Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

0

Choshgohga qolmay, ular manzilga yetib borishdi. To'g'risi, changalzorning shundoq biqinida serhosil yer borligi Mahmudning tushiga ham kirmagandi. To'g'ri, o'zi ham yer ochdi, baholi qudrat dehqonchilik qildi. Lekin yeri zax, hosili unmaydi.

Keng dala, yam-yashil qovun-tarvuz paykalini ko'rib Mahmudning ko'zi quvondi.

— Jayra degan jonivor tarvuzga o'ch bo'larkan, — dedi dala boshida to'xtagan To'xtamishboy, — chaylani tikanzorga yaqinroq qilib quraylik, desam, xizmatkorim unamayapti. Bo'ridan qo'rqadi-da, bachchag'ar, — u bir oyog'ini osiltirgancha chayla tomonga qulog'ini ding qilib turgan Sirtlonga qaradi, so'ng ko'zini Mahmud tomonga olib qochib: — Bo'lmasam, sen bilan gavdasi tengma-teng ikkita iti bor, ammo o'zi zo'r mirishkor, shuning uchun men ham indamadim… Tarvuzning palagini bosmanglar, — dedi u palaklar oralab o'tgan ariqchaga tushib yurarkan.

Dalaning o'rtasiga yetganida boy to'xtadi va bir quchoq keladigan tarvuzni uzib, Mahmudga uzatdi.

— Senlar meni qurumsoq deb o'ylaysanlar. Hotamtoyligimni bir ko'rsatib qo'yay, qishloqqa borib, hammaga doston qilasan, — deya hiringlab kuldi.

Chaylagacha o'n qadam qolganda dehqonning qorasi ko'rindi. Paykal oralab kelayotganlarga ko'zi tushib bezovtalandi. To'xtamishboyni tanimadi, chog'i, avvaliga angrayib turdi. So'ng ikki bukilib salom berdi. Boyning basharasi latta bilan o'rab tashlangani bois tanimaganligini aytdi.

— Tumshug'ingning tagiga kelsayam ko'rmaysan-a, yaramas! — dedi To'xtamishboy ovozini bir parda ko'tarib.

— Uzr, xo'jayin, ko'rmay qopman, — dedi xizmatkor. Uning ovozi titrab chiqdi.

— Ho'kizday ikkita it berib qo'yibman, shu yerga keldik, bittasiyam g'ing demadi. O'g'ri orqangni kesib ketsayam bilmas ekansan-da, nodon! — baqirdi To'xtamishboy mehmon boshlab kelayotganini ham unutib.

— Boy ota, urg'ochi itimiz guyga kelgan ekan, ertalab Qoplonni changalzorga iyartib ketib qoldi, — dedi dehqon ikki bukilib.

— Ishqilib, seniyam qo'shib opketmabdi, shunisiga shukur qil. Tez dasturxon yoz, hamqishlog'im kep qopti, bir mehmon qilayin. Avval Mahmudning qo'lidagi tarvuzni so'yib kel, qorin ochqab ketdi, — dedi To'xtamishboy.

Xizmatkor chaylaga bisotidagi bittagina ko'rpachani to'shadi. Uning ustiga boy cho'kdi. Mahmud bilan Zebo esa poygakka — yerga o'tirishdi.

Xizmatkor dasturxon yozib, qattiq non, sopol piyola-choynak qo'ydi. Keyin tarvuzni so'yib olib keldi. To'xtamishboy yonboshlab yotarkan, zimdan Zeboga ko'zi ketar, uning jamolini yana bir marta ko'rishga oshiqardi.

— Imm! — deb qulog'ining ustiga qo'lini qo'ydi boy, so'ng og'zidagi luqmasini bir amallab yutib, dedi: — Yana boshlandi. Qutulmaydigan baloga yo'liqdim, shekilli. Sizlar o'tira turinglar, men hozir…

U o'rnidan turib, tashqariga chiqdi. Xizmatkorning yoniga borib: “Ovqatga masallig'ing bormi?” deb so'radi. Xizmatkor boshini egdi:

— Qotgan non, sholg'om, tuz, suvdan bo'lak hech vaqo yo'q, boy ota.

— O'tgan safar kelganimda bir piyola shira tashlab ketuvdim, turibdimi? — so'radi cho'risiga yeb qo'ygudek tikilgan boy past ovozda. — Sholg'omni qaynatib, ichiga shuning hammasini sol.

— Boy ota, ko'plik qiladi-ku. Hammangiz tosh qotib uxlab qolasizlar.

— Aytganimni qil. Hozir menga bir chimdim ber, quloq-burnim azob berayapti.

— Boy ota, dardingizni olay, nima bo'ldi?

