“Ijtimoiy yotoqxona”ga joylashtirilgan ayol farzandlari yotog'ini foxishaxonaga aylantirdi

0

Buxoro viloyatida ijtimoiy ko'makka muhtoj, uysiz, doimiy yashash manziliga ega bo'lmagan fuqarolarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash choralari ko'rilmoqda.
Muqim turar joyga ega bo'lmagan, ijtimoiy ko'makka muhtoj, ishsiz fuqarolarni kasbga o'rgatish, ish va turar joy bilan ta'minlash, ularning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida, viloyatning barcha shahar va tumanlarida turar joyga ega bo'lmagan fuqarolarni vaqtincha yashashlari uchun “Ijtimoiy yotoqxonalar” tashkil qilingan. Bu toifa fuqarolar ushbu maskanlarga joylashtirilib, munosib yashash va ish sharoitlari yaratib berilmoqda.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko'ra, doimiy turar joyiga ega bo'lmagan, oilasidan ajrashgan, 3 nafar farzandi bilan Qorako'l tumani Tabiblar ko'chasida tashkil etilgan “Ijtimoiy yotoqxona”da vaqtinchalik yashash uchun joylashtirilgan, 1976 yilda tug'ilgan ayol J.Z. davlatimizning qo'llab-quvvatlovini oyoqosti qilib, g'arazli va past niyatlarda, moddiy manfaatdor bo'lish maqsadida afsuski, qasddan jinoyat sodir qilish yo'liga o'tdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 18 fevral kuni taxminan soat 16:45 larda “Ijtimoiy yotoqxona”ning o'zi va farzandlariga ajratib berilgan xonasida 40 ming so'm pul evaziga fuqarolar – J.M. va A.N.ning jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib bergan. Fuqaro fohishaxona tashkil qilganligi tuman Ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo'limi tomonidan J.Z.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Zarif Komilov, O'zA

loading...