Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

0

* * *

Mahmud bir qop sholg'om evaziga bug'doy so'raganidan To'xtamishboy ajablanib: “Jo'xoridan bo'lak narsa tomog'imdan o'tmaydi, deganding-ku! Nima, boyib qoldingmi?” — deya o'qrayib qaradi. “Tabibga boruvdim, boy ota. Hech bo'lmaganda bir mahal bug'doyning o'zini yegin, deb tayinladi, shunga ikki hovuchgina bug'doy kerak bo'lib qoldi”, — g'o'ldiradi Mahmud. “Olayotganing yarim qop-ku”, — boy xaltaga ishora qildi. Mahmud qopga qaradi, qopda ko'pi bilan ikki kilocha bug'doy bor. Ehhe, ikki dunyo bir bo'lsa ham, To'xtamishboy uning bir qop sholg'omiga yarim qop bug'doy bermas. Mahmud gapirmadi, dardi ichida — xo'rsinib, uning uyidan chiqib ketdi.

Ko'chada shovqin-suron, o'n besh chog'li suvoriy qiyqirishib, qishloq ahlini yoshu qari demay, bir joyga to'playotgandi.

Bunday bexosiyat taradduddan qishloqliklar yurak oldirib qo'yishgan. Har yili bir-ikki bor shunday to'da kelib, odamlarning bor-budini shilib ketadi. Faqat To'xtamishboyga teginishmaydi. Nega bunday qilishadi, hech kim bilmaydi.

Mahmudning amakisi o'z ajali bilan o'lmagan, so'yib ketishgan. Uning bittagina sigir-buzog'ini tortib olishmoqchi bo'lishgan, amakisi qarshilik qilgan, oqibatda, boshidan judo bo'lgan. Shundan keyin Mahmud qishloqdan chiqib ketgandi.

— Shu yerga go'zal malikamiz kelmadimi?! — deya hayqirdi sarbozlar sardori.

Olomon jim. Hammaning boshi xam.

— Yaramaslar! — jahlga mindi otliq. — Agar kimda-kim uyida yashirib o'tirgan bo'lsa, qilichdan o'tkazaman! Uylar tintilsin!

Sarbozlar otlariga qamchi urishdi. Qishloq ahli sarosimalandi, hamma olazarak, biroq hech kim joyidan jilmadi.

Qishloqda yigirmatacha xonadon bor edi. Hash-pash deguncha birma-bir ag'dar-to'ntar qilib chiqsa bo'lardi. Bu gal boyning uyi ham ko'zdan kechirildi. To'xtamishboy sardorga egilib-bukilib yalingandi, evaziga tepki yedi. Boy angladiki, vaziyat o'ta qaltis.

— Ikki kundan keyin yana qaytib kelamiz! Agar birortang ko'rsang, zudlik bilan xabar yetkaz. Yo'qsa, bu qishloqda tirik jon qolmaydi! — qichqirdi sardor otiga qamchi bosarkan.

Suvoriylar ko'zdan yo'qolmaguncha birov qimir etmadi. Oxirgi otning changi bosilgach, g'ala-g'ovur boshlandi. Birov: “Qanaqa malika?” deb yonidagidan so'rasa, boshqasi: “Aqldan ozganga o'xshaydi bular”, deydi. “Saroyda bitta ayolni ushlab turish qo'llaridan kelmaskan, nega bizga dag'dag'a qiladi?” — deya botirlanganlar ham topildi. Ko'pchilik esa, gap-so'zga aralashmay, mum tishlab turardi. Chunki o'tgan gal sarbozlar bostirib kelib, qo'llariga ilingan narsani yulib olib ketganda, ularning ortidan bir bo'z yigit so'kkan edi. Olti oy o'tib, o'shalar yo'l-yo'lakay kirib o'tishdi: quruq ketishni ep ko'rishmadi, chamasi, o'sha yigitning tilini kesib ketishdi. Sho'rlik bir oy ham yashamadi, yarasi bitmay, og'zi irib ketdi.

