Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (57-qism)

0

Gazak qilganimizdan so'ng bugungi voqeani Qayratga aytdim. Shunga majbur edim. Chunki bu yerning «ob-havosini» bilishim shartda.

Mehmon mening gaplarimni jiddiy turib eshitdi-da:

— Hech qaeringga hech nima qilmadimi? — deya so'radi peshonasini tirishtirib.

— Yo'q. Aftidan, kimga duch kelganlarini bilishmadi.

— Afsuski, — deya boshini chayqadi Qayrat, — shunaqa bitta maraz guruh bor. Orqasida bitta boyvachcha turibdi. To'rt marta «o'tirib» chiqqan. Shu atrofning amaldorlarini sotib olgan. Lekin umri qisqa. Allaqachon ular haqida Ostonaga xabar ketgan. Yaqin kunlarda «bosishadi». Ammo ularning sizlarga duch kelishi mumkinligini o'ylamagan ekanman. Men bir-ikkitasiga aytib qo'yaman, boshqa sizlarning yo'lingizni to'sishmaydi. Ammo boplabsan. Kimdir mana shunaqa qilib tazirlarini berishi kerak edi! — deb Qayrat o'rnidan turdi-da, yelkamga qoqib qo'yarkan, go'sht qovurish bilan ovora bo'lgan Navbahorga, — kuyov bola bir ko'rgandayoq menga yoqib qolgandi. Haqiqiy erkak bu! — deya maqtab qo'ydi.

— Men sizlar tomonga o'n vagon un jo'natyapman. Savdogarlaring zo'r ishlayapti, — dedi idishlarni yana to'ldirarkan Qayrat.

Xayolim birdan buzildi. Axir un deb butunlay boshqa narsani tushunadigan bo'lib qolganmanda. Ammo darrov xayolimni haydab soldim. Chunki men o'ylagan narsa vagonlab tashilmaydi.

— Ha, ilgari ham do'konlarda ko'rganman, — deya Qayratning aytgan gapi menga qiziqligini bildirdim. Vaholanki, savdogarlikka umuman qiziqmayman.

— Ularga mening umuman aloqam yo'q. Yaqinda bittasi chiqib qoldi. Janubga olib ketarkan. Xo'sh, o'zing bundan bu yog'iga nima qilmoqchisan? — deb qo'liga idishni oldi Qayrat.

— Bir-ikki oy shu yerda yashab tursam kerak. Navbahor bilan birga qiladigan ishlarimiz bor.

— Bir-ikki oy dema, mana shu uy sizlarga mendan sovg'a, bir-ikki oy yashaysanmi, o'n yil yashaysanmi, farqi yo'q. Bir marta ham qaytarib olishni so'ramayman, — dedi Qayrat va ichmoqchi bo'lganini ichib yubordi.

— Unda yana bitta yordamingiz kerak bo'ladi, — dedim uning yuziga termilib.

— Bemalol, pul ham berib turaman, — deb kesilgan pomidorni oldi Qayrat.

— Olmoqning bermog'i bor. Boshpana berib turganingizning o'zi biz uchun juda katta muruvvat. Ammo pul masalasida boshqacha, — deya qo'limdagi idishni dasturxon ustiga qo'yib, yotoqxonaga ketdim.

Endi bu yog'i tavakkal. Yo ostidan, yo ustidan. Ryukzagimdan ikki dona tillani oldim-da, cho'ntagimga solib qaytib keldim va boya qoldirgan idishimni olib, ichidagini ichdim. Ana shundan so'ng cho'ntagimdagilarni Qayratning oldiga qo'ydim.

— Nima bu? — dedi u hayron bo'lib.

— Tog'da yurganimda tasodifan topib oldim. Judayam eski. Tilla, — deya javob qaytardim.

— Yo'g'-e! Nahotki tog'da shunchaki yotgan bo'lsa?! — deya u tangalardan birini oldi-da, u yoq-bu yog'ini ag'darib ko'rgach, so'radi: — Tillaligini qaerdan bilding?

— Ana, ko'rinib turibdi-ku. Keyin to'qson to'qqizu to'qson to'qqiz.

