Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

0

U otini choptirib ketdi. Yana tepaga chang-to'zon o'rladi.

Zeboning hanuz tuz tatimaganidan tashvishlangan Mahmud cho'zilib yotgan joyidan turdi. Shu mahal kun botishdan chang-to'zon ko'rindi.

— O'tib ketishdi, — dedi Mahmud yuzi yorishib, — endi yo'lga tushsak bo'ladi.

— Balki shomni kutarmiz. Agar ular ortlariga…

— Sen bola emizayapsan, charchab qolasan, — dedi Mahmud malikaning gapini bo'lib.

— Xavotir olmang, chidayman. Halizamon quyosh qaytib, salqin tushadi, — deya maftunkor tabassum bilan yigitga javob qildi Zebo. Aslida, uning qorni ochib madorsizlangan, tishini tishiga bosib chidayotgandi. Axir u hali biror marta ham bunday tang ahvolga tushmagan, saroyda mo'l-ko'lchilik, noz-ne'mat, tansiq taomlar doimo unga muntazir edi. Keyin… Keyin ham Mahmud uni och qo'ymadi. Yegulik topdi. Bisotidagi bir bosh sigirini ham so'yib siyladi. Endi hech nima yo'q. Lekin qo'lga tushib qolish xavfi oldida ochlikka yo'l bo'lsin.

— Unda o'zim borib kelaman, — dedi Mahmud xotinining yuziga biroz termilib turgach.

U emizikli ayolni ochlik qattiq qiynashini bilardi. Hozir Zebo xavfga duchor bo'lmasin, degan niyatda bu gapni aytayotgandi.

— Siz bordingiz nima-yu, birga bordik nima? Baribir, qo'lga tushishimiz mumkin, — e'tiroz bildirdi Zebo.

— Birinchidan, meni ular tanimaydi. Keyin yolg'iz bo'lsam, qochib ketishga imkon topaman. Sizlar… hozir, — deb u paranjini yozdi va kulib dedi: — Quruq yerga o'tirvolibmiz, mana shu ko'rpachada ozgina dam olasizlar, Sirtlon qo'riqchi.

Boshqa payt bo'lganida Zebo Mahmudning bu qilig'iga kulgan va o'zi ham shunga yarasha hazil bilan javob qaytargan bo'lardi. Lekin ayni damda vaziyat butkul boshqacha. U yolg'iz qolishdan qo'rqayotganini qanday aytsin? To'g'ri, Mahmud endi uning eri, har nimani bemalol aytsa, ayb sanalmaydi. Ammo, baribir, Zeboning tili aylanmadi.

Mahmud bo'ribosarning bo'ynidan quchoqlab:

— Meni uyaltirib qo'yma, darrov qaytib kelaman, — dedi xuddi iti uning so'zlarini tushunadiganday.

O'g'li uxlagach, Zebo uni sekin paranji ustiga yotqizdi-da, o'zi o'rnidan turdi. Bir-bir bosib changalzor chetidagi yovvoyi jiyda yoniga kelib, yalanglikka tikildi. Ko'zlari Mahmudni qidirdi, lekin erining qorasi ko'rinmadi.

Dastlab yugurgilab yo'lga tushgan Mahmudning darmoni quriy boshlab, yo'lning yarmini bosib o'tganidan keyin qadami susaydi. Go'yo emaklayotganday hech yo'li unmadi. Buning ustiga, oyog'i butalarga qoqilib yiqilib tushardi. Garchi quyosh ayovsiz qizdirayotgan esa-da, ozgina dam olgisi kelardi. Biroq Zeboning och o'tirgani yodiga tushar, shu bois ildamlab yurishga harakat qilardi. Yura-yura uning tinkasi qurib, oyoqlari sudralib qolgach, o'zidan nolidi: ilgari qancha yo'l bosmasin, charchoq nimaligini bilmasdi. Endi ikki chaqirim yo'l bosmayoq… Nima jin urdi? Bu ahvolda qo'lga tushib qolsa… nahotki malikasidan ayrilsa… Yo'q, bir boshga bir o'lim. Emaklab qolsayam yetib boradi manzilga!

Manzilga bor-yo'g'i o'n besh qadamcha qolganida Mahmud yiqilib tushdi. Oyog'i hech narsaga qoqilmadi, darmoni qurib yiqildi. Bir muddat ko'zini yumdi. “Yaratgan egam, o'zing madad ber”, iltijo qildi u. Biroq u butkul holdan toygan edi.

Shayx Ahmad uni ko'rib, ajablanib biroz qarab turdi, so'ng qo'lidagi kitobini yopib o'rnidan turdi. Borib qarasa, bir yigit, lablari suvsizlikdan yorilib ketgan, allanimalar deb pichirlayapti.

— Bolam… — dedi chol engashib.

Yigit javob berolmadi, alahsirab bir nimalarni pichirladi. Aftidan, u hushidan ketayotgan edi.

