Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

0

* * *

Shayx Mahmudning ortidan qaramadi. Nazarida, yuzboshining odamlari uni kuzatib turishgandek. Shayx yuzboshini ko'rgandayoq yuzidagi qayg'u-tashvishni ilg'ab, yuragi uvishgan edi. Qaniydi, qidirayotgan odamni unga topib bera qolsa-yu, g'amini aritsa. Ammo qariya bunday qilolmas, chunki yuzboshining tashvishi razolatdan iborat ekanini u sezib turardi.

Aslida, yuzboshining o'ziga qolsa, bunchalik azobga o'zini giriftor etmasdi. To'g'ri, azob chekardi, lekin u butunlay boshqacha azob, yurak azobi, muhabbatning azobi bo'lardi. Bu huzurbaxsh azobga do'q-po'pisa aralashmasdi. Hozirgisi esa butunlay boshqacha. Endi u qanday bo'lmasin omon qolishi kerak. Agar malikani topmasa, o'rab-chirmab sultonning haramiga topshirmasa, shoh Davronqul hali ko'z ko'rib quloq eshitmagan jazoni o'ylab topadi.

Yuzboshi Mamatg'uli chindan ham shayxning har bir qadamini kuzatib o'tirardi. Faqat bir nimaga chalg'ib, shayx Mahmudni jo'natib yuborganini sezmay qoldi. Keyin o'sha yalangoyoqni esidan ham chiqarib qo'ydi. Shayxning yuzida esa hech qanday o'zgarish sezmadi. Shu bois yuragini yorib yengil tortish maqsadida shayxning hujrasiga kirdi.

Ahmad bobo (ba'zan unga shunday deb murojaat etishardi) moychiroq yorug'ida kitob mutolaasi bilan band edi. U Mamatg'ulini ko'rishi bilan o'rnidan turib, yuzboshini to'rga taklif qildi. Mamatg'uli o'tirdi. Uzatilgan bir piyola choyni ichdi. So'ng sekin gap boshladi.

— Taqsirim, ko'plarning hojatini chiqarganingizni bilaman. Dardi bor bandaki, yoningizga kelib shifo topadi.

— Dard berguvchi Xudo, shubhasiz, shifo ham faqatgina uning O'zidan. Men tabiblik qilolmayman. Illo, ruhiy madad beraman. Shunda ham qo'limdan kelgancha, baholi qudrat, — dedi shayx mayin ovozda.

— Mening dardim o'zgacharoq, taqsirim. Mana, ko'klamu yoz o'tib ketdi, lekin bola-chaqamning diydoriga zorman. Ularni ko'rishim uchun kamida olti kun yo'l bosishim kerak. Ammo, ming afsuslar bo'lsinkim, podshoi olam menga buncha muddatni ixtiyorimga bermaydilar. Birgina ilinjim, — deb Mamatg'uli boshini ko'tarib shayxga qarab qo'ydi, — shohning amrini ado etib, keyin undan ruxsat olish edi. Ammo shu ham nasib etmay turibdi. Aksi bo'lib, boshimdan judo etmasalar. Menga bir duo bering, taqsir, qochqindagi malikani topay.

— Eshitishimcha, malika Nursulton podsho zavjalarining kenjasi emish… Demak, u hali yangi shohning nikohidamas, shundoqmi?.. Farzand ko'rganmikan?

— Farzand?! — yuzboshining peshonasi tirishib o'yga toldi. Oraga og'ir sukunat cho'kdi. Yuzboshining xayoli o'g'il-qizlariga ketgandi. Katta qizini o'n to'rt yoshida o'zining mingboshisiga beshinchi xotin qilib berdi. Keyingisi o'n ikkini to'ldirayotir, xotinining gapicha, qipchoq Daminbek odam qo'yganmish. Orada urush boshlanib, shu kenja qizi uzatilmay qoldi…

— Ehtimol, bordir, — dedi Mamatg'uli o'ziga kelib, — bundan bexabar ekanman. Lekin shu atrofdaligini bilaman. Afsus, topolmayapman, ajal shamshiri naq boshim ustida…

— Ajal kimga qachon yetib kelishi sir. Modomiki, kelgudek bo'lsa, hech bir ruxsatsiz jonni sug'urib oladi-ketadi.

— Bolalarimning yetim qolishini istayapsizmi? — shayxga tikildi yuzboshi.

— Men aslo birovga o'lim tilagan emasman. Bu gunohlar ichida eng azim gunoh. Har kim manglayida bitilganini ko'radi. Siz qidirib yurgan malikaga ham achinayotganim yo'q. Ehtimol, uning-da ahvoli havas qilgulik emasdir.

