Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

2

Ular uch kishi edi: erkak, ayol va chaqaloq. Erkak chap biqinidan og'ir yaralangan, oyog'ini sudrab zo'rg'a bosar, ora-sira to'xtab, ortiga bir qur nazar tashlab olardi. Uning o'yida faqat bir tashvish: “Ishqilib, ne bo'lsayam, farmonni ado etay, keyin, mayli, omonatini olsayam roziman”. Og'riq esa zabtiga olardi. Mabodo o'ziga bir kor-hol bo'lsa, yonidagilarning holi ne kechadi? Shuni ko'z oldiga keltirib, chaqalog'ini bag'riga bosgancha yuraverib, tinka-madori qurigan, ortidan sudralib ergashib kelayotgan ayolga ichi achidi.

Necha yildirki, saroydan tashqariga chiqmagan kenja malika nihoyatda nozik va g'oyatda go'zal edi. Shoh Balxga yurish qilib zafar qozongach, ortga qaytayotib Nasaf podshosining saroyiga dam olgani qo'nganida uni uchratgandi. O'n beshni to'ldirib, o'n oltiga qadam bosgan, xayoli faromush bo'lib paranjisiz yurgan Zeboni shohning xos odamlaridan biri ko'rib qolgan, ichiga cho'g' tushib, manfaat ilinjida zudlik bilan hurliqodan shohni xabardor qilgan. Shu zayl Zebo hukmdor Norsultonning kenja rafiqasiga aylangan.

— Bir zum nafas rostlaylik, — dedi lablari quruqshagan malika.

Sarkarda to'xtab, ohista yerga cho'kdi. Biqinining simillab og'riganiga toqat qilolmay, ko'zlari yumildi, ingrab yubormaslik uchun tishini tishiga bosdi. So'ng:

— Malikam, meni afv eting, beodoblik qildim — sizdan burun o'tirib oldim. Jarohatim zabtiga olayotir, ilojim qancha, malikam! — dedi u Zeboga tik boqolmay nigohi bilan yer chizib.

— Aslo xijolat chekmang. Bu ahvolingizda shuncha yo'l bosganingizning o'zi jo'mardlik. Balki yarangizni bog'lab qo'yarman, — dedi malika sarkardaga achinib qarab.

— Yo'q-yo'q! Aslo bunday demang. Sizday malikai oliy nasab men faqirning tanin ushlaydimi?! Meni gunohga botirmang, malikam, — degancha sarkarda yig'lab yubordi.

— Bu yerda na men malikaman va na siz sarkarda. Biz qum barxanlari, chakalakzor asirimiz. Bir-birimizga ko'mak bermasak, holimiz ne kechadi? Hech qursa, norasida go'dakka ichingiz achisin, yurolmay qolsangiz, bunda xarob bo'lmog'imiz tayin. Qani, ko'rsating menga jarohatingizni!

Malika sarkardaning qarshiligiga qaramay, jarohatiga ko'z tashladi-yu, rangi oqarib ketdi. Zero, qilich kesgan joy ilvirab qolgan, undan sizib qon oqar, shu alpozda sarkardaning yurib kelgani aqlga sig'masdi.

Malika bir muddat atrofiga alanglab, ko'zi bilan nimanidir qidirdi. Topdi, shekilli, biroz nari borib, yovvoyi jiyda ortiga o'tdi va paranjisini tushirib, ko'ylagining etagidan bir parchasini yirtib oldi. Sarkardaning yoniga qaytib, yarasini bog'layotganda:

— Malikam, — dedi og'ir nafas olayotgan sarkarda, — quyosh botayotirmi yo mening ko'zimga shunday?..

Zebo jilmaydi. Ufqqa nazar tashladi.

— Ko'p yurdik-da, kun o'tganini ham sezmabmiz, — dedi.