— Dahshat-ku. Birinchidan, qadimiy bo'lgani uchun ham, agar bu temir bo'lganda ham osmon narxida hisoblanardi. Lekin bu tilla. Endi shoshma.

Qayrat tangani sherigining yoniga qo'ydi-da o'rnidan turdi. So'ng:

— Tekshirib ko'rish kerak, — dedi.

U shosha-pisha tashqariga chiqib ketdi. Shunda men Navbahorga:

— Bekor qildimmi? — dedim.

— Qayrat ishonchli odam. Har qalay, ilgari shunday edi. Keyin bilmayman qanaqa bo'lib o'zgargan. Qilmoqchi bo'lgan ishingizni qilib bo'ldingiz. Bu yog'i peshonadan, — deya ayolim yonimga kelib sochimni siladi.

Men esa idishdagini yana kamaytirdim. Navbahor qilig'imdan norozi edi. «Iltimos, kamroq bo'lsin», dedi u.

Qayrat ko'p kuttirmadi. Uning qo'lidagi shisha idishda qandaydir suyuqlik bor edi.

— Nima bu? — deya so'radim undan.

— Kislota. Doim o'zim bilan olib yuraman. Kerak bo'lib qoladi-da. Mana, hozir ham zarurati tug'ildi, — deb keltirganini kosaga soldi.

So'ng kosaning ichiga tangalardan bittasini tashladi.

Oradan hech qancha o'tmadi. Tanga shunaqa yaraqlab ketdiki, u yoq-bu yog'i yo'q.

Kislotani to'kib, tangani yaxshilab yuvgach Qayrat uni qo'liga olib, chiroqqa tutdi-da, ko'zini qisib unga tikilarkan:

— Ko'zlarimga ishonmayman. Umrimda bunaqasiga duch kelmaganman. Tozaning tozasi, — deya yuzida tabassum bilan menga qarab, — o'n ming «ko'ki»da beraman sotdingmi? — dedi.

— Aslida, tekinga berishim kerak edi, — deb stulga o'tirdim men.

— Yo'q. Tekini bo'lmaydi. Shu kungacha hech nimani tekinga olmaganman. Tekin meni teshib chiqadi.

— Lekin sen ham uyingni menga tekinga berib qo'yibsan-ku.

— Senga emas, Navbahorga berdim. Navbahorning kim bilan yashashi esa o'zining ixtiyorida. Sizlarga hozir pul suv bilan havodek zarur. Besh-olti mingni shundog'am so'raganingda berardim. Lekin sening ham olging yo'q. Ikkala tanganga yigirma ming beraman. Yo ko'proq so'raysanmi? — deya Qayrat menga tikildi.

— Sen narxini qo'yib bo'lding. Men rozi.

— Ana bu gap boshqacha bo'ldi, — deya Qayrat shosha-pisha tangalarni cho'ntagiga soldi-da, — ikkita yotgan joyda uchinchisi yo'qmikin? — deb so'radi.

Ana endi men tuzoqqa tushdim. Sababi, hech qachon yolg'on gapirmaganman. To'g'ri, yolg'on ham ilgari ozmi-ko'pmi bo'lgan. Lekin o'sha yolg'onlar Qayratga o'xshaganlarga nisbatan ishlatilmagan.

— Boshimni qashlasam maylimi? — deya kuldim.

— Bo'ldi, tushundim. Qani, shuning uchun…

Biz qadahlarni yana bir martadan bo'shatdik.

Navbahor qovurilgan go'shtni laganga solib, stolning o'rtasiga qo'ydi.

— Endi o'zing ham o'tir, — dedi unga Qayrat.

— Sizlarga xalaqit berib qo'yaman. Men, yaxshisi…

— Qo'y u gapingni, singlim. Bizning oramizda qariyb sir qolmadi. Har qanday ovqat egasi bilan shirin. Qani o'tir. Endi men senga aytsam, eringni ko'rganim zahoti uni o'zimga ishga olmoqchi bo'lgandim. Yonimda yuradi, deb. Hozir shu qarorim noto'g'ri bo'lmaganiga ikki marta iqror bo'lib turibman. Chunki ikki mashina ko'cha bezorisini bir o'zi hal qilishi oson gap emas. Bunaqa yigitlarni kunduzi chiroq yoqib ham topib bo'lmaydi, — dedi Qayrat ayolimning gapini bo'lganidan so'ng.

