Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (39-qism)

0

Vitalik men tomonga yaqinlasharkan, kutilmaganda chayqalib ketdi. Shuning o'ziyoq uning mastligidan dalolat edi. Endi bunisi boshqacha bo'ldi. Faqatgina anavi sheriklari ahmoqlik qilib, kayfda tepkini bosib yuborishmasa, bu yog'i yaxshi kechadi.

Vitalik menga qulochkashlab musht tushirishidan avval Brus Liga o'xshab, burnini chimdidi va tomog'ini qirib oldi-da, semiz mushtini aylantirib men tomonga «jo'natdi». Men-ku, yaxshigina shug'ullangan, jang san'atidan xabardor odamman. Agar o'rnimda boshqa bir no'noq odam bo'lganida ham osongina uning mushtiga chap berishning uddasidan chiqardi.

Zarba boshim uzra o'tib ketdi. Vitalik esa muvozanatini yo'qotib, sal bo'lmasa yiqilib tushayozdi va sheriklarining kulgisiga qoldi.

— Vitalik, biz senga ishonamiz! — deya qichqirdi bittasi.

Men ko'zimning qiri bilan ovchilarga qarab oldim. Ular miltiqlarini tushirib, tomoshani obdan kuzatishardi.

— Xa… Xa… Xa! — deya kulgan bo'ldi Vitalik hamda meni tepish uchun oyog'ini ko'tardi. Men salgina egildim, ammo qolganlar baqirib kulib yubordi. Chunki raqibim — sho'ring qurg'ur gursillab yiqilib tushsa bo'ladimi. Anavi tomoshatalablar esa naq dumalab qolishdi. Chunki xohlasang ham bunaqangi beo'xshov yiqilolmaysan-da. Xuddi ayiq qulab tushganday bo'ldi.

— Sen, — dedi Vitalik amallab yonboshlab olganidan keyin, — sog' qolmaysan!

— To'g'ri, to'g'ri! Uzr, xo'jayin, bilmay qochibman. Endi qochmayman. Mazza qilib urasiz, turing, xo'jayin! — dedim uni kalaka qilib.

U avval qo'llariga suyandi. So'ng oyoqlarini ko'tardi. Tavba, odam sharmanda bo'lishni istasa, toparkan yo'lini. Xuddi ka-a-at-ta, se-e-emiz, endigina emaklashni o'rganayotgan chaqaloqqa o'xshardi u.

— Ayiq polvon! Yeb qo'y uni!

Vitalik ortiga o'girildi. Sheriklariga qaradi.

— Prokuror, hozir oyoqlaringning ostiga tashlayman buni! — deya hayqirdi so'ngra.

— Faqat o'zingga ehtiyot bo'l, seni ko'tarib olib ketolmaymiz. Vertolyot chaqirishga majbur qilma! — dedi unga javoban prokuror deganlari.

Vitalik kaftlariga tupirdi. Keyin ularni bir-biriga ishqaladi.

— Bolta topib beraymi? — dedim unga.

— Nima qilaman boltangni?! — deya qoshlarini chimirdi Vitalik.

— O'tin yorishga chog'lanayotgan odamga o'xshaysan-da.

— Hov o'tin! Hozir ko'rsataman senga! Agar qochsang yoki enkayib qolsang, to'pponcham bilan tinchitaman. Qimirlamay tur, tushundingmi?! — deya o'shqirdi u.

— Xo'p!..

Vitalik meni urishdan avval yerga tupirdi. So'ng tishini shimib qo'ydi va mening «xo'p», deganimga ishonmay ko'kragimni mo'ljallab musht tushirdi. Men esa gapimda turdim. Qochmadim ham, engashmadim ham. Faqatgina orqamni o'girib qoldim. U ryukzakning ustiga musht tushirdi vamda «Vo-o-oy!» deya baqirib yubordi. Burilib qarasam, mushtini ko'ksiga bosib olib «uvillayapti».

«Battar bo'l. Sinsin qo'ling», deya ko'nglimdan o'tkazdim.

