Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

0

* * *

Zebo bolasini emizmoqchi bo'lar, ko'kragiga sut kelmay, chaqaloq xarxasha qilar, juvon yig'lamoqdan beri bo'lib Mahmud ketgan tarafga umid bilan tikilardi. “Qo'lga tushib qolgan bo'lsa-ya”, degan o'ydan uning yuragi zirqirab ketdi. Xayolida turqi sovuq kimsa erini qiynoqqa solayotganday edi…

Malika o'zidan-o'zi norozilandi, axir uni deb qancha bandaning qoni to'kildi! Bu fojia yana takrorlanayapti. Yaxshisi, hozir boradi-da, bolasini qiynoqlardan ozor chekayotgan Mahmudga topshirib, hammaning ko'z o'ngida o'zini o'ldiradi. Shu bilan bir yo'la baridan qutuladi.

U qaytib kelib o'g'lini qo'liga olayotganida tumshug'ini old oyoqlariga qo'yib yotgan Sirtlon o'rnidan turdi va bir g'ingshib changalzor oralab ketdi. Itning tushunarsiz holatidan ajablangan Zebo bir xayoli uni chaqirmoqchi ham bo'ldi. Lekin niyatidan qaytdi, chunki it unga ergashib borsa, egasini qiynashayotganini ko'rib qarab turmaydi. Keyin o'zi ham bekordan-bekorga nobud bo'ladi.

Yo'q, Zebo ketolmadi, to'satdan xayoliga boshqa o'y kelgandi: agar u joniga qasd qilsa, sarbozlar achchiq alam ustida Mahmudni ham so'yib tashlashadi. Yaxshisi, sabr qilgani ma'qul.

U yana paranjisini yozib, ustiga o'tirib oldi. Har narsani o'ylamaslikka qaror qildi. Birozdan keyin uni kimdir kuzatayotganday tuyildi. Sirtlon yonida bo'lganidayam mayliydi, negadir it ham qorasini ko'rsatmayapti. Zebo bezovtalanib atrofiga boqdi, hech kimni ko'rmadi. Bu payt To'xtamishboy bekinishga ulgurgan edi.

* * *

Malikaga duch kelishdan oldin To'xtamishboy ko'knori shirasidan ikki qultum ichgan edi. Bungacha ko'knorni tutatib, tutunini ichiga yutgan, natijada, quloq-burnining og'rig'i qolib, joni orom topgandek bo'lgandi, kayfiyati ko'tarilib, miyasi tiniq ishlay boshlagandi.

Biroq bu chora-amaldan nima foyda? Hatto xotinlariyam unga yaqinlashganda ijirg'anishadi. To'g'ri, oldin ham ular boyga yopishib olishmas, majburlikdan, kunlari o'tmaganidan boyning oromxonasiga kirishardi.

Shuni eslab, boyning ko'ngli xira tortdi. Dilgirlikni unutish uchun yana ko'knoriga yopishdi. U tutundan yonidagi yuzboshining sarboziga ham ilindi. Boyning saxovatidan zavqi oshgan sarboz xurjunidan yaxna go'sht olib uzatdi, non, suv berdi. To'xtamishboyning qorni ochqagan ekan, pishillab yedi. Shu zayl ular boshqa sarbozlardan ajralib qolishdi.

Ularning baxtiga, qattiq asabiylashgan yuzboshi sarbozi bilan boyni unutgan edi. Ko'knorining kayfi tarqab, sarboz bezovtalanib qoldi. Irg'ib tulporiga minib, boyga ham otga minishini buyurdi.

Vaqt o'tib, kesilgan quloqning o'rni yana og'riy boshladi. To'xtamishboy ko'knori shirasidan chimdib og'ziga soldi. Asta-sekin boshi aylanib, tag'in kayfiyati ko'tarila boshladi. Qovog'i osilib, atrofga olazarak qarab ketayotgan sarbozga (u malikani o'zi topishni judayam xohlardi, zero, tillarda doston bo'lgan suluv chehrani ko'rish istagi unga tinchlik bermas, qolaversa, shu bahona yuqori martabaga ko'tarilish niyati ham yo'q emasdi) qarab qo'ydi. Bir xayol sarbozga ham bermoqchi bo'ldi-yu, darrov fikridan qaytdi, qurumsoqligi tutdi.

