Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

0

Ular Mahmud bilan Zebo dam olgani o'tirgan joydan suv va yegulik solingan ro'molchani topishdi. Chaqaloqning og'ziga tomchilatib suv tomizishdi. Keyin Mahmudning yuziga suv sepishdi. Ahmad bobo halloslab yetib kelganida Mahmud og'riq zo'ridan ingrayotgan, chaqaloq esa bezovtalanib zo'rg'a “ii-i, i-i, i-i”lardi. Shayx ularni ko'rgan zahoti qo'noqlardan tortinib o'tirmay, yig'lab yubordi. Duv-duv oqayotgan ko'z yoshi yuzini yuvib tushdi. Go'dakni qo'liga olayotganida titrab ketdi. Uning yuz-ko'zidan o'pib, bag'riga bosdi. Chaqaloq yig'idan to'xtab, ko'zchasini yumib, xuddi sutga to'ygan qo'zichoqday pishillab nafas ola boshladi.

— Yo Rabbim! — dedi shayx Muhammad mirzoni bag'riga bosgancha tiz cho'karkan. — Bu norasidada ne gunoh?! Gunohi ne bu go'dakning?!

U bir necha soniya shu taxlit lolu hayron o'tirgandan so'ng o'rnidan turdi.

— Birodarlar, anavi yigitga qarashinglar. Hali u ayriliq azobini ko'p tortadiganga o'xshaydi, — dedi va yengi bilan ko'z yoshini artdi.

Ular qo'nalg'aga yetib kelguncha qosh qoraydi. Bola rosa ochiqqani bois, shayxning qo'lida tinimsiz yig'lar, endi tovushi baralla chiqardi. Go'dakka biyaning sutidan berishdi. Qorni to'ydi, chamasi, u yig'idan to'xtadi. Ammo birozdan keyin isitmasi chiqib, yana xarxasha qila boshladi. Ahmad bobo avvaliga nima qilarini bilmay qoldi, so'ng qo'lidan kelgancha muolajaga urindi. Muhammad mirzoga malham ichirayotib biroz hayajonlandi, qo'li titradi.

Malham ta'sirida, biroz o'tib, go'dakning isitmasi tushdi va u uxlab qoldi. Ko'ngli xotirjam tortgan shayx Mahmudning yarasiga yog' surib bog'lay boshladi. Mahmud garchi ko'zini ochgan esa-da, hali hushini yig'ib olmagandi. Og'riq zo'ridanmi, ingrar, biroz bosilgach, ko'zini chirt yumib, yelkasi osha hansirab nafas olardi. Shu kuni Ahmad boboning sa'y-harakati kor qilmadi, Mahmud hushini yig'ib ololmadi. Faqat ertasi kuni qaerdaligi, nimalar sodir bo'lganini angladi.

— Zebo qani? — so'radi Mahmud chorpoyada o'tirgan shayxdan vujudi titrab.

— Sizlarni topgan joyimizda u yo'q edi, — dedi Ahmad bobo mayin ohangda.

— Qaroqchilar… qaroqchilar olib ketishgan! — baqirib yubordi Mahmud.

— Hay, hay, o'zingni bos, bo'tam. Ortiqcha zo'riqmagin, ziyon.

— Men uni asrab qololmadim. Qurbim yetmadi. Meni deb u qaroqchilar qo'liga tushdi. Siz yuzboshini… U shohga oborsa-chi Zeboni!.. Bu dunyoda ro'shnolik ko'rmay o'tib ketayotganimda… Endi kun ko'rarman, toleim kuldi, degandim. Ming afsus, erta quvonibman, endi tag'in yolg'iz, quv boshim bilan qolamanmi?! Yo'q! Hoziroq ketishim kerak. Taqsir, menga oq yo'l tilang. Fotiha bering. Men borib Zeboni qutqaray! Yo'qsa, uni xor qilishadi.

Ahmad bobo Mahmudning yelkasiga qo'lini qo'ydi.

— Shoshilish yaramaydi. Malikani Olloh o'z panohida asrasin. Bu ahvolingda uni qutqarish tugul, bir qadam ham yurolmaysan. Keyin ular rafiqangni qaerga olib ketishganini bilmasang.