— Nima bo'ldi?! — hayqirdi ovchilardan biri.

— Qopida… Qopida  bir narsa bor ekan!

— Nima bor qopingda, hov bola?! — so'radi prokuror.

— Oltin, — deya javob berdim.

— Hozir men senga oltin qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman.

Prokurorning yonida turgan shovvoz miltig'ini yonida turgan oshnasiga berdi-da, men tomonga shitob bilan kela boshladi. Aftidan bu ham meni urmoqchiga o'xshaydi.

Oraliq masofa ikki qadamcha qolganida u to'xtadi.

— Tirik qolishni istaysanmi? — dedi past ovozda.

— Hmm, — deb javob berdim.

— Unda meni sharmanda qilmaysan. Qimirlamay turasan. Sekin uraman. Kelishdikmi?

— Yo'q.

— Nega?

— Nimaga urayotganingning sababini bilishim kerak.

— Aytdik-ku boya.

— Abdildin, — dedi Vitalik, — unaqasi ketmaydi. Men kelishmadim. Sen bo'lsang darrov odatingni ishga solyapsan. Halol bo'lsin.

Abdildin deganlari alam bilan Vitalikka qaradi-da:

— Men sening yoningni olgani kelgandim. Darrov buzg'unchiligingni qilma, — dedi norozi bo'lib.

— Ustimdan rosa kuldinglar, indamadim. Qani o'zing ham bir kuchingni ko'rsat, ko'raylik!

Abdildin qulochkashlab musht tushirmadi. Tepmadi ham. Yoqamdan xotirjam ushladi va endi urmoqchi bo'lganida uning qo'lini tishlab oldim. Rejamda yo'q edi, lekin qarasam, qo'li tishlashga qulay turibdi. «Tishlab olsam nima bo'libdi», deya o'yladim-da, bosh barmog'ining tepasiga tishlarimni botirdim. U qo'lini birdan tortib oldi-da, turgan joyida sakray boshladi.

Yana kulgi ko'tarildi. Prokuror deganlari avval yerga o'tirib oldi. So'ng haqiqatan ham, dumalagancha «o'zidan ketyapti».

Buni ko'rgan Abdildin alamiga chidolmay og'riqni ham unutib, hamla qilishni boshlab yubordi. Men esa qochdim. To'g'ri sheriklarining yoniga. Ular uzog'i bilan o'n qadamcha narida. Abdildin, Vitalik va prokuror allaqachon qurollarini esidan chiqargan. Ularning matohlari yerda yotibdi. Qolgan ikkitasi ham miltiqqa hassaga suyanganday suyanib, qahqaha otyapti. Ayni muddao. Shu yugurib borishda ulardan bittasining miltig'ini tortib oldim-da, ikkinchisini bir tepishda ag'dardim. Taxminimdagiday hammasi mast edi, shuning uchun ham ularni bitta tepki bilan ag'darish hech qanaqangi muammo tug'dirmadi.

Ishga kirishdim. Miltig'idan ayrilgan ovchining jag'iga qurolning qo'ndog'i bilan urdim. Shilq etib yiqilgach shu zahoti qolgan qurollarni ham terib oldim-da, avtomat turgan joyga bordim. Avtomat ikki qadamcha narida yotardi. Uni ham oldim. Zatvorni tortib qo'ydim.

— Endi kellaring  bu yoqqa. Men bilan mushtlashmoqchimidinglar?! Ustimdan kulmoqchimidinglar?! Endi kulamiz! Shunday kulamizki, butun tog' zirillaydi! — dedim g'azab bilan.

— Hoy askar, — dedi o'rnidan turib o'tirgan prokuror, — biz hazillashdik-ku. Sen tushunmadingmi?

— Tushundim. Juda yaxshi tushundim. Men ham hazillashaman-da endi. Qani hammang prokurorlaringning yoniga kellaring-chi! Yoki bitta-bitta peshonalaringdan darcha ochaymi?! Mening o'qlarim sochma emas. Tegdimi, tirik qoldirmaydi! Bo'l, tez!

