi, qoshlarimning joy o'zgartirishlari, qo'l harakatlarim, qadam bosishim, so'zlar talaffuzida qaysi harfga urg'u berishim, xullas, hamma harakatlarim kuzatuvda.

Vannaxonaga kirib, yana bir marta yuzimni yuvib, oynaga qarab, ko'ylagimning yoqasini tartibga keltirganimdan so'ng hovliga chiqdim.

Shef ketibdi. Qudasi ham. Erkinlik shukuhi hamma joyda sezib turibdi. Sharif sohibjamolning yonida… Ular bir-biriga xushomad qilish bilan ovora. Lolichka ham qandaydir yigitni topib olgan. Yigit bo'lib yigitga o'xshamaydi. Qiz bo'lib qizga. Sochi yelkasiga tushadi. Sap-sariqqa bo'yalgan. E'tibor bersam, qo'shimcha kiprik ham ulatib olgan. He-y, padar lan'ati, odamning g'azabini qo'zitadi. Qani endi zamon qo'lingda bo'lsayu, shunaqalarni tiriklay yerga tiqib yuborsang. Aslida, bunaqalardan yer ham hazar qilsa kerak…

Sharif yarim soatlardan keyin ko'zdan yo'qoldi. Uning sohibjamoli ham. Ularning ayni lahzada qaerda ekanligi ma'lum… Ey-y, undan nariga o'tib ketishmaydimi!

Tun yarmidan oqqanda, havo ancha-muncha soviganda juda uzo-o-oqqa cho'zilgan tug'ilgan kun nihoyasiga yetdi. Mehmonlarni, Sharifni kuzatib qo'yish uchun boshqa guruh keldi. Bizga esa dam berildi. Shef muruvvat ko'rsatibdi. «Yigitlar dam olishsin, sharoit qilib beringlar», debdi. Ha, sharoit qilib berildi. Ya'ni qolgan-qutgan narsalar. O'sha qolgan-qutgani ham bir dunyo edi. Biz yigirmatadan ortiq ekanmiz. Yana yigirma kishi bo'lsa, bo'kib qoladi… Boshqa payt bo'lganida bu yeguliklarning hammasi restoranga qaytarilar va evaziga pul olinardi. Shunday ekan, bemalol bayram qilish mumkin.

Tongga yaqin uyga qaytdim. Keldimu, kiyimlarimni yechib, o'zimni karavotga tashladim.

Peshindan keyin uyg'ondim. Yuvinib chiqib qarasam, stolimning ustida qog'ozcha turibdi. «Uydan hech qayoqqa qimirlama», degan yozuv bor unda.

Avvaliga hayron bo'ldim. Keyin dahshatga tushdim. Kimdir kiribdi, qog'ozchani tashlab, chiqib ketibdiyu, sezmabman. Endi uyning kaliti kimdadir borligiga shubham yo'q. Ammo mening tarashaday qotib qolganim haqiqiy fojianing o'zginasi. Demak, kimdir bildirmay kirib, bo'g'ib o'ldirib ketsa ham idamay, narigi dunyoga ravona bo'lib ketaverarkanman.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

 

 

 

loading...