Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (63-qism)

0

Kutilmaganda ko'zim motorli qayiqqa tushdi. Uni hech kim boshqarmayapti. Po'rtana oqizib kelyapti uni. Buning ustiga, unchalik ham uzoqda emas. Bir qo'limda bolakay, ikkinchisi bilan suzib, qayiqning yoniga bordim. Ushladim. Uni o'zimga tortib, biroz engashtirdim-da, ustiga bolakayni chiqardim. «Shalop» etdi. Suv bor ekan. Qo'rqib ketdim va bor kuchim bilan sakradim. Boshqa payti, boshqa sharoitda hech qachon bunday qilolmasligim aniq, agar g'oyibdan kuch kelmasa. O'zimni o'nglasam, qayiqdaman. Chaqaloq ozgina suvda yuztuban tipirchilayapti. Jon alfozda uni ko'tarib oldim-da, yig'lab yubordim. Axir uni bir o'limda qutqarib, yana o'z qo'lim bilan o'ldirib qo'yishim mumkin edi-da. Chinqirib yig'layotgan bolakayni bag'rimga bosib, baqirib-baqirib yig'ladim. U esa yig'lashdan to'xtagan va hayrat bilan menga tikilib turardi. Biror yoshga kirib qolgan bo'lsa kerak. Begona bilan o'zinikilarni ajrata oladi. Kap-katta, besh begona odam izillab yig'layapti. Hayratlanadi-da.

— Bo'ldi, bo'ldi. Ana endi qutuldik. Ikkalamiz ham! — dedim unga ko'z yoshimni artib.

— Jasur aka…

Men ismimni eshitishim bilan birdan ovoz kelgan tomonga qaradim. Navbahor reklama ustuniga osilib qolibdi. Ikki bukilgan. Xuddi ipday.

— Hozir! Hozir seni qutqaraman! Hozir! Ozgina chida!

Qayiqning eshkagi yo'q edi. Shu boisdan kaftim bilan suvni itarib, Navbahorning yoniga yaqinlashishga harakat qildim. Foydasi bo'lmadi. Shunda oqib kelayotgan kichkina taxtachaga ko'zim tushdi…

Navbahor butunlay holdan toygan edi. Zo'rg'a nafas olardi. Ko'ksiga qo'lim tegib ketgandi baqirib yubordi. Uni amallab qayiqning ichiga yotqizdim. Bir qo'lini sal yozib, uning ustiga chaqaloqni qo'ydim.

Suv oqishdan to'xtadi. Ortga qayta boshladi. Sathi pasaydi. Nazarimda, endi suv ichiga tushsam ham bo'laveradi. Chunki suvning shashtidan asar ham qolmagandi. Bechoralar kabi ortga qaytmoqda edi u. Bunga sayin baqir-chaqir, qiy-chuvlar orta boshladi. Hamma kimnidir qidirayotgandi. Kimdandir yordam so'rayotgandi.

— Yaxshimisan? — dedim suvga tushganimdan so'ng qayiqning ichiga engashib.

— Madorim yo'q, Jasur aka, hali ham hushim o'zimdamas, — dedi ayolim nimjon ovozda.

— Hechqisi yo'q, hammasi ortda qoldi. Mana, suvga tushdim. Tizzamdan sal balandroq. Qayrat bilan Oysuluvni topsak, olam guliston.

O'sha-o'sha chap oyog'imning zirqirashi hali ham qo'ymayotgandi. Qaytanga biroz xotirjam tortganimdan so'ng battar kuchayyapti. Xuddi suyaklarim bir-biriga ishqalayotganga o'xshaydi.

Men gapirib bo'lishim bilan go'dak yana chirqirab yig'lashga tushdi. Jim yotgan edi. Endi janjalni boshladi. Holsiz Navbahor sekin boshini ko'tardi-da, bolachani ovutmoqqa chog'landi.

Bu orada kimningdir yordam so'rab baqirganini eshitdim. U bizning yaqinginamizdan baqirdi. Rus tilida. Yana ovoz ayol kishiniki. Qaradim. U po'rtana keltirgan qandaydir changalga o'xshash bir nimaning ustida yotibdi.

— Boring, yordam bering!

Navbahorning ovozi shunaqangi ojizki, qo'rqib ketasan kishi. Lekin shunga qaramasdan, yordam so'rayotganning yoniga bordim. Uning boshi yorilgan, bitta qo'li qiyshayib qolgandi. Shu holida unga qanday yordam berishim mumkin?!