— Taqsir, men bu yerda qololmayman. Fotiha bering. Vijdon azobida qovurilganimdan ko'ra, o'lib ketganim afzalroq.

— Nachora. Balki haqdirsan. Lekin yolg'iz ketma. Burhoniddinning ham boshi qotgan. Joni taniga sig'mayapti. Birga boringlar. Shoyad, mushkuling oson bo'lsa. Boladan xavotir olma… Ha, aytgancha, u kimniki?

Mahmud boshini egdi. Bir lahza jim turdi. So'ng shayxga yuzlanib dedi:

— Shoh Nursultonning o'g'li. Lekin o'z bolamday…

— Tuzuk. Biroq shohlar, sultonlar bu yolg'onchi dunyo hoyu havasini bas qilmas ekan, qon to'kilaveradi. Begunoh odamlar o'laveradi. O'laveradi!

Shayx titrab ketdi. Ko'ziga yosh to'ldi. Manglayini artgan bo'lib, barmoqlarini kipriklari ustidan yurgizdi.

— Bir sulton, — dedi shundan so'ng biroz o'zini bosib so'zini davom ettirarkan, — o'nta xotin oladi. Har ojizadan ikki-uch nafar farzand ko'radi. Endi kanizaklardan tug'ilgan go'daklarni qo'shsak, ularning soni qancha bo'p ketadi? Ona o'z farzandining otasi o'rnida o'tirishini istaydi. Shoh vafot etadi-yu, toj-taxt talashish boshlanib ketadi. Oqibatda, mamlakat parokanda, fuqaro xoru zor… Qachongacha… qachongacha davom etadi bu xunrezlik?

Mahmudning boshi egik, u gapirolmas, shayxning gaplariga gap qo'sholmasdi. Shu paytgacha har narsani o'z qarichi bilan o'lchab kelgan. Bunday muammolarni muhokama etishga chog'i kelmasdi, idroki sustlik qilardi.

Shayx ko'p gapirib yubordim, deb o'yladi chog'i, boshqa so'z qotmadi. Oraga jimlik cho'kdi. Har kim o'z xayoli bilan band bo'ldi.

— Zebo mening xotinim, — nihoyat jimlikni buzdi Mahmud, — uni boshqa birovga berib qo'yolmayman.

— Shuning uchun ham senga mehrim tushdi. Hozir men yo'lga yegulik hozirlab beraman, — deb shayx o'rnidan qo'zg'aldi.

Yigit esa boshini egib o'tirardi.

Mahmud bilan Burhoniddin yarim yo'lgacha jim ketishdi. Ikkisini ham ter bosgan, boshlari egik.

— Sizlarni talashgandan so'ng ular qay tomonga ketishuvdi? — so'radi nihoyat Mahmud.

— Qay tomonga ketishganini bilmadim-u, lekin katta qirning etak tarafidan kelishganini bilaman, — javob qildi Burhoniddin ko'zini yerdan uzib Mahmudga qarab.

— Etak tarafda tog' bor. Demak, ular tog'ning biror kamarida uyalashgan… Shoshmang, u yoqda Beshkent qishlog'i bor emasmi?

— Ha, shunday. Boshqa qishloq yo'q.

— Qaroqchi qishloqqa dorimasa kerak. Yoki ularning boshqa maqsadi bormikan? Ular qaroqchimas, navkarlar bo'lsa-chi?.. Balki yana saroyga qaytishgandir. Unda nima qilaman?

— Birodar, manglayda borini ko'rasiz.

Mahmud yurishdan to'xtab, ortiga o'girildi va Ahmad boboning qo'nalg'asi tomon qarab turib, chuqur xo'rsinib qo'ydi. So'ng yana yo'lida davom etdi.

Ular quyosh ufqqa yonboshlashidan sal burun cho'ldan chiqishdi. Bu yog'i qir. Undan oshib o'tilsa, tog' boshlanadi.

— Balki Beshkentga borarmiz. Odamlardan so'rab-surishtirardik. Bitta-yarimta ko'rganlar bordir, — dedi Burhoniddin.

Mahmudga bu gap jo'yali tuyuldi. U boshini sermab, tasdiq ishorasini qilarkan, yaqinday ko'rinib turgan haybatli toqqa qaradi va nigohi tulporini choptirib ketayotgan ikkita otliqqa tushdi. Garchi qorasi elas-elas ko'rinsa-da, otliqlar xiyla olislagan, kunbotar tomonga ketishardi. Beshkent esa, aksincha, kunchiqarda.