Shuni eslab, Mahmudning ichidan zil ketdi. Qo'rquv butun vujudini qamrab olganidan badani titrar, rangi dokadek oqargandi. To'xtamishboy uni ko'rib, yoniga keldi: “Bug'doy unidan non yeging kep qoldimi?” — dedi kesatib. Mahmud unga bir so'z aytgani botinolmadi. Ilgaridan shunday bo'lib kelgan, To'xtamishboyga qarshi borganlarning sho'ri qurgan. Shu bois, iloji boricha boyga ro'para kelmasdi, mabodo duch kelib qolsa, hatto bekordan-bekorga uni so'ksa ham, indamay o'tib ketadi. To'xtamishboyning og'ziga qulf solib bo'lmaydi, buni Mahmud yaxshi biladi. Bir nimadan gumon qilsa, ajabmas, kulbasiga kelib Zeboni ko'rib ketishdan ham toymaydi. Nima bo'lgan taqdirda ham Mahmudning sho'riga sho'rva to'kilib turibdi. Chora topishi zarur. Biroq endi Zeboni haydab yuborolmaydi. Bir hafta ichida unga judayam o'rganib qoldi. Zebo nafaqat go'zal, balki farosatli, shirinsuxan. Qolaversa, Zebo bekning uyiga qaytib borib, falon joydagi falon odam meni xor-zor qilib, bolam bilan birga haydab soldi, desa nima bo'ladi? Mahmudning terisini shilib, somon tiqishadi-ku!

Mahmud bug'doyni tegirmonda torttirguncha ichini it tirnadi. Ilgari shoshmasdi, tegirmonchi bilan ochilib laqillashar, keyin amakisining bevasidan kirib xabar olardi. Bu gal ikki ko'zi orqasida.

* * *

Zebo Mahmud ketganidan keyin zerikdi, vaqt o'tkazay, desa, biror yumush yo'q. O'g'ilchasi qorni ochsagina uyg'onadi, emayotib biroz o'ynaydi. Keyin yana uxlab qoladi. O'lg'izlikdan chor-atrof yutib yuboray deydi. Saroyda kun o'tganini sezmasdi. Kundoshlari, kanizaklari bilan gurunglashar, turli xil o'yin o'ylab topishar, vaqtni xushnud o'tkazishardi. Kimsan, shohning o'n ikkinchi — eng suyukli va eng go'zal xotini edi. Uning husniga saroy ahli mahliyo edi. Shoh Nursultonning qo'shni davlat hukmdoriga jangni boy berishiga ham Zebo sababchi edi. Podsho Davronqul ayg'oqchilaridan kenja malikaning ta'rifini eshitib, unga g'oyibona oshiq bo'ldi. Qo'shin tortib borishga bahona topilgandayoq qilichini yalang'ochladi.

Shoh Nursulton saroyda qatl etildi. Jon olib, jon berib qilichbozlik qildi, ammo dushman askari ko'pchilik edi. Biri ko'ksiga xanjar sanchdi, ikkinchisi boshini oldi. Bungacha u Bahodir ismli sodiq sarkardasiga Zeboni Nasaf podshosi, malikaning padari buzrukvori Muzaffarshohning huzuriga yetkazishni buyurgandi.

Bahodir lahim orqali malika bilan uning o'g'lini olib ketayotganida, dushman sarbozlarining to'rttasi sezib qoldi. Olishuvda Bahodir g'olib bo'ldi-yu, ammo og'ir yaralandi. Oqibatda, changalzorda qashqirlarga yem bo'ldi.

Zebo kulba sohibini ochiq chehra bilan kutib oldi. Mahmud esa keliboq xamir qorishga tushdi.

— Maylimi, — dedi uning yoniga kelgan Zebo, — qarab tursam? Sirayam ko'rmaganman non yopishni. Bahonada o'rganib olardim. Keyin shirin, chiroyli nonlar yopib, hammani lol qilardim.

Mahmud ich-ichidan entikib ketdi. Qishloqda ko'rgan to's-to'polon bir zum xayolidan ko'tarildi, iljaygancha avval Zeboning chachvon to'sgan yuziga, so'ng oppoq qo'liga, uzun, nozik barmoqlariga qaradi. Va soddaligiga borib:

— Bu qo'llar bilan non yopolmaysiz, — deb yubordi.

— Voy, nega yopolmaskanman? Ishlayman, ko'rasiz, — dedi Zebo zavqi ortib.

— Ulgurmaysiz-da.

— Nega ulgurmas ekanman? Kun bo'yi bekorman-ku. Sizning xamir qorishingizga havasim kelayapti. Doim bir nima bilan mashg'ulsiz. Zerikmasangiz kerak, shundaymi?

