Namangandagi maktabga 75 km masofadan qatnab dars beradigan o'qituvchiga poezdda bepul qatnash imkoniyati berildi

0

Namangandagi maktabda dars berish uchun Pop tumanidan 75 kilometr yo'l bosib kelayotgan yosh o'qituvchi Munisa Meliboyeva poezdda bepul qatnash imkoniyatiga ega bo'ldi, deya xabar bermoqda «O'zbekiston temir yo'llari» kompaniyasi matbuot xizmati.

Ma'lum bo'lishicha, o'qituvchi Munisa Meliboyeva temir yo'ldan har kuni foydalanishi inobatga olinib, Transport vazirligi hamda «O'zbekiston temir yo'llari» kompaniyasi tomonidan unga imtiyozli sertifikat berilgan.

Munisa Meliboyeva ushbu sertifikat bilan 6381/6382-sonli Qo'qon—Namangan yo'nalishidagi shaharlararo qatnovchi elektropoezdlarda Pop—Namangan va Namangan—Pop yo'nalishida 2021 yilning 31 dekabriga qadar bepul yurishi mumkin.

«8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida menga juda katta sovg'a bo'ldi. Buning uchun avvalo muhtaram prezidentimizga, Transport vazirligiga hamda ‘O'zbekiston temir yo'llari’ rahbariyatiga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Bunday qulaylikdan foydalanib, bor bilimimni, tajribamni ishga solib, yoshlarimizning yetuk inson bo'lib yetishishlariga o'zimning yanada ko'proq hissamni qo'shishga va'da beraman», — deya Meliboyevaning so'zlaridan iqtibos keltirmoqda temir yo'l kompaniyasi matbuot xizmati.

Eslatib o'tamiz, o'qituvchi boshqa tumanga ishlash uchun borganiga 50 foiz, boshqa viloyatga borganiga esa 100 foiz ustama haq to'lanishi belgilangan. Qo'shimcha to'lanishi faqat oliy va birinchi toifali o'qituvchilarga taalluqli.

loading...