— Siz uning qaerdaligini bilasizmi? — shayxga sinchkovlik bilan qaradi yuzboshi.

— Qochqindagi odamda halovat bo'lmaydi, demoqchiman, — muddaosini aniq aytib, shayx hushyor tortdi. — Mudom tahlikada yashaydi. Shuni nazarda tutib aytayapman-da.

“Ey, Olloh, — xayolidan o'tkazdi Ahmad bobo, — so'zlaganlarimda yolg'oni bo'lsa, O'zing mag'firat ayla!”

— Egam bandasiga umrni yashash uchun beradi, — gapida davom etdi shayx. — Bekordan-bekorga shamolga sovurish uchun emas. Siz bolalaringiz yetim qolishidan qo'rqayapsiz, ammo so'nggi urush chog'ida qanchadan-qancha go'daklar yetim qoldi.

— Agar malikani topsam, boshqa qirg'in bo'lmaydi.

— Bashoratdan tiyilgan ma'qul.

Mamatg'uli shayxdan bir natija chiqmasligini angladi. Shu bois xayr-ma'zur qilib, hujrani tark etdi. U Ahmad bobo qarshisida kalovlanib, o'zi istagan gaplarni gapirolmagandi. Tashqariga chiqqach, o'ziga keldi va: “Yaxshisi, xizmatkorni siquvga olaman. Hech bo'lmaganda, imo-ishora bilan bo'lsayam kim kelgan-kelmaganini aytib berar”, degan xayolga bordi.

— Hamdam! — baqirdi u chorpoyaga chiqib o'tirgach.

Sarbozlardan biri yugurib kelib qo'lini ko'ksiga qo'ydi:

— Xizmatingizga muntazirman!

— Xizmatkorni top. Oyog'ini yerga tekkizmay olib kel yonimga! — deya Mamatg'uli qo'lini musht qilib tugdi.

Sarboz orqasi bilan bir-ikki qadam yurdi-da, keyin o'girilgancha yugurib ketdi. U besh sarboz yordamida hujralarni, sayisxona-yu chor-atrofni tintib chiqdi. Biroq xizmatkor hech qaerda yo'q edi.

— Hazratim, — dedi Hamdam yuzboshi o'tirgan so'ri poyiga tiz cho'kib, qamchi ushlagan qo'lini ko'ksiga qo'yib, — yerga kirib ketdimi, osmonga uchib ketdimi, xizmatkor hech qaerda yo'q. Kirmaganimiz shayxning hujrasi qoldi.

— Bor, ag'dar-to'ntar qil! Topilmasa, shayxning qo'l-oyog'ini bog'lab haydab kel! — buyurdi Mamatg'uli va shu ondayoq ichidan zil ketdi: avliyolarning qarg'ishi yomon, deb eshitgan edi. Mabodo, shayx qarg'asa, xonumoni kuyib ketadi. “Bekor qildimmi?” o'yladi yuzboshi. Biroq ko'z oldida shoh Davronqulning qahrli yuzi namoyon bo'lib, o'zini bosdi. Boshini ortga tashlab, osmonga qaradi. Boyagina birorta yulduz ko'rinmayotgan osmon endi charaqlab ketibdi. Xuddi Mamatg'ulining qilmishini hamma ko'rsin, deb yoritib turganday. “Ey, Xudo, o'zing madad ber!” — deya pichirladi uning lablari va vujudida yengil titroq sezdi.

Mahmudni axtarib topolmagan sarbozlar shayxning qo'llarini orqasiga qayirib bog'lab Mamatg'ulining huzuriga olib kelishdi. Mamatg'uli Ahmad boboga tik qarolmadi, qo'rqdi.

— Xizmatkoringiz qani? — so'radi yerdan ko'zini uzmay.

— Hozir qaerdaligini bilmayman, — javob qildi shayx.

— Yolg'onning gunohi azim ekanini bilarsiz! Men sizning avliyoligingizga qarab o'tirmayman. Malika kerak menga. Toping malikani! — qaltirab ketdi Mamatg'uli.

— …

— Nechuk jimsiz? Boshqalarga aql o'rgatganda bulbuligo'yo edingiz, — piching qildi yuzboshi.

— Qo'limdan kelmaydigan ishni bajarolmayman.

— Bajarasiz, majbur qilsak! — deb Mamatg'uli yonida turgan Hamdamga yuzlandi: — Yigirma darra uringlar!

Hamdam go'yo boshi uzra chaqmoq chaqqandek ortiga tisarilib ketdi.