Mahmudning gavdasi qushday yengil bo'lib qolgan esa-da, yoshi bir joyga borib qolgan otaxon uni mashaqqat bilan ko'tarib, bir amallab chinor tagiga olib borib, yuziga suv sepdi. Mahmud birdan ko'zini ochdi. Bir lahza qaerda yotganini anglayolmadi. Keyin yuzi qayg'uli tus oldi.

— Ota, — dedi u alanglab boshini xiyol ko'tarib, — yordam bering!

— Bajonidil, bolam. Avval manavi suvni ich, — deb idishni Mahmudning og'ziga tutdi chol.

Mahmud yutoqib ichdi. Tanasiga qayta jon inganday bo'ldi.

— Bolam bilan xotinim och o'tiribdi, ota, biron yegulik bering. Tezroq oboray, — dedi Mahmud ko'zlari javdirab.

Shayx hozir so'rab-surishtirishning mavridi emasligini bilgani bois tez-tez yurib kulbasiga kirdi. Ro'molga yaxna go'sht, non solib, tashqariga chiqdi-yu, qo'rqib ketdi. Chunki changalzor tarafdan boyagina ketgan sarbozlarning qorasi ko'ringan edi. Shayx holsizlanib yotgan yigitning kimligini bilmasa-da, ko'ngliga xavotir oraladi.

— Hov, bolam, tez bu yoqqa kel! — deb uni yoniga chaqirdi.

Mahmud ko'zini yumgancha chinorga suyanib o'tirardi. Shayxning ovozini eshitib, dik etib o'rnidan turdi. Oppoq soqoli ko'ksiga tushib turgan otaning qo'lidagi ro'molga ko'zi tushib quvonib ketdi. Yugurib uning yoniga bordi.

— Hech kim qidirmaganmidi seni? — so'radi shayx undan.

Mahmud javdiradi. Nima deb javob qilishni bilmay qiynaldi, boshi xam bo'ldi.

— Mayli, keyin aytarsan. Hozircha mening xizmatkorim bo'p turasan. Hov anavilarni ko'rayapsanmi? — deb shayx tobora yaqinlashayotgan otliqlarga ko'zi bilan imo qildi. — O'shalarga choy damlaysan. Bo'lmasa, seni tutib olishadi. Faqat og'iz ochib, gapirma, soqovday yur.

— Xo'p, — dedi Mahmud bosh irg'ab. Zero, uning o'zga chorasi ham qolmagan edi.

Yuzboshi boshliq sarbozlar yetib kelishib, otlarini sayisxonaga bog'lashdi. Keyin chorpoyaga chiqib o'tirishdi. Ular ham toliqishgan, yuz-ko'zlari bejo, asabiyligi ko'rinib turardi. Shu bois ular shayxga izzat-ikrom bilan muomala qilib ham o'tirishmadi. Odatda, bu manzilga qo'ngan yo'lovchilar kelgan zahoti shayxni tavof qilardi. “Sizni ziyorat qilib o'taylik, deb atay qo'nib-tushdik, taqsir”, deyishardi ular. Zero, bu joydan o'n chaqirim o'ngu so'lda karvonsaroylar bor edi. Biroq u manzillarda karvon kamdan-kam to'xtar, juda kech qolib ketishsagina o'sha joylarni qo'nalg'a qilishardi. Yo'lovchilar shayxning gurungiga mahtal, uni eshitishga ishtiyoqmand edilar. Shayx rivoyatlarni aytib berayotganida butun vujudlari quloqqa aylanar, keyin yo'l-yo'lakay o'zlaricha shayxdan eshitganlarini gapirib ketishardi. Urush boshlangach, karvonlar soni kamaydi. Shu bois hozir shayxning qo'nalg'asida o'zidan bo'lak hech kim yo'q edi.

Shayx dasturxon olib kelish uchun kulbasiga kirayotganida yuzboshi Mahmudni chaqirib:

— Yana kim bor bu yerda? — deb so'radi.

Mahmud, shayx tayinlaganiday, lom-mim demadi. Garangsib yuzboshiga tikilib turaverdi.

— Gungmisan, nima balo?! — baqirib yubordi yuzboshi.

Mahmud kipriklarini pirpiratdi. Tutoqib ketgan yuzboshi shaxt bilan qilichini qinidan sug'urdi-yu, biroq sermashga ulgurmadi, shayx hujradan chiqib, so'ri tomon kelayotgandi.

— Bor, yo'qol! — haydab soldi yuzboshi Mahmudni.

Shayx uning o'shqirganini eshitsa-da, indamadi. Gap yuzboshidan chiqishini kutdi. Baxtiga, yuzboshi Mahmud to'g'risida hech nima so'ramadi. Mabodo so'rab qolguday bo'lsa, yolg'on gapirishga majbur bo'lardi…

— Havo bugun dim, — dedi yuzboshi, — yo'l bosish o'limdan og'ir. Ortga qaytishdan avval dam olishga qaror qildik.