— Malikam!.. Mening rizq-nasibam bitganga o'xshaydi. Shohimning amrini ado etolmayman, chog'i. Qorong'ida bu yerlarda chiyabo'rilar izg'iydi, qon hidini bir chaqirimdan sezadi. Shu bois… Yo rabbim, loshim cho'lda qoladi, deb o'ylamagan ekanman… Biroq siz, malikam, hecham qo'rqmang. Mash'ala yoqib oling, shunda qashqirlar yo'lay olmaydi. Yana ikki tosh yursangiz, bir qishloq keladi. Aslo… malika ekaningizni sezdirmang…

Sarkarda so'zlashdan to'xtadi. Uning nafas olishi yanada og'irlashdi, og'zining ezuvidan sizib chiqqan qon soqolini qizilga bo'yadi. U bir muddat nafasini rostlab, yana zo'riqib davom etdi:

— Bundan to'rt yilcha burun… biz siz boradigan… qishloqning kulini ko'kka sovurgandik. Malikaligingizni bilib qolishsa, sog' qo'yishmaydi… Allohga shukur, shu gap…

Tuyqusdan sarkardaning afti bujmayib ketdi, u juda qattiq azob chekayotgandi. Malikaning ko'zidan duvillab yosh oqa boshladi. Sarkardaning nafas olishi tezlashdi.

— Meni ko'maman deb ovora bo'lmang… Erkakni ayol ko'mmaydi… Meni yegan yirtqichlarning… nafsi qonadi… sizlarga teginmay…

Sarkardaning bo'g'zidan xirillagan tovush chiqdi. So'ng boshi chap yelkasiga og'ib, qiyshayib qoldi. Hayal o'tmay tanasi sovidi.

Malikani vahm bosdi. Javdirab atrofiga alangladi, changalzorga boqdi. Xayolida hoziroq tikan-butalar orasidan chiyabo'rilar chiqib keladiganday, o'ziga, bolasiga tashlanib qoladiganday tuyilaverdi. “Shoshilish kerak, shoshilish kerak”, — xayolidan o'tdi uning. Shu payt ikki odim narida — qovjiragan o't ustidagi chaqaloq big'illab qoldi. Zebo tizzalab borib, chaqalog'ini qo'liga oldi. Go'dak boshini u yoq-bu yoqqa burib, battar chinqira boshladi. Zebo qo'rqdi. Yirtqichlar go'dak ovozini eshitib, bostirib kelishidan vahimaga tushdi. Darrov yoqasidan ko'kragini chiqarib, o'g'ilchasining og'ziga soldi. Ochiqqan go'dak tamshanib ema boshladi.

Malika ufqqa qaradi — quyosh botishga chog'lanayotir. U sarkardaning murdasiga qarashga cho'chidi, shu bois boshini burmadi. Joyidan ohista turib, go'yo qadam tovushini sezdirib qo'yadiganday avaylab oyoqlarini yerdan uzib bosib, jasad yotgan yerdan biroz uzoqlashdi va yugurishga tushdi. Bir necha bor paranjisi yovvoyi jiydalar shoxiga ilinib tarillab yirtilganini eshitdi, biroq shunda ham juvon yugurishdan to'xtamadi. Qachonki hansirab, nafasi bo'g'ziga tiqilib, tomog'i qurib qolganidan keyingina to'xtadi. Yerga cho'k tushib, ortiga o'girilib qaradi: “Xayriyat!” Hech kim quvib kelmayotganiga amin bo'lgach, ko'zini yumdi. Shunda bolasi esiga tushdi. Axir ko'kragini uning og'ziga solgandi… Yo'q, hartugul, siynasining uchi chaqaloqning og'zidan chiqib ketibdi. Go'dak esa, g'am-anduhdan xoli, pishillab uxlayapti. Malika begona ko'zdan hayiqqanday shosha-pisha ko'ksini yopdi. Atrofga alangladi. Qiynalib yutindi. Xayoliga sarkardaning: “Mash'ala yoqib oling”, degan gapi keldi. Lekin mash'alani qanday yoqadi? Shunda sarkardaning qopini esladi: “Miyam qursin, qopda non, suv, yana allambalolar bor edi-ku, nega olmadim?” — xayolidan o'tdi uning.

Bu mahal endi qorong'i tusha boshlagandi. Malika ildam yurib, changalzordan chiqib olmasa, yo'lidan adashib qolishini angladi. Aslida esa, mo'ljaldan chalg'idimi-yo'qmi, bilmasdi. Chunki u umrida bu yoqlarga qadamini bosmagan.