— Hazratim, — dedi u boshini egib, — kallangni ber, deng, so'zsiz beraman. Lekin… taqsir, shayx… avliyo. Boshimizga biror kulfat orttirib olmaylik.

Yuzboshi jahl otiga minib, qilichini qinidan sug'urdi-da, Hamdamning ko'kragiga sanchdi. Qon tizillab otildi.

— Alhazar!!! — xitob qildi shayx.

Hamdam gursillab yerga quladi. Mamatg'uli qonga belangan shamshir tig'ini Ahmad boboning tomog'iga tiradi.

— Endigi navbat senga, qari tulki! Chopib tashlayman! — o'kirdi u.

— Agar mushkulingiz shu bilan oson bo'lsa, mayli, choping. Zero, o'lim haq va men ajalni yorug' yuz bilan qarshilayman, — dedi shayx xotirjam ohangda.

Shayxning gapi yuragiga nashtardek sanchilgan yuzboshi o'rnidan sapchib turdi.

— Yigirma darra uring! — qichqirdi u sarbozlariga.

Yuzboshi qamchi zarbasidan shayx dodlaydi, deb o'ylagan edi. Ammo faqat qamchining havoni kesib tushgan zarbinigina eshitdi. Shu mahal birdan atrof yorishib ketdi, chaqmoq chaqib, gumburlagan shovqin eshitildi. O'zlarida kuch topib, shayxni kaltaklayotgan ikkala sarboz ham qamchilarini ko'targan ko'yi qotib qolishdi. Rangi o'chgan yuzboshi chorpoyadan sakrab tushdi. Biroq qaerga borarini, nima qilarini bilmay, dovdirab qoldi. Sarosimalanib qichqirdi:

— Shayxni qo'y… Qo'yib yubor!

Ahmad bobo o'rnidan og'ir qo'zg'alib, oyoqqa turdi. Yaktagini qoqdi-da, bir-bir bosib hujrasi tomon yurdi. Uning dilida shu tobda birgina iltijo bor edi: “Parvardigor, bu xom sut emgan bandalaringni kechir!”

Shayx hujrasiga kirib, tahorat oldi. Ust-boshini almashtirib, namoz o'qidi. Keyin o'tirib yig'ladi. O'zining nohaq xo'rlanganiga u alamzada emas, balki dargohida qotillik yuz bergani bois yig'lardi.

Asli shayxning bolaligi ham shu makonda o'tgan, otasi katta mulla edi. Ahmad bobo es-es xotirlaydi. O'sha paytda uch-to'rt yoshda edi. Otasi bedavo dardga mubtalo bo'lib, yorug' olamni tark etgan. El boshiga o'lat yog'ilgan ekan. Butun-butun qishloqlar huvillab qolgan. Shunda Ahmadning otasi Ollohga yolvorib, hamma dardni menga ber, bandalaringga shafqat qil, deya iltijo qilarkan. Oradan hafta o'tmay o'sha bedavo darddan u qazo qiladi. Shu bilan odamlar boshiga yog'ilgan o'lat ham ko'tariladi.

Otaning bisotidagi kitoblar o'g'liga meros bo'lib qoldi. U tinimsiz o'qidi. Buning samarasi o'laroq, katta olim maqomiga erishdi. Uning dargohiga yetgan odam zoti borki, fe'l-atvorini bu qutlug' maskan havosiga tez moslashtiradi. Hatto bir safar ikki dushman tomon lashkarlari bu joyga kelishgach, bir-birini chopish tugul, haqoratli gap ham aytisholmagan. Endi esa shunday qutlug' dargohda qon to'kildi…

Ahmad boboning nazarida otasidan qolgan yerning har qarichini farishtalar makon aylagan. Endi ne kor-hol ro'y beradi, farishtalar afsus-nadomat chekib, bu maskanni tark etadimi?..

* * *

Sirtlon o'ljaga tashlanish uchun shaylanganday old oyoqlariga tumshug'ini tirab irilladi.

— Durust, shunday yotib turgin, jonivor, hozir boplayman seni, — deya sarboz itni mo'ljalga oldi.

— Sirtlon, qoch! — baqirib yubordi Zebo.

Bekasining tovushidan sergaklangan it oldinga otildi. Sarboz tarang tortilgan yoyni bo'shatdi. Bo'ribosar bir havoladi-yu, orqa oyog'iga tekkan kamon o'qidan gursillab yiqildi. Malika dahshatga tushdi. Onasining chinqirig'idan uyg'onib ketgan go'dagining ingalaganini ham eshitmadi. Yugurgancha Sirtlonning yoniga borib, itning oyog'idan kamon o'qini sug'urib oldi. It vangilladi.

