«Faridaning ikki ming qo'shig'i» filmidagi Robiyaning prototipi kimdan olingan?

0

«Faridaning ikki ming qo'shig'i» – premyerasi katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan, hali katta ekranlarda namoyishi boshlanmay turib xalqaro mukofotlar laureatiga aylanishga ulgurgan omadli film.

Film har tomonlama yutuqlarga boy kinokartina sifatida yaratilgan. Liboslar, qahramonlar tanlovi, suratga olish joylari, xullas «a'lo» baho qo'yishga arzigulik jihatlari ko'p. “Faridaning ikki ming qo'shig'i” filmida o'tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko'rsatgan ta'siri bir oila misolida ochib beriladi. Yuz berayotgan voqea-hodisalarga e'tibor bermay, odamlardan narida uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil  beshinchi bor uylanadi (xotinlarining biri zanjirband qilingan holda alohida yashaydi). Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bog'liq ba'zi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda bo'lishiga sabab bo'ladi.

Filmda ayollar obraziga alohida to'xtaladigan bo'lsak, 5 aktrisa 5 qahramonni mahorat bilan ijro qilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, tarixda filmdagi kabi real voqea sodir bo'lgan ekan. Zaynab, Zohida, Zebo nomlari bilan mashhur bo'lgan razvedkachi ayol Mayna Hasanovaning taqdiri film qahramonlaridan biri Robiyaning qismati bilan o'xshash. Mayna Hasanova kambag'al dehqon oilasida tug'ilgan, Qizil Armiya janglarida qatnashgan, degan ma'lumotlar mavjud. Uni Buxoro amirining beklaridan biriga xotin qilib uzatishadi. Qiz majburiy nikohdan o'tib, erining uyida kundoshlari bilan birga yashaydi. Xuddi filmdagi kabi u o'z erini o'ldiradi. Qizil Armiyada xizmat qilib, bosmachilarga qarshi kurashgan Maynani 1922 yil dushmanlar qo'lga tushirib, chap qo'li, ko'kraklari va tilini kesib tashlashadi. U umrining davomini olgan jarohatlarini davolash bilan o'tkazadi.

Mayna Hasanova hayoti va ko'rsatgan jasorati bilan bog'liq she'rlar bitilgan, asarlar yozilgan, musiqiy drama yaratilgan hamda badiiy film ishlangan. Hattoki, 1970 yil rassom Medat Kagarov tomonidan uning uchun alohida galereya tashkil etilgan.  1980 yil «O'zbekfilm» studiyasi tomonidan Mayna Hasanova jasorati haqida hikoya qiluvchi «Afsonadagi qiz» («Devushka iz legendы») filmi suratga olinadi. Unda Mayna Hasanova rolini aktrisa Shoira Tursunboyeva ijro qilgan. Filmda yana rollarni Hamza Umarov, Javlon Hamroyev, Rashid Malikov, Baxtiyor Ixtiyorov, Zikir Muhammadjonov, Razzoq Hamroyev va boshqalar ijro qilishgan.

loading...