To'xtamishboy xizmatkorining oldida birinchi marta ko'ngli erib, ko'ziga yosh oldi.

— So'rama, — dedi u ko'z yoshi tomog'iga tiqilib, — urug'imni, odamlarni deb shu ko'yga tushdim…

Boy ko'z yoshini yengiga artib, o'choq yoniga chordana qurib o'tirdi.

Xizmatkor bir chimdim ko'knori shirasini olib kelib boyning qo'liga tutqazdi.

— Ovqatga solayotganingni, — To'xtamishboy kaftidagiga ishora qildi, — anavi ikkovi bilmasin. Uqdingmi?

Xizmatkor miyig'ida kulimsirab, boshini qimirlatib “xo'p” ishorasini qildi. Boy o'choq yonida uzoq o'tirdi. U ko'knori shirasi qo'shilgan sho'rvadan ichgan er-xotin tez uxlab qolishini bilardi. Shu lahzani u intiq kutar, xayolan malika bilan visol onlariga o'zini chog'lardi.

To'xtamishboy o'zini malikaning qo'ynida tasavvur qilib mamnun iljaydi. Ko'knori shirasi qo'shilgan sho'rvani ichib malika qotib uxlaydi, tipirchilamaydi, demakki, hech nimani sezmaydi. U ko'ngliga siqquncha ishrat qiladi. Keyin… Keyin o't olib ketmaydimi dunyo deganlari! Anavi yuzboshi sang'iyversin lashkari bilan, oxiri bir kuni shohning yoniga bosh egib boradi. Shoh hammasini qilichdan o'tkazadi. Bu yoqda To'xtamishboy Mahmudni asfalasofilinga jo'natadi. Qarabsizki, malika uniki bo'ladi-qoladi.

Boy shirin entikdi. Shu mahal yana qulog'i lo'qillab og'riy boshladi. “Hozirgina shira yedim. Ta'sir qilmadimi, nima balo?” — xayolidan o'tkazdi u va xizmatkorini yoniga chaqirib, yana bir chimdim oldi-da, og'ziga soldi. Shundan so'ng boshi aylanib, uyqusi kela boshladi.

O'rnidan turib chaylaga kirdi-da, ozgina mizg'imoqchiligini aytdi. Shu zahoti malika bolasini ovqatlantirish bahonasida chayladan chiqib ketdi. Mahmud xizmatkorga yordamlashadigan bo'ldi.

Ko'p o'tmay chayladan To'xtamishboyning xurragi eshitildi. Zebo bir chetda cho'kkallab, o'g'liga qip-qizil tarvuzni ko'rsatib, shirinligini ta'riflardi.

— Ko'rinishingizdan menday bir bechoraga o'xshaysiz, — dedi To'xtamishboyning xizmatkori. — Menda-ku, yirtiq bo'lsayam, egnimda ko'ylagim bor. Sizda shu ham yo'q ekan. Badaningiz tirnalib ketibdi. Sizga bir gapni aytay, birodar. Boy ota shu paytgacha bir bandaga qayishgan odammas. Erta bahordan kech kuzgacha itday mehnatini qilaman. Lekin biror marta bo'lsin, muruvvat ko'rsatganini eslolmayman. Uyidagi qullarni-ku, qo'yaverasiz, ularning ham hushi joyidamas. Birodar, ertaroq bu yerni tark eting. Hushingizni oladigan ovqat tayyor bo'layapti. Sizga ichirishni tayinladi anavi xumpar. Ichib toshday qotsangiz, holingiz ne kechadi, xudo biladi.

Mahmudning peshonasi tirishdi. Yuzi alamdan bo'g'riqib, qansharini qashladi.

— Tashakkur, bizni bir xatardan ogoh etdingiz, birodar. Men asli unga sirayam ishonmaganman. Sehrladimi yo meni jin urdimi, bilmadim, ishqilib, shirin so'ziga uchib, ortidan ergashib kelaveribman, — deya chuqur uf tortdi u.

— Vaqtingiz shom bo'lmay, tezda yo'lga tushing, — qistadi xizmatkor.

Mahmud Zebo o'tirgan tarafga yuzlandi. Avval ovoz berib chaqirmoqchi bo'ldi, biroq darhol niyatidan qaytdi. Chunki battol boy uyg'onib qolishi mumkin. U qadamini tezlatib, malikaning yoniga bordi.

— Ketamiz!

Zebo yalt etib unga o'girildi. Chachvonini xiyol ochib, qiyo boqdi.

— Yuragimni bezovtalik kemirayotgandi… Lekin birdan sizning bunday qarorga kelganingiz meni hayron qoldirdi. Tinchlikmi? — deb so'radi u.