Quyonyurak semizlarning birdan kayfi tarqab ketdi, nazarimda. Yugurib qolishdi. Jon shirin bo'lganidan keyin yugurmay qayoqqa borardi?!

Beshalasini ham yonma-yon o'tqazganimdan keyin:

— Ov qilishga ruxsatnoma qani?! — dedim prokurorga.

— Biz… Ruxsat… O'zimiz shunday, — deya dovdiradi u.

— Harbiy kiyimda biz tomonda yuribsan, deganmiding, boya! — dedim unga po'pisa qilib.

Prokuror javob berolmay yonidagilarga javdirab qaradi.

— O'tib ketganimizni sezmay qolibmiz, kechir. Darrov ketamiz, — dedi Abdildin.

— Y-o'-o'-q, darrov ketmaysan endi. Hisob-kitob qilamiz.

Shunday deyishim bilan boya mendan birinchi bo'lib tepki yegan ovchi:

— Aqcha beramiz. Ko'ngling tusagancha, — dedi.

— Yo'-o'-o'-q, men aqchaga ko'nadiganlardanmasman. Aqcha meni qiziqtirmaydi. O'zimda bor. Lekin qiziq, qancha bermoqchisizlar?

— Qancha so'raysan? — dedi prokuror.

— Bir million!

— Tangadami?

— Qanaqa tanga? Dollarda. Har biringga!

— Esingni yeganmisan, askar?! — dedi prokuror.

— Nima deb o'ylaysan? Xo'sh,  sening manavi semiz tanangning ustida turgan chumchuqnikiday boshing judayam arzonmi?

— Beramiz, — deya tilga kirdi Vitalik, — lekin yonimizda yo'q-da.

— Ana shunaqa. Yonlaringda yo'q. Unda yuz tuban yotinglar. Peshonalaringga nima yozilgan bo'lsa, shuni ko'rasanlar. Ha-a, avval kamarlaringni yechinglar.

Ular yotganidan keyin qo'llarini orqasiga qilib, chandib bog'ladim. Keyin miltiqlarini pastlikka uloqtirdim. Bittasi qop ko'tarib yurgan ekan. Ichini ko'rdim. Yegulik. «Mana bunisi menga kerak bo'lib qolishi mumkin», degan o'yda qopni olib, yelkamga osdim.

— Boya men senlarga erkakmassanlar, degandim. Lekin sizlar mening gapimga ishonmagandinglar. Ammo mana, ko'ryapsizlar, men erkaklik qilyapman. Birinchidan, mayib-majruh qilmadim. Holbuki, qo'limdan kelardi. Ikkinchidan, bir chaqangni ham qoldirmasdan tortib olishim kerak edi. Olmadim. Shunchaki maynabozchilik qilganliklaring uchun qo'llaringni bog'lab, shu yerda qoldiryapman. Aqllaring bo'lsa, pastga o'zlaring tushib olasanlar. Bo'lmasa, shu yerda yotaverasanlar. Ha-a, eslatib qo'yay,  bu yerlarda burgutlar ko'p, ular oson o'ljani xush ko'radi. Xayr!

Shunday deb ochiq maydonni kesib o'tib, kelgan tomonimdagi o'rmonga kirib ketdim. Yerda yotgan go'rso'xtalar meni iziga qaytdi, deb o'ylashsin, dedim. Shunda tinchroq bo'laman va yana qarorimning to'g'ri yoki noto'g'riligi ham biroz kallamni qotirdi. Ulardan bittasi qo'lini yechadi. Keyin nima qiladi? Shubhasiz, sheriklariga yordam beradi. Ketishadi. Qaytib bu yoqlarga kelishmaydi. Lekin doim eslab yurishadi. Ayniqsa, Vitalik. Bechora rosa sharmanda bo'ldi-da.

Men unchalik ham ichkarilamasdan yugurgancha ochiq maydonni aylanib o'tdim va boya «Jip»larni ko'rgan tomonimga endim. Negadir shu tomonga borgim keldi. Menimcha, hashamatli mashinalar rom etgan bo'lsa kerak. Lekin ular judayam uzoqda.