Ikki chaqirimlar yurgach, daraxtlar siyraklashib, unda-bunda qorayib ko'rindi, xolos. Zebo toliqqan, yurishga madori yetmasdi. U to'xtab, g'ingshiy boshlagan o'g'ilchasiga ko'krak tutdi. Go'dakka termilib o'tirib, uyqu elitganini sezmay qoldi. Cho'chib ko'zini ochganda beixtiyor: “Agar shu yerda qolib ketsam, shoqollarga yem bo'laman”, deb ovoz chiqarib gapirib yubordi. Qiynalib o'rnidan turdi-da, tag'in yo'l bosishda davom etdi.

Ko'ziga uzoqdan elas-elas shu'la ko'rina boshlaganda oyoqlari uning ixtiyoriga bo'ysunmasdi. Oyoqlari hech nimani sezmas, shishib ketgandek. U yorug' ko'ringan tomondan kimdir chiqib, o'zi tomonga kelishini judayam istardi. Biroq, qaniydi, istagi ijobat bo'lsa, qaniydi, ko'nglidan o'tganini inson zoti eshitsa! Hammasi ro'yo: uning o'y surayotgani, chiroqning ko'ringani…

— Bolaginam, erkatoyim, sening joning omon bo'lsa, bas menga.

U o'zini uyqu elitmayotganini bilish uchun, shu atrofdan biron kimsa o'zini payqamay o'tib ketmasin, deb atay pichirlab gapirdi.

Bir mahal qulog'iga itning hurgani eshitildi. “Xudoga shukr”, xayolidan o'tdi uning va dam olgani o'tirmoqchi bo'ldi. Biroq muvozanatini yo'qotib, xayriyatki, yonboshiga quladi. Yo'qsa, bolasini ezib qo'yardi. Chaqaloq qo'lidan uchib ketdi. Enishroq joyga kelib qolgan ekan, qattiq tushmadi, nozik yuzchasiga xas-cho'plar botdimi, chinqirib yig'lashga tushdi.

— Hozir, Bek o'g'lim! Hozir!.. Hozir, — deya malika o'rnidan turishga harchand urinmasin, oyoq-qo'li o'ziga bo'ysunmasdi. Gavdasi zil-zambil, ko'zini ochishga majoli yetmasdi. Chaqaloq chinqirib yig'lar, onasi esa, ingranib: “Hozir, hozir…” — derdi, xolos.

Chaqaloq boshini u yoq-bu yoqqa qimirlatganidan enishga qarab dumaladi. Keyin go'dakning ovozi chiqmay qoldi. Uning og'zi qapishib, nafas ololmayotgandi. Zebo cho'chib, ilkis boshini ko'tardi.

— Bolam, o'g'ilginam, — deya chaqaloqqa talpindi va egilib avaylab ko'tardi. Go'dakning ingalagani eshitildi. Malika uni bag'riga bosdi, biroq go'dak ingalashdan to'xtamadi.

Boyadan beri hurayotgan itning tovushi endi yaqinroqdan eshitila boshladi. It odam hidiga ko'nikkan bo'ladi, agar uning uzoqdaligini sezsa, shunchaki bir-ikki hurib qo'yadi. Ammo bo'ribosar it biror bir yovvoyi yirtqichning hidini olsa, joyida turolmay qoladi.

Egasining og'ili yonida bog'liq bo'ribosar uzoqdagi sharpani ko'rdi, bir-ikki yulqinib hurdi. Keyin burniga butunlay boshqa hid urilib, tanasi titrab ketdi, baquvvat oyoqlari bilan yerni tirnab, tepaga sapchidi, joni boricha vovulladi. Qoziqqa boylangan arqon tarang tortildi, bo'ribosar irillagancha arqonni g'ajib, yana oldinga talpindi. Egasi jonivorning bunchalik bezovtalanayotgani sababsiz emasligini yaxshi bilardi. Shu bois, kulbasidan otilib chiqdi-da, kela sola qo'riqchisini arqondan bo'shatdi. Kutilmaganda iti teskari tomonga chopib ketdi. Egasi hayron: bo'ri yolg'iz bo'lsa, hozir orqa-oldiga qaramay qochadi. Mabodo gala bo'lib kelgan bo'lsa, Sirtlonini talab tashlashi mumkin. Xayolidan kechgan o'ydan tashvishga tushgan Mahmud itining ortidan yugurdi.

