Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

0

* * *

Mahmudni shu zahoti Burhoniddin belidan quchoqlab qoldi.

— Qo'yvor! — dedi Mahmud g'azab bilan. — Hozir seniyam chavaqlab tashlayman, yaramas, qo'yvor!

— Birodar, o'zingizni bosing. Bekorga nobud bo'lasiz. Avval tagiga yetaylik. Baribir, agar siz o'ylagan ish sodir etilgan bo'lsa, kech qoldingiz. Qasosga shoshsangiz, o'zingizga jabr qilasiz. Kutaylik.

— Imm! — deb sochini yumdaladi Mahmud va chorasiz o'tirib qoldi.

Tonggacha qaroqchilar chodir oldidan jilmadi. Sarbozlar navbatchilik qilib, qorovullikda turishdi. Qulay vaziyatni kutgan ikki shovvoz daraxtlar tagida chodir tomon termilib o'tiraverishdi. Chodirdan suv to'kkani bir ayolning chiqqanini hisobga olmaganda, e'tiborni tortadigan boshqa voqea sodir bo'lmadi. Lekin suvning to'kilishi ham Mahmudga yetib ortdi, uning erkaklik sha'niga og'ir botdi.

Faqat tongga yaqin ular uyquga ketishdi. Quyosh chiqqunicha uxlashdi. Uyg'onishganida esa, Mamatg'uli chodir tashqarisida yurar, qo'riqchilar qayoqqadir g'oyib bo'lishgandi.

— Bundan qulay vaziyat bo'lmaydi, — dedi Mahmud Burhoniddinga, — qo'qqisdan bostirib boramiz, qo'lida qilichiyam yo'q ekan. Kuchimiz yetadi.

Qo'lini orqaga qilib, u yoqdan bu yoqqa yurgan qaroqchilar boshlig'i chodirga kirib ketdi. Shu payt Mahmud bilan Burhoniddin ikkovi chodirning ikki tomonidan uning eshigiga yaqinlashishdi. Baravariga ichkariga bostirib kirishmoqchi edi, ammo ulgurishmadi. Mamatg'ulining o'zi chiqib qoldi. Avval unga Burhoniddin tashlandi. Umrining o'n yilini navkarlikda, besh yil o'nboshi, undan keyin yuzboshilikda o'tkazgan Mamatg'uli ko'p marta bunday ahvolga tushgandi. Qo'qqisdan qilingan hujumga bemalol chap bera olardi. Hozir ham tez va epchil harakat bilan Burhoniddinning hamlasini daf qildi. Ammo bo'yni aralash yelkasiga tekkan kaltak zarbini o'tkazib yubordi.

— Ah! — Mamatg'uli zarba tekkan yelkasini ushladi. Shu zahoti Mahmud yana bir marta uning boshiga tayoq bilan tushirdi. Mamatg'ulining ko'z oldi qorong'ilashib, yuztuban yiqildi.

Qo'lidagi tayoqni uloqtirib yuborgan Mahmud o'zini chodir ichkarisiga urdi. Ikkita paranjili ayolga ko'zi tushgan zahoti ularning paranjisini yulib tashladi.

— Xayriyat! — baqirib yubordi u, chunki ayollarning hech biri Zeboga o'xshamasdi.

— Malika qani?! — so'radi u shoshib. Ayollarning ranglari oqarib, kipriklari pirpiradi.

— Qani malika?! — deya ovozini ko'tarib so'radi Mahmud jig'ibiyron bo'lib.

— Tepada, ishlayapti u, — dedi juvonlardan biri tilga kirib.

Mahmud yugurib tashqariga chiqdi.

— Zebo bu yerda yo'q, u tog'da ekan, — dedi Burhoniddinning yelkasidan tutib.

— Qochdik unda, halizamon qaroqchilar kelib qolishadi, — deya uning ko'ziga tikildi Burhoniddin.

Ular daraxtzor oralab ketayotganida, haqiqatan ham, ikki qaroqchi ot choptirib kelardi. Ulardan biri Jondor Ali Mamatg'uliga tavba-tazarru qilib, malikaning qochib ketganini aytmoqchi edi. Lekin xo'jayinning boshidan qon oqib, hushidan ketib yotganini ko'rgach, otidan sakrab tushdi-da, yuztuban Mamatg'ulini quchoqlab o'ngarib qo'ydi-da:

— Amirim! Amirim! Sizga nima bo'ldi, amirim? — dedi hovliqib.

