Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (42-qism)

0

Shu qilig'i bilan u professional emasligini sezdirib qo'ydi. «Usta» mutlaqo ortiqcha harakat qilmaydi. Bargning salgina shitirlashi, vaqtning o'tishi uning uchun juda katta ahamiyatga ega.

Men uning chalg'iganidan foydalanib, ikki dumaladim-da, tanasi quchoqqa sig'maydigan daraxtning ortiga o'tib oldim. Ana shu yerda omad meni kutib oldi. Daraxtning orti enish ekan va men umuman boshqa joyga o'tish imkoniyatim borligidan xursand bo'ldim. Xursandchiligim shunchalik ediki, yelkamning og'rig'ini bir lahzaga unutdim.

Avval pastga sirpanib tushdim va oyog'imning uchida yugurdim. Qiyalik, qorong'ilik va daraxtlar yugurishimni qiyinlashtirardi. Biroq aslo to'xtashning imkoni yo'q. Xayolimga yashin tezligida kelgan rejani sovimasdan burun ado etishim lozim edi.

Men raqibning orqa tomoniga o'tib olganimdan so'ng yerga yotdim-da, uni qidirdim va darrov topdim. Ikkinchi dushman boshini biroz ko'targan va miltig'ining durbinidan boya men turgan joyni ko'zdan kechirardi. Kallavaram, nahotki mening dumalab, daraxt ortiga o'tganimni ko'rmay qolgan bo'lsa. Menimcha, bu yigitchani shunchaki o'ldirib yuborish uchun jo'natishgan bo'lishsa kerak. Birinchidan, tayyor o'ljani aniq nishonga ololmadi. Ikkinchidan, birovlarga xabar beraman, deb ehtiyotkorlikni unutdi. Shuning bilan birga meni qochirib yubordi. «Qorong'ilik tushdi. Endi durbining foyda bermasov», deya ko'nglimdan o'tkazdim-da, navbatdagi raqibning qurolini nishonga oldim va tepkini bosdim. Qorong'ilik xalaqit beradimi, deb qo'rqqan edim. Lekin menimcha, mo'ljalni aniq oldim. U miltig'ini tashlab yubordi-da, ikki marta dumalab orqasini yerga bergancha men tomonga qaradi. Uni juda sinchkovlik bilan poylash shart emas edi. Shundoq ham butun tanasi ko'rinib turibdi. Masofa ham olis emas. Peshonasi va yoki qo'ksidan bemalol darcha ochib qo'yish mumkin. Biroq men bunday qilishni istamadim va qochib ketmasligi uchun sonidan jarohatladim. Keyin dushman tipirchilab qolganidan foydalanib, yoniga bordim.

Tun chirog'imni yoqdim-da, uning yuziga qaratdim. Xuddi o'ylaganimday, u shu yaqin atrofning yigiti ekan. Ko'zining qisiqligi, bug'doy rangligi shundan dalolat berib turardi.

Men avtomatimning zatvorini tortib, qo'yib yubordim. Bitta o'q yerga tushdi. Uning o'rniga boshqasi joylashdi.

— Iltimos, meni o'ldirma, — dedi u qo'llarini men tomonga cho'zib.

— Nega endi? Sen o'ldirish uchun kelgansan-ku!

— Yo'q, men o'ldirgani emas, seni tutishga kelganman.

— Bunisiga ham ko'naveraman. Kamaringni yech.

— Nega? — deya hayron bo'ldi u.

— Sen qilmoqchi bo'lgan ishni qilaman. Bo'l tez! Vaqtim yo'q. Yo'qsa, basharangni ikkiga ajratib ketaman.

U bir amallab buyrug'imni bajardi. Qiynaldi. Afti bujmayib ketdi. Azbaroyi o'ldirib qo'yishimdan qo'rqib, aytganimni qildi. Axir unaqa-bunaqa emas, butun boshli o'q oyog'iga tekkan. Xuddi shu narsani hozir o'zim his etib turibman. Yelkam zirqirab ketyapti. O'kirib yuborgim kelyapti. Lekin tishimni-tishimga bosib chidayapman.

Uning yuzini yerga qaratib yotqizdim. So'ng qo'llarini orqasiga qilib, chandib bog'ladim va yoniga o'tirdim-da, hali-hamon zirqirayotgan yelkamni siladim. Keyin uning yelkasiga qo'limni qo'yib:

— Qalay yotibsan? — dedim.

— Bundan battari bo'lmaydi. Oyog'im og'riyapti. Chidolmayapman.

— Men seni tushunaman, og'ayni. Chunki mening yelkam ham sening oyog'ingdan kam og'rimayapti.

— Hech qursa o'girib qo'y, yerga termilmay, — dedi u yig'i aralash.

— Mana bunisini bajo keltiramiz.

Uni o'girdim va yuziga chiroq tutdim. Haqiqatan ham, yig'layotgan ekan. Ko'zidan duv-duv yosh oqmoqda.

— Yaramas odamsan. Ko'rdingmi, og'riqning qanaqa bo'lishini! Sen bo'lsang, meni ana shunday ko'yga solishni niyat qilib kelgansan!