— Sabr qiling. Hali zamon «Tez yor-dam»dagilar yetib kelishadi. Oz qoldi, sabr qiling!

Yordamim mana shu bo'ldi va bo'ynimni cho'zgancha Qayratni qidirdim. Kutilmaganda uncha uzoq bo'lmagan joyda po'rtanaga yuztuban yotgan gavdaga ko'zim tushdi. Shu zahoti yuragim orqasiga tortib ketdi. Qo'rqa-pisa asta-sekin yaqinlashdim. Uning joni yo'q. Shu ojizgina oqimga qo'shilib oqib ketishga shay. Faqat og'irlik tutib turibdi. «Ey, Xudo! Ey, Xudo, ishqilib, Qayrat bo'lmasin!» degan o'yda yelkasidan ushlab sekin o'girdim va dahshatdan qotib qoldim. Uning yuzining yarmi yo'q edi. Gavdani shu zahoti tashlab, ortimga tisarildim.

— Yo'q, Qayrat emas! Qayrat emas bu! Sochi sariq! Qayrat emas!

Miyam gangib, aqldan ozib qayiqning yoniga qaytib keldim. Navbahorning ko'zi yumuq. Ko'ksi sal ko'tarilib tushyapti.

— Navbahor! Navbahor! Senga nima bo'lyapti?! Ko'zingni och. Yordamga kelishadi! Olib ketishadi bizni, ko'zingni och! — dedim yig'lamoqdan beri bo'lib.

U ohista ko'zini ochdi:

— Bolaga qarolmayapman! — dedi.

Xuddi shu mahal tepamizda vertolyotlar g'uvillagancha paydo bo'ldi. Ular qariyb o'ndan ziyod, harbiy vertolyotlar edi.

— Ho-o-oy! Biz bu yerdamiz!!! — deya jon alfozda baqirdim.

Xuddi eshitganday,  xuddi bizni ko'rganday bittasi tepamizda to'xtadi-da, aylangancha pastlay boshladi.

— Ana! Ana ko'rdingmi?! Navbahor! Bizni qutqargani kelishdi! Hozir do'xtirlar ko'rib qo'yishadi. Hech nima ko'rmaganday bo'lib ketasan, — dedim.

Vertolyot ikkita narvonga o'xshash arqonini tashladi. Uning uchiga zambil bog'langan edi. Arqonlarning bittasidan sirpanib harbiy yigit tushdi. Menga bir nimalar dedi o'zining tilida. Bitta ham so'ziga tushunmadim. Unga Navbahor bilan go'dakni ko'rsatdim.

— Shularni, shularni avval! — dedim rus tilida.

Navbahorni o'zim zambilga yotqizdim. Harbiy chaqaloqni ushladi. Darrov vertolyot zambilni tortib oldi. So'ng yana tushirdi.

To'g'risi, dovdirab qolgan ekanman. Endi meni tortib olishadi, deb o'ylabman. Ammo mendan battarlar atrofda ko'p ekan. Harbiy aynan ularga yordam berishga tushib ketdi. Men esa chetda qolaverdim. Harbiyga yordam bergim kelyapti. Biroq oyog'imdagi og'riq shunaqangi kuchliki, zo'rg'a o'zimni ko'tarib turibdi. Ha, og'riq borgan sayin kuchayib ketyapti. Biror joyi singan bo'lsa kerak.

Yonimizdagi imoratning to'fondan omon qolgan ustuniga suyandim-da, jarohotlangan oyog'imni ko'tarib oldim. Ko'zim tina boshladi. Bir mahal ochib qarasam, vertolyot uchib ketibdi. «Yana qaytadi. Keyingisida men ham ketaman», deya shivirladim. Biroq keyingisida ham menga navbat tegmadi. «Faqat oyog'im shikastlangan. Hechqisi yo'q. Sal kechroq qarashsa ham bo'laveradi. Hozir boshqalarni qutqarish kerak. Axir omadi kelmay qovurg'asini sindirib olganlar, boshi yorilganlar ozmi? Buning ustiga, ayollar, bolalar… Ularning orasiga men ham qo'shilib olsam insofdan bo'lmaydi…» Bularning bari xayolimda kechayotgandi. O'zimning esa tinkam qurib qolgan va ustunga butun gavdamni tashlab olgandim. Ko'tarib turgan yolg'iz oyog'imni ham hali zamon kuchi qolmaydi. Hali zamon u ham bukiladi. Manavi loyqaga yotib qolsam kerak?! Ana shundan keyin meni ham olib ketishadi.