Mamatg'uli ko'zini ochdi. Qarasa, ro'parasida Jondor Ali.

— Ushlanglar! — dedi u aftini bujmaytirib. — Qochib ketmasidan tutinglar ularni!

Jondor Ali atrofga alanglab, hech kimni ko'rmadi.

— Kimni tutaylik, amirim? Hech kim yo'q-ku, — dedi hayron bo'lib.

— Ular ikki kishi. Shamshirimni keltiring! — deya Jondor Aliga suyanib qaddini rostladi Mamatg'uli. Ammo shu zahoti boshi aylanib, yiqilib tushayozdi. Yaxshiyamki, yonginasida Jondor Ali turgan edi.

Chodirga kirib chiqqan qaroqchi Mamatg'ulining qilichini uning qo'liga tutqazdi.

— Hoziroq yong'oqzoru archazorlarni axtaringlar. Tepadan navkarlarni boshlab kelinglar! — buyurdi Mamatg'uli.

Jondor Ali bilan birga kelgan yigit irg'ib otiga mindi-da, qamchi bosib, yelday uchib ketdi.

Mamatg'uli ham o'zini o'nglab, Jondor Ali keltirgan otga mindi.

Bu payt Mahmud bilan Burhoniddin to'xtovsiz tog' tarafga yugurishar, Mamatg'ulining hushidan ketganidan foydalanib, malikani qutqarishga oshiqishardi. Lekin yong'oqzoru archazorlarning oxiri ko'rinmasdi. Qalin daraxtlar orasida tez yurish qiyinlashardi. Ular shu yurishda so'qmoq yo'lga duch kelishdi. Shox-shabbalarga urilib, oyoqlari sirpanib, ikkisi ham holdan toygandi. Shu bois ehtiyotkorlikni unutishdi. Ularning nazarida, Zebo tog' tepasida kutib turgandek, yetib borib qo'lidan yetaklab olib ketadigandek. Bir muddat yurganlaridan keyin orqadan ot tuyoqlarining dupuri eshitildi. O'girilib qarashga ulgurmasidan otliq ko'rindi. Chavandoz ham ularni ko'rdi va shamshirini qinidan sug'urib:

— To'xta! — deya o'kirdi.

Mahmud engashib, qo'liga tosh oldi. Tulpor ustida o'tirgan suvoriyni yoniga yo'latmaslik uchun toshbo'ronga tutdi. U uloqtirgan toshlardan bittasi otning boshiga, ikkinchisi ko'ksiga tegdi. Tulpor to'xtab, old oyoqlarini ko'targancha kishnadi. Keyin oldinga talpinmoqchi bo'lganida, yana tosh yomg'iri ostida qoldi. Ot o'zini u yoqdan bu yoqqa tashladi. Ustida o'tirgan chavandoz muvozanatini yo'qotib, kutilmaganda qulab tushdi. Qaroqchi shamshir, qasoskorlar esa tosh bilan qurollangan. Jang boshlanib ketdi. Tulporidan ayrilgan chavandoz uchib kelgan bitta toshga chap berdi. Ikkinchi marta ham enkayib qoldi. Biroq uchinchisiga ulgurmadi, ters burilgan chog'da tosh naq beliga urildi.

— Voy, itdan tarqaganlar! — baqirib yubordi u og'riq zarbidan. Shu payt yelkasiga ham tosh tegdi. Qaroqchi g'azablanib, qilichini tashladi-yu, oyoq ostida qalashib yotgan toshlarga yopishdi. Biroq u boshini ko'tarib ulgurmay, Burhoniddin uloqtirgan mushtdek tosh qaroqchining orqa miyasiga tegdi va uni yerga qulatdi.

Mahmud ham, uning sherigi Burhoniddin ham qoniga bo'yalib yotgan qaroqchining tepasiga bormadi. Unga ortiq zarba berishmadi. Aks holda, yana bitta yo'lto'sar narigi dunyoga ravona bo'lardi. Yo'q, ular shoshishayotgandi. Ertaroq Zeboni qutqarishni istashardi. Savdogar qullar bilan birga Zeboni qaroqchilar qo'riqlayotgani ularning xayoliga kelmas edi.