— O'z-o'zimdan kelmadim. Tog'da sakkizta odamning kallasini olgan. Shulardan ikkitasi bolalar, deyishdi menga.

— Kim?..

— Bitta odam shunday deb keldi. Tanishim. Maxsus xizmatda birga bo'lganmiz.

— Bundan chiqdi, davlatning odamlari killerlik ham qilarkan-da? — dedim achchiq jilmayib.

— Men davlatning odami emasman. Bir yil bo'ldi, ishdan haydashganiga, — dedi u va ingradi.

— Obbo, chatoq ekan-ku bu yog'i, qani davom et-chi, keyin nima bo'ldi?

— «Biz borsak, shov-shuv bo'lib ketadi. Ikkita davlat bir-biri bilan kelishmay qoladi. Shunga manavini ol-da», deb qo'limga o'n ming «ko'ki»dan berdi. Pulga zoriqqan paytim edi. Oldim. So'ng anavi chet eldan kelgan haqiqiy killerga qo'shib qo'ydi. Koordinat berishdi bizga. «Iloji bo'lsa, tiriklay tutib kelinglar, bo'lmasa, o'ldiringlar», deyishdi. Lekin xorijlik toqqa yetib kelishimiz bilan «Sen o'zing harakatingni qil, men yonimda sherigim bo'lishini xohlamayman», dedi. Keyin ajrashdik.

— Ammo og'ayni, senga juda oz pul berishibdi. Chunki sherigingga ikki yuz ming va'da qilishgan ekan. Menimcha, u pulning bir qismini oldindan olgan bo'lsa ham kerak.

— Endi meni hech narsa qiziqtirmaydi, insof qilsang-chi, biror dori-pori ber. Jonim chiqib ketay, deyapti.

— Buni qara-ya. Sen meni o'ldirish niyatida bo'lsang-u, men sening dardingga malham bo'laymi?

— Aytdim-ku, hammasidan kechdim, deb. Hech qursa, yuk qopimni ochib, ichimlikdan ber. Harna, og'riqqa chidashimga yordam bo'ladi.

— Eh, ko'ngilchanligim qolmadi-qolmadi-da, — deb uning qopini kavladim va aytgan idishini topib, suvdonning og'zini ochdim.

Birdan yarmini ichib yubordi u. Men yerdan barg yulib olib, uning og'ziga tutdim. U chuqur hidladi. So'ng kerakmas dedi.

— Ana endi o'rningdan tur, — deb uning qo'lidan ushlab ko'tardim.

U turishga qiynaldi. Har qalay oyoq qo'l emas-da. Uni xorijlik yotgan joyga olib bordim. O'tqizdim.  Keyin:

— Adashmasam, sen qaergadir qo'ng'iroq qilib, manzilingni aytding. Ular kelishadi va seni, albatta, olib ketishadi, — dedim.

U boshini egib, xo'rsingach:

— Hammasi rasvo bo'ldi. Xotinim kasal edi. Germaniyada operatsiya qildirishim kerak edi. Endi u o'ladi, — dedi.

— Xo'p, men nima qilishim kerak? O'zimni o'ldiraymi? Yoki rosa qiynoqqa solib, undan so'ng jonimni sug'urib olishlari uchun qo'lga tushaymi? Nima qilay?! — dedim jahl bilan.

Ana shu payt yelkam zirqiradi. Yomon zirqiradi, ammo tishimni-tishimga bosdim. Hattoki manavi asirning basharasiga musht tushirib yuborishimga sal qoldi.

So'ng miyamga boshqa fikr keldi va men murdaning cho'ntaklarini kavladim, undan so'ng uning qopini ham. Naqd ellik ming dollar bor ekan. Hammasini asirga berdim.

— Xotining o'lmaydigan bo'ldi. Buyurtmachilar pullarini qaytarib olishgan taqdirda ham sen bemalol xotiningni davolatib olasan, — dedim hamda qurollarning barini, shuningdek, kechasi ham atrofni ko'rish imkonini beruvchi ikkita asbobni olib, tog'ning tepasiga ketdim. Ataylabdan shunday qildim. Anavi yarador shu yoqqa ketdi, deb o'ylasin, dedim. Ikki-uch yuz qadamcha yurganimdan so'ng o'n tomonga qayrilaman. U yog'iga Xudo poshsho.

Kechasi ham atrofni qariyb kunduzgidek ko'rsatadigan asbobni boshga kiyib olsa ham bo'ladi.  Bemalol ketyapman. Biror shoxga urilib ketmayman. Yiqilmayman. Qaer pastlik, qaerda o't-o'lan ko'p, hammasini ko'rib boryapman. Bundan ham quvontirgani, uzoqlashib olganimda so'ng qulayroq bir joy topaman-da yaxshilab qornimni to'yg'azib olaman. Ovqating yo'q edi-ku, demoqchimisiz? Endi bor. Yahudiy bilan asirning qopidagi hamma yeguliklarni olib qo'ydim. Endi ularga ovqatning keragi bo'lmaydi. Bittasini olib ketishadi. Ikkinchisini, balki, shu yerning o'zigayoq ko'mib tashlashar. To'g'ri-da, uni u yoqdan-bu yoqqa ko'tarib nima qilishadi? Bekorga boshlariga bitgan balo bo'ladi.