— Yo'l-yo'lakay hammasini aytib beraman, — deb u ortiga burildi-da, xizmatkorning yoniga bordi:

— Ismingiz nima, birodar?

— Tolib. Beshkent qo'rg'onidanman. Mabodo shu yoqlarga yo'lingiz tushsa, Berdiyor ismli akamni so'rang. Unga salomimni yetkazing, — dedi xizmatkor Mahmudni quchoqlab va o'zlariga yaqinlashib kelgan Zeboga yuzlandi: — Kelin, siz o'girilib turing.

Malika uning nega bunday deganini tushunmadi. G'alati ahvolga tushdi. Shunday esa-da, tikanzor tomonga o'girildi.

Tolib ko'ylagini yechdi. Uning qovurg'alarini qo'l tekkizmay sanasa bo'lardi. Oq oralagan soch-soqoli va qoq suyak gavdasini ko'rgan odam seskanib ketardi. “Men undan behroq ekanman”, beixtiyor xayolidan o'tdi Mahmudning.

— O'zingizga hali ko'p kerak bo'ladi. Men bir amallarman, — deya uning qo'lini qaytardi Mahmud.

— Yo'lingiz og'ir. Buning ustiga, tikanzor oralab ketishingizga to'g'ri keladi. Shundog'am hamma yog'ingiz tirnalib ketibdi. Oling, birodar. Ha, shoshmay turing…

Tolib chayla tarafga yugurib ketdi va tezda qo'lida tuguncha bilan qaytdi.

— Manavini qorningiz ochganida ayolingiz bilan baham ko'rarsiz. Uzr, boshqa beradigan narsam yo'q.

Tolibning ko'ziga yosh to'ldi, u yig'lab yuborishdan o'zini zo'rg'a tiyib turardi.

— O'zingiz och qolasiz-ku, nima yeysiz? — dedi xijolat tortib Mahmud.

— Ana, tarvuz-qovun pishib yotibdi. Bir iloji bo'lar. Halizamon arava kelishi kerak. Xotirjam bo'ling, bitta qornim bor, to'yg'azish qiyinmas.

Mahmud Tolibga: “Biz bilan yuring, birga bo'lsak, har qalay, arg'amchiga qil quvvat, deganday bir-birimizga dalda bo'lamiz”, demoqchi bo'ldi-yu, ammo tilini tishladi. Baribir, erkak kishi, favqulodda Zeboga ko'zi tushib qolsa… Yaxshisi, shu yerda xayrlashgani ma'qul. Nasib etsa, bir kuni qarzini uzadi.

Changalzorga ichkarilagach, er-xotin tamaddi qilishga o'tirishdi. Husnu jamolda tengsiz malikasi qanday ovqatlanarkan? Mahmud shayxning yonidan go'sht, non olib kelayotganida ham shuni o'ylagan, xursandligini ko'rmoqchiydi. Yana… Zeboning non bo'lagini nazokat bilan qo'lga olishi, ibo bilan chaynashi, ora-sira hamrohiga mayin jilmayib qo'yishi u bilan birinchi marotaba taomlanganidayoq xotirasida muhrlanib qolgandi. Shu holatni u qayta-qayta ko'rgisi kelar va garchi Zebo unga ishonchiniyam, o'ziniyam topshirib qo'ygan esa-da, baribir, uning nozli harakatlariga boqib to'ymasdi.

Ular borar manzil Ahmad boboning uyiga bir amallab yetib olishsa, shayx ko'maksiz qoldirmasligini Mahmud ich-ichidan sezardi. Shu bois qadamini jadal-jadal bosardi.

Shayxning uyiga yetib borishganida quyosh tik kelgan edi. Mahmud Zeboni chinor ostiga o'tqazib, o'zi Ahmad boboning hujrasiga mo'raladi. Shayx namoz o'qiyotganini ko'rgach, ortiga qaytib, chorpoya ustida turgan tosh kosani qo'liga oldi. Ahmad bobo, odaticha, namozga kirishdan avval chorpoyalarning ustiga suv to'ldirilgan kosalarni qo'yib chiqardi. Toki namoz o'qiyotganida yoki boshqa ish bilan mashg'ulligida suvsab kelib qolgan yo'lovchi darrov chanqog'ini qondirsin.

— Shukr, — dedi Zebo suvdan qonib ichib, — shunday pallada yetkazganiga shukr.

— Xudo xohlasa, bundan bu yog'iga kunimiz yomon o'tmas, — deya juvonning yoniga o'tirdi Mahmud. Keyin o'rnidan chaqqon turdi: shayx hujrasidan chiqib, yonma-yon o'tirishganini ko'rib qolishidan uyaldi.

