Bayden Eronga qarshi antiterror sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytiradi

0

AQSh prezidenti Jo Bayden Eronga qarshi sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy veb-saytiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Bayden, shuningdek, AQShda Bill Klinton prezidentligi davrida Tehronga qarshi e'lon qilingan «favqulodda holat»ni 2021 yil 15 martgacha uzaytiradi, chunki Vashingtonning fikriga ko'ra, Eronning harakatlari «AQShning milliy xavfsizligi, xalqaro siyosati va iqtisodiyotiga tahdid solishda davom etmoqda».

Gap AQShning Eronga terrorizmni qo'llab-quvvatlashda ayblovi tufayli kiritilgan sanksiyalari haqida ketmoqda. 1995 yil mart oyida Klinton Islom Respublikasiga deyarli to'liq savdo embargosini imzoladi va Amerika sarmoyalarini respublikaga kiritishni taqiqladi. Vashington, shuningdek, bir necha bor Eronga qarshi mamlakatning yadro dasturi bilan bog'liq sanksiyalar qo'llagan.

2020 yilning iyul oyida Amerika rasmiylari Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini e'lon qilgan edi. Tehron tomonidan yadro, raketa va harbiy dasturlar uchun foydalanilgan mahsulotlar cheklovlar ostiga tushdi. Xususan, mamlakatga alyuminiy, mis va ba'zi turdagi po'lat qotishmalarini yetkazib berish taqiqlangan. Shuningdek, sentyabr oyi oxirida Donald Tramp Eronga qurol yetkazib berish yoki undan qurol sotib olishga aloqador mamlakatlar, kompaniyalar va shaxslarga nisbatan sanksiya joriy etishni ko'zda tutuvchi farmonni imzolagan.

Noyabr oyida esa Donald Tramp ma'muriyati Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirib, yana to'rtta shaxs va oltita tashkilotga cheklovlar kiritdi. Bunga sabab ular  2008 yildan beri sanksiyalar ostida bo'lgan Eronning Iran Communication Industries harbiy firmasiga strategik ahamiyatga ega bo'lgan tovarlarni, shu jumladan elektron komponentlarni yetkazib berishda ko'maklashgan.

Shu jumladan, Eron ham Qo'shma Shtatlarga qarshi sanksiyalar joriy etdi. 2021 yilning yanvar oyida Tramp, Davlat kotibi Mayk Pompeo, moliya rahbari Stiv Mnuchin, Pentagonning sobiq rahbari Mark Esper, Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller va Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jina Xaspel Eronning sanksiyalar ro'yxatiga kiritildi. Tehron ularni terrorizmni qo'llab-quvvatlashda, shuningdek general Qosim Sulaymoniy va yadro fizigi Muhsen Faxrizodaning o'ldirilishida ishtirok etganlikda aybladi.

loading...