— Menimcha, ular mast bo'lsa kerak-da, — dedim noqulaylikdan chiqish uchun.

— Yo'q. Ming mast bo'lgan taqdirda ham o'n kishiga bas kelishning o'zi bo'lmaydi.

— Taklif zo'r. Lekin men ishlarimni oxirlataveray-chi, ana undan keyin gaplashamiz. Hozircha esa buning imkoni yo'q.

— Bo'ldi. Buyam javob, — deb Qayrat laganga qo'lini uzatdi.

Ovqat nihoyatda xushxo'r ekan. Maza qilib yedik. Hattoki biroz kamlik qilganday tuyuldi. Shundan keyingina Qayrat uyiga ketdi. U ketdi-yu, xayolim butunlay buzildi.

«Nima qilib qo'ydim. Boshimga yana bir tashvish orttirib olmadimmi? Boylik har qanday odamni o'zgartirib yuboradi. Izdan chiqaradi. Bo'riga,   yirtqichga aylantiradi. Qayrat menda yana oltinlar borligini bildi. Endi u tinch uxlarmikin?» degan o'y miyamni parmalay boshladi.

«Yo'q, baribir, noto'g'ri ish qildim. Hovliqmaligim… Men bu «xislatim»dan allaqachon qutulganman, deb o'ylardim. Ammo mana, yana qovun tushirdim. Qarz olib, keyin oradan bir qancha vaqt o'tkazib, ketar chog'im shu tangalardan ikkitasini uning o'ziga pullab qarzimdan qutulsam bo'lardi-ku. Qayratning menga jismoniy tazyiqidan qo'rqmayman. Ammo endi yonimda Navbahor bor…»

— Sizga nima bo'ldi? — dedi Navbahor chiroqni o'chirganimizdan so'ng. — Nega xomush tortib qoldingiz? Yoki pulni olib kelmaydi, deb Qayratdan xavotir olyapsizmi?

Men kuldim va uning sochlarini kaftimga oldim-da:

— Hech qachon pulga o'ch bo'lmaganman. Otam yoshligimda «Sen pulning orqasidan quvma, baribir, yetolmaysan. Pul sening orqangdan quvsin. Boylik, aslida, chiroyli, nozlari osmon bo'lgan qizga o'xshaydi. Unga qancha e'tibor bermasang, senga bo'lgan qiziqishi shunchalik ortadi. Qarabsanki, o'zi oyog'i bilan kelaveradi», degan, — dedim.

— Imm, hali shunaqami? Bundan chiqdi men ham… Ha-a, to'ppa-to'g'ri, menga befarq edingiz. Men sizga talpinganman.

— Obbo, senga bir gap aytib bo'lmaydi. Sening bunga umuman dahling yo'q. Men boshqa narsa haqida gapiryapman. Xullas, aytmoqchimanki, Qayrat o'sha ikkita tanganing pulini olib kelmasa ham roziman. Bizga uyini topshirib qo'yibdi. Shuning o'zi pulni bergan hisoblanadi. Xavotirim boshqa narsadan, — dedim-da, shiftga o'girildim.

— Nimadan? Ichimni qizdirmasdan ayting!

Endi Navbahorning nozik barmoqlari mening sochimni silay boshladi.

— Oltin o'ta ketgan yaramas narsa. Istalgan odamni izdan chiqarib yuborishi mumkin. Agar Qayratning xayoli buzilib qolsa, ana undan keyin nima bo'ladi? Mana shu narsa meni o'ylantiryapti.

— Yo'g'-e, uning ko'zi to'q. Katta-katta boyliklarni ko'rgan. Menimcha, xayoli buzilmas. Yanayam bilmadim. Lekin sizda har tomonlama kuch bor-ku. To'siqlardan oson o'tib ketasiz. Men doim yoningizda bo'laman. Endi ko'zingizni yuming. Uxlang. Ertaga yangi kun boshlanadi.