Kutilgan joyga yetib olganimdan so'ng hali aytganimday, ovqatlanish uchun o'tirgan edim hamki, vertolyotning varillagani eshitildi. Shu zahoti ovqatni ham unutib, tungi moslamani taqdim-da, tovush kelgan tomonga qaradim. Oldiniga hech vaqo ko'rinmadi. Keyin «temir ninachi»ning chiroqlariga ko'zim tushdi. Qo'l siltadim va qopdan yeguliklarni oldim-da, yerga qo'ydim. Biroq ularni yeyishdan oldin spirtdan ozroq yaramga quydim. Achishdi. Sal qolsa, baqirib yuborayozdim. Bundan oldin ham zo'rg'a chidayotgandim. Juda g'alati og'riq, yurak urish ritmi bilan bir xilga o'xshaydi. Lo'q, lo'q, lo'q…

Og'riq biroz ortga chekinganday bo'lgach,  vertolyot tomonga qaradim. Qo'nmadi u. Qo'nolmaydi. Daraxtlar xalaqit beradi. Ammo kelganlar ipli narvon bilan yerga tushib olishi ham mumkin…

Shunisi aniqki, ular meni bu zimistonda qidirishmaydi… Qornim ochqagani bezovta qildi. Albatta, og'riq biroz bosilganidan so'ng. Og'rimayotgan qo'lim bilan amallab go'shtli konservani ochdim. Maza qilib yedim. O'sha paytda ovqatdan boshqa hech nimani o'ylamadim.

Yana tuman. Hamma yoq oppoq. Havo muzday. Lekin mening peshonamdan ter chiqqan. Og'riq kuchaygandan-kuchaymoqda. Shifokor ko'rishi kerak. Balki, o'q qolib ketgandir. Agar uni olib tashlamasa, ahvolim chatoq. Qiziq, doktorni o'ylayapmanmi? Shu tog', o'rmonda-ya?! Xo'p, bu yerlardan tekislikka ham chiqib oldim, deylik. Lekin doktor bor joy kim qaerda? U yoqqa yetib olgunimcha bir yoqli bo'lishim aniq.

Garchi o'zimga-o'zim qasam ichgan esam-da, yana ichimlikdan yutdim. Ha, tong sahardan shunday qildim. Chunki og'riq qiynab yubordi.

Tog'ning tepasiga chiqdim va durbin bilan hammayoqni kuzata boshladim. Birdan yurak urishim tezlashdi. Chunki turgan joyimdan bir-ikki tosh naridagi bitta uychaga ko'zim tushdi.

— Peshonasiga, — dedim g'azab bilan, — miltiq tirab bo'lsa ham yaramni bog'lab qo'yishga majbur qilaman! U yog'i nima bo'lsa-bo'lar!

Shosha-pisha ketib borarkanman, miyamda shu o'ydan boshqa hech narsa yo'q edi. Hattoki ikki-uch marta sirpanib yiqilib tushdim, bir marta dumalab ketishimga oz qoldi. Biroq shunda ham ana shu o'y xayolimni tark etmadi.

Qarasam, qurollar, ryukzak og'irlik qilyapti.

— Nima qilib bularni ko'tarib yuribman?! Biron joyga tiqib, belgi qo'yib keyinroq kelib olib ketarman! — dedim o'zimga-o'zim.

Qarangki, zo'r kelsa odam o'zi bilan o'zi gaplashishga o'tarkan.

Shunday ham qildim. Bitta avtomat va ryukzak qoldi. Hozircha shu ham menga yetadi.

Uycha yaqinda ko'ringan edi. Ammo qancha yurmay, yetolmayapman. Borgan sari manzil uzoqlashib ketayotganday. Buning ustiga boshim aylana boshladi. Ko'zim tinyapti. Sen zo'rsan, sen eplaysan, deya bir necha marta o'zimni-o'zim ruhlantirdim. Lekin bu ruhlantirish ham oz masofaga yetdi… «Og'riqni sezmayapman. Umuman sezmayapman. Balki, uychaga bormasammikin», deya o'yladim va yurishdan to'xtadim. U yog'ini eslolmayman. Ortimga o'girildim. Shunda birov yuzimga urdi. Yoki boshimgamikin? Ishqilib, bilmayman. Bilganim, yerga qulab tushganim…

Yuzimga qandaydir issiq narsa tegdi. Suvga o'xshaydi. Lekin suv bu yerlarda muzday bo'lishi kerak. Ha, xuddi shunday. Yoz oxirlab bo'ldi. Shundoq ham buloqning suvi muzday edi. Endi battar sovigan bo'lsa kerak. Balki, istimam judayam yuqori bo'lib, muzday suv issiq tuyilayotgandir. To'xta, men yiqilgan joyda hech qanaqangi suv yo'q edi. Bo'ldi, dumalab ketganman. Soygacha…

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (40-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (41-qism)

 

 

 

loading...