Mahmud kuldi, boshini irg'adi.

— Sizni olib ketishadi.

Zeboning yuzidan tabassum yo'qoldi, kipriklari pirpiradi. Agar chachvon yuzini to'sib turmaganida, Mahmud uzun, qalin kipriklarning raqsidan adoyi tamom bo'lardi.

— Kim… Kim olib ketmoqchi? — so'radi malika beixtiyor.

— Qishloqqa qidirib kelishibdi. O'n besh chog'li otliq. Siz menga bekning zavjasiman, degandingiz, ular bo'lsa malikani qidirishayapti. Nihoyatda go'zal malikani. O'sha siz bo'lsangiz kerak…

Zeboning ko'zidan yosh sizib chiqdi. O'pkasi to'lib, ko'z o'ngida o'zi guvoh bo'lgan jang namoyon bo'ldi. Qilichlar zarbidan yerga qulayotgan askarlarning, ayollarning, xizmatkorlarning ohu nolasi qulog'i ostida jaranglagandek tuyildi. U ko'zini yumgancha, qimir etmay turdi.

— Men sizga ozgina yolg'on gapirgandim, — dedi malika bir muddat sukutdan keyin. Mahmud boshini ko'tarib unga qaradi. Ichini allanima kemirardi. Xayolida hozir otliqlar bostirib keladigandek. Malika esa unga qaramas, ko'zini yerdan uzmay so'zlardi.

— Majbur edim shunga. Men asli Nursulton shohning xotini bo'laman. Eng kenjasi. O'n ikkinchisi… Kundoshlarimning holi ne kechgani xudoga ayon. Chunki yov saroyga bostirib kirib, hamma yoqni alg'ov-dalg'ov qilayotgandi. Podsho o'zini o'zi himoya qilayotgandi… Hoynahoy, uni ham qilichdan o'tkazishgandir…

Mahmud uh tortdi. Manglayidan reza-reza ter oqdi, vujudida titroq paydo bo'ldi. Tomog'i quruqshab, yutindi.

— Qishloqda eshitdim, — dedi Mahmud ko'zlari olazarak boqib, — shohning boshi tanasidan judo qilinibdi. Xotinlarini Davronqul shoh beklarga bo'lib beribdi.

“Bundan chiqdi, ular qidirayotgan malika sizsiz. Sizniyam Davronqul shoh kimgadir va'da bergan-u, lekin saroydan topolmagan. Ehtimol, o'sha bek o'zining nasibasini qidirib yurgandir”, degan xayolga bordi u, ammo bu tusmolini tiliga chiqarishga jur'ati yetmadi. Malikaning fikri esa butkul boshqacha edi. U saroyda o'ziga mahliyolar ko'pligini bilardi. Hatto ovsinining o'g'illari unga ko'zlari yonib qarashgani malikaning xotirasida. Shubhasiz, Davronqul shoh Zeboni biror bekka berib qo'ymaydi, haramiga oladi. Qolaversa, Davronqulning hazrati oliylaridan uyalmay-netmay Zeboni so'raganini, shoh bu dag'dag'ani yetkazgan elchilarning ko'zlarini o'ydirib, quloqlarini kestirganini eshitgan edi. O'shanda g'alati ahvolga tushgandi. Bir necha kun Nursulton shohdan uyalib, uni ko'rsa, o'zini chetga olib yurdi. Ammo podsho uni yonidan jildirmay qo'ydi: “Sen yoshsan, lekin aqling har baloga yetadi. Dono malikasan”, degan. Boshqa gap aytmagan. Ehtimol, g'ururi yo'l qo'ymagandir. Shuning bilan birga podsho qiynalib yurgan edi. U-ku shoh, paqir-pastak qaroldan xotiningni ber, deb so'rab bo'larmidi?!

— Meni nikohlab oling, — dedi to'satdan malika.