U topdi. Topa oldi. Mening ko'nglim salgina bo'lsa-da, ko'tarildi va ayolimning aytganini qilib ko'zimni yumdim. «Ket, bemaza, tuturuqsiz xayollar. Dunyo keng, o'lmasang, bir joyiga sig'ib ketaverasan», dedim o'zimga o'zim.

Qayrat ertalab keldi. Men uning aft-angorida biror o'zgarish bormikin, deya unga qaradim. Biroq shubhalarim puchday edi.

U pulni berdi va cho'ntagidagi tangani chiqarib, «Buni bir joyda sotaman. Sen menga arzon berding. Kamida uch barobar qimmatiga pullayman, bo'pti, yaxshi qolinglar», deya chiqib ketdi.

Biz peshinga yaqin kompyuter markaziga bordik. Navbahor bitta kompyuter ro'parasiga, men boshqasining qarshisiga o'tirdim.

Navbahor oldin sayt yaratdi. Keyin xaritani «sputnik» orqali olgach:

— Hamma yoq qor bo'lgani uchun yo'lni aniq ajratib bo'lmas ekan, — dedi.

— Aniq bo'lishi shart emas. Umumiy qilib ber.

«Giyohvand moddaning uzun yo'li» deya sarlavha qo'ydik va saytga joylashtirdik. So'ng uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdik-da,   uyga qaytib keldik. To'g'risi, nonushta qilmagandik. Vaqt hozir peshindan o'tdi, tushlik ham esga tushmayapti. Bir-bir qorin ochqab qo'ydi. Ammo e'tibor bermadim. Navbahor ham shunday qilgan bo'lsa kerak. Chunki qilayotgan ishimiz shunchalik zarur va shoshilinch ediki, bunaqangi paytlarda ovqat orqaga surilib ketaveradi.

Navbahor o'zining eski raqamidan saytga kirib ko'rdi. Dahshat, shu qisqa muddatda o'n mingdan ziyod odam kirib ko'ribdi. O'qibdi. Hattoki besh yuzdan ortiq mulohazalar yozilibdi.

— Ana, ko'rdingizmi? Albatta, natijasi bo'ladi! — dedi Navbahor quvonib.

Uning eski telefon raqami yoqilganidan keyin ketma-ket SMS kela boshladi. «Qaerdasan, javob ber!», «Tirikmisan?», «Men Qobilman!», «Nega jim bo'lib ketding?!»
«Uyingga borib keldim!»

Xabarlarni o'qishim bilan yuragim gupirlab urdi.

— Qo'ng'iroq qilish kerak! — dedim shoshib.

— Ha, o'rtog'ingiz rosa qidiribdi sizni. Lekin boshqa simkarta olaylik. Bitta raqamdan qo'ng'iroq qilaversangiz bo'lmaydi, — dedi Navbahor.

Men shosha-pisha k
iyina boshladim.

— Qayoqqa, pasportingiz yo'q-ku, sizga berishmaydi. Men o'zim borib kelaman, — dedi Navbahor.

— Yo'q, sening bir o'zingni qo'yib yubormayman, birga boramiz.

Biz avval ovqatlandik. Keyin ko'chaga yo'l oldik.

Mening e'tiborim yo'l yoqasidagi ustunlarga yopishtirilgan rasmga tushdi. Borib qarasam, o'zimniki, harbiy kiyimda tushgan rasmim. «Qidirilmoqda. Ashaddiy jinoyatchi!» deb rus tilida yozib qo'yilgan. Etim muzlab ketdi. Darrov kishi bilmas yon-atrofimga qarab oldim-da, paltomning yoqasini ko'tardim. «Endi umuman ko'chaga chiqib bo'lmas ekan», degan o'y o'tdi xayolimdan.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (40-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (41-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (42-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (43-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (44-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (45-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (46-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (47-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (48-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (49-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (50-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (51-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (52-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (53-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (54-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (55-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (56-qism)