Qancha turdim bilmayman. Ammo shunisi aniqki, sira navbatim kelmayapti. Balki, men ularning esidan chiqib qolgandirman?! Balki, ular meni ko'rishmayotgandir?! Bunaqa bo'lishi mumkin emas. Axir yon-atrofimdagilarni olib ketishyapti-ku! Bir joyda minglab odamlar to'planib qolishmagan-ku! Yo meni o'ldiga chiqarishdimikin?! Bo'lishi mumkin emas. Bir oyog'imda ustunga suyanib turibman. «To'xta, ko'rinmaydigan tomonga o'tib olmadimmi?» degan o'yda ko'zimni ochsam, atrofimda hech kim yo'q. Boyagi va boshqa harbiylar ancha nariga ketib qolishibdi. Shu yoqdagilarni vertolyot tushirgan zambilga ortishyapti.

— Ho-o-oy! Men qolib ketdim! Men ham yordamga muhtoj bo'lib turibman!

Umrimda ilk marotaba birovdan yordam so'rayotganim bois g'alati bo'lib ketdim. Axir mening ham kuchim mana shu harbiylarnikidan ko'p-ku. Nega endi ulardan yordam so'rashim kerak. Bitta oyog'imning singani nima bo'libdi? Ikkita oyog'im sinsa ham qiyinchiliklarga dosh bermagan nomard.

Birov yelkamdan tortdi. Birov qo'ltig'imga kirdi. Yana bir kishi yordamlashdi. Ajnabiy tilda gaplashishdi. Tushunmadim. So'ng meni nimagadir ortishdi. Motorli qayiq bo'lsa kerak. Yo'q undaymasdir, chunki suv judayam kamayib ketgandi. Motorli qayiqning parraklari tegib qoladi… Mashina? U kelolmaydi. Botib qoladi. Vertolyot bo'lganida bilardim. Umuman, menga nima farqi bor? Muhimi, xavfsiz joyga olib chiqishsin. Yordam berishsin… Tumanning ichiga kirib ketdim. Hushimdan ayrildim. Qandaydir balandlikka ko'tarildim. Ostimda ko'm-ko'k ummon. Qirg'oqlari o'rmon bilan qoplangan. Yuqoridan juda boshqacha ko'rinarkan. Shodligingdan ko'ksing hapqiradi. Shuncha balandlikdan kalla tashlaging keladi. Menimcha, o'rdak mizoj bo'lsam kerak. Chunki suvni ko'rishim bilan halovatimni yo'qotaman. Kutilmaganda ko'zim «minga qo'yib» kelayotgan samolyotga tushib qoldi. U to'ppa-to'g'ri men tomon kelayotgandi. Pastlikka sho'ng'idim. Qanotlarim yo'g'-u, lekin uchishni qotiryapman… Ana shu palla xayolimga dahshatli o'y keldi. «Men o'lgan bo'lsam kerak!» Yo'q, bo'lishi mumkin emas, men hali-beri o'ladiganlardan emasman. Men uzoq yashayman! Men hali birorta zurriyod ham qoldirmadim. Navbahor tug'ib berishi kerak hali. Ana undan keyin, shunda ham juda erta bo'ladi, lekin nachora o'lishim mumkin. Ammo birdaniga hozir… Unda nega uchyapman? Mana, oyday fikrlayapman ham. Tushlarning o'n mingdan ziyodini ko'rganman. Biroq birortasida ham fikrlash tugul o'ylay ham olmaganman. Nima voqea bo'lsa, shuning orqasidan ergashib ketaverganman. Padaringa ming marta lan'at sen samolyot bo'lganning. Men undan qochay, to'qnashib uni ham, o'zimni ham abgor qilmay desam, u ham pastladi. Yana meni mo'ljalga olgan. Harbiy samolyot Amerikaniki. Yo'q, olti yulduzliligiga qaraganda yahudiylarniki bo'lsa kerak. Ularga shuncha joyning kulini ko'kka sovurgani kamlik qilibdimi? O'zi men qolgandim-da, ular teginmagan… «Ushlab bo'libsan!» deya o'yladim-u, shu zahoti ko'kka parvoz qildim. Samolyot esa ortidan ikki turba olov chiqazib ostimdan o'tib ketdi. Keyin boshimga og'riq kirdi va ko'zimni ochdim. Kasalxonadaman yoki shunga o'xshash bir joyda. Shiftda shamollatkich aylanib yotibdi. Yon-atrofimdan birovlarning oh-vohi eshitiladi. Yana kimlardir baland ovozda gaplashyapti. Birov baqirdi.