Lekin Ahmad bobo hujrasidan chiqavermadi. Mahmud bir necha bor umid bilan uning eshigiga qaradi. Oxiri chidolmay, borib sekin hujraga mo'raladi. Shayx cho'kkalagan ko'yi mutolaa bilan mashg'ul edi. Ora-sira ko'zini yumar, bir muddat o'tib, yana sarg'aygan qog'ozga termilardi.

Mahmud qisqa yo'taldi. Ahmad bobo boshini ko'tarib qaradi. Mahmud salom berib, kelganligini aytdi.

— Xabarim bor, — dedi shayx mayin jilmayib, — chorpoyaga chiqib ozgina dam olmabsan-da. Shunday jaziramada yurishning o'zi bo'ladimi? Mayli, sho'rva ham tayyor edi. Qaynog'i o'chmasin deb tagidagi cho'g'ini tortmagandim… Esim qursin, kelin ham kelganmi?

— Shunday, taqsir, — javob qildi Mahmud.

— Unda kelinni hujramga boshlab kel. Men ovqatni suzib kelaman, — deb Ahmad bobo o'qiyotgan kitobini yopib, o'rnidan turdi.

— Siz ovora bo'lmang, o'zim…

Ahmad bobo kuldi, so'ng Mahmudning yoniga kelib, yelkasiga qoqdi.

— O'g'lim, hali hammasiga ulgurasan. Lokigin hozir dam olishing zarur. Tunni changalzorda o'tkazgan bo'lsanglar, sovuqda xo'p azob chekkansizlar… Men ovqatni keltiray. Sen kelinni boshlab kel. Qolgan gaplarni keyinroq bafurja gaplashib olamiz.

Biroq bafurja gurung keyinga surildi. Qo'nalg'aga ust-boshini chang bosgan, lablari chanqoqdan yorilib ketgan, boshidagi sallasi chuvalgan kimsa egar ustida bir yonga qiyshayib keldi. Bu paytda Mahmud Zeboni hujraga boshlab kirgan, o'zi Ahmad boboga ko'maklashish uchun tashqariga chiqqandi.

— Taqsir! — dedi xirillagan tovushda otliq shayxni ko'rib, tulporning jilovidan tortarkan. — Taqsir, falokat!

Otdan tushayotib, oyog'i uzangidan chiqib ketib, gursillab yiqildi. Shayx qo'lidagi tosh kosani yerga qo'ydi-yu, uning yoniga yugurdi.

— Taqsir… Taqsir!.. — hansirab nafas olardi yiqilgan otliq.

— Suv… suv olib keling! — dedi shayx ovozini ko'tarib, uning gaplarini oxirigacha eshitmay.

Mahmud qo'lidagi kosani yerga qo'yib, yugurgancha chorpoya ustidagi suv to'la meshni qo'liga oldi.

Rosa chanqagan, gapirishga-da majoli qolmagan, lablari, yuzlari qontalash, ko'zidan oqqan yoshning o'rni qurigan jilg'aning iziday bilinib turgan, havo yetishmayotganidan ko'kragi ko'tarilib tushayotgan odamning boshidan ozroq suv quydi. Keyin meshni uning og'ziga tutqazdi. Yutoqib ichayotib tomog'iga suv tiqilib qolgan otliq o'qchib yo'taldi, keyin bo'ynini suv to'la mesh tomonga cho'zdi.

— Shoshilmay iching, birodar, suv ko'p, qonguningizcha yetadi, — dedi shayx uning boshini balandroq ko'tarib.

Otliqning rohatlanib, ayni paytda, yutoqib suv ichayotganini ko'rgan kishi u jannat sharobini sipqarayapti, deb o'ylashi aniq edi.

— Rahmat, — dedi nihoyat u chuqur nafas olib, — o'lib qolaman-ov, deb o'ylovdim.

— Xudo xohlasa, rizq-nasibangiz serob bo'ladi, — dalda berdi unga shayx.

Otdan yiqilgan odam o'rnidan turib, peshonasini artdi. Yuzi qayg'uli tus oldi. Oqargan qalin qoshlari chimirildi. Ko'ziga yosh to'ldi.

— Boshimizga falokat yog'ildi, taqsir! — dedi u yig'lab yubormaslik uchun zo'rg'a o'zini tutib.

— Qanaqa falokat?! — so'radi Ahmad bobo unga tikilib.

— O'n yildirki, karvonda yuraman. Lekin haligacha biror marta sizning dargohingiz atrofida qaroqchilar hujumiga yo'liqmagandim. Bugun yo'liqdim, taqsir! Iymonini sotganlar sizning-da hurmatingizni qilmadi!..

U ortiq chidolmay, o'kirib yig'lab yubordi. Ahmad bobo esa jonsiz tana misol joyida qotdi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

 

 

 

loading...