Sarkardaning bashorati to'g'ri chiqdi: endi qorong'ilik tusha boshlaganida qon isini olgan chiyabo'rilar uning murdasini topib, nimtalashga tushib ketishdi. Ammo changalzorda kun bo'yi och-nahor izg'ib yurgan bo'rilar ham bor edi, ulardan biri odam hidini olib, ona-bolaning ortidan tushdi. Ammo o'ljaga yaqin qolgan joyida taqqa to'xtadi. Chunki oldda ko'zlari yashinday chaqnagan Sirtlon shamolday uchib kelayotgan edi. Bo'ri taysalladi: bir o'ljaga, bir ajalga qaradi. So'ng ortiga burilib qochishga majbur bo'ldi. Axir ochlikka chidar, ammo Sirtlonning changaliga tushsa, omon qolmaydi.

Sirtlon malikani yonlab o'tib, yana biroz yugurdi. Bo'rining hidini yo'qotdi, chamasi, to'xtadi. Boshini g'oz tutib, changalzor tarafga qarab hurib qo'ydi. So'ng ortiga qaytib, malikaning atrofini aylandi. Uni hidlab, yuzini yalab ko'rdi.

Bu orada Mahmud yetib keldi.

— Yo, alhazar! — dedi u cho'zilib yotgan ayolni ko'rib. — Kim bo'ldi bu ojiza?!

Tirik-o'likligini bilmoqchi bo'lib, Mahmud malikaning tomirini ushlab ko'rdi. Tomiri bilinar-bilinmas urib turganini sezgach, uning bag'ridagi chaqalog'ini qo'liga oldi. Go'dakning og'ziga qulog'ini tutdi va beixtiyor yuzi yorishdi.

— Ikkoviyam tirik! — dedi go'yo sevinchini Sirtlonga ta'kidlaganday. Iti bunga javoban g'ingshib qo'ydi.

— Bu yerlarga qaerdan kelib qoldingiz?! Kimsiz? — deb u malikaning qo'lidan ushladi.

Javob bo'lmadi. Zebo toshday qotib uxlardi. “Agar Sirtlon bo'rini sezib qolmaganida, juvon bolasi bilan yirtqichga yem bo'lishi tayin ekan”, o'yladi Mahmud. Ehtimol, nozik etiga bo'rining o'tkir tig'li tishlari botayotganini sezmay qolarmidi? Ammo chaqaloq sezardi, u onasidek qattiq uyquga ketmagan, salgina shovqindan uyg'onib ketardi. Hozir ham uyg'oq. Sirtlonning vovullashidan uyqusi qochgan. Lekin xavfni sezganday, jim yotibdi. Uning ko'zi ochiqligini qorong'ida Mahmud payqamadi, shu bois, og'ziga qulog'ini tutgandi.

Boshqa chora yo'qligini bilgan erkak malikaning bag'riga bolasini qo'ydi. So'ng ikkalasini dast ko'tarib, kulbasi tomonga olib ketdi.

Mahmud tunda, xira chiroq yorug'ida changalzordan uyigacha ko'tarib kelgan ayolning malika ekanini bilmasdi. Tong otib, juvonning taqinchoqlari, paranjisini ko'rgach, hushi boshidan uchdi. “Bu shohning xotini!” degan o'y o'tdi xayolidan va nima qilarini bilmay, tipirchilab qoldi. Uy ichini tartibga keltirayotib, ko'ngliga vahm oraladi, qo'rqdi. Axir u aslzodaning yuzini ko'rib qo'ydi. Ko'rish ham gapmi, uni uch chaqirimdan ko'tarib keldi. Bilib qolishsa bormi?.. “Hademay, bularni qidirib kelishadi qilich yalang'ochlagan otliqlar… Ehtimol, butun boshli qo'shin bostirib kelsayam ajabmas. Ularga nima deyman? Keliboq boshimni tanamdan judo qilishsa, dodimni kimga aytaman? Ey, Xudo, ne baloga giriftor qilding meni, a?”

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

loading...

2 FIKRLAR

Comments are closed.