— Vasya! Vasiliy!!!

Ja, baqirishga vaqtingni topibsan-da. Odamlar bu yoqda o'lim bilan olishib yotsa-yu, bu onasining uyida yurganday baqirsa…

Birdan xayolimga oyog'im keldi. Unda juda qattiq og'riq bor edi. Hozir yo'q. Shoshma, oyog'imni kesib tashlashgan bo'lishsa-chi? Vahimada miyamga kelgan o'ydan qo'rqib ketdim-da, birdan boshimni ko'tardim. Har ikkala oyog'imga ham qaradim. Bittasi ko'rinib turibdi oq choyshabning tagida. Ikkinchisi, qandaydir kattaday. Shartta chap oyog'imni qimirlatib ko'rdim. Qimirladi. Lekin sabil qolgur og'ridiyam-da.

— Xudoga shukr, Xudoga ming qatla shukr, — dedim.

Va shu zahoti xayolimga Navbahor keldi. Uni vertolyotda olib ketishgandi. Men bu yerda yalpayib yotolmayman. Ertaroq Navbahorning holidan xabar olishim kerak. Mazasi yo'q edi. Nimjon edi.

O'rnimdan turib o'tirdim. Buni ko'rgan hamshira yugurib keldi va o'zining tilida bir narsa-bir narsalar deb ko'ksimdan itardi. Keyin ikkala kaftini birlashtirib, yotishing kerak, degan ishora berdi.

— Ilojim yo'q. Xotinimni topishim kerak. U tirik. Lekin qaerdaligini bilmayman. Tushundingmi?! — deya javob qaytardim unga.

U ham men kabi hech vaqoni tushunmadi va tilmoch topib kelishga ketdi. Tilmoch anqoning urug'i. Bo'lsayam, ingliz tilida gapiradi. Bularning shevasida o'zlari bazo'r so'zlashishsa kerak?! To'g'risi, bitta so'zni talaffuz qilguningcha tiling sinib ketadi.

— Og'ayni, — dedi hamshira ketganidan so'ng yonginamda boshlari bog'liq yotgan rus yigit, — kamida yarim soat qimirlamasdan yotishing kerak. Senga narkoz qilingan. Yuraging ko'tarolmasligi mumkin…

— Lekin men xotinimni…

— Sening birgina xotining ekan. Men butun oilam qaerdaligini bilmayman. Lekin yotibman. O'zim do'xtirman. Shuning uchun senga maslahatim — yot. U yog'i bir gap bo'lar.

Men boshimni yostiqqa qo'ydim. Xotiralarimni xayolimga tikladim. Navbahor bilan birga chaqaloqni ham olib ketishgandi. Kimning bolasi ekan? Bechora ona agar tirik bo'lsa, butunlay adoyi tamom bo'lgandir!

— Hov, og'ayni, sening yosh bolang yo'qmidi? — deya so'radim boyagi do'xtir yigitdan.

— Bor edimas, hali ham bo'lishi kerak, — dedi u qandaydir hadik ovozda.

— Agar bolang bir yosh atrofida bo'lsa, u tirik. Men uni qayiqqa yotqizgandim. Xotinimning yoniga. Suvda oqib ketayotgan ekan…

— Men sening oldingda qarzdorman. Haqiqatan ham, u bir yosh atrofida edi. Xotinimning qo'lida edi. Menga qara, qirra burun, sariq sochmasmidi o'sha bolakay?

— Burnini bilmadim, lekin sariq sochli ekanligi aniq. Uni vertolyotda olib ketishdi.

— Ishqilib, o'sha bo'lsin. Yuragim yorilib ketyapti. O'zim senga yot, dedim-u, lekin chidolmay ketyapman.

U karavotini g'ijirlatib, o'rnidan turib oldi hamda qo'liga sanchilgan ignani sug'urdi.

— Bo'ldi, boshqa yotolmayman. Nastinkani topishim kerak.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (40-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (41-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (42-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (43-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (44-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (45-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (46-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (47-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (48-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (49-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (50-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (51-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (52-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (53-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (54-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (55-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (56-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (57-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (58-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (59-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (60-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (61-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (62-qism)

 

 

 

loading...