Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

0

— Yiqitib qo'ymang, — dedi Zebo mayin, xush yoquvchi sehrli ovozda Mahmudning qo'li qaltirayotganini ko'rib.

Bir necha soniya go'dakka termilib qolgan Mahmud kuch bilan hayajonini bosdi. “Polvon yigit, arslon yigit”, deb erkaladi chaqaloqni. Boshqa gap aytolmadi. Aytish uchun qo'lidagi norasidaning onasiga yuzlanish kerak. Yuzlanish uchun esa jur'at zarur. Lekin hozir Mahmudga tegirmonga tushib chiq, deyishsa tap tortmas, ammo yonginasidagi suluvga boqishga qurbi yetmasdi. Shundog'am chaqaloqni olayotib barmog'ining uchi Zebonikiga tegib, vujudi titrab ketdi.

— Menga o'xsharkanmi? — so'radi malika Mahmudning chaqaloqqa termilib qolganini ko'rib.

Mahmud endi yonadi, kulga do'nadi. Chunki u quyoshga boqishi kerak, uning olovli tig'iga bardosh berishi lozim.

Malika bilan Mahmudning ko'zlari to'qnashdi. Ko'zlar sirli suhbat qurdi. Har ikki tomonda nikohga moyillik sezildi.

— Men tez nonni yopib olay, keyin qishloqqa borib kelaman, — dedi sehrli nigohdan ko'zi qamashgan Mahmud.

— Xo'p. O'g'lingiz ikkimiz yo'lingizga qarab o'tiramiz. Keyingi safar siz borib kelguningizcha o'zimiz bu yumushlarni bitirib qo'yamiz, — dedi Zebo. Uning ovozi andak titrab chiqdi.

Mahmud tandirga o't yoqib, oqartirdi. Nonni yopdi. Bu yumushni shoshib, xuddi yov quvganday yelib-yugurib bajardi.

Issiq nonni dasturxonga o'rab malikaga beriboq qishloq tomon yugurdi. Qiziq, qishloq judayam olislab ketganday, qancha yugurmasin, yo'li unmadi. Ichida bir dunyo hadik: “Ishqilib, qaytgunimcha otliqlar kelib qolmasin-da, Zeboni ko'rib qolishmasin”. Goh-gohida to'xtab, orqasiga qarab qo'yadi. Chang-to'zon ko'rinmayapti, har qalay, ko'ngli taskin topib, qadamini jadallatdi.

Aksiga olganday, qishloqqa kirib borishi bilan To'xtamishboyga duch keldi. Unga ko'zi tushib manglayi tirishdi. “Shu palakat, bexosiyat qora mushuk oldimdan chiqdi-ya”, o'yladi u. Avvallari sariq chaqaga olmaydigan To'xtamishboy hozir Mahmudning yetib kelishini kutib turdi. Mahmud uni o'tib ketsin, deb atay tuproq yo'lga o'tirib, oyog'ining ostiga qaray boshladi. Ammo To'xtamishboy ketmadi, mahsi-kovushini g'ijirlatib qadam bosgancha uning yoniga keldi.

— Mahmud, oyog'ingga tikon kirdimi? — so'radi kesatib.

— Ha-a, boya kiruvdi. Yomon achiyapti, — javob qildi Mahmud.

— Sening oyog'ing tuyoqqa aylanib ketgan bo'lsa kerak, deb o'ylovdim. Qishin-yozin yalangoyoq yurasan, buning ustiga, tikonzorga borvolgansan. Qishloqqa qo'shilmaysan. Qiziq, qanday qilib oyog'ingga tikon kiradi? Boshqa yog'ingga kirganidayam ishonardim.

Mahmud ilkis boshini ko'tardi. Ichidan bir nima chirt etib uzildi. Lekin tilini tiydi. Aytaman desa, gap ko'p edi: “Bizning hamma yog'imiz tuyoq bo'p ketgan, siznikiga o'xshab momiqqina emas. Tikon ham maza qiladigan joyga kiradi”, desa bo'lardi. Ammo demadi, boshimni malomatga qo'ymay, dedi. Shoshib turganiga qaramay, bosiqlik bilan:

— Boy ota, kiraman desa, temirgayam kirarkan, — dedi.

To'xtamishboy xaxolab kuldi. Mahmud uning basharasiga yana qizillik yugurganini ko'rdi. O'shanda suvoriylar kelganida rangida rang qolmagandi. Ko'ziyam o'g'ri mushuknikiga o'xshab, olma-kesak terib qolgandi. Mana, hozir bip-binoyidek, hatto kibr, manmanlik, past nazar bilan Mahmudga o'qrayib qaradi. Go'yo ko'zi bilan teshib yuborguday.