Sarboz ko'ppakka ko'maklashayotgan ayolning husnu jamolini ko'rib, hushini yo'qotayozdi. Shu bois na shamshirini qo'liga oldi, na yoyiga o'q joyladi.

Jarohatini ikki-uch bor yalab, Sirtlon qaddini rostladi va ot ustidagi sarbozga hamla qilishga shaylandi. Sarboz sarosimalandi. Qo'lini qilichiga uzatgan hamono o'ng boldiri shunaqangi achishib og'ridiki, chidolmaganidan o'kirib yubordi. Ot hurkib, avval old oyoqlarini ko'tardi, keyin yon tarafga sakradi. O'zini yo'qotib qo'ygan sarboz yerga yiqildi. Shunga qaramay o'zini o'nglab, qilichini qidirdi. Qilich esa itning yonida yotar, olishning imkoni yo'q. Itning vajohati dahshatli edi. Sarboz atrofiga bir qur nazar tashlab, bir qadam narida yotgan jiyda shoxini ko'rdi. Itdan ko'zini uzmagan holda sekin engashib tayoqni qo'liga oldi.

Sirtlonning jarohati tez harakat qilishga imkon bermasdi, oyog'ini ko'tarib bosayotganda zirillab og'rirdi. Shu bois sarboz otdan qulaganida ustiga sakrab g'ajib tashlayolmadi. Bo'ribosar pisib dushmaniga yaqinlasha boshladi. Sarboz qo'lidagi kaltakni sermaganda o'zini chetga tortib chap berdi, o'tkir tishlarini ko'rsatib irilladi.

To'xtamishboy it bilan sarbozning olishuvini ko'rib turar, “Qani endi, ikkalasiyam shu tobda jon taslim qilsa. Ko'nglimdagiday bo'lardi-da”, deb o'ylardi u malika yashiringan tomonga qarab-qarab qo'yar ekan.

Sirtlon tuyqusdan sarbozning ustiga sapchidi. Sarbozga yarasi pand berdi, qochib itga chap berolmadi, faqat qo'lidagi tayoqni itga to'g'rilashga ulgurdi. Bo'ribosar uning ustidan bosib tushdi. Tayoqning bir uchi itning qornini yaraladi, Sirtlon yoniga ag'anab, vangillab yubordi.

“Ayni vaqti!” — xayolidan o'tkazdi To'xtamishboy it mag'lub bo'lganini ko'rib.

Sarboz endi o'rnidan turganida, yonida To'xtamishboy paydo bo'ldi.

— Bo'g'izlab tashlang, — dedi sarboz To'xtamishboyning qo'lidagi xanjarni ko'rib.

— Ha, bo'g'izlayman! — deya boy kutilmaganda sarbozning ko'ksiga xanjar sanchdi.

— Imm! — ingrab yubordi Sarboz. — Nima qilding, it emgan?!

— Lekin bu bilan kesilgan burnim, qulog'im avvalgiday bo'lib qolmaydi. Hali hammangning qoningni ichaman! — o'kirdi To'xtamishboy.

Sarboz tizzalab qoldi, keyin orqasiga yiqildi. Bir lahza o'tar-o'tmas joni uzildi. Shungacha boy unga baqrayib qarab turaverdi. Sarbozning butunlay tinchib qolganiga ishonch hosil qilgach, bo'ribosarni ham daf qilmoqchi bo'lib itga yaqinlasharkan, malika tomonga qaradi.

Itni o'ldiradigan bo'lsa, basharasini latta bilan o'rab olgan bu kimsa o'ziga tajovuz qilishini bilgan Zebo qochishga tushdi. Ochlikdan, issiqdan tinka-madori qurigan juvon uzoqqa ketolmasligini bilsa-da, bolasini qo'liga olib, o'zini changalzor ichiga urdi. Uning qochayotganini ko'rgan To'xtamishboy itni unutib, bir ko'rishdayoq yuragini o'ynatib yuborgan ofatijonni quvishga tushdi.

Ularning ortidan qarab qolgan Sirtlon uvillab yubordi.

Bu payt shom qorong'isi tushgan, changalzor oralab yurish qiyin edi. Malika uch-to'rt marta qoqilib yiqildi. Har safar yiqilayotganida bolasini azot ko'tarib qolar, tizzalari zirqirab ketardi.

To'xtamishboy tobora malikaga yaqinlashardi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

 

 

 

loading...