Ozgina yurishgach, ko'knorini sarboz bilan baham ko'rmasa bo'lmasligini angladi. Chunki boy judayam chanqagandi.

Ikkalasining ham kayfi oshib, otda yurish malol keldi. Ular tulporlaridan tushib, soya joy topib cho'zilishdi. Yuzboshining dag'dag'asini ham unutib, xurjunni to'shab uyquga ketishdi.

Quyoshning tafti qaytgan palla uyg'onishib, shoshib yo'lga tushishganda, ikki nafar jasadga duch kelgan boy bilan sarbozning ranglari oqarib ketdi. Murdalarning qoni qotib qolgan, hali yirtqichlar hid olib ulgurmagandi.

— O'zimiznikilar-ku, kim o'ldiribdi ularni? — dedi sarboz o'ziga-o'zi gapirganday.

To'xtamishboyning xayoliga yuzboshi keldi: bu — uning ishi. Boshqa birovning qo'li bormaydi, kim ham yurak yutib sarbozlarga hujum qila olardi? Mahmud chumchuqniyam so'yolmaydi. Aftidan, bular yuzboshining amrini bajarmagan.

Ular bu bexosiyat joydan tezroq ketishni ma'qul ko'rishdi. Biroz yurganlaridan keyin sarboz:

— Ikkiga bo'linamiz, — deb qoldi. U o'z jonini o'ylayotgan, go'yo boydan ajralmasa, boshiga biror kulfat tushadiganday edi.

To'xtamishboy ham uning niyatini tushundi. “Balki shunday bo'lgani tuzukdir”, deya xayol qildi.

Boy to'g'riga yurdi, sarboz so'lga burildi.

To'xtamishboy yalanglikka biroz qolganida hojat uchun otdan tushdi. O'tirib to'g'riga qaradi-yu…

“Tushimmi, o'ngimmi?!” To'xtamishboy o'z ko'ziga ishongisi kelmasdi: ro'parasida malika bolasini emizib o'tirardi. To'xtamishboy tuyqus ishtonini ho'llab qo'yganini sezmay qoldi. Chotiga issiq tekkanini sezgach, o'zidan ijirg'andi. “Padar la'nati, o'zi shu sharmandalik qoluvdi!” — g'o'ldiradi u.

Atrofga olazarak boqdi. Hech kim yo'q. “Qurib ketadi, — o'yladi boy ko'zini yana malika ko'ringan tarafga tikib. — Qayg'urmasayam bo'laveradi”.

U otini chetroqqa bog'lab, darrov iziga qaytdi. Belbog'idagi xanjarini olib, asta-sekin juvon tomonga yurdi. Kutilmaganda boy turgan joyida qotib qoldi: malikaning husnu malohati uning aqlini o'g'irlab qo'ygandi.

To'xtamishboy shu zayl ancha qotib turdi. Quloq-burunsiz boy ko'zining omonligidan quvonardi. Ayniqsa, parivash o'rnidan turib, yalanglik tarafga borib qaytayotganida shunaqa tamanno qilib qadam tashladiki, To'xtamishboyning yuragi qafasini sindiray dedi. “Bekorga shoh uni qidirtirmagan ekan-da, — deya o'yladi u. — Oqshom nega yaxshilab qaramadim-a?.. Qayoqdagi yalangoyoq ega chiqib tursa… Uvol-a, uvol… Ey, karami keng Xudo, bu ne hol?! Shuncha mol-mulkning egasi bo'lsam, qishloqda mendan boyi bo'lmasa, nega endi shunday go'zal xilqat menga emas, qayoqdagi yaloqxo'rga nasib etdi? Nega bu ne'matingni unga ravo ko'rding?!”

Alam bilan boy ko'zini malikadan uzib, Mahmudni qidirdi. Biroq u ko'rinmadi: “Qaysi go'rga ketibdi valakisalang?” Shu mahal malika o'zi tomonga qarayotganini ilg'ab qolgan boy butalar orasiga berkindi.