— Birodar, huv qoralarni ko'rayapsizmi? — dedi Mahmud shoshib Burhoniddinga.

— Kimlar? — so'radi Burhoniddin Mahmud ko'rsatgan tarafga qararkan.

— Ikkita otliq. Qaerga ketayotgan ekan? Ana, ko'rinmay ketdi… Menimcha, soyga endi-yov.

— Beshkentga uch-to'rt borganman. U tomonda qishloq borligini ko'rish tugul, eshitmaganman ham. Balki cho'pondir.

— Ularning orqasidan boraylik!

Hayajondan Mahmudning yuragi tez urib ketdi.
Hozir qo'yib bersa, u qanot chiqarib uchguday edi. Boraylik, deyishi bilan darrov odimini tezlatdi. Ikki qir oshganlaridan keyin tog' boshlandi. Bu paytda quyosh ham qizarib-bo'zarib bota boshlagandi.

— So'ldagi soyga qarang, — dedi birdan Mahmud Burhoniddinning qo'lidan ushlab, — daraxt borga o'xshaydi. Hamma yoq yam-yashil.

* * *

Abbosning tiyiqsiz qo'li asira Zeboning beliga damodam yugurar, ko'zlari alanglab qaroqchilarga o'g'rincha qarar, ularning beparvoligini ko'rib, o'z qilig'idan o'zicha zavqlanardi. “Qani endi yo'l tugab bitmasa-yu, bu jononning belidan quchaversang”, deb hovliqardi u. Bu o'yidan zavq tuyib o'zicha mamnun tirjayib ham qo'yardi. Ammo cho'l poyoniga yetmay, malika hushiga keldi. Avval otning oyoqlarini ko'rdi. Keyin o'zining bir alpozda ketayotganiga taajjublandi. Biqinida qattiq og'riq turdi. “Nima bo'layapti? Kim meni bunchalik xor qilishga jur'at etdi? Malikani-ya?..” o'yladi u. Shunda tuyqus o'g'lini esladi. “Qani u? Qaerda qoldi? Nega bular meni olib ketishayapti?” sekin-asta ro'y bergan voqea xayolida tiklandi. Yuragi tez urib ketdi. Alamning zo'ridan o'zini yerga tashladi. Yaxshiyam, qo'li bilan tushdi. Yo'qsa bo'yni qayrilib sinishi tayin edi. Abbos esa bu holni kutmagandi. Hali-hamon o'z o'yidan o'zi huzurlanib ketayotgandi. Shu bois otga o'ngarilgan ayolning yerga yiqilganidan qo'rqib ketdi. Zebo darhol oyoqqa turib, paranjini uloqtirib yubordi.

— O'g'lim qani?! — baqirdi u atrofini o'rab olgan qaroqchilarga.

— Malikam, — o'shshaydi Abbos, — Xudo bersa, hali ko'p o'g'illar tug'asiz. Boshingizga tashvish orttiradigan chaqaloqning ne keragi bor?

— O'g'lim qani?! O'g'limni nima qildinglar?! — qizarib ketdi Zebo.

— Agar o'g'lingizni o'sha yalangoyoqning yonida qoldirmaganimizda, amir janoblari barimizni qiymalab tashlardi. Malikaligingiz hurmati, yalangoyoqni ham o'ldirmadik. Agar u o'ziga kelsa, demak, bolangiz omon. Qorong'i tushgunicha kelmasa, qashqirlarga yem bo'ladi ikkalasi ham.

— Yo'-o'-q! — o'kirib yig'lab yubordi Zebo va otlar orasidan o'tib qochmoqchi bo'ldi. Biroq ikki qaroqchining chayir qo'llari uni tutib qoldi. Zebo ularning yuziga chang solib, changallaridan chiqib ketishga harchand urinmasin, baribir, ojizlik qildi. Qaroqchilar uni paranjisiga o'rab, oyoq-qo'lini bog'lab, yana yo'lga tushishdi.