Zebo bu haqda ko'p o'ylagandi yolg'iz qolib zerikkanida. Har qanday yumushni ko'z ochib yumguncha bitirayotgan Mahmudning chayir bilagiga ko'zi tushganda, erkakning unga o'zgacha havas, hadik bilan qarayotganini ko'rganda. Va yana o'g'liga termilib turganida. Lekin har safar idda muddati esiga tushar, “mumkin emas”, degan xayolga borib, ko'nglida paydo bo'lgan niyatni quvib solardi. Davronqulning sarbozlari qidirib yurishibdimi, demak, xavf bartaraf bo'lmagan. Bu odam… Mahmud… Ehtimol, zo'r kelsa, qo'shqo'llab sarbozlarga uni tutqazib yuborishi mumkin. Ammo hech bir erkak zoti xotinini shunchaki berib qo'ymaydi. Ayniqsa, to'pori dehqon. Idda… U so'nggi yarim yil ichida shohning unga yaqinlashmaganini esladi. Avvaliga homiladorlik payti, keyin qirqining chiqishini kutish, urush xavfining paydo bo'lishi… “Ey, Xudo, o'zing kechir meni! Azbaroyi bolam sabab shu ishga qo'l urishga majbur bo'ldim… Omon bo'lsa, ulg'aysa, inshoolloh, farzandim pokiza mo'min-musulmon bo'ladi. Seni sharaflashdan hech qachon charchamaydi… Meni kechir, meni kechir, Xudoyim!”

Mahmud cho'chib tushdi. U malikadan buni kutmagandi. U haqida o'ylay-o'ylay, oxiri: “Husnu jamolidan bahramand bo'lib yuribman-ku, shunisigayam shukr”, degan qarorga kelib bo'lgandi. Zeboning gapi uni esankiratib qo'ydi, tili bir zum tanglayiga yopishib qoldi. Qaniydi, hozir Zebo bo'lmasa, maza qilib xayol surardi…

— Ha, Malikaga uylanishdan qo'rqayapsizmi?! — dedi uning kalovlanib turganidan achchiqlangan Zebo. — Yoki qolgan umringizni xotiningizni eslab yurib o'tkazmoqchimisiz?!

— Yo'q, axir sizday aslzodaga qanday qilib uylanaman? Hech narsam bo'lmasa mana shu kulbamdan bo'lak. Bisotimda bitta bo'ribosar itim bor, xolos.

— Davronqul shoh meni olib ketsa, o'g'limni o'ldiradi. O'ldirmasa, bir kun kelib o'g'lim uni o'ldiradi. Sizdan o'tinchim shu — kambag'allikda bo'lsayam tinchgina umrguzaronlik qilay. O'g'lim sog'-omon voyaga yetsin, — deya malika umid bilan Mahmudga tikildi.

— Bir boshga — bir o'lim. Malikam, sizga uylanganim bo'lsin, — deya Mahmud Zeboning barmoqlarini ushlamoqchi bo'lib qo'lini cho'zdi. Shu mahal chaqaloqning yig'isi eshitildi.

— Voy, Bek uyg'onibdi, — deb Zebo o'g'lining yoniga shoshildi.

Mahmud esa, o'zini qo'yarga joy topolmay, to'rt tarafga alanglardi. Ko'ziga yosh quyilib keldi: “Ey, Xudo, sen o'zing har narsaga qodirsan! Nahotki menga shunday oqila, parivashni nasib etding?” U shiddat bilan xamirni mushtlarkan, Zebo bilan bo'lajak visol onlariga xayolan sho'ng'idi.

Zebo uning yoniga bolasini ko'tarib keldi.

— Shahzodam, — dedi.

Serzavq o'y-xayollarga g'arq bo'lgan Mahmud Zeboning ovozidan cho'chib tushdi-da, yalt etib unga qaradi. Malika o'g'lining yuzini ochib, unga qaratib turardi.

— Shahzodam, — takrorladi u va chaqaloqni Mahmudga uzatdi, — sizning padari buzrukvoringiz endi mana shu odam bo'ladilar.

Bunday gaplar Mahmudning tushiga ham kirmagandi. U o'zini butkul yo'qotdi. Go'dakni olayotib qo'llari qaltirab ketdi. Yodiga nobud bo'lgan ikki farzandi tushib, yig'lab yubordi, ko'z yoshi sel bo'lib oqdi. Shunda malika yuzidan chachvonni oldi. Misoli bulut ortidan quyosh chiqqanday bo'ldi Mahmudning nazarida. U ora-chora Zeboning chehrasiga ko'z tashlagan esa-da, uning bunchalik maftunkorligini ilg'amagandi. Oh, bu xilqat! Oh, bu jonning rohati! Oh, bu ajal!

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

loading...