— Bunday havo yo'l yurgan odamni toliqtirib qo'yadi, — uning gapini ma'qulladi shayx ortiga qaytib kulbasi tomon ketarkan.

Yuzboshi sarbozlaridan biriga xurjundagi sharobni keltirishni buyurdi. Boshqa karvonsaroyda tap tortmay, saroybonning o'ziga sharob buyurardi. Shayxdan so'rash befoydaligini bilib, chol qaytib kelgunicha sharobdan uch-to'rt piyola quyib ichishga ulgurdi. Uning aft-angoridan mayxo'rlik qilayotganini sezgan shayxning ruhi cho'kdi, biroq bir nima deyishni ortiqcha bilib, indamay qo'ya qoldi.

Mahmud yugurib-elib sarbozlar bergan etni to'g'rab laganga solib, ularning oldiga qo'ydi. Beixtiyor ikki bo'lak go'shtni og'ziga solganini o'zi ham sezmay qoldi. Ayni chog'da yashirincha changalzor tomonga ko'z tashlab qo'yar, xotini bilan o'g'lini o'ylab, ich-etini kemirar, umidlanib shayxga termilardi. Biroq shayx unga yumush buyurardi, xolos.

Qorni to'ygach, yuzboshi pinakka ketdi. Shuni kutib turishganday sarbozlar ham cho'zilishib, ko'zlarini yumishdi.

— Men ketishim kerak, — pichirladi Mahmud shayxga.

— Ahvolingni tushunib turibman, lekin hozir mavridi emas. Halizamon bular uyg'onadi. Sezayapsanmi, senga olayib qarab qo'yishayapti. Mabodo yo'qolib qolsang, qidirishadi. Sabr qil.

Shayx yigitni tinchlantirsa ham, o'zining ichi qizir, juldur kiyimli, yalangoyoq yigitga achinardi. Lekin ayni lahzada bundan o'zga chora qo'lidan kelmacdi. Manavi turqi sovuq, odam siyog'ini yo'qotgan yuzboshi bilan sarbozlari hech narsadan tap tortmasliklari tayin edi. Bularning jonlari o'zlariga o'lgudek shirin, biroq boshqaniki ularga xaschalik emas. Sultondan qo'rqishadi-yu, Xudoga javob berish xayollarigayam kelmaydi. Shunday ekan, ulardan har qanday qabihlikni kutsa bo'ladi. Bir arzimasday tuyilgan xato fojiaga olib kelishi hech gapmas.

— Xotining qachon taom yegandi? — so'radi u Mahmuddan.

— Kecha. Tongda ham ozgina totinuvdi.

— Xayriyat. Kechgacha bardoshi yetarkan.

— Bolasi bor-da.

— Sabr.

Quyosh ufqqa yonboshlashidan burun yuzboshi uyg'ondi. Biroz xayol surib o'tirdi. “Vaqtni boy berayapman. Haligacha malikani topolmadik”, deya o'ylab, xo'rsindi. Botayotgan quyoshga termildi. Keyin sarbozlaridan biriga shayxni chaqirib kelishni buyurdi. Uning bu yerdan ketgisi yo'q, ko'ngli allanimani sezar, nazarida, malika shu yerda yashiringanday edi.

— Bu kecha mehmoningiz bo'lamiz, — dedi u shayxga.

— Bajonidil, — javob qildi shayx, — faqat mayxo'rlikka ijozat yo'q.

Yuzboshiga odam zoti chumchuqday gap, shartta qilichini qinidan sug'urib, To'xtamishboyning yugurdagini so'yganday chopib tashlayveradi. Lekin bu gal qo'li bormadi. Hatto shayxga o'qrayishga ham jur'ati yetmadi. Damini ichiga yutdi.

Mahmud esa tipirchilar, intiqlik bilan qorong'i tushishini kutardi. Vaqt esa aksiga olganday imillab o'tmoqda. U yashirincha yana changalzor tarafga qarab qo'ydi, yuragi o'ynadi. Nazarida, uni taqib qilishayotganga o'xshar, har qadamini kuzatib turishganday edi. Yana bir bor changalzor tomon qarasa, bilib qolishadi. Tuyqusdan uning xayoliga bo'rilar keldi, shomda ular izg'iy boshlaydi. Bo'ribosarning ham uch-to'rt qashqirga kuchi yetmaydi. Ertaroq borishi kerak.

Shom qorong'isi endi etagini yoyayotgan palla Mahmud shayxning yoniga borib, ketishini aytdi. Shayxning mo'ljalida hali ertaroq edi. Lekin yigitni ortiq to'xtatib turishning iloji qolmaganini bilgan shayx unga bir juft nonning ustiga go'sht qo'yib berdi va suv to'la ko'zani tutdi-da: “Xudoning panohiga topshirdim”, dedi.

Mahmud old-orqasiga qaramay yugurgiladi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

 

 

 

loading...