Mamatg'uli Jondor Ali bilan qo'lga tushgan karvon ahlini qamchi bilan savalab o'zlariga oshyon qurdirayotgandi. Qish yaqin, ertaroq boshpana qurishmasa, sovuqdan muz qotishadi. Ular ishga shunchalik berilib ketgandilarki, ayg'oqchilikka jo'natilgan besh nafar qaroqchining tez orada qaytib kelishganini sezmay ham qolishdi.

— Xo'jayin, — dedi otdan sakrab tushgan Abbos qamchi tutgan qo'lini ko'ksiga qo'yib boshini egarkan, — sizga zo'r tuhfa ola keldik.

Mamatg'uli o'girilib qaradi. Ko'zi Abbosning otiga o'ngarilgan gavdaga tushdi.

— Men qanday qilib beshovlon karvonni taladinglar ekan, deb o'yladim, — dedi u.

— Bu in'om ming karvonni talab orttirgan o'ljadan afzalroq, amirim! — dedi Abbos va paranjiga o'ralgan gavdani otdan tushirdi. Avval ipni yechdi. Keyin paranjini oldi. Mamatg'ulining esi og'ib qolay dedi. Ko'ziga ishonmadi. Nahotki bu o'sha — qidiraverib tinka-madori qurigan, ikki shohning aqlu hushini o'g'irlagan malika bo'lsa?! Ha, bu hurliqo shuncha qurbonliklarga arziydi! Yo Rab, aqlni bunchalik shoshirmasa bu malak? Shohning huzurida… “Yo'q, nega unga berarkanman? Bermayman. Yo'qotdim degandim, topolmasam kerak, deb o'ylagandim. Xudoning o'zi in'om etib turibdi. Bu endi faqat meniki bo'ladi”.

— Yop paranjisini! — deb baqirib yubordi kutilmaganda Mamatg'uli Abbosga.

U atrofida ko'zlari o't bo'lib termilib turgan qaroqchilardan Zeboni qizg'andi.

— Ey, ho'kiz, qanday hadding sig'di malikaga qo'l tekkizishga! — o'kirdi u va shamshirini qinidan sug'urdi.

Abbos shu zahoti tiz cho'kdi:

— Amirim, bir qoshiq qonimdan keching! Boshqa ilojim qolmagan edi. Faqat sizni deb majbur bo'ldim! — dedi u dir-dir titrab.

Mamatg'uli shoh huzurida o'zining Abbos ahvoliga tushajagini tasavvur etdi.

“Unda qilcha shafqat yo'q. Hozir men shamshirimni qiniga joylarman, ammo Davronqul sultonning shamshiri qon oqizmay qiniga kirmaydi”, xayolidan o'tkazdi u va shu zahoti shotirlariga amr qildi:

— Shu lahzadan paranjidagi bu ayol hammangizning malikangiz, ya'nikim mening rafiqam bo'ladi. Agar kimda-kim unga malikalarday muomala qilmasa, shu zahoti boshi tanasidan judo bo'ladi!

Qaroqchilar kelishib olganday tizzalarini yerga bukib, bosh egishdi.

— Amringiz vojib! Muborak bo'lsin, hazratim! — dedi Jondor Ali tiz cho'kkancha ko'zi o'tday yonib Mamatg'uliga qararkan.

Zebo hadiksiz paranjisini boshidan oldi va g'azab bilan Mamatg'uliga qaradi.

— Agar o'g'lim bag'rimda bo'lmas ekan, boshingizga kulfat yog'ajak! Bilib qo'ying, koru a'molingizdan ko'pchilik xabardor! Agar shoh sizlarning qo'lingizda ekanligimni bilgudek bo'lsa, hech kim omon qolmaydi! Buyuring, o'g'limni olib kelishsin! — dedi tap tortmay.

— Bas! — baqirdi Mamatg'uli. — Ayol zotining nomahramlar ko'z o'ngida ochiq-sochiq turishi harom! Yopin paranjingni!

U Zeboning qarshisida yuragi hapriqayotgan va bu go'zal visoliga tezroq yetishni qanchalik istayotgan esa-da, shunday demoqqa majbur edi. Chunki karvon talanib asir tushgan erkagu navkarlar ham Zeboning husnu jamoliga termilib qolgan, bunga Mamatg'uli chiday olmasdi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

 

 

 

loading...