Sankt-Peterburgda koronavirusdan vafot etgan shifokorlarga atab yodgorlik ochildi. Ochilish marosimi yodgorlik tashabbuskorlarisiz, maxfiy tarzda o'tkazildi

0

Sankt-Peterburgning Petrograd okrugidan o'tuvchi Karpovka daryosi bo'yida COVID-19 pandemiyasi davrida vafot etgan tibbiyot xodimlarining xotirasiga bag'ishlangan yodgorlik ochildi.

Bu yerga «G'amgin farishta» deb nomlangan bronza haykal o'rnatilgan. Asar muallifi Sankt-Peterburg fuqarosi, rassom Roman Shustrov bo'lib, u 2020 yil 14 mayda koronavirus oqibatida vafot etgan. Yodgorlikning ochilish marosimida haykaltaroshning bevasi Mariya Kasyanenko, Petrograd okrugi rahbari Ivan Gromov va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ishtirok etdi.

2020 yil aprel oyida pandemiya avj olishi bilan Sankt-Peterburgdagi Malaya Sadovaya ko'chasida, shahar sog'liqni saqlash qo'mitasi qarshisidagi devorga koronavirusdan vafot etgan shifokorlarning portretlari osilishi natijasida beixtiyor «Xotira devori» yodgorligi hosil bo'lgan edi. Noyabr oyida devordan portretlar olib tashlangan, ammo o'shanda rasmiylar yangi xotira yodgorligini ochishga va'da bergan.

Dastlab «G'amgin farishta» yodgorligining ochilish marosimi 4 mart kuni bo'lib o'tishi xabar qilingan edi. Deputat Boris Vishnevskiyning aytishicha, 3 mart kunidagi marosim aslida yodgorlikni yaratish tashabbuskorlarisiz, gubernatorning o'zi uni ochib berishi uchun maxfiy tarzda o'tkazilgan. Uning so'zlariga ko'ra, haykaltaroshning bevasi bir kun oldin aldov yo'li bilan marosimga taklif qilingan.

«Xotira devori» yodgorligining yaratuvchisi Irina Maslova marosim vaqtining to'satdan o'zgartirilishini «erkakcha ish emas», deb atadi. «Shaharga mas'ul bo'lgan amaldorning xatti-harakatlari nomuvofiqligi haqida biror izoh berolmayman. Ammo men prezidentga ushbu gubernator bizning shaharga loyiq emasligi to'g'risida murojaat yozaman va biz fuqarolarning ishonchini yo'qotgani uchun uni lavozimidan chetlatishni so'raymiz», —  degan u «Fontanka» nashriga bergan izohida.

Meduza

loading...