Qornim ochdi. Havo toza, yeganim darrov hazm bo'lib ketyapti, shekilli. Yana uncha-muncha emas, ichimdan bir nima kemirayotganga o'xshardi. Noiloj to'xtadim. Avval o'lja qopni ochdim. Ha-a, zang'arilar dam olishni bilishadi. Hamma narsa bor. Yaxna go'sht, non, pomidor, ketchup, kolbasa, ichimlik. Lekin oz qolgan ekan. Ikki marta qornimni to'ydirishimga yetsa kerak. Ammo harna. Go'sht qo'yniki ekan. Ishtaha bilan yedim. Maza qildim. Yutgulikdan yutdim ham.

Keyin yotib, biroz dam oldim. Negadir sira shoshilgim kelmayotgan edi. Albatta, niyatim tog'u toshlardan tushib, mashinalarning birortasini minib, biror yoqqa ketish emas. Mana shu atrofda qolaman, baribir. Ehtimol, shuning uchun ham shoshilmayotgan bo'lsam kerak. Lekin «Jip»larda yashash uchun zarur ko'p narsalar bo'lsa kerak. Hoynahoy, ovchilar hamma ashqol-dashqollarini o'zlari bilan birga toqqa olib chiqishmagandir.

Yigirma daqiqacha yotganimdan so'ng o'rnimdan turib, pastga tusha boshladim.

Yarim soatcha yurganimdan so'ng qandaydir ovozlar eshitildi. Ayollarniki. Avvaliga hayron bo'ldim. Keyin nimalarnidir tushundim. Albatta, boshqacha bo'lishi mumkinmi? Kazo-kazolar, boy-badavlatlar maishatni hech qachon yarimta qilmaydi. Butun bo'lishini tusashadi ular.

Ehtiyotkorlikni unutmagan holda yo'limda davom etdim. Tobora baqir-chaqir, qiy-chuv yaqqolroq eshitila boshladi. Qizig'i, umuman erkak ovozi yo'q edi. «Nahotki anavi amaldor boyvachchalar ojizalarning o'zlarini qoldirgan bo'lishsa», deb o'yladim. Ammo unday emas ekan. Avvalo, qo'riqchiga duch keldim. O'ziyam qo'riqchimisan qo'riqchi ekan. Xurrakni otib uxlab yotibdi. Kim kelyapti, kim ketyapti, umuman sezmaydi. Menimcha, bu ham obdan «tortgan» bo'lsa kerakki, ko'zi tinib uxlab qolgan.

Uning yonidan sekin o'tdim. Va… Va tilim ojiz, to'g'risi. Shaytonlar ham bunday qilmasa kerak. Bitta erkak  bittasi bilan… To'rtta  ketvorgan juvon, shaytonning ishi avjiga chiqqan joydan o'n qadamcha pastroqdagi yalanglikda, dasturxon atrofida bilgan ishlarini qilishyapti. Ular qariyb kiyimsiz edi. Ularga qarab turib, odam zoti kezi kelganda hayvondan ham battar bo'lishi xayolimdan o'tdi. Voy bo'y-o'-o'y! Nazarimda qo'riqchi ham bekorga qo'yilmaganga o'xshadi. Agar tepada qo'llari bog'liq holda yotgan kazo-kazolar manavilarni, ayniqsa, anavi «ot o'yini» qilayotganlarni ko'rib qolsa bormi, naq peshonalaridan otib tashlashadi. Aslida, o'zlarining ishratlari uchun olib kelishgan anavi beshta satangni. Ular esa… Ey-y, battar bo'lishmaydimi? Menga nima? O'zi shundoq ham muammom boshimdan oshib yotibdi. Lekin… Lekin Xudoning oldida nima deyman? «Indamay, o'zingni o'ylab o'tib ketding, birorta chora ko'rmading. Holbuki, bekorga odam qiyofasiga kirgan iblislarni senga duchor qilmagandik», deyishsa nima deb javob beraman.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (38-qism)

 

 

 

loading...