To'xtamishboy kulgidan to'xtadi, yuzi tundlashdi.

— Uka, tur o'rningdan, —dedi qo'lini Mahmudning yelkasiga qo'yib.

Itoatkor Mahmud darhol uning amriga bo'ysundi.

— Shu, bilsang, — deb va'zini boshladi To'xtamishboy faqiru pastak, bechorayi devona (orqavoratdan To'xtamishboy uni shunday atardi)ning tirsagiga qo'ngan changni qoqarkan, — men sendan o'n besh yosh kattaman. Lekin ikkovimizam tug'ilganimizdan beri bitta qishloqda yashaymiz. Issiq-sovug'imiz bir. Anavi yaramaslarning kelganini o'zing ko'rding. Hammasining yuzu ko'zi qahr-g'azabga to'la, yeyman, deydi. Biroq bu gal ular bizning mol-mulkimizni olaman, deb kelishgani yo'q. Bunisidan ham xabaring bor. Shu desang, men qishloqdagi hamma uyga o'zim birma-bir kirib chiqdim. Sening uyinggayam. Otang rahmatli, checham shu uyda yashagan. Ularning arvohini chirqiratib, uyni qarovsiz tashlab ketib yaxshi qilmading. Kirsam vayronaga o'xshaydi. Uka, iloji bo'lsa, qaytib kel. Kimning xotini o'lmagan deysan? Mana, mening birmas, uch xotinim qazo qildi. To'rt bolamdan ayrildim, — To'xtamishboy xo'rsindi, tovushi titrab chiqqanday tuyildi, — lekin ular o'ldi deb qo'limni yuvib, qo'ltig'imga urib, senga o'xshab boshimni olib qishloqdan chiqib ketsam, Xudogayam yoqmayman, bandasigayam. Och qolsang, hartugul, birov bo'lmasa birov, hech bo'lmaganda, bir siqim turshak beradi, shimib kuningni o'tkazasan qishloqda. Changalzorda yakka o'zing moxovday. Xudo ko'rsatmasin, isitmang chiqib qolsa, holingdan kim xabar oladi? Kim? Qaytib kel, inim. Boshimizga tushganini birgalashib ko'rarmiz. Izla senam shu mochag'ar malikani. Kerak bo'lsa, qo'shni qishloqqa borib kel. Tiriginimi, o'liginimi topaylik!

Mahmud viqor bilan so'zidan adashmay gapirayotgan To'xtamishboyga qaradi. Uning ko'zi o't bo'lib yonar, yuzidagi mayda tomirchalar battar qizarib ketgandi.

— Bilasan-a, — dedi boy Mahmudda bir sir borligini ilg'ab, — qishlog'imizda tirik jon qolmaydi. Hamma bo'g'izlanadi. Mabodo xabaring bo'lsa, hoziroq ayt menga. Xizmatkorlarning birortasini darrov yangi poshshoning a'yonlariga jo'nataman. Evaziga ular quruq qo'ymaydi. Boshimiz omon qolgani yetmaganday, to'rt-besh tilloli ham bo'p qolamiz.

— Ey, boy ota, agar bilganimda, ularga o'shandayoq hammasini ro'y-rost aytmasmidim?.. Aytmasmidim? — dedi terga botib Mahmud. U To'xtamishboyning gaplaridan erib, shalvirab qolgandi. Yolg'on so'zlayotgani aft-angoridan bilinib turgandi.

Yerning tagida ilon qimirlasa sezadigan To'xtamishboy uning dovdirashidan: “Bu muttahamning bir nimadan xabari bor”, degan fikrga bordi.

— Unda nimayam derdim? Boraver, — dedi-da, o'zi yo'lida davom etdi.

Mahmudning ichidan zil ketdi. Bir yoqda hamqishloqlarining ohu nolasi, bir yoqda Zebo. U oyog'iga tegirmon tosh bog'lab qo'yilgandek zo'rg'a qadam bosib amakisining uyi tomon yurdi. Chechasini hovlida uchratdi. Oysifat checha uni ko'rishi bilan qo'rqib ketdi.

— Nima bo'ldi? — so'radi ko'zi xonasidan chiqquday bo'lib. — Sarbozlar yana keldimi?!

— A-a, otliqlar, qani ular?! — yon-veriga alangladi Mahmud.

— Siz bilasiz-da.

Mahmud manglayidagi terni artib, chechasiga o'girildi:

— Suv bering.

Yutoqib, og'zining ezuvida oqizib suv ichgan Mahmud idishni chechasiga qaytarib bergach, biroz o'ziga keldi.

— Checha, Egamqul aka bilan mening chaylamga borasizlar. Ish bor, — dedi hanuz anqayib qarab turgan ayolga.

— Nima gap, tinchlikmi o'zi? Nimaga chaylangizga boramiz?

