AQSh Rossiya bilan qurol savdosiga taqiq qo'ydi

0

AQSh Rossiyani qurol savdosi butunlay taqiqlangan mamlakatlar ro'yxatiga kiritdi. Bu haqda Davlat departamentining saytida e'lon qilingan hujjatga tayanib, «Korrespondent.net» xabar berdi.

Tegishli qaror 18 martdan kuchga kiradi.

«Qo'shma Shtatlar siyosati Rossiya uchun mo'ljallangan mudofaa texnikalari va mudofaa xizmatlari eksporti uchun litsenziyalar yoki boshqa ruxsatnomalarni berishni rad etishdan iborat», — deyiladi hujjatda.

Davlatlarning kosmik sohada hamkorligi doirasidagi operatsiyalar va 1 sentyabrgacha tijoriy kosmik parvozlar uchun istisnolar mavjud.

Rossiyadan tashqari, ro'yxatga Afg'oniston, Markaziy Afrika respublikasi, Kipr, Kongo demokratik respublikasi, Eritreya, Iroq, Livan, Liviya, Somali, Janubiy Sudan va Zimbabve davlatlari ham kiritilgan.

Bundan tashqari, AQSh Savdo vazirligi Aleksey Navalniy tufayli Rossiyaga eksport cheklovlarini kengaytirish to'g'risida xabar berdi va 18 martdan boshlab Rossiyaga qarshi yangi savdo cheklovlarini joriy qildi.

Ma'lumot uchun, 2 mart kuni Evroittifoq va AQSh Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov, Tergov qo'mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov va Jazolarni ijro etish federal xizmati direktori Aleksandr Kalashnikov sanksiyalar ta'siriga uchradi. Ularning Yevroittifoqqa kirishi taqiqlanadi, shuningdek, ularning Yevroittifoq hududidagi aktivlari muzlatib qo'yiladi.

«AQSh davlat kotibining 2021 yil 2 martdagi Rossiya hukumati o'z fuqarolariga qarshi kimyoviy yoki biologik qurol ishlatgani to'g'risidagi xulosalariga muvofiq, Sanoat va xavfsizlik byurosi Rossiyaga eksport bo'yicha cheklovlarni kengaytiradi», — deyiladi hujjatda.

Shu munosabat bilan, 18 martdan milliy xavfsizlik masalasi sababli, nazorat ostida bo'lgan buyumlar eksportining litsenziyalari uchun arizalarni ko'rib chiqishda «rad etish prezumsiyasi» amalda bo'ladi.

Navalniy ishi bo'yicha «qora ro'yxat»ga 14 ta tashkilot kiritilgan. Ular 13 ta tijorat kompaniyasi (9 tasi Rossiyada, 3 tasi Germaniyada, bittasi Shveysariyada) va Rossiyaning davlat tadqiqot instituti.