* * *

“Qo'rqqanga qo'sha ko'rinar. Menga shunday tuyilayotir, shekilli. Changalzorda bu mahal kim ham bo'lardi? Esi bor oyog'ini bosmaydi bu yerlarga”, xayolidan o'tkazdi Zebo. Bu bilan u o'ziga taskin bermoqchi edi, ko'nglidan xavotiri arimadi, aksincha, yuragi battar siqilaverdi. Dunyoda shunday tikanzoru yalanglikdan iborat manzillar borligi ilgari uning  tushiga  ham kirmagan edi.  Qo'rqinchliligi-chi! Yutib yuboray deydi. Unda-bunda hasharotlar chirillab qoladi. Keyin suv quygandek jimlik. Yana tuyqusdan hasharotlar xirgoyisini boshlab, yurakni ezadi.

Mahmuddan xavotir olib, qo'rquvdan yuragi to'lib, Zebo yig'lab yubordi. Ora-sira o'g'liga qarab qo'yadi. Chaqaloq bezovtalana boshladi, qorni och, emmoqchi. Zeboning esa ko'kragi bo'shagan, ovqat zarur.

Shu payt shitirlagan tovushdan Zeboning yuragi yorilayozdi, yalt etib tovush kelgan tomonga qaradi. Ko'zi dumini likillatib kelayotgan Sirtlonga tushdi. Yengil tortib, xo'rsindi. It yoniga kelganidan keyin juvon uning og'zidagi qon yuqini ko'rdi. Ha, bo'ribosar ovga chiqqan, omadi chopgani ko'rinib turibdi. Qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor? Sirtlon Zeboning oyog'iga suykaldi.

Butalar orasidan yo'lbarsday bahaybat itni ko'rgan To'xtamishboyning nafasi ichiga tushib, yerga qapishdi. Agar it uni sezib qolsa, yuzboshining bergan azobi holva bo'lib qoladi.

Boy Mahmudning iti to'rt bo'rini yer bilan bitta qilganini eshitgan, bir necha marta Mahmud don so'rab borganida, undan itingni ber, degandi. Hatto bir safar bir qop bug'doyga alishmoqchi bo'lgan, biroq Mahmud ko'nmagandi. Boy itni qo'lga kiritishga ko'p urindi. Bitta itga ikki qop bug'doy ko'p, bir qopga Mahmud ko'nmaydi. O'g'irlab ketay desa, buni uddalashga ko'zi yetmaydi…

Hozir To'xtamishboy malikani qo'lga tushirishni o'ylamas, itning hamlasidan omon qolishi dargumon. Chunki Sirtlon tuyqusdan quloqlarini dikkaytirib, boy yotgan tarafga qarab g'ingshirdi. So'ng it boshini chetga burib hurdi. Avval uzib-uzib, keyin jon-jahdi bilan hura boshladi. Zebo ham, nariroqda damini chiqarmay yotgan To'xtamishboy ham kimdir kelayotganini payqadi.

Changalzor ichidan avval odamning bo'y-basti, so'ng tagidagi oti ko'rindi. Bu hali qilichini qinidan sug'urmagan, ammo kamonini o'qlagan, To'xtamishboyga hamroh sarboz edi. U yovvoyi jiyda ortida jon-jahdi bilan hurayotgan itni, keyin malikani ko'rgan edi. Itning vajohatidan cho'chigan sarboz kamonni qo'liga oldi.

Zebo qo'llari qaltirab bolasini bag'riga bosdi. To'xtamishboy esa o'rnidan sapchib turib, xanjarini qinidan sug'urdi. “Ayni muddao!” — o'yladi u. Hozir sarboz itni o'ldiradi. Boy esa sarbozni saranjomlaydi. Keyin malikani, istasa, yuzboshiga topshiradi, istamasa, o'zi bilan olib qochadi. Ishqilib, anavi yalangoyoq kelib qolmasa bo'lgani.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

 

 

 

loading...