— Egamqul aka avval meni nikohlab qo'yuvdi. Yana nikohlab qo'ysin. Faqat tezroq boringizlar. Qishloqqa kirayotganimda anavi sariq tulkini (qishloq ahli orqavoratdan To'xtamishboyni shunday atardi) ko'rdim. Gaplari boshqacha. Mendan shubhalanganday. Uni Marqishloqdagi To'ra mingboshining xufiyasi, deb eshitganman. Poshsho almashganidan keyin oyog'i kuygan tovuqqa o'xshab yuribdi. Haytovur mingboshining ahvoli tang bo'lsa kerak. Sarbozlarning sardori oyog'i bilan tepib yubordi. Endi To'xtamishboy unga ayg'oqchilik qilib, oldingi izzat-ikromini tiklamoqchi… Checha, tez yetib boringlar.

Shunday deb Mahmud iziga qaytdi.

Qishloqdan qaytayotib ko'nglidagi xavotir o'n hissa ortdi. Xayoliga To'xtamishboyning yugurdaklari keldi. Ular xizmatkor emas, Xudoning g'azabiga duchor bo'lgurlar. Boyning amrini quloq qoqmay bajarishadi. Bu qishloqdan emas, To'xtamish ularni allaqaerlardan topib olib kelgan. Hech kim bilan osh-qatiq bo'lmaydi. Gapirsang, javob ololmaysan. Kun bo'yi, issiq-sovuq demay, saratonda kun tikkaga kelganida ham changitib ketmon chopaverishadi.

Bir safar To'xtamishboy qishloq adog'idagi bog'ida To'ra mingboshi bilan ayshu ishrat qilgan. Ishratbozlikka ikkita xotininiyam qo'shgan. Mingboshiga ular yalang'och bo'lib o'ynab berishgan. Ertasiga ikkoviniyam boy taloq qo'ygan. Mayxo'rlikdan keyin mingboshini kuzatgan boy g'irt mast, otida tebranib uyiga qaytayotganida, qishloqning bir-ikkita qariyasiga maqtangan: “Sen pastkashlar mening yugurdaklarimdan gap olmoqchi bo'psanlarmi?! Hech qachon ololmaysanlar. Xa-xa-xa! Ularning hammasi manqurt!” Yugurdaklar To'xtamishboyni ko'rsa, oyoq-qo'llari qaltirab-titrab qoladi, deb gapiradi odamlar.

Mahmud o'sha yugurdaklar ortimdan tushib, kuzatib kelishi mumkin, deb qo'rqqanidan chechasini o'zi bilan birga olib ketmadi.

U to'xtab, changalzor ortiga bekindi. Ancha kutdi, izidan hech kim kelmayotganiga ishongach, ko'ngli xotirjam tortib, yo'lida davom etdi.

Zebo uni kulbaning orqasida kutib turgan ekan.

— Nega bu yerda turibsiz? — shoshib so'radi Mahmud.

— Sizni kutdim, — javob qildi malika.

— Birortasi kelishi…

Uning gapi uzildi, chunki Zebo paranjisini boshidan olgan edi.

— Tez ustingizga yoping, — deya Mahmud uning yoniga yugurib keldi.

— Nega, ikkovimizdan boshqa hech kim yo'q-ku? — jilmaydi Zebo.

— Mening orqamdan birov kelishi mumkin. Sizni ko'rmasin, — deb Mahmud beixtiyor malikaning qo'lidan ushlagan edi, vujudi jimirlab ketdi. Sezdirmaslikka olib (malika undan ko'zini uzmay turardi), paranjisini sekin malikaning yuziga yopdi:

— Yuring, — dedi past ovozda.

U uyga Zebodan oldin kirdi. Kirib to'rga qaragan ko'yi jim turaverdi. Malikaning kirganini sezgach, birdan ortiga o'girildi.

— Endi bemalol paranjini olsangiz bo'ladi, — dedi.

Biroq o'zi Zeboga yuzini ochishiga imkon bermadi, dovdirab qolishdan qo'rqdi. U bir hamla bilan juvonni quchoqlab oldi. Malika buni kutgan, o'zi shunga ixtiyor berib, erkakning ehtirosini qitiqlayotgandi. Mahmud uni butun vujudi bilan sevib qolsa, hech kimga bermaydi. Shohning sarbozlaridan yashirishning ham yo'lini qiladi. Shunda o'g'li omon qoladi. Unga keragi shu. Mayli, umr bo'yi och-yupun yashar, chidaydi, bolasini yo'qotmasa bo'lgani. Shu bois, u kambag'alga turmushga chiqishgayam rozi.

— Hali… nomahrammiz, — dedi malika pichirlab.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

 

 

 

loading...