Nihoyat, ular soyning oxiri — qo'ltiqqa yig'ilib, balandlab ketadigan joyga yetib kelishdi. Ikki yonining to'g'risi tog', qasoskorlar turgan joyning orqasi enish edi.

Mahmud archa tagida yotib, ishlayotganlarni birma-bir kuzatdi. Ularning orasida birorta ham ayol ko'rinmasdi. Hafsalasi pir bo'lib, ortiga qaytayotganda ikki qaroqchi ot choptirib o'tdi. Yaxshiki, ular atrofga alanglamasdi. Yo'qsa, archa ostida yotgan yigitlarni bemalol ilg'ashi mumkin edi.

Otliqlar ularning yonginasidan o'tib ketishdi. Biri boshini ro'mol bilan tang'ib olgan Mamatg'uli, ikkinchisi Jondor Ali edi. Ular buloq boshiga yetishlari bilan otning jilovini tortishdi. Qaroqchilar yugurib kelishib, biri Mamatg'uli, ikkinchisi Jondor Ali mingan otning jilovini ushladi. Har ikkala boshliq otlaridan sakrab tushishdi.

— Qani malika?! — so'radi Mamatg'uli qo'riqchilardan.

Qaroqchilar Jondor Aliga qarashdi. O'nboshi birdan amir yoniga tiz cho'kib, bosh egdi.

— Hazratim, meni o'ldiring! Shu paytgacha sizga aytolmay kelayotgan edim. Malika o'zini jarga tashlab yubordi, — dedi u.

— Nima?! — ko'zlari ola-kula bo'lib ketdi Mamatg'ulining. — Jarga tashladi?!

— Shunday, amirim. G'aflatda qolibmiz!

Mamatg'uli shamshirining dastasidan ushladi, ammo qinidan sug'urmadi. Niyatidan qaytib, qamchisini havoga ko'tardi:

— O'ldimi? — dedi shashtidan tushib.

— Xudo yarlaqagan ayol ekan, amirim. To'g'ri suvga tushdi. Suvdan chiqqanini ham, jarlikni yoqalab qochganini ham ko'rdik. Uni kuzatib bordik. Afsus, oldimizda yana bir jarlik chiqdi, uni aylanib o'tish judayam mushkul edi.

— Ayol kishi jarga sakrab, omon qolibdi-yu, senlarning birortangning qo'lingdan kelmabdi-da bu ish. Hayf erkak degan nom senlarga! Hamma asirlar pastga tushsin. Hozircha chodirlarda yashaymiz, — dedi Mamatg'uli va boshini eggancha bir-bir bosib buloq boshiga bordi-da, toshlarning ustiga o'tirdi. “Xudo uni ne bir falokatdan omon saqlabdi. Qidirish o'rinsiz. Boshga kulfat keladi… Bu yog'i birgina karvonni taladim. O'lja yomon emas. Lekin yotib yeganga tog' ham chidamas. Navbatdagi karvonni bosmog'im zarur”, deya o'yladi u va sal narida qoqqan qoziqday turgan Jondor Alini yoniga chorladi.

— Xizmatingizga tayyorman, — dedi Jondor Ali qo'lini ko'ksiga qo'yib.

— Bir narsani o'yladim. Sening fikringni bilay-chi, nima deysan? — deya Mamatg'uli qaddini rostlab chuqur nafas oldi.

— O'ylari, qarorlari qutlug' bo'lsin, xojam!

— Bizga asir tushgan savdogarlarni safimizga qo'shib olsak, qanday bo'larkan?

— Amirim, aqlingizga tasanno! Ammo fikri ojizimcha… asirlarning xatti-harakatlarida ozgina shubha bormikin?.. Ya'nikim, ular bizdan alamzada. Baski, qulay payt tug'ildi deguncha bizga pand berib qolishadimi, degan xayoldaman.

— To'g'ri aytasan. Aqlingni bir sinamoqchiydim. Ortiqcha nonxo'rlarning bizga keragi yo'q. Biroq qo'yib yuborsak, podsho navkarlarini boshlab kelishadi. Shu bois qatl etganimiz ma'qul. Jar labiga oborib, barining boshini tanasidan judo qiling, — deb Mamatg'uli o'rnidan turib, otiga mindi. Hukm ijrosini kuzatmasdan tulporni niqtadi. Ammo buloq zaxidan emib ko'kka bo'y cho'zgan archa yoniga borganida jilovni tortib, otni to'xtatdi. Archa ostida Mahmud bilan Burhoniddin yerga qapishib yotishardi.

Ularning baxtiga Mamatg'uli ko'p turmadi, tulporidan ko'z uzmagan ko'yi “chuh” dedi. U biroz uzoqlashgach, Mahmud bilan Burhoniddin yerdan boshlarini xiyla ko'tarib, qaroqchilar qullarni jar labiga haydab borishayotganini kuzatishdi. Keyin ikkoviyam yuzlarini yerga bosib ko'zlarini yumib olishdi. Zero, odam boshini uzishdek ayanchli voqeani ko'rishga yuraklari betlamadi. Ayniqsa, Burhoniddinga qiyin bo'ldi. U qatl etilayotganlarning barini tanir, ular bilan hamsuhbat bo'lgan edi. Bir necha lahzadan keyin ular dunyoni tark etishadi. Koshki, qo'lidan bir chora kelsa… Hech bo'lmaganda birortasini asrab qololsa… Afsus! Ming afsus!.. Qutqaraman, deb ularning qismatiga sherik bo'lib qolishi tayin. “Qoningni ichaman! O'ldiraman! Jonimga tegib ketgan edinglar! Qutuladigan bo'ldim!” deya o'kirardi qaroqchilar. “Padar la'natilar, hech qursa, bechoralarni qanday qilib o'ldirishingni aytma. Indamay qilich tort, sezmay qolsin. O'limni qarshi olish qanchalik og'irligini bilmaysanmi, nodon? Qayoqdan ham bilarding boshingga tushmagan bo'lsa?”

Mahmud chuqur xo'rsinib qo'ydi. Uning ichidagi so'nib borayotgan chiroq qayta alanga oldi. Zeboga it tegmagan, u qochib ketgan. Faqat endi uni topish zarur. Ikkinchidan, savdogarlarning qatl etilishidan yuragi ezildi. Biroq u ham Burhoniddin kabi chorasiz edi. Bosh egish va Xudoning qarg'ishiga uchragan bu joydan tezroq uzoqlashishni o'ylardi u.

Ammo xavf hali butunlay bartaraf bo'lmagan. Mamatg'uli osongina jon beradiganlar toifasidan emasdi. U boshqalarga ibrat bo'lsin, deb atay qatlgohdan uzoqlashib, pastlikka engandi. Qilich yalang'ochlab, kutilmaganda o'ziga hamla qilgan ikki shovvozning yo'lini poylayotgandi. Mo'ljalicha, hamlakorlar shu tomonda edi. Chunki Jondor Ali bilan birga yoniga kelgan yigitning qonga bo'yalib yotganini ko'rdi. U topshiriqni bajarish uchun ketayotgan edi. Shunday alp yigit otdan qulabdimi, demak, Mamatg'ulining joniga qasd qilganlar jang hadisini olgan… Hartugul, Mamatg'ulining xotirasida qolgani — savdogar qullarnikiga o'xshash kiyimda edi ular. Demakki, har ikkoviyam u asirga tushirgan savdogarlardan. Lekin qaroqchilarning ko'zini shamg'alat qilib qanday qochishdi ekan? Nega endi qutulganlariga shukr qilmay, chodirga bostirib kelishdi?.. Ehtimol, o'ch olib, so'ng juftakni rostlashni mo'ljallashgandir… “Tavba, qasd olaman, deb hayotini qil ustiga qo'yish shartmidi? Axir ikkoviniyam kallasini sapchaday uzishim mumkin edi-ku… Xo'p, meni yiqitib, hushimdan ketkazding. Nega o'ldirmading? Bir umr eslab yursin, dedingmi? Har safar savdogardan mag'lub bo'lganim yodimga tushganida ich-ichimdan ezilishimni istadingmi, yaramas